Checheniston Respublikasi Prezidenti Ramzan Qodirov Oysxara qishlog‘ida masjid qurilishi bilan tanishdi. To‘rt gektar maydondagi bu yerda besh ming kishilik eng katta va ko‘rkam masjidlardan biri qurilmoqda. Grozny.tv xabariga ko‘ra, mintaqa rahbari bu haqda VKdagi sahifasida ma’lum qildi.
"Yaqinda yana bir chiroyli masjid ochamiz. Checheniston Respublikasining birinchi Prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmad-Hoji Qodirovning nabirasi Abdulloh bilan Chechenistonning Gudermes tumanidagi Oysxara qishlog‘iga tashrif buyurdim. To‘rt gektar maydonda bu yerda besh ming kishilik eng katta va ko‘rkam masjidlardan biri qurilmoqda. Allohning uyiga 1932 yilda diniy ilm tarqatish va bolalarga Qur’oni Karimni o‘rgatgani uchun sudlangan sevimli bobom Abdulhamidning ukasi Sulim Qodirov nomi beriladi. U 14 uzoq yilni GULAG lagerlarida o‘tkazdi", - deyiladi matnda.
Ayni paytda mazkur inshootda ichki va tashqi pardozlash ishlari, shuningdek, atrofni obodonlashtirish ishlari olib borilib, obodonlashtirish rejalashtirilgan. O‘zbekistonlik mutaxassislar Buxoro uslubida masjid qurishmoqda.
Ramzan Qodirov Checheniston Respublikasi rahbari maslahatchisi Amruddi Edilgiriyevga vazifalarni oliy darajada bajargani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, yangi masjid nafaqat Gudermes tumani, balki butun respublikaning ko‘rki bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati