Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Tilini asragan ayol

02.08.2020   13909   7 min.
Tilini asragan ayol

Abdulloh ibn Muborak hikoya qiladi:

Men Allohning muborak uyi Baytullohni haj qilish va Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam qabrlarini ziyorat etish niyati bilan safarga chiqqan edim. Yo‘lda bir qora sharpaga duch keldim. Yaqinroq borib qarasam, jun ko‘ylak kiygan va ro‘mol yopilgan bir kampir ekan.

  • Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, — deb salom berdim. U:
  • «Mehribon Parvardigor tomonidan salom aytilur»,1 — deb alik oldi.
  • Alloh senga rahm etsin, bu yerda nima qilyapsan? — deb so‘radim. Kampir:
  • «Kimni Alloh adashtirib qo‘ysa, uning uchun biron hidoyat qiluvchi bo‘lmas»,2 — deb tilovat qildi. Uning so‘zidan yo‘ldan adashganini angladim. Keyin:
  • Qayerga ketyapsan? — deb savol qildim.
  • «Bir kechada bandasini Masjidul Haramdan Masjidul Aqsoga sayr qildirgan Zot pokdir»,3 — deb javob berdi. Bildimki, u haj ibodatini ado etib, Baytul Maqdisga ketayotgan ekan. So‘ngra bu yerda qachondan beri turganini so‘radim.
  • «Uch kecha-kunduz»,* — dedi. Nima yeb-ichayotganini so‘raganimda:
  • «Uning o‘zi meni to‘ydirur va qondirur»,5 — deb javob qildi.
  • Tahoratni qanday qilyapsan? — deb so‘radim keyin. U Moida surasining 6-oyatini o‘qidi:
  • «Suv topa olmasangiz, pok tuproq bilan tayammum qilingiz».
  • Mening ovqatim bor, yeysanmi? — dedim.
  • «So‘ngra kechgacha ro‘zani benuqson qilib tutinglar».6
  • Hozir ramazon oyi emas-ku.
  • «Kim o‘z ixtiyori-la yaxshilikni niyat etsa, bas, Alloh shukr qilguvchi va bilguvchidir».7
  • Safarda bizga ro‘za tutmaslikka ruxsat etilgan-ku.
  • «Ro‘za tutishingiz, agar bilsalaringiz, o‘zingiz uchun yaxshidir».8
  • Nima uchun men gapirgandek oddiy so‘zlar bilan ga-pirmayapsan, — desam:
  • «U biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)»,9 — dedi. Men savol berishda davom etdim:
  • Sen kimsan o‘zi?
  • «(Ey inson,) o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil — bularning barchasi to‘g‘risida (inson) mas’uldir», — deb Isro surasining 36-oyatini tilovat qildi.
  • Xato qildim, kechir — deb uzr so‘radim. U:
  • «Bugun sizlar ayblanmaysizlar. Alloh sizlarni mag‘firat qilur»,10— dedi. Keyin:
  • Mana bu tuyamga o‘tirib, karvoningga yetib olishni xohlaysanmi?— deb taklif qildim.
  • «Qanday yaxshi amal qilsangiz, Alloh uni biladi»," — dedi. Tuyani cho‘ktirdim. Shunda u:
  • «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘sinlar»,12 —degan oyatni o‘qidi. Men ko‘zimni undan uzdim va:
  • Tuyaga chiqqin, — dedim. U minmoqchi bo‘lganida, tuya hurkib ketdi va kiyimini yirtib yubordi. Shunda:
  • «Sizlarga ne bir musibat yetsa, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa-gunoh sababli (yetur)»,'3,—deb qiroat qildi.
  • Shoshmay tur, tuyani bog‘lab qo‘yay, — dedim. U:
  • «Biz uni Sulaymonga fahmlatdik»," — dedi. Tuyani bog‘lab qo‘yib, unga:
  • Mingin, — dedim. Tuyaga minib olgach, u:
  • «Bizlarga buni bo‘ysindirgan zot pokdir. Bizlar bunga qodir emas edik. Albatta, biz Robbimizga qaytguvchimiz»,15— dedi. Jilovdan tutib, qichqirib tuyani tez haydab ketdim. Shunda u Luqmon surasining:
  • «Yurganingda o‘rtacha yurgin va ovozingni past qilgin»,— degan oyatini tilovat qildi. So‘ngra sekin yurib, she’r o‘qiy boshladim.
  • «Qur’ondan muyassar bo‘lgan miqdorda o‘qiyveringlar»,'6— dedi.
  • Menga ko‘p yaxshiliklar berildi, — dedim men. U: 
  • «Aql egalarigina eslaydilar»," — deb o‘qidi. Bir oz yurganimizdan keyin:
  • Ering bormi? — deb so‘radim. U Moida surasining 101-oyatini o‘qib javob berdi:
  • «Ey mo‘minlar, ayon bo‘lganda sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar». Men jim qoldim, karvoniga yetib olgunimizcha unga hech narsa gapirmadim. Yetib kelgach:
  • Mana karvon, bu yerda kiming bor? — deb so‘radim. U:
  • «Mol-mulk va bola-chaqa hayoti dunyoning ziynatidir»,18 — dedi. Bu gapidan karvonda farzandlari borligini bildim.
  • Ular nima qiladilar?, — deb so‘ragan edim:
  • «Belgilar qo‘yildi va yulduzlar bilan topurlar»,19 — degan oyatni o‘qidi. Bolalari karvonlarda yo‘l boshlovchi ekanliklarini bildim. U chaylalar tomon ishora qildi.
  • U yerda kiming bor? — dedim. U yana oyat o‘qidi:
  • «Alloh Ibrohimni o‘ziga do‘st tutdi»,20 «Muso bilan Allohning o‘zi, bevosita, gaplashdi»,21 «Ey Yahyo, kitobni mahkam ushla».22 Men:
  • Ey Ibrohim, ey Muso, ey Yahyo! Deb, ayolning farzandlarini chaqirdim. Oldimga oydek yigitlar kelib salom berdi. Shunda ayol o‘g‘illariga:
  • «Endi bir kishini mana shu pulingiz bilan shaharga jo‘natinglar, u eng sara, pokiza taomlarni tanlab, sizlarga undan rizq-nasiba olib kelsin»,23 — dedi. Ulardan biri borib, taom sotib olib keldi va ovqatni dasturxonga qo‘ydi. Ayol yana tilovat qildi: 
  • «Sizlar o‘tgan kunlarda qilgan amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) pok bilib yeb-ichinglar».24 Shunda men:
  • Bu ayol haqida gapirib bermagunlaringizcha ovqatlaringizni yemayman, — dedim. Ular:
  • Bu ayol bizning onamiz bo‘ladi. Qirq yildan beri pok Parvardigorning adashtirishidan, g‘azab qilishidan qo‘rqib, Allohning kalomi — Qur’oni karimning so‘zidan boshqa so‘zni gapirmaydi, — deyishdi. Shunda men ham javob tariqasida bir oyat o‘qidim:
  • «Bu Allohning fazl-karami, uni xohlagan bandasiga beradi. Alloh ulug‘ fazilat egasidir».

«Odoblar durdonasi» kitobidan.

 

1. Yosin, 58

9. Qof, 18

17. Baqara, 269

2. A’rof, 186

10. Yusuf, 92

18. Kahf, 46

3. Isro, 1

11. Baqara, 197

19. Nahl, 16

4. Maryam, 10

12. Nur, 30

20. Niso, 125

5. Shuaro, 79

13. Sho‘ro, 30

21. Niso, 164

6. Baqara, 187

14. Anbiyo, 79

22. Maryam, 12

7. Baqara, 158

15. Zuxruf, 14

23. Kahf, 19

8. Baqara, 184

16. Muzammil, 20

24. Al-Haqqa, 24

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   37333   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari