Shu yil 6 iyun holatiga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tuman va shaharlar epidemiologik toifalarining yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Andijon viloyati Andijon shahri, Baliqchi va Izboskan tumanlari, Buxoro viloyati Buxoro shahar va Qorako‘l tumani, Namangan viloyati Norin tumani, Samarqand viloyati Ishtixon tumani, Toshkent viloyati Bo‘ka tumaniga “yashil” hudud toifasi berilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining karantin davrida masjidlar faoliyatini tashkil etish yuzasidan bayonotiga muvofiq, shu yil 9 iyundan boshlab, ushbu hududlarda joylashgan masjidlar namozxonlar uchun ochiladi.
Aksincha, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy, Pop tumanlari, Sirdaryo viloyati Xovos tumani, Xorazm viloyati Urganch shahri “qizil” toifa va Buxoro viloyati Kogon tumani, Toshkent viloyati Bo‘stonlik tumani, Surxondaryo viloyati Termiz shahriga “sariq” toifa berilishi sababli ushbu hududlardagi masjidlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Ayni kunlarda xalqimiz sinovli kunlarni boshidan kechiryapti. Barcha birgalikda koronavirus kasalligining keng tarqalishining oldini olishga jiddu jahd qilishi lozim.
“Qizil” yoki “sariq” xududlardan “yashil” xududlar qatoriga o‘tish va masjidlar o‘z faoliyatini qayta boshlashida – har bir insonning hissasi katta bo‘ladi, karantin mezonlariga amal qilish ayni matlub va shariatda buyurilgan ishdir.
Alloh taolo barcha masjidlar eshiklari ochilishini nasib etsin!
Quyida respublika bo‘yicha tuman-shaharlar kesimida “yashil”, “sariq” va “qizil” hududga toifalanishning ro‘yxatini ko‘rishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati