Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ular (Madina xalqi)ning xursandchilik qiladigan ikki kuni bor edi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, Alloh subhanahu va taolo sizlarga bu ikkisidan yaxshirog‘ini alishtirib berdi: Fitr (Ramazon hayiti) va Azho (Qurbon hayiti) kuniga” dedilar.
Mazhablar hayit namozining vojib yoki sunnat ekanligi borasida ixtilof qilishgan. “Jome’us-sog‘ir” kitobida zikr qilinishiga ko‘ra – sunnatdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki bayram (Hayit va juma) bir kunda jamlanadigan bo‘lsa, ulardan birinchisi sunnatdir, deganlar.
Imom Hasan (ibn Ziyod) rahimahulloh Abu Hanifa rahimahullohdan rivoyat qiladilar: “Hayit namozi Juma namozi unga vojib bo‘lgan kishiga vojibdir”.
(Shamsul-aimma Saraxsiy rohimahulloh “Mabsut” (13\71)da zikr qilganlar. Imom Karxiy rahimahulloh bu gapni qo‘llab-quvvatlaganlar).
Hayit namozining vojibligi va joizligining shartlariga kelsak, Juma namozining vojibligi va joizligining barcha shartlari ikki hayit namozining vojib bo‘lishi va joizligiga shartdir: xutbadan boshqa, imom, shahar, jamoat va vaqt. Xutba namozdan keyin sunnatdir. Uni tark qilinsa ham namoz durust bo‘ladi.
Juma namozi haqidagi bobda zikr qilinganidek, imom bizning mazhabda shartdir. Shuningdek, shahar ham. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Juma, tashriq, fitr va azho faqatgina jome bo‘lgan shahardagina bo‘ladi”.
Bu yerda fitr va azhoning ayni o‘zini (sadaqa va qurbonlikni) nazarda tutmadilar, zero bu narsalar har joyda, har makonda bo‘laveradi. Bu yerda u kishi ikki hayit namozini nazarda tutdilar. Chunki, bu narsa avval faqatgina shaharlarda bo‘lganligi qo‘lma-qo‘l bo‘lib sobit bo‘lgan. Uni ikki o‘rinda ado qilsa bo‘ladi, juma bobida bu zikr qilingan.
Jamoat ham shartdir: chunki, bu namoz faqatgina jamoat bilan ado qilingan. Vaqt ham shartdir: chunki bu namoz maxsus vaqtdagina ado qilinadi. Shuningdek, erkaklik, aqlli bo‘lish, balog‘atga yetgan bo‘lish, ozod bo‘lish, tananing salomat bo‘lishi va muqim bo‘lishlik shart qilinadi. Bular vojib bo‘lish shartlaridir, xuddi juma namozi uchun shart bo‘lganidek. Ayollarga, yosh bolalarga, jinnilarga, xo‘jayininig iznisiz qulga, surunkali va yotib qolgan kasallarga va musofirlarga vojib bo‘lmaydi. Bu zikr qilganlarimiz juma namozi borasida ham ularga taalluqlidir. Bu uzrlar farzni (juma namozini) soqit qila olayotgan ekan, vojib (hayit) namozini soqit qilishi avloroqdir”
(Alouddin Kosoniy rahimahulloh “Badoye’us-sanoye’ fiy tartibish-sharoye’” (3\85)da zikr qilganlar).
Hayit namozining juma namoziga bo‘lgan munosabati shundaki, u ikkisi ham yorug‘ payti katta jamoat bilan ado qilinadi va qiroatni jahriy qiladi. Xutbadan boshqa, biriga shart qilingani boshqasiga ham shart qilinadi. Taklif borasida ham bir-biriga muvofiqdir. Juma kimga vojib bo‘lsa, hayit ham shunga vojib bo‘ladi. Juma hayitdan farz ekanligi va ko‘proq ado qilinganligi sababidan muqaddam zikr qilindi.
Aytadilar: hayit namozi musofirga, qulga, kasalga jumada bo‘lganidek, vojib bo‘lmaydi. Juma bobida bu borada zikr qilinganidek.
(Akmaluddin Bobartiy rahimahulloh “Al-inoya sharhul-hidoya” (2\419)da zikr qilganlar).
Hayit namozining juma namoziga bo‘lgan munosabati shundaki, u ikkisi ham katta jamoat bilan ado qilinadi va unda jahriy tilovat qilinadi. Biriga bo‘lgan shart ikkinchisiga ham shart hisoblanadi. Faqatgina xutba bundan mustasno. Juma kimga vojib bo‘lsa, hayit namozi ham unga vojib bo‘ladi. Juma hayitdan farz ekanligi va ko‘proq ado qilinganligi sababidan muqaddam zikr qilindi. Hayit namozi juma kimga vojib bo‘lmasa, unga ham vojib bo‘lmaydi. Bundan mustasno faqatgina xo‘jayinidan izn olgan quldir.
(Abu Bakr al-Yamaniy al-Hananfiy rahimahulloh “Al-javharatun-nayyiro sharhu Muxtasarul-Quduriy” (1\289)da zikr qiladilar. Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muxtor” (6\138)da ushbu kitobdan iqtibos keltiradilar).
Yuqorida aytilgan so‘zlardan xulosa qilib shuni ayta olamizki, juma namoziga ham iyd namozlariga ham jamoat shart qilingan. Bugungi karantin sharoitida jamoat tashkil qilish mutloq man’ qilingan ishlardandir. Shunga ko‘ra, ushbu uzrli holat farzni (juma namozini) soqit qila olayotgan ekan, vojib (hayit) namozini soqit qilishi avloroqdir.
Xayrulloh domla Sattarov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatib o‘rinbosari.
Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.
Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.
Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:
287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;
Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;
Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.
Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.
Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.
Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:
Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.
Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.
Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:
Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;
Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;
Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;
Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman!
Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi