Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

Musibatning kelishi ham, ketishi ham sinovdir

19.05.2020   4358   16 min.
Musibatning kelishi ham, ketishi ham  sinovdir

 MUSIBATNING KЕLISHI HAM, KЕTISHI HAM SINOVDIR

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa hamd va sanolar, payg‘ambarimiz Muhammadga durud va salomlarimiz, ul zotning oila ahllari va sahobalariga Alloh taoloning rahmati va mag‘firati bo‘lsin!

Dunyoning barcha davlatlarida tarqagan SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi sababli dunyo o‘z qiyofasini o‘zgartirdi. Chegaralar yopildi, o‘zaro munosabatlar savdo-sotiq, oldi-berdi, nafaqat xorij, balki qo‘shni viloyatga ham borish, ishxonada jamoa bo‘lib ishlash, jamoat namozi uchun masjidlarga borish, jum’a, taroveh va hayit namozlarini jamoat bilan ado etish, ahli-oila, farzandlar bilan baxorning go‘zal pallasida sayr va ziyoratlarga chiqish, umra ziyoratiga borish va shunga o‘xshash narsalar kishilarning orzusiga aylandi.   

Yumushlari sababli farzandi-oilasi uchun “vaqti yetmayotgan” ota-onalar, xayrli ishlarni boshlashga, Allohning amriga itoat qilib, shaytoniy yo‘ldan qaytishga “hali vaqti kelmaganini” ro‘kach qilayotgan beparvolar,  arzimagan narsalar uchun aka ukasi va jigarlari xolidan xabar olishni paysalga solayotgan “tug‘ishganlar” hamda ulardan boshqalar ham, qilib turgan ishlari bu o‘tkinchi dunyodagi arzimas bahonalar ekanini anglashlariga turtki bo‘ldi.

Ba’zan hol tili bilan qilingan nasihat, zabon tili bilan qilingan nasihatdan kuchliroq va tasirliroq bo‘ladi.  SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi, insoniyat uchun hol tili bilan qilingan nasihat bo‘ldi. Alloh taolo insoniyatni bu dunyoga o‘rinbosar o‘laroq yaratar ekan, dunyodagi barcha narsani, ta’kidlab aytaman barcha-barcha narsani inson uchun yaratdi va uning uchun buysundirib qo‘ydi.

Haqiqatdan, xilqat jihatidan ko‘zimizga haqir ko‘ringan, aslida esa o‘z jismiga nisbatan bir necha barobar yukni ko‘tara oladigan, odamdan farqli o‘laroq oyoqlarini shiftga qo‘yib yura oladigan chumolidan ham zaif yaratilgan inson uchun, Mehribon Yaratuvchimiz barcha narsani musaxxar qilib berdi.

Yer ostidagi loyxo‘rak jonzoddan tortib, dengiz qa’ridagi baliqqacha, yerdagi nabotot, hayvonot, parrandadan tortib, shamol, bulut yomg‘irlargacha, koinotdagi quyosh, oy, yulduzlardan tortib, dunyo osmoniga shift-himoya bo‘lib turgan atmosfera, ozon qatlamigacha, barchasi insoniyatga xizmat qiladi.

Nima uchun? Alloh taolo bizlarga shunchalar muhtojmi? Yoki bizlar Alloh taologa farishtalardanda ko‘proq itoatli va ibodatlimizmi? Yoki biz bo‘lmasak, dunyoni ishi to‘xtab qoladimi? Unda nima uchun?!

Aniq javobni barchamiz topishimiz mumkin. Inson, Alloh, uni yaratishida bergan aql-idrokini, ong-tafakkurini ozgina ishlatishi bilan bunga erisha oladi. Faqat bizdan talab qilingani ozgina tafakkur, o‘z holimizga nazar va borliq bilan muqoyasa xolos.

Bir oz oldin internet sahifalarida ko‘rganim bir surat e’tiborimni tortdi. Unda kosmosdan olingan yer sharining ikkita surati bo‘lib, ularning birining tagiga “dunyoga kelishimdan oldingi yerning holati” va ikkinchisining tagiga “dunyodan o‘tganimdan keyin, yerning holati”, deb yozib qo‘yilgandi.

O‘ylanib qoldim. Inson o‘zini yerning hokimidek tutadi. Go‘yoki u bo‘lmasa, ishlar yurishmay qoladi va u o‘zini har bir narsaga bevosita ta’sirini o‘tkazadigan muhim shaxsdek tutishga harakat qiladi. O‘ziga omonat tarzida berilgan mol-davlat, mansab-martaba, sixat-salomatlik, obro‘-e’tibor, shonu-shavkatdan, Yaratganning izni bo‘lmasa, ichgan bir piyola suvini ham chiqarishga qodir bo‘lmagan  Allohning zaif bandasi sifatida emas, balki qudratli “inson” sifatida suyiste’mol qiladi. Manmanlik qilib, kibr-havoga beriladi, insonlarni oyoq osti qilib, jabr-zulmga beriladi. Suratga qarar ekanman, birinchi suratda ham, ikkinchi suratda ham bizning yerda bor ekanimiz ham, yo‘qligimiz ham yoki yerning o‘zgargani ham bilinmasligi, yuqoridagi narsalarning barchasi nisbiy narsalar ekani, mulk Allohning qo‘lida va uni qanday xoxlasa shunday tasarruf qilishiga yana bir bora amin bo‘ldim.

Biroq, yaxshi anglab yetishimiz lozimki, Alloh bizlarni yer yuzida yaxshilik va adolat bilan, O‘zining buyruqlarini amalga oshiradigan, zulm, jaholat, fisq-fasod va adolatsizlikka qarshi kurashadigan o‘rinbosari  qilib tanlab, O‘zining fazli bilan bizlarni “hazrati inson” qildi. Koinotdagi nafaqat yer va undagi narsalar, balki undan katta bo‘lgan jismlarni ham bizlarning manfaatlarimiz uchun yaratib qo‘ydi. Hazrati insondan esa, bor yo‘q talab qilingan narsa, Yaratuvchini tanib, Unga shukr qilishlik va yer yuzini fasodga to‘ldirmasdan yaxshilik ila obod qilishlik bo‘ldi.

Ma’lumki, Alloh taolo bandalarini ikki yo‘l bilan imtixon qiladi. Ularning biri musiybat va ikkinchisi ne’mat. Aslida biz, bularning ikkinchisi imtihon ekanini unutib qo‘yamiz. Haqiqatda esa, musiybatdagi imtihondan ko‘ra, ne’mat bilan bo‘lgan imtihondan o‘tib olish qiyinroqdir.

Yaqin kunlarda Alloh taolo butun insoniyatni, olimlar e’tirofi bilan aytganda juda ham kichkina, zaif bir verus bilan imtihon qildi va O‘zining “Bo‘l, desa bas, bo‘ladi”, amrini namoyon qildi. Bu haqda o‘ylar ekanman, bu verusni musiybat emas, balki Alloh taoloning insoniyatga yana bir bora shafqati deb bildim.

Nima uchun shafqati? Axir insonlar bundan aziyat ko‘rdilarku?, dersiz. To‘g‘ri. Uylab ko‘ring, borliq Allohning mulki. Uni hech kimdan so‘ramasdan yaratgan va hech kimdan so‘ramasdan tasarruf qiladi. Buni har bir, Allohga imoni bor banda biladi. Tarixga nazar solaylik. Alloh ularni qanday musiybatlar bilan sinaganiga guvoh bo‘lamiz. Nuh (as) va Lut (as) qavmi, Od va Samud qavmi, Abraha va uning askarlarining xoliga qarang. Ularga nima bo‘lgan?!

Alloh saqlasin, agar sinov, tosh yomg‘iri, zilzila, olov yoki suv balosi bilan bo‘lganda nima bo‘lardi?! Allohning irodasiga kim qarshi tura olardi?! Endi esa, sinovdan oldingi ne’matga g‘arq bo‘lgan xolimizni tafakkur qilaylik. Men, “falon davlatda bunday buzuqlik, pismadon joyda bunday jabr-zulm”, demoqchi emasman. Bular haqiqatda sodir bo‘ldi. Lekin xozir, ularning barchasini bir yonga qo‘yib, o‘zim va yaqinlarimdan nima kamchilik o‘tganini mushohada qilishimizni va qilgan xato kamchiliklarmiz uchun istig‘for aytib, ularni to‘g‘rilashni istar edim. Chunki nafs, doimo o‘zini haq va to‘g‘riman deb biladi.

Zero, yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taoloning irodasi va ilohiy hikmatiga ko‘ra voqe’ bo‘ladi. Ishlarimizni bir maromda davom etishi va rizqimizni keng bo‘lishi omili, Allohga bo‘lgan mustahkam ishonch, taqvo va tavakkuldir. Bunga dalolat qiluvchi oyati karimalar Qur’oni Karimda bir necha o‘rinlarda zikr qilingan, jumladan:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا (2) وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ وَمَنْ يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُ (3)

“Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir”.[1]

Inson o‘zligini ya’ni, “hazrati inson” ekanligini yo‘qotmas ekan, uning hayoti farovonlik sari davom etaveradi. Qachonki undan nonko‘rlik, noshukrlik sodir bo‘lsa, Mehribon Alloh taolo ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun turli sinovlarga ro‘baro‘ qiladi.

Aslida bu kabi sinovlar, garchi zohirda yomon ko‘rinsada, uning ortida ko‘plab yaxshilik yashiringan bo‘lishi mumkin. Tom ma’noda, yurtimizga kelgan SOVID-19—Koronavirus pandemiyasi, Buxorodagi shamol va Sirdaryodagi toshqin hodisasi bizlarni garchi zohirda uzoqlashtirgan bo‘lsada, lekin qalban yaqinlashtirdi. Barcha O‘zbekiston aholisi bu musiybatlarni qalban his qildi va undan qutilish choralarida birdek ishtirok etdi.

Hukumat tomonidan bu sinovlarni bartaraf etish uchun katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu sinovlardan o‘tib olish uchun fidoiy xalqimiz, shifokorlar, ichki ishlar xodimlari, homiylar va diniy soha vakillari jonbozlik ko‘rsatganlari tahsinga loyiq. Xali xanuz xalqimiz tomonidan yordam karvonlari to‘xtagani yo‘q. Bunday xalqni vakili bo‘lish va bunday xalqni ichida yashash sharaf ekanini barchamiz anlashimiz kerak. Zero, biz o‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och holda tong ottiradigan millat emasmiz, Alhamdulillah!

Dunyo bo‘yicha bu pandemiyaga xali-xanuz vaksina topilmagan. Ammo, qilingan xayrli ishlar, qurbonliklar, xatmi Qur’onlar, salovatlar va duolar sharofatidan, Alloh taolo bemorlarimizga shifo berdi va ularning ko‘plari sog‘ayib ketishdi. Shu munosabat bilan yurtimizning ba’zi viloyat va tumanlariga karantin yumshatildi. Biroq, masalaning ikkinchi afsuslanarli joyi shundagi, ba’zi yurtdoshlarimiz bu yumshatishni noto‘g‘ri tushinib yoki umuman mensimasdan suistemol qilishdi.

Shuning uchun ham eslatib o‘tmoqchimanki, agar bandaga bir musiybat keladigan bo‘lsa, ko‘p hollarda bunga uning o‘zi sababchi bo‘ladi. Alloh taolo bu  haqda shunday degan:

وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ (30)

(Ey, insonlar!) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni afv etib turur.[2] 

Demak, musiybatning sabablarini o‘zimizdan izlamog‘imiz maqsadga muvofiq ekan. Alhamdulillah, yurtimizdagi islohotlar, xayrli ishlar, duo va istig‘forlar, xalqimizning bag‘ri kengligi va yoshlarimiz ichidan ko‘plab Allohdan qo‘rqadigan va ibodatlik, ota-onasini hurmat qiladigan, ilmga chanqoq, mehnatga rag‘batli, esli, xushli avlod vakillari yetishib chiqayotgan bo‘lsada, boshimizga kelgan bu musiybat nega tamomila ko‘tarilib ketmayotgani haqida uylab qolaman. Buning hikmati nima ekan?!

Kuni kecha Ramazonning oxirgi ya’ni, xar bir toq kunida qadr kechasi yashiringan o‘n kunligi, taroveh namozidan so‘ng televizorni qo‘ysam, “25-soat” ko‘rsatuvida, yurtimizdagi qoida buzarlar va jinoyatchilarni ko‘rsatayotgan ekan. Bu ko‘rsatuvda ko‘rganlarim, yuqoridagi savolimga javob bo‘ldi deb o‘yladim va shu maqolani yozishga jazm qildim.

Unda “Yoshi oltmish to‘rtga kirgan, soqoli oppoq “otaxon” o‘z uyida qirq ming so‘m evaziga begona erkak va ayolga joy berib, qo‘shmachilik qilayotgani haqida” ichki ishlar xodimlari navbatdagi reydlarini ko‘rsatayotgan edi.

Undan so‘ng Toshkent shaxar Chilonzor tumanida yarim oqshomda shaxarda daydib yurgan ayollar ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirish uchun olib kelingani va shu mavzeyda yashaydigan onaxon esa, ularning dastidan tinchlik bo‘lmasligi, xatto ular nimani gaplashayotgani ham eshitilib turishi va buning yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’siri haqida kuyinib gapirdilar. Ko‘rsatuvni oxiri nima bo‘lar ekan deya kuzatib turdim. Tartib buzarlarga bir million bir yuz ellik ming so‘m atrofida moddiy jarima belgilandi va ko‘rsatuv nihoyasiga yetdi.

Alloh taolo har bir narsani ilohiy hikmat bilan yaratgan. Agar inson kasal bo‘lsa, uning harorati ko‘tariladi. Mana shu harorat insondagi barcha zararli kasallik alomatlari kuydirib, yeb bitiradi. Shundan so‘nggina harorat tushib, kishi normal hayotga qaytadi.

Muborak Ramazon, Allohning rahmati, mag‘firati to‘lib toshgan, shaytonlar kishanlangan bu oyda, bo‘lib ham ustimizda shunday sinovlar kelib, har kuni bu ofatni daf qilishi uchun millionlab xalqimiz Allohga yolborib, duolar qilib turgan chog‘da, xattoki Misrdagi Insoniy birodarlar birlashmasi Dinlararo Oliy qo‘mitasi barcha din vakillarini 14 may kuni Ramazon ro‘zasini tutishni taklif qilib, bu taklifini qo‘llab-quvvatlab, Rim papasi Fransisk katoliklar va barcha dinlarga mansub odamlarni Ramazonda bir kun ro‘za tutishga va pandemiyaga barham berish uchun Xudoga duo qilishga chaqirib turgan vaqtda, yoshi bir joyga, oyog‘i esa qabr labiga borib qolgan kimsaning qo‘shmachilik qilishi, pasportida “O‘zbekiston” yozuvi bor ayollarni “xaridor” izlab, karantinligiga ham qaramasdan yarim kechasi izg‘ib yurishi va ularning kasri yoshlarimizga, nafaqat yoshlar balki barchamizga urishi haqidagi o‘ylar meni juda maxzun qildi va g‘azabimni keltirdi.

Bu ham kasallik alomati. Ularga qandaydir moddiy chora ko‘rmasdan, balki jiddiy qonuniy choralarni qo‘llash vaqti kelgandir. Balki, ustimizdagi bu musiybatni daf bo‘lishi sababini Alloh taolo o‘zimizga qoldirgandir. Xalqimiz bir tomon bo‘lsa-yu, bu kabi nobakorlar bir tomon bo‘lsa, na xudodan qo‘rqsa va na xalqdan uyalsa...

Bu musiybat xalqimizni yanada birlashtirdi. Endi esa, bu kabi razil, yaramas illatlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda ham xalqimiz va hukumatimiz kerakli qarorlarni chiqarishiga umid qilamiz. Ta’kidlab aytishni istardimki moddiy chora ular uchun chora bo‘lmasligi kerak. Chunki bunday pastkash insonlar, jamiyatning kesib tashlamasa bo‘lmaydigan “qora son” kasalligidir. Shuncha yillardan beri uni davolash uchun “moddiy chora” qo‘llangani yetarli bo‘lmadi. Bu uslub o‘zini oqlamadi.

Xalqimiz va jamiyatimiz manfaatlari uchun, qonun chiqaruvchi organlarimiz kerakli qonunlarni qabul qilish vaqti yetdi chamamda. Chunki bir joyda munkar ish sodir bo‘lsa-yu, unga yetarlicha ahamiyat berilmasa, uni oldi olinmasa, pirovardida gunohkorga qo‘shilib begunohlar ham zarar ko‘rishi shubhasiz.

Xulosa o‘rnida barchamiz ogoh va sergaklikni qo‘ldan bermaslikka targ‘ib qilgan holda,  quyidagi hadisi sharifni keltirib o‘tishni maqsadga muvofiq deb bildim:

عن النعمان بن بشير رضي الله عنهما يقول: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "مَثَلُ الْقَائِمِ عَلَى حُدُودِ اللَّهِ وَالْوَاقِعِ فِيهَا كَمَثَلِ قَوْمٍ اسْتَهَمُوا عَلَى سَفِينَةٍ فَأَصَابَ بَعْضُهُمْ أَعْلَاهَا وَبَعْضُهُمْ أَسْفَلَهَا فَكَانَ الَّذِينَ فِي أَسْفَلِهَا إِذَا اسْتَقَوْا مِنْ الْمَاءِ مَرُّوا عَلَى مَنْ فَوْقَهُمْ فَقَالُوا لَوْ أَنَّا خَرَقْنَا فِي نَصِيبِنَا خَرْقًا وَلَمْ نُؤْذِ مَنْ فَوْقَنَا فَإِنْ يَتْرُكُوهُمْ وَمَا أَرَادُوا هَلَكُوا جَمِيعًا وَإِنْ أَخَذُوا عَلَى أَيْدِيهِمْ نَجَوْا وَنَجَوْا جَمِيعًا"

Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib dedilar: “Allohning chegarisida (ya’ni, undan o‘tish mumkin bo‘lmagan hududda) qoim turgan kishi va u chegarani buzib o‘tuvchining misoli, xuddi o‘zaro qur’a tashlab bir kemani sherikchilikka ijaraga olgan qavmga o‘xshaydi. Shunda ularning ba’zisiga kemaning yuqorisidan va ba’zilariga pastidan joy tegadi. (Kemaning) pastidan joy olgan kishilar, agar suv olmoqchi bo‘lsalar, yuqoridagilar huzuriga chiqardilar. Shunda (pastdagilar o‘zlaricha): “Agar biz o‘zimiz uchun (kerakli suvni) teshib chiqarib olsak, ustimizdagilarni aziyatga qo‘ymagan bo‘lardik”, deyishdi. Bas, agar ularni qilmoqchi bo‘lgan narsalariga qo‘yib bersalar, barchalari halok bo‘ladilar. Agar qo‘llaridagini (kemani teshmoqchi bo‘lgan narsani) olsalar, o‘zlari ham ular ham barchalari najot topadilar”.[3]

Alloh taolo yurtimiz va butun dunyodan bu kasallikni ko‘tarsin. Buning ortidan bitmas tuganmas yaxshiliklarni ato etsin. Jannatmakon yurtimiz kishilarini ham, jannatmonand imon-e’tiqodli, pokiza, yaxshilikka shukr qiladigan, yomonlikni o‘z vaqtida to‘xtata oladigan himmati baland, ziyrak va shijoatli bandalaridan qilsin! Va oxiru da’vana anil hamdulillahi Robbil alamiyn!

 Olimxon Yusupov,

Hadis ilmi maktabi rektori

 

[1] Taloq surasi 2-3-oyatlar.

[2] Sho‘ro surasi 30-oyat.

[3] Imom Buxoriy rivoyati.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

18.04.2025   7964   9 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

Allohga hamd, payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad alayhissalom va zotning oila a’zolari hamda safdoshlariga salovatu salomlar bo‘lsin. Darhaqiqat, Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan va shu yerda mangu qaror topgan musulmon olamining benazir allomalaridan biridir.

Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat. 

Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.

Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy  nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi. 

Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;

– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;

– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.

Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari,  Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.

Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi  qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...

Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir. 

Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.

Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!

Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.

O‘zA