Hojilarimizning “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbuslarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha 18 iyul kunidan Toshkent shahrida va 22 iyul kunidan respublikamizning barcha hududlarida tadbirlar boshlandi.
Hududiy hokimliklar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlar idorasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan har bir hudud bo‘yicha hojilarni o‘z mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, profilaktik hisobda turuvchi, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, notinch oila, ajrim yoqasida turgan fuqarolarga biriktirish ishlari tashkil etildi.
Xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida faoliyat yuritayotgan imom xatiblar va noiblar, MFY raislari va “Haj-2024” safariga borib kelgan hoji ota va hoji onalar, shuningdek, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydullo domla Abdullayevning ko‘rsatmasiga asosan Farg‘ona va Quvasoy shaharlari hamda Dang‘ara va Rishton tumanlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblari bilan birgalikda haj safariga borib kelgan hoji ota va hoji onalar bilan hamkorlikda shahar va tumanlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muxtoj, nogiron, profilaktik hisobda turuvchi oilalar holidan xabar olib, ehtiyojmand oilalarga xayriya va ehsonlar ulashdilar.
Biriktiruvga asosan, 22 iyul kuni Andijon viloyatida 118 ta, Buxoro viloyatida 28 ta, Jizzax viloyatida 106 ta, Navoiy viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 48 ta, Samarqand viloyatida 59 ta, Sirdaryo viloyatida 38 ta, Surxondaryo viloyatida 34 ta, Toshkent viloyatida 80 ta, Farg‘ona viloyatida 25 ta, Xorazm viloyatida 52 ta, Qashqadaryo viloyatida 29 ta, Toshkent shahrida 59 ta tadbirlar o‘tkazildi. Toshkent tajribasi asosida boshqa hududlarda ham ishni tashkil etish bugungi kundan amaliyotga joriy etildi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan mahalla raislari, faollari, imom-xatiblar, hojilarga mahallalarda amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Hududlarda hojilar ishtirokida 711 ta xonadonlar holidan xabar olinib, mahalla raislari, imom-xatiblar bilan birgalikda suhbatlar tashkil etildi.
Mahallalardagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga hojilar tomonidan moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Buxoro viloyatida jamiyatda milliy-diniy qadriyatlarni mustahkamlash, el-yurt ma’naviyati va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan diniy-ma’rifiy soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq, diniy sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh soha xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Marosimda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy qutladi va davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan viloyat hokimligi tashabbusi asosida soha fidoyilariga maxsus vaucherlar taqdim etildi. Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tomonidan viloyat vakilligi tasarrufida samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh diniy soha xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosimlarda bunday yuksak e’tibor va ehtirom soha fidoyilarini el-yurt farovonligi va dinimiz sofligini targ‘ib etish yo‘lidagi xayrli faoliyatga yanada kuch-g‘ayrat bilan kirishishga ruhlantirishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati