Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Nurul izoh: JANOZA

02.06.2020   5227   13 min.
Nurul izoh: JANOZA

 

JANOZA

O‘lim to‘shagidagi bemor xususida

  1. Muxtazorni (o‘lim to‘shagidagi bemorni) o‘ng yoniga yonboshlatib, qiblaga qaratib qo‘yish sunnat bo‘ladi.
  2. Yuzi qiblaga qaraydigan holda boshini ko‘tarib, osmonga qaratib yotqizish ham joiz.
  3. Kalimai shahodatni, aytishga zo‘rlamay, majburlamay, ovoz chiqarib, qaytarib turish sunnatdir.
  4. O‘lim to‘shagidagi bemorning yonida qarindoshlari va qo‘shnilari bo‘lishlari mustahabdir.
  5. Bemorning yonidagalardan biri bemorning boshida o‘tirib Yosin surasini o‘qiydi. Ba’zi olimlar Ra’d surasini o‘qishni xush ko‘rganlar. Qur’on o‘qilganida hayz va nifosli ayollar va junub erkaklar bemorning oldida turishi yoki chiqarib yuborilishida ixtilof bor. Chiqarib yuboriladi deganlar, yuqorida aytilgan holatdagi kishilar bor joyga farishtalar kirmasligini; chiqarilmasin deganlar esa bemorning qarindoshi, qo‘shnisi bo‘lgani uchun bu kishilarning turishi mustahabligini va ularning Qur’on eshitishlariga hech qanday to‘siq yo‘qligini aytadilar.

 

Bemorning joni uzilgach qilinadigap ishlar

  1. Bemorning joni chiqqanidan so‘ng, jag‘i bog‘lanadi, ko‘zlari yumiladi, yechintirib, yupqa narsa bilan o‘raladi, yotog‘idan olib, salqin joyga o‘tkaziladi.
  2. Ko‘zlarini yumgan kishi ushbu duoni o‘qiydi: «Bismillahi va a’la millati rosulillahi». Ma’nosi: «Allohim, Sening noming bilan va Payg‘ambirimizning shariati ostida bu o‘likning ko‘zlarini yumaman. Allohim, uning ishini, narigi dunyodagi holini osonlashtir, uni huzuringga borishidan mamnun va mas’ud qil. Kelgan olamini, ketgan olamidan xayrliroq ayla».
  3. Keyin jasad shishib ketmasligi uchun qorni ustiga temir bo‘lagi qo‘yiladi.
  4. Qo‘llari yoniga cho‘ziltirib qo‘yiladi. Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yish joiz emas (bu ahli kitob: yahudiy va nasorolarning amalidir).
  5. Yuvilgunga qadar o‘likning yonida Qur’on o‘qish tanzihan makruhdir.
  6. O‘lim voqeasini xalqqa eshittirishning zarari yo‘q, jamoatning ko‘p bo‘lishi uchun mustahabdir.

 

Jasadni yuvib, dafn etishga tayyorlash

  1. Kishi o‘lganidan so‘ng, shoshib uni ko‘mish tadorigi ko‘riladi.
  2. Kishi o‘lishi bilan xushbo‘yliklar toq sonda sepilgan maxsus taxtaga qulay holda yotqiziladi.
  3. Keyin avrati berkitilib, kiyimlari yechiladi.
  4. Namozni bilmaydigan kichik bolalardan boshqa barcha o‘lganlar og‘iz-burunlari yuvilmay, tahorat qildiriladi.
  5. Keyin sovun bilan qaynatilgan iliq suv, bu ham bo‘lmasa, isitilgan suv murdaning ustiga to‘kiladi.
  6. Mayitning avval bosh va yuzi uch marta yuviladi. So‘ng jasadni chap yoni bilan yonboshlatib, o‘ng yoni uch marta yuviladi. Quyilgan suv tananing taxtaga tegib turgan joyiga yetkaziladi.
  7. Shundan keyin o‘ng yonboshiga yonboshlatib, chap yoni uch marta yuviladi.
  8. Keyin g‘assol (yuvguchi) mayitni suyab, o‘ziga suyantirib o‘tqazib, asta qornini mas'h qiladi. Mabodo shu asnoda axlat chiqsa, uni yuvib tashlaydi. Qayta yuvintirmaydi.
  9. Keyin sochiq yoki mato bilan artib quritiladi va kafanlanadi.
  10. Bosh va soqolga bir necha xil moddadan tayyorlangan xonut atiri va sajda a’zolariga (peshona, burun, qo‘l oyoqlar) kofur atiri suriladi, (xonut bo‘lmasa, mushki anbar ishlatish mumkin).
  11. Jasad yuvilayotganida (og‘iz, burun kabi teshik o‘rinlarga) suv kirmasin deb paxta tiqilmaydi.
  12. Tirnoq va sochlar olinmaydi.
  13. Soch-soqollar taralmaydi.
  14. Ayol erini yuvishi mumkin, faqat er xotinini yuvolmaydi. Chunki ayol boshqa erga tegishdan oldin, homila bo‘lsa, tug‘ishni kutishi yoki idda, ya’ni 4 oyu 10 kun kutishi kerak. Bunga ko‘ra, o‘lgan er ham nomahram emas. Biroq erda bunday holat yo‘q, u bemalol uylanishi mumkin, ya’ni marhuma ayolga begona erkak hukmiga o‘tgan.
  15. Xojasidan bolasi bor joriya ham xojasini yuvmaydi.
  16. Erkaklar orasida o‘lgan ayolni bu erkaklardan biri qo‘liga latta o‘rab (g‘usl o‘rniga) tayammum qildiradi.
  17. Ayollar ichida o‘lgan erkakni bu ayollardan biri qo‘liga latta o‘rab tayammum vdaldiradi.
  18. Bunday hollarda o‘likning mahram yaqinlaridan biror kishi bo‘lsa, qo‘liga latta o‘ramay tayammum qildiradi.
  19. Xunasaga, erkaklik va ayollik a’zolari bor kimsa ham (xoh erkaklar, xoh ayollar orasida o‘lsin) rivoyatga ko‘ra (g‘usl emas), tayammum qildiriladi.
  20. Go‘dak qizni erkak, go‘dak bolani ayol yuvishi mumkin (chunki balog‘atdan oldin odob o‘rinlari avrat hisoblanmaydi).

 

Jasadni ko‘mish tadoriga kimning zimmasida?

  1. Ayolning (yuvilishi, kafanlanishi, ko‘milish xarajatlari) kambag‘al bo‘lsa ham, erning bo‘ynidadir.
  2. Mulki bo‘lmagan o‘likning kafani nafaqasi bo‘yniga vojib bo‘lgan (sog‘ligida qarashga majbur ota, o‘g‘il kabi) qarindoshlariga lozimdir.
  3. Tirikligida hech kimi bo‘lmagan mayitning ko‘milishi baytulmol (tegishli shahar, qishloq idorasi) zimmasida bo‘ladi.
  4. Baytulmolning mablag‘i bo‘lmasa yoki nohaqlik qilib bermasa, bu mas’uliyat xalq orasidagi boylarning zimmasiga tushadi.

 

Shariatga mos kafan

  1. Erkaklarning sunnat kafani qamis, izor va lifofadir.
  2. 2. Erkaklarning kifoya kafani izor va lifofadir. Kafanning oq paxtadan qilingan matodan bo‘lishi afzaldir. Izor va lifofaning uzunligi boshdan oyoqqachadir. Qamis ko‘ylak bo‘yindan oyoq uchlarigacha bo‘lib, cho‘ntak va yenglari bo‘lmaydi, yon qo‘yilmaydi, ikki cheti birlashtirilib tikilmaydi, yoqasi pastga tomon ochilmaydi.
  3. Kafan mayitning avval chap, so‘ng o‘ng tomonidan o‘raladi. Ochilib ketishi ehtimoli bo‘lsa, bog‘lanadi.
  4. Ayol kishini ko‘mishda mazkur kafanlarga yana ximor (yuzini yopadigan latta) xirqa (ko‘krakdan tizzagacha kenglikda o‘raladigan latta) qo‘shiladi. Ayollarning kifoya kafani izor, lifofa va xirqadir.
  5. Ayolning sochlari ikki o‘ram shaklida o‘rilib, qamis (ko‘ylak) ustidan ko‘ksiga qo‘yiladi. Keyin ximor bilan yuz yopiladi, so‘ng izor, lifofa o‘ralib, keyin xirqa o‘raladi. Kafanlar o‘ralmasdan oldin, toq sonda xo‘shbo‘y qilinadi.
  6. Yana «kafani zarurat» ham bor, ya’ni nima topilsa mayit shunga o‘raladi.

 

Janoza namozining hukmi va ruknlari

Janoza namozi farzi kifoyadir (mayit atrofidagi xalqdan bir qismi o‘qishi bilan boshqalardan farz soqit bo‘ladi). Ruknlari takbirlar va qiyomdir.

 

Shartlari

Janoza namozining boshqa namozlardan farqli oltita sharti bor:

  1. Mayitning musulmon bo‘lishi.
  2. Mayitning (va u qo‘yilgan joyning) toza bo‘lishi (mayit jamoat oldiga qo‘yilganida xuddi imom kabidir, ham o‘zi, ham o‘rni toza bo‘lishi kerak).
  3. Mayitning jamoat oldida bo‘lishi.
  4. Jasadning bus-butun holda yoki ko‘p qismi yoki boshi bilan tanasining yarmi mavjud bo‘lishi.
  5. Janoza o‘quvchining, agar uzri bo‘lmasa, o‘tirgan va (biror ulovga) mingan bo‘lmasligi.
  6. Janozaning yerga qo‘yilishi. Mayitni qo‘lda ko‘tarib yoki ulov ustida turgan holida janoza o‘qilishi, yer juda iflos bo‘lmasa, joiz emas.

Izoh: Janoza namozini boshlashdan oldin imom agar mayit erkak bo‘lsa, «Erkak kishi niyatiga», ayol bo‘lsa, «Xotin kishi niyatiga», bola bo‘lsa, «O‘g‘il bola niyatiga» yoki qiz bo‘lsa, «Qiz bola niyatiga» deb baland ovoz bilan aytib qo‘yishi, muazzin orqa safga yetkazishi lozim.

 

Janoza namozining sunnatlari

Janoza namozida to‘rtta sunnat bor:

  1. Mayit ayol yoki erkakligidan qat’i nazar, imomning ko‘kragining to‘g‘risida turishi.
  2. Ilk takbirdan so‘ng sano o‘qish.
  3. Ikkinchi takbirdan keyin salavot (namozdagi «Tashahhuddan keyingi salavotlar) o‘qilishi.
  4. Uchinchi takbirdan keyin mayyit haqqiga duo qilish.

(Janoza namozida mayit haqqiga duo

Mayit uchun belgilangan duo yo‘qdir. Biroq ushbu duoni o‘qish yaxshidir.

Allohummag‘firli hayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam. Va man tavaffaytu minna fatavaffahu ’alal iyman.

Ma’nosi: «Ey Rabbim! Tirigimizni va o‘ligimizni, bu yerda bo‘lganlarni va bo‘lmaganlarni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkak va ayollarimizni kechirgin. Allohim, bizdan tug‘ilajak yangi nasllarni Islom dinida dunyoga keltir. Ajali yetib hayotdan ko‘z yumadiganlarning jonlarini imonli hollarida olgin».)

  1. To‘rtinchi takbirdan keyin duo qilmay, salom beriladi.
  2. Birinchi takbirdan boshqa takbirlarda qo‘llar ko‘tarilmaydi.
  3. Imom (yanglishib), besh takbir aytsa, jamoat iqtido qilmay, salom berishni kutadi.
  4. (Balog‘atga yetmagan) bolalar va jinnilar uchun gunohlari kechirilishini so‘rab janoza duosi yo‘q, chunki ular begunohdirlar).
  5. Kichkina bolalar uchun: «Allohummajalhu lana faratan vajalhu lana ajron va zuhron vajalhu lana shafi’am mushaffao» deb duo qilinadi.

Ma’nosi: "Allohim! Bu o‘lgan go‘dakni biz uchun hozirlangan ajr qil. Uni bizga savob, oxiratimiz uchun boqiy yaxshilik et va uni bizga shafoati qabul bo‘lgan shafoat qiluvchilardan ayla".

 

Janoza namozini o‘qishga eng loyiq bo‘lgan kishi

  1. Davlat boshlig‘i.
  2. Uning vakili.
  3. Qozi (shar’iy hakam).
  4. Mahalla imomi va keyin mayitning voliyi.
  5. Janoza imomligiga loyiq kishi boshqa kishini imomlikka o‘tkazishi mumkin.
  6. Janozada imomlik qilishga haqqi bo‘lmagan imomlikka o‘tsa, voliy qaytadan janoza o‘qishi mumkin.
  7. Biroq u imomlikka loyiq bo‘lgan kishiga iqtido qilib o‘qigan bo‘lsa, qayta o‘qimaydi. Voliy janozani o‘qigach undan so‘ng haqdorlar qayta o‘qimaydi.
  8. Imomlikka loyiq kishi mayit tirikligida janozamni o‘qisin, deb vasiyat qilgan kishidan ustunroqdir.
  9. Janoza o‘qilmasdan ko‘milgan mayit hali yorilib ketmagan bo‘lsa, yuvilmagan bo‘lsa ham, qabr ustida janozasi o‘qiladi.

 

Bir necha marhumning janozasini bir qilib o‘qish

  1. Bir necha mayit to‘planib qolsa, janozalari alohida-alohida o‘qilishi yaxshiroqdir. Qaysi biri avval kelgan bo‘lsa, shunisi birinchi o‘qiladi.
  2. Teng kelib qolsa, oldin eng fazilatli kishining janozasi o‘qiladi. Qolganlarning janozasi ham fazilatiga ko‘ra, navbat bilan o‘qiladi.
  3. Imom bir necha mayitning janozasini birdaniga o‘qimoqchi bo‘lsa, har bir mayitning ko‘ksi imomning ro‘parasiga to‘g‘rilab qo‘yilgan holda saf qilinadi. Keyin janozalari o‘qiladi.

Bu xususda ham tartibga rioya qilinadi: imomga yaqin joyga erkak, keyin o‘g‘il bola, so‘ngra xunasa, keyin ayol mayit qo‘yiladi va janoza o‘qiladi.

Agar bir necha mayit (biror zarurat yuzasidan) bir qabrga ko‘miladigan bo‘lsa, janozada qo‘yilgan tartibning aksicha qo‘yiladi. Qibla tomonga erkaklar, o‘g‘il bolalar keyin ayollar qo‘yiladi.

Izoh: Bu o‘rinda fazilat (ustunlik) darajasi musulmonlarning mayit haqidagi fikriga ko‘ra aniqlanadi. Kishining qanday odamligini faqatgina Yaratuvchi Alloh yaxshi biladi, ammo tavalludidan to vafotiga qadar har turli islomiy va ijtimoiy munosabatlarda uning zohiriy faoliyatiga ko‘ra hukm qilinadi. Agar hukmlarida yanglishsalar, bu holat kechirimlidir.

 

Janoza o‘qilayotganida imomga ergashish

Janoza namozi boshlanganidan keyin, kech qolgan kishi niyat qilib, imomning keyingi takbirini kutadi. Ikkinchi takbir aytilganida iqtido qiladi. Imom salom bergach, tobut olinmay turib, faqat qoldirgan takbirlarini aytadi. Agar u imom takbiri tahrima aytganida hozir bo‘lib, undan sal kechikib qolgan bo‘lsa, ikkinchi takbirni kutmasdan darrov imomga ergashadi. Janozaning oxirgi to‘rtinchi takbiridan keyin, salomdan avval kelgan kishi janozaga yetisholmagan hisoblanadi.

 

Janoza namozini qayerda o‘qish joiz

Janoza namozini tobutni masjidning ichiga qo‘yib, tobut masjid sirtida bo‘lsa-da, jamoatning bir qismi macjid ichida bo‘lgan holda o‘qish maqruhdir.

Izoh: Ba’zi olimlarga ko‘ra, tobut (janoza) jamoatning bir qismi bilan masjid tashqarisida va jamoatning bir qismi masjid ichida bo‘lib o‘qilgan janoza makruh emas.

 

Go‘daklarga (kichkina bolalar) janoza o‘qish

  1. Tug‘ilayotganida o‘lgan go‘dakning yig‘lash, qimirlash kabi sog‘ligini bildiradigan nishonalari ko‘rilgan bo‘lsa, ism qo‘yilib, yuvib, janozasi o‘qiladi.
  2. Biroq (qimirlash, qichqirish kabi) hayot nishonasi ko‘rinmasa, (go‘dak) yuvilib, ism qo‘yilib, matoga o‘rab ko‘miladi, janoza o‘qilmaydi.
  3. Musulmon bo‘lmagan ota-onaning biri bilan birga asir olinib, o‘lgan bolaning holati ham shunday. Biroq ota-onasidan biri yoki bolaning o‘zi musulmon bo‘lsa, yoxud (ota-onasiz, yolg‘iz o‘zi) asir olinsa (o‘lganida), janozasi o‘qiladi.

Izoh: Negaki ota-onasi yonida bo‘lmay, bolaning o‘zi musulmonlarga asir tushsa, ota-onaning ta’siri (ularning diniy e’tiqodi) ostida qolmay, Islom jamiyatida katta bo‘lib, ehtimol, musulmon bo‘lar edi. Shu sababli kichikligida o‘lsa ham, katta bo‘lganida musulmon bo‘lishi ehtimoli bilan musulmon bolasi hukmida janozasi o‘qiladi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Ota-ona qotili va o‘ziga-o‘zi suiqasd qilgan kishi;

Tobutni olib borish va mayitni ko‘mish;

Mayitni dafn qilish;

Dengizda o‘lgan kishi;

Mayitni ko‘chirish;

Qabrni ochishning hukmi;

Qabr ziyorati;

Shahidning hukmi;

Kimlarni shahid deyish mumkin?

Takrorlash uchun savollar.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi

23.04.2025   1222   1 min.
Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi

Bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.


Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.


Bugungi qabul davomida yurtimizning turli hududlaridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.


Ana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi Qabulda murojaatlar o‘z yechimini topdi
O'zbekiston yangiliklari