Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaqindagina ramazonni boshlagan edik. Mana darrov yigirma kunni ham tamomladik. Endi bu yog‘i oxirgi o‘n kunlik. Yanada ogoh, yanada savobli ishlarga, ibodat qilishga qulay fursat. Chunki ramazon oyi tugab bormoqda. Qolaversa oldimizda ajri yanada ulug‘ bo‘lgan kunlar turibdi. Oxirgi o‘n kunlikda ming oyga teng bo‘lgan qadr kechasi bor. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham bu kunlarni g‘animat bilar edilar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon (oxirgi) o‘n kunlik kirsa, belni mahkam bog‘lab, kechani tiriltirar va ahllarini uyg‘otar edilar”. (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda esa: “Nabiy alayhissalom oxirgi o‘n kunlikda undan boshqa kunlarda qilmagan jiddu-jahdni qilar edilar”, deyilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki bizlar shavqu-zavqni yana ham oshirib, ko‘proq savobga ega bolishimizga qulay fursat. Zero, Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda: “Nabiy alayhissalom Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligidan izlanglar”, deb aytardilar (Ikki shayx va Termiziy rivoyati). Ulamolar: “Nabiy alayhissalomning bunday deyishlariga sabab, insonlarni ko‘proq savobli, xayrli amallarni qilib olishiga targ‘ibdir”, deydilar.
Mana shunday kunlar oldimizda. Ramazon fazilatini ham, qadr kechasini ham topishdek baxt ostonamizda eshik qoqib turibdi. Ayniqsa, hozirgi karantin davrida oila-a’zolarimiz bilan birga bu kecha-kunduzlarni hadisdagidek o‘tkazishga yaxshi imkoniyat. Biz buni bajara olamizmi? Albatta bajara olamiz. Kunduzini ro‘za, kechasini yana ibodatda o‘tkazish bizning qo‘limizdan keladi. Chunki, biz yigirma kundan beri tanamizni bunga o‘rgatdik, tajriba hosil qildik. Shunday ekan endi also bo‘shashmaylik! Zero, ming oylik mukofot kimga kerak emas?!!
Yusufxon SHODIEV,
“HIDOYA" o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi
So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida tarixiy merosni asrash, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda ziyorat turizmini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta barpo etilgan majmuada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan. Majmua hududida 15 gektar maydonda barpo etilgan infratuzilma doirasida to‘rt va uch yulduzli mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargohlar qurilgan. Barcha obyektlar zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari ham yuqori saviyada amalga oshirilgan. Bu o‘zgarishlar natijasida majmua bir kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ziyorat turizmining rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
Majmuada 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, 154 ustunli milliy uslubdagi muhtasham ayvon va ma’muriy binolar barpo etilgan. 9 pavilondan iborat innovatsion muzeyda esa Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida keng ma’lumotlar jamlangan. Muzey ekspozitsiyalarida Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlar tarixi, hadis ilmining shakllanishi va rivoji haqida ham qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz va 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlagan. Press-tur ishtirokchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bo‘lib, uning faoliyati, ilmiy salohiyati va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Joriy yil 27 mart kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganiga 9 yil to‘ldi. Markazning tashkil etilishi mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlarning yaqqol amaliy natijasi bo‘lib, u ajdodlarimizning bebaho ilmiy va ma’naviy merosini, islom ilmlarini chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ilmiy platformaga aylandi.
– Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, Imom Buxoriy nomi alohida tilga olinadi, – deydi markazning ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev.
– Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘tabar oltita hadis kitobidan biridir. O‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Muzeyimizdan o‘rin olgan har bir ekspozitsiya buyuk bobokalonimizning hayoti va faoliyatidan so‘zlaydi. Xullas, yangilangan majmua bugungi kunda nafaqat ziyoratgoh, balki ilm-ma’rifat, tarbiya va ma’naviy yuksalish maskani sifatida xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, milliy va diniy merosni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan izchil siyosatning yorqin namunasidir.
Tadbir davomida markaz faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va konservatsiyalash laboratoriyasida bo‘lib, nodir qo‘lyozmalarni asrash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Bugungi kunda fondimizdagi mingga yaqin qo‘lyozma kitoblar mavjud bo‘lib, ularning orasida restavratsiyaga muhtoj kitoblar ham bor, – deydi markazning ilmiy xodimi Baxtiyor Ibotov. – Bu kitoblarning barchasi qo‘l mehnati orqali restavratsiya qilinadi va tabiiy ashyolardan foydalaniladi. Restavratsiya jarayonida kitobning asl holati va ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratamiz. Unga boshqacha tuzatishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir kitobni restavratsiya qilish uchun uning holatiga qarab uch oydan ikki yilgacha vaqt talab etiladi. Bizda konveyer usuli qo‘llanilmaydi. Har bir xodimimiz muqovani, sahifani hamda kitobni tikish jarayonini to‘liq bajara olishi kerak. Shuning uchun xodimlarimiz doimiy ravishda yurtimizda va xorijiy davlatlarda malaka va bilimlarini oshirib boradi.
Press-tur doirasida OAV vakillari majmuaga sayohat qilib, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA