Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Iyul, 2026   |   16 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
01 Iyul, 2026, 16 Muharram, 1448

2. BAQARA (sigir) SURASI, 60–62 OYATLAR

24.07.2020   15973   6 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI, 60–62 OYATLAR

 ۞وَإِذِ ٱسۡتَسۡقَىٰ مُوسَىٰ لِقَوۡمِهِۦ فَقُلۡنَا ٱضۡرِب بِّعَصَاكَ ٱلۡحَجَرَۖ فَٱنفَجَرَتۡ مِنۡهُ ٱثۡنَتَا عَشۡرَةَ عَيۡنٗاۖ قَدۡ عَلِمَ كُلُّ أُنَاسٖ مَّشۡرَبَهُمۡۖ كُلُواْ وَٱشۡرَبُواْ مِن رِّزۡقِ ٱللَّهِ وَلَا تَعۡثَوۡاْ فِي ٱلۡأَرۡضِ مُفۡسِدِينَ٦٠

  1. Ey Bani Isroil, Muso qavmi uchun suv so‘raganida: "Hassangni toshga ur" deganimizni eslanglar. Shunda o‘n ikki chashma otilib chiqdi va barcha odam o‘z suvxonasini bilib oldi. "Alloh taolo bergan rizqdan yeb-ichinglar, Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurmanglar" deb aytdik.

Bani Isroil qaqroq sahroda uzoq qolib, tashnalikdan qiynalayotgan paytda Muso alayhissalom o‘z qavmi uchun Allohdan suv so‘raydi. Shunda unga "Hassangni toshga ur", deyiladi. Toshdan o‘n ikki qavmga yetarli suv beruvchi o‘n ikki buloq otilib chiqadi. Endi Bani Isroil osmondan tushgan manna va salvoni yeb, ustidan toshdan sizib chiquvchi suvdan ichishdi. Muso alayhissalom yursalar ham, tursalar ham o‘sha toshni birga olib yurar edilar. Ammo tabiati buzuq qavm bo‘lgan Isroil avlodlari shunda ham Parvardigorlariga shukr aytishni ep ko‘rmadi. Osmondan tushayotgan tayyor taomlar, oqizib qo‘yilgan zilol suvlarga ham qanoat qilmay payg‘ambarlari orqali Allohdan yana boshqa narsalarni so‘ray boshladi.

وَإِذۡ قُلۡتُمۡ يَٰمُوسَىٰ لَن نَّصۡبِرَ عَلَىٰ طَعَامٖ وَٰحِدٖ فَٱدۡعُ لَنَا رَبَّكَ يُخۡرِجۡ لَنَا مِمَّا تُنۢبِتُ ٱلۡأَرۡضُ مِنۢ بَقۡلِهَا وَقِثَّآئِهَا وَفُومِهَا وَعَدَسِهَا وَبَصَلِهَاۖ قَالَ أَتَسۡتَبۡدِلُونَ ٱلَّذِي هُوَ أَدۡنَىٰ بِٱلَّذِي هُوَ خَيۡرٌۚ ٱهۡبِطُواْ مِصۡرٗا فَإِنَّ لَكُم مَّا سَأَلۡتُمۡۗ وَضُرِبَتۡ عَلَيۡهِمُ ٱلذِّلَّةُ وَٱلۡمَسۡكَنَةُ وَبَآءُو بِغَضَبٖ مِّنَ ٱللَّهِۗ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمۡ كَانُواْ يَكۡفُرُونَ بِ‍َٔايَٰتِ ٱللَّهِ وَيَقۡتُلُونَ ٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ بِغَيۡرِ ٱلۡحَقِّۗ ذَٰلِكَ بِمَا عَصَواْ وَّكَانُواْ يَعۡتَدُونَ٦١

  1. "Ey Muso, bir xil taomga sabr qila olmaymiz, Parvardigoringga iltijo qil, bizlarga yerda unadigan narsalardan - sabzavot, tarra-bodring, sarimsoq, mosh, piyozlardan chiqarib bersin" deganingizni eslanglar. Muso: "Yaxshi narsani past narsaga alishtirasizmi, biror shaharga tushing, so‘ragan narsalaringizni topasiz", dedi. Ularga xorlik-muhtojlik tushirildi va Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishdi. Bu, Alloh taoloning hukmlariga kufr keltirishgani, payg‘ambarlarni nohaq o‘ldirishgani uchundir. Bu, itoatsizlik qilib, haddan oshishgani uchundir!

Isroil avlodlari Allohga osiylik va shakkoklik qilishda shu darajaga yetishdiki, Alloh osmondan ularga beminnat tushirib turgan shirinlik va parranda go‘shtiga ham rozi bo‘lishmadi. Ne’matlarga shukr aytish, Alloh berayotgan rizqdan minnatdor bo‘lish o‘rniga yana payg‘ambarlarini qiyin-qistovga ola boshlashdi. Ular Muso alayhissalomga: “Parvardigoringga ayt, shirinlik va go‘sht yeyish jonga tegdi, endi bizga yerdan sabza-ko‘katlar, bodring, sarimsoq, mosh, piyoz kabi narsalarni undirib bersin", deb turib olishdi. Shunda Muso alayhissalom ularni insofga chaqirmoqchi bo‘ldilar, "axir bu narsalarni istagan shahringizning bozoridan topasizlar, Allohning berayotganiga bunday noshukr bo‘lmanglar”, deya nasihat qildilar. Ammo fe’li buzuq qavm bu nasihatlarga quloq solmadi. Ular ana shunday itoatsizliklari, noshukrliklari va Alloh bergan rizqqa rozi bo‘lmaganlari uchun Parvardigorning g‘azabiga uchrashdi. Alloh taolo ularni O‘z vahiylariga kufr keltirishgani, O‘zi yuborgan payg‘ambarlarni haqoratlashgani va nohaq halok qilishgani uchun jazoladi. Ular Alloh taoloning g‘azabiga uchragani uchun qiyomatgacha xorlik, musibat va sargardonlikka giriftor etilishdi. Kim Allohga itoatsizlik qilsa, Uning amr-farmonlarini inkor etsa, haddidan oshib osiylik qilsa, bundaylarning jazosi ham xuddi Bani Isroilniki kabi bo‘ladi.

إِنَّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَٱلَّذِينَ هَادُواْ وَٱلنَّصَٰرَىٰ وَٱلصَّٰبِ‍ِٔينَ مَنۡ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَعَمِلَ صَٰلِحٗا فَلَهُمۡ أَجۡرُهُمۡ عِندَ رَبِّهِمۡ وَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٦٢

  1. Imon keltirganlar, yahudiylar, nasroniylar va sobiiylardan qay birlari Allohga, qiyomat kuniga ishonsa va yaxshi amallar qilsa, o‘shalarga Parvardigorlari huzurida albatta mukofot bordir, ularga xavf ham yo‘qdir, g‘amgin ham bo‘lishmaydi.

Bani Isroil qavmi "Biz payg‘ambarlar avlodimiz, Alloh nazdida boshqa jamoalardan afzalmiz" deb g‘ururlanardi. Alloh taolo ularning bu g‘ururiga javoban oyat nozil qilib marhamat etadiki, afzallik bir guruhga xos narsa emas, balki qaysi toifada imon va yaxshi amal bo‘lsa, o‘shalarga saodat yor bo‘ladi. Sobiiylar har dindan oz-ozdan hukm olgan, Ibrohim alayhissalom dinida yuramiz deb, aslida farishtalarga ibodat qiluvchi bir qavmdir. Ular Zabur tilovat qilishgan va Ka’baga qarab namoz o‘qishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Nafsim yadida (qo‘lida) bo‘lgan Zotga qasamki, ushbu ummatdan biror kishi – yahudiymi, nasroniymi, men haqimda eshitsa-yu, menga yuborilgan narsaga imon keltirmasa, do‘zax ahlidan bo‘ladi», deganlar (Muslim rivoyati).

Mujohid aytadi: "Salmon Forsiy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tarkidunyo qiluvchi rohiblar haqida aytib berganida, u zot: "Ular do‘zaxdadir", dedilar. Salmon: "Bu gapdan menga Yer yuzi qorong‘i bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng ushbu oyat tushdi va yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi", degan edi". Suddiy aytadi: "Bu oyat Salmon Forsiyning hamrohlari haqida tushgan. Salmon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, hamrohlarining ibodatlari va ijtihodlari haqida xabar beradi: "Ey Allohning elchisi, ular namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi va sizning payg‘ambar etib yuborilganingizga guvohlik berishadi", dedi. Salmon ularning maqtovini tugatgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Ey Salmon, ular do‘zax ahlidandir" deganlarida Alloh taolo mazkur oyatni tushirdi". Ibn Abbos, Murra, Ibn Mas’ud va boshqa ko‘pgina sahobalardan rivoyat qilinadi: "Bu oyat Salmon Forsiy haqidadir, u kishi Jundiy sabur ahlining ulug‘laridan edi".

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qilinmagan ishga haq olish

01.07.2026   57   1 min.
Qilinmagan ishga haq olish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:

﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾

“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).

Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.

Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar