frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon xayr-ehson oyidir

16.05.2020   14428   3 min.
Ramazon xayr-ehson oyidir

Xayr-ehson bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan va jannatga kirishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir. U ehson qiluvchining molini kamaytirmaydi, aksincha Payg‘ambarimiz sollallohu a’layhi vasallam marhamat qilganlaridek mol-dunyosi ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Imom Muslim Abu Hurayra roziyollahu anhudan rivoyat qilgan hadisi shariflarida Payg‘ambar sollallohu a’layhi vasallam: “Sadaqa molni kamaytirmaydi, Alloh bandasiga kechirimlilik bilan faqat azizliknigina ziyoda qiladi, kim Alloh uchun xokisor bo‘lsa, uni qadrini ko‘taradi”[1] deb marhamat qilganlar. Modomiki ehson molu-dunyosini kamaytirmas, balki ziyoda qilar ekan bu musulmon inson u bilan ulug‘ ajrga ega bo‘ladigan noyob fursatdir. Sadaqa va xayr-ehsonning fazilatlari borasida Payg‘ambarimiz sollallohu a’layhi vasallamdan juda ham ko‘plab hadislar kelgan. O‘shalardan biri: Abu Kabsha al-Anmoriy roziyollohu anhudan, u Rosululloh sollallohu a’layhi vasallamni shunday deyotganlarini eshitgan ekanlar: “Uchta narsaga qasam ichaman. Va sizga bir hadis aytaman uni yodlab oling. Aytdilarki: Bandaning moli sadaqa bilan kamaymaydi, banda biror zulmga uchrasa va unga sabr qilsa Alloh uning izzatinigina ziyoda qiladi, banda tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik (yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar) eshigini ochadi. Sizga bir hadis aytaman uni yodlab oling. Aytdilarki: Albatta dunyoda to‘rt nafar insonnikidar. (ya’ni dunyodagi insonlar to‘rt toifidir)

Bir banda, Alloh uni mol-dunyo bilan ham ilm bilan ham rizqlantirgan. U bilan  robbisiga taqvo qiladi. Qarindosh urug‘ining holidan xabar oladi va undagi Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal manzildir.

Bir banda, Alloh uni ilm bilan rizqlantirgan, ammo mol-dunyo bilan rizqlantirmagan. U to‘g‘ri niyatli: Agar molim bo‘lganida falonchini amalini qilardim deydi. Bu uning niyatidir. Ikkisining ajri tengdir.

Bir banda, Alloh uni mol-dunyo bilan rizqlantirgan, ammo ilm bilan rizqlantirmagan. U molini ilmsiz sovuradi. U bilan  robbisiga taqvo qimaydi. Qarindosh urug‘ining holidan ham xabar olmaydi va undagi Allohning haqqini ham bilmaydi. Bu eng past darajadir.

Bir banda Alloh uni ilm bilan ham,  mol-dunyo bilan rizqlantirmagan. U: Agar molim bo‘lganida falonchini amalini qilardim deydi. Bu uning niyatidir. Ikkalasining gunohi barobardir.[2]

Bu hadisi sharif nafaqat xayr-ehson qiluvchi, balki uni niyat qilgan mo‘min kishi ham ulug‘ savobga ega bo‘lishiga dalolat qilmoqda. Faqatgini niyati sodiq bo‘lishi sharti bilan. Shunday ekan imkoni borlarimiz fazilatli Ramazon oyida xayr-ehson qilib qolishga shoshilishimiz, imkoniyati yo‘qlarimiz esa Alloh imkon bersa bunday savobli ishlarni bajarishga niyat qilishimiz bizni Allohga muqarrab bandalardan bo‘lishimizga sabab bo‘ladigan va jannatiga doxil qiladigan amallardandir.      

 

Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome  masjidi imom xatibi,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

A. Sobirov

[1] Imom Muslim 2588 raqam bilan rivoyat qilgan.

[2] Imom Termiziy 2325 raqam bilan, Ibni Mojja 4228 raqam bilan rivoyat qilgan. Imom Termiziy bu hadis hasan, sahih degan.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   41255   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari