Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2026   |   6 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
20 Iyul, 2026, 6 Safar, 1448

Hayit o‘qiymizmi yoki zuhomi?

23.05.2020   5980   7 min.
Hayit o‘qiymizmi yoki zuhomi?

Bugungi kunda Saudiya Arabistoni va Misrning Al-Azhar jomiasi karantin sababli hayit namozini uyda o‘qish kerakligini aytishmoqda. Shu bilan birga Pokiston, Hindiston, hamda bir qator fatvo uyushmalari, shu jumladan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan hayit namozini uyda o‘qib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.

Aslida bu masaladagi turlichalik hayit namozini o‘tkazib yuborgan yoki biror uzrga ko‘ra unga yetisha olmagan kishi uni qazosini o‘qisa joiz bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida mazhablar o‘rtasidagi ixtilofga borib taqaladi. Hayit namozining qazosini hanafiy va molikiy ulamolar o‘qish joizmas, deyishgan bo‘lsa, shofeiy va hanbaliy ulamolar joiz deganlar.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur masaladagi mazhablar o‘rtasidagi ixtilof sahobalar davridagi ixtilofdan kelib chiqqandir.

Shofeiy va hanbaliylar hayit namozini qazosini o‘qisa joiz bo‘ladi, degan gaplariga Anas raziyallohu anhuning amalini dalil qiladilar. Rivoyat qilinishicha Anas ibn Molik raziyallohu anhu hayit namozini o‘tkazib yuborsa, ahli-oilasi va farzandlarini jamlar, so‘ng mavlosi Abdulloh ibn Abu Utba barchalariga imom bo‘lib, xuddi shahar ahli o‘qiydigan suratda takbirlar bilan ikki rakaat namoz o‘qib berar edilar.

“Hayit namozining qazosi o‘qilmaydi” degan hanafiy va molikiy ulamolarga ko‘ra hayit namozi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonilaridan faqat katta jamoat bilan namozgohda ado etilgan. Ushbu namozni qazo qilish Nabiy alayhisalomning na so‘zlari va na fe’llari bilan sobit bo‘lgan. Xususan, ibodat masalalari tavqifiy (vahiyga asoslangan) bo‘lib, uni biror ibodatga qiyoslab ado etilmaydi.

Ushbu masalada mazkur ikki mazhab o‘rtasidagi xilofni yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun Imom Burhoniddin Marg‘iloniyning mashhur “al-Hidoya” asariga yozilgan sharhlardan biridan iqtibos keltiramiz:  

(وَمَنْ فَاتَتْهُ صَلَاةُ الْعِيدِ مَعَ الْإِمَامِ لَمْ يَقْضِهَا) عِنْدَنَا خِلَافًا لِلشَّافِعِيِّ فَإِنَّهُ قَالَ : يُصَلِّي وَحْدَهُ كَمَا يُصَلِّي مَعَ الْإِمَامِ لِأَنَّ الْجَمَاعَةَ وَالسُّلْطَانُ لَيْسَ بِشَرْطٍ عِنْدَهُ فَكَانَ لَهُ أَنْ يُصَلِّيَ وَحْدَهُ. وَعِنْدَنَا هِيَ صَلَاةٌ لَا تَجُوزُ إقَامَتُهَا إلَّا بِشَرَائِطَ مَخْصُوصَةٍ مِنْ الْجَمَاعَةِ وَالسُّلْطَانِ ، فَإِذَا فَاتَتْ عَجَزَ عَنْ قَضَائِهَا .

ya’ni: “Imom bilan birga iyd namozini ado etolmagan kishi biz hanafiylarga ko‘ra uni qazo qilib o‘qimaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lgan. Yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi. Imom Shofeiy ushbu masalada bizga xilof qilgan bo‘lib, “U imom bilan qanday o‘qisa yolg‘iz holida shunday ado etadi”, deganlar. Chunki jamoat va sultonning izni Imom Shofeiyga ko‘ra shart sanalmaydi.

Biz hanafiylarga ko‘ra esa hayit namozi jamoat va sultonning izni kabi maxsus shartlar topilgandagina o‘qish mumkin bo‘lgan namoz sanaladi. Agar hayit namozini ado eta olmasa uni qazo qila olmaydi” (Al-Inoya sharhul-Hidoya)

Demak, hayit namozi borasidagi ixtilof mazhablar o‘rtasidagi ijtihodiy ixtilof ekani ma’lum bo‘lmoqda. Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, hayit namozini maxsus shartlari bor namoz bo‘lish bilan birga, vojib namoz hisoblanadi. Shofeiy mazhabiga ko‘ra esa, bu namoz sunnat va ularning nazdida hanafiylarda qo‘yilgan ayrim shartlar yo‘q. Shu bois, shofeiylarga ko‘ra, hayit namozini xuddi tarovih namozi kabi uyda, yolg‘iz tartibda yoki oilaviy o‘qisa bo‘ladi. Saudiya Arabistoni va Al-Azhar ulamolarining fatvosi shofeiylarga ko‘ra berilgan.

Ammo fiqhda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lgan yurtlarda, jumladan bizning yurtimizda bugungidek vaziyatlarda hayit namozi uylarda ham o‘qilmaydi. Chunki hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi.

Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Avzoiy, Imom Savriy va Imom Ibn Is'hoqlarning tutgan yo‘llariga ko‘ra hayit namoziga yetisha olmagan kishi xohlasa, zuho namozi kabi ikki yoki to‘rt rakat namoz o‘qishi mumkin. Ushbu namoz ham nafl hukmida bo‘lib, uni jamoat bilan o‘qilmaydi. Bunga mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud va Ali Ibn Abu Tolib raziyallohu anhumodan naql qilingan fatvo dalil bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim hayit namozini o‘tkazib yuborsa to‘rt rakaat namoz o‘qisin”, deganlar. Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Agar biror kishini kasal odamlarga imom bo‘lib namoz o‘qishga buyursam, to‘rt rakaat o‘qishga buyurgan bo‘lar edim”.

Bizning mazhab ulamolari ushbu ikki buyuk sahobaning so‘zlariga amal qilib, hayit namozini o‘qiy olmagan kishi zuho namozini o‘qishi mustahab ekanini aytishgan. Mo‘tabar hanafiy fiqhiy manbalaridan biri “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzaldir”.

Xulosa o‘rnida shuni alohida eslatib o‘tamizki, hayit namozini yolg‘iz o‘qish joiz yoki joizmasligi ijtihodiy masalalardan sanaladi. Har ikki toifa mazhab ulamolarining ham sahobalarning so‘zidan dalillari bor. Shunday ekan har bir yurt musulmonlari o‘zgalarning mazhabini ehtirom qilgan holda o‘z yurtlaridagi ilm ahllariga ergashishlari va turli ixtiloflarga barham berishlari lozim bo‘ladi.

Xususan, hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu kasallik keng tarqalmasligi uchun bir qator cheklovlar joriy etilgan bir paytda hayit namozini uyda alohida kichik jamoatlar bilan o‘qishga urunish yoki shunga da’vat qilish ayni jaholatdir. Afsuski, Respublikamizdan chetda yurgan ayrim kimsalar mazhab talablari va xalq sog‘liq-salomatligini pisand qilmay, ixtilof chiqarishga qaratilgan botil g‘oyalarni tarqatishga urunmoqdalar. Vaholanki, Abu Sa’id Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q”  deganlar.

Fatvo beruvchi shaxs insonlarning holatidan mas’ul ekanini unutmasligi kerak. Sahobalardan ba’zilari bir bemor kishi borasida bilmasdan fatvo berib, uning o‘limiga sababchi bo‘lib qolishganida Payg‘ambarimiz alayhissalom bundan qattiq g‘azablangan va “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar so‘ramaydilarmi?!” degan edilar” (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulatif Tursunov

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

X asrdan "reportaj": Movarounnahr haqidagi eng ishonchli qo‘lyozma o‘zbek tilida nashr etilmoqda

20.07.2026   7231   6 min.
X asrdan

Samarqand va Buxoro bugun dunyo turizmining eng mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq bu shaharlar ming yil avval qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Ular qanday iqtisodiy qudratga ega edi, qaysi xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lagan va musulmon sivilizatsiyasi taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan? Bu savollarga javob arxeologik topilmalar emas, balki X asrda yashagan arab geografi va sayyohining bevosita kuzatuvlariga asoslangan asarida mujassam, xabar bermoqda iccu.uz. Endi mazkur nodir manba tanqidiy matn, qiyosiy qo‘lyozmalar tahlili va ilmiy sharhlar bilan birinchi marta o‘zbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.

Global miqyosda madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va sivilizatsiyalar tarixi bo‘yicha birlamchi manbalarni qayta tadqiq etishga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda yana bir muhim akademik nashr tayyorlanmoqda. Mashhur arab geografi va sayyohi Abu Is'hoq Ibrohim al-Istaxriyning X asrda yozilgan "Kitob al-masolik val-mamolik" ("Yo‘llar va mamlakatlar kitobi") asari tanqidiy matn va ilmiy izohlar bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.

Nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan tarjima va keng qamrovli manbashunoslik tadqiqoti natijasidir.

Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganovning qayd etishicha, ushbu asar tarixiy geografiyaga bag‘ishlangan oddiy risola emas. U X asr musulmon olamining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manzarasini aks ettiruvchi eng muhim birlamchi manbalardan biri hisoblanadi. Istaxriy turli mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, shaharlar, savdo yo‘llari, aholi turmush tarzi, iqtisodiy munosabatlar va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni shaxsiy kuzatuvlari asosida qayd etgan.

Ayniqsa, asarda Movarounnahr haqida keltirilgan ma’lumotlar bugungi tarixshunoslik uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Samarqand, Buxoro va mintaqaning boshqa shaharlari nafaqat musulmon Sharqining muhim madaniy markazlari, balki Ipak yo‘li orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoni bog‘lagan xalqaro savdo tizimining strategik nuqtalari sifatida tasvirlanadi.

Bugungi kunda tarixchilar qadimgi shaharlar taraqqiyotini arxeologik ma’lumotlar, epigrafik yodgorliklar va qo‘lyozma manbalarni o‘zaro solishtirish orqali tiklamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Istaxriy asari arxeologik dalillarni to‘ldiruvchi bevosita katta ilmiy ahamiyatga ega.

Asar IX–XII asrlarda Markaziy Osiyoda shakllangan va ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan Birinchi Renessans deb baholanuvchi sivilizatsion yuksalish davrini anglashda ham muhim manba vazifasini o‘taydi. Bu davrda ilm-fan, shaharsozlik, savdo, madaniyat va ma’rifat yuqori taraqqiyot bosqichiga chiqqan bo‘lib, keyinchalik musulmon sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Nashrning asosiy ilmiy qiymati uning tanqidiy matn asosida tayyorlanganida namoyon bo‘ladi.

Ravshan Xudayberganov, Markazning Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi ilmiy xodimi:

Mazkur asar X asr musulmon olamining tarixiy geografiyasi bo‘yicha eng muhim manbalardan biridir. Chunki unda nafaqat Movarounnahr, balki Xuroson, Eron, Iroq, Arabiston, Kavkaz va boshqa ko‘plab hududlar haqida ham ma’lumotlar jamlangan. Shu bois bu asar butun musulmon sivilizatsiyasining o‘sha davrdagi holatini o‘rganish imkonini beradi. Kitobning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradigan jihat — uning tanqidiy matn asosida nashr etilganidir. Odatda qadimiy manbalar bir yoki ikki qo‘lyozma nusxa asosida tarjima qilinadi. Natijada ayrim matniy farqlar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ushbu nashrda esa manbashunoslikning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida asarning arab tilida saqlangan sakkizta qo‘lyozma nusxasi hamda keyinchalik fors tiliga qilingan tarjimaning o‘nta qo‘lyozmasi o‘zaro qiyoslangan. Jami o‘n sakkizta qo‘lyozma tahlil qilinib, ular asosida muallif matniga eng yaqin hisoblangan tanqidiy matn qayta tiklangan.

Manbashunoslik nuqtayi nazaridan bunday yondashuv xalqaro akademik amaliyotda eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Turli qo‘lyozmalardagi matniy farqlarni solishtirish orqali asarning keyingi asrlarda qanday tahrirlangani, qaysi ma’lumotlar qo‘shilgan yoki o‘zgarganini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.

Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, barcha matniy tafovutlar satr osti izohlarida keltirilgan, tarixiy shaxslar, etnonimlar, toponimlar va geografik atamalarga oid keng sharhlar esa kitobning izohlar qismida jamlangan. Bu jihat esa kitobni keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda tarixchilar, sharqshunoslar, etnologlar, geograflar va iqtisodiy tarix tadqiqotchilari uchun ham muhim ilmiy manbaga aylantiradi.

Mutaxassislarning fikricha, arab va fors tilidagi qo‘lyozmalarni bir vaqtning o‘zida qamrab olgan bunday keng qamrovli manbashunoslik tadqiqotlari milliy akademik muhitda nisbatan kam uchraydi. Shu jihatdan mazkur nashr nafaqat bir qadimiy asarning tarjimasi, balki O‘zbekistonda manbashunoslik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.

Bugun jahonda madaniy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni saqlash va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifaga aylangan. Istaxriyning "Kitob al-masolik val-mamolik" asari ham ana shu global jarayonning bir qismi sifatida Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalar tarixidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadqiqot natijalaridan ko‘rinadiki, ming yil avval Movarounnahr bo‘ylab safar qilgan muallifning kuzatuvlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, ular tarixchilarga o‘tmishni qayta tiklash, geograflarga qadimgi hududlarni aniqlash, madaniyatshunoslarga esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq etishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, "Kitob al-masolik val-mamolik" faqat tarixiy yodgorlik emas, balki Markaziy Osiyoning Birinchi Renessans davrini ilmiy asosda anglashga xizmat qilayotgan dolzarb akademik manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

 

Durdona Rasulova

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari