Taborak (Mulk) surasida yer, osmon va boshqa mavjudotlarni yaratishdagi hikmatlar, Allohning qudrati, bu dunyoda imonsiz o‘tganlarning oxiratdagi afsus-nadomatlari, rizq-ro‘z talab qilish, tabiiy ofatlar – yer yutishi, osmondan balo yog‘ilishi xavfi, hidoyat, zalolat kabi masalalar bayon etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onda o‘ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o‘qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Taborak surasi “shafoatchi” nomi bilan mashhur. Shu sabab bo‘lsa kerak, ko‘p musulmon diyorlarida, xususan bizning yurtda mayyit dafn etilgandan keyin Taborak surasi o‘qiladi.
Sahobalar bu surani “qutqaruvchi” deb atashgan. Zero, Taborak surasi bandani shafoat qilishi haqida rivoyatlar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Qur’ondagi o‘ttiz oyatdan iborat sura sohibini jannatga kiritguncha tortishadi. Bu Taborak surasidir”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Anas ibn Nufayldan rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bir banda tiriltiriladi. U bironta ham gunohni qoldirmay hammasini qilgandi. Biroq Allohni yagona deb bilar, Qur’onning faqat bitta surasini o‘qirdi. Uni do‘zaxga kiritish buyuriladi. Shunda o‘sha kishining ichidan bir narsa uchqundek otilib chiqib: “Yo Alloh! Men Payg‘ambaring alayhissalomga nozil qilganing (Qur’ondan) bir suraman. Mana bu bandang meni o‘qirdi”, deydi. O‘sha sura bandani jannatga kiritgunicha shafoat qiladi. Taborak surasi (Allohning izni bilan bandani azobdan) qutqaradi (Imom Daylamiy rivoyati).
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men (Taborak surasi) ummatimdan har bir mo‘min banda qalbida bo‘lishini xohlardim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
اللَّهُمَّ إنِّي أسْألُكَ اليقين والعفو و الْعَافِيَةَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
O‘qilishi: Allohumma inniy asa’lukal yaqiyna val’afva val’aafiyata fiddunyaa valaaxiroti.
Ma’nosi: Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taoloning bandasiga bergan eng ulug‘ ne’matlari va eng buyuk yaxshiliklaridan biri – sog‘liq va ofiyat. Ofiyat barcha ne’matlarning eng ulug‘idir. Shu bois Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilardilar: “Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman”.
Ushbu duo javome’ul-kalim ya’ni qisqa bo‘lsada ma’nosi keng qamrovli bo‘lgan duolardan sanalib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni tongda va kechki vaqtda doimiy ravishda takrorlab o‘qishdan charchamas edilar. Chunki bu duo dunyo va oxirat yaxshiliklarini o‘z ichiga oladi.
Afv (kechirimlilik) – Alloh taoloning bandasining gunohlarini kechirib, qilgan ishlari uchun jazolamay o‘tib ketishidir.
Ofiyat esa – Allohning bandasini kasalliklar, musibatlar va har qanday yomonliklardan saqlashidir. Dunyo va oxiratdagi parda, xotirjamlik, xavfsizlik va muhofaza etish ham ofiyatning bir qismiga kiradi.
Ulamolar aytadilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda avvalo dunyo va oxirat ofiyatini so‘raganlar. Chunki ofiyat – hamma narsaga teng kelmaydigan ulug‘ ne’matdir. Bu duo orqali gunohlarni o‘chirish, har qanday zarar keltiruvchi balolar va musibatlardan, shuningdek, oxirat dahshatlari va u yerdagi turli jazolardan panoh so‘ralgan. Shu sababli bu duo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan aytilgan eng buyuk maqsadlarni o‘z ichiga olgan duolardandir.
Balolarning ba’zilari ochiq-oydin bo‘ladi – jismoniy kasalliklar va moddiy illatlar. Ayrimlari esa yashirin – qalb kasalliklari kabi ma’naviy ofatlardir. Shuning uchun duoda eng muhim ofiyat – qalb salomatligi avval so‘ralgan: “Allohim, men Sendan yaqiyn (qat’iy ishonch) so‘rayman” – ya’ni to‘liq va komil ilm, shubha va gumondan xoli bo‘lgan qat’iy ishonch. Bu esa iymonning eng oliy darajasidir, dunyo va oxiratda najot aynan mana shu bilan bo‘ladi. Yaqiyn qalbga joylashsa, inson dunyodan uzilib, oxiratga mahkam bog‘lanadi.
Sufyon as-Savriy rahimahulloh aytadi: “Agar yaqin qalbga lozim darajada joylashsa edi, inson jannatga bo‘lgan sog‘inchidan uchib ketar, do‘zaxdan qochishga oshiqar edi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dinda ofiyat so‘rashlari – mo‘minning aqidasi va tavhidiga putur yetkazuvchi har qanday narsadan: fitnalar, adashishlar, shubhalar va shahvatlardan saqlanishni so‘rashdir.
Dunyoda ofiyat – inson hayotida zarar keltiruvchi musibatlar va qiyinchiliklardan omonda bo‘lishni so‘rashdir.
Oxiratda ofiyat esa – uning qo‘rqinchlari, qiyinchiliklari va jazolaridan najot topishni tilashdir.
Imom Shavkoniy rahimahulloh aytadi: “Ofiyat – Alloh taoloning bandasini himoya qilishi demakdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu duo orqali ofiyat so‘rash najot va muvaffaqiyat, jannatga erishish va do‘zaxdan najot topish yo‘li ekanini bayon qilganlar. Shuning uchun bu duo Alloh taolo huzurida eng sevimli duolardan hisoblanadi. Chunki u dunyo va oxirat yaxshiliklarini qamrab olgandir.
Ibn al-Jazariy rahimahulloh aytadi: “Aqlli inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tanlagan ushbu duoning qadrini anglasin. Kimga ofiyat berilsa, u qalbi, tanasi, dini va dunyosi bilan istagan barcha yaxshilikka yetishadi hamda ikki dunyoda qo‘rqqan barcha narsalardan saqlanadi”.
Ilyosxon AHMЕDOV