Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: “Saharlik qilinglar, saharlikda baraka bor.[1]”- degan so‘zlariga ko‘ra ro‘za tutguvchi nimadir tanavvul qilib saharlik qilishi mustahabdir. Saharlik vaqtida taomlanish ro‘za ibodatini ado etish uchun ro‘zadorga yordam beradi. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Saharlikdagi taomdan kunduzgi ro‘zalaringga yordam olinglar.[2]” - deganlar.
Saharlik qilish ro‘za tutishni hohlovchi uchun o‘ziga muyassar bo‘lgan taom va ichimlikdan biron narsani saharlik vaqtida tanavvul qilish bilan bo‘ladi. Saharlik vaqti kechaning oltidan birining oxirgi qismidir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Saharlikning hamma vaqti barakadir. Sizlar unda bir qultum suv bo‘lsa ham ichishni tark qilmang. Chunki, Alloh taolo va farishtalar saharlik qiluvchiga salovot aytadi.”- dedilar.[3] Yana boshqa bir hadislarida: “Xurmo mo‘minning qanday ham yaxshi saharligidir.”-deganlar.[4]
Agar kecha hali chiqib ketmaganiga shubha qilmasa, saharlikni subhdan sal oldinroq qilish mustahabdir. Agar kecha chiqib ketdi, deb gumon qilinganda, ovqatlanish makruh bo‘ladi. Imom Muslim o‘z sahihlarida Abu Atiyyadan keltirgan hadisda saharlikni subhga yaqin qilish mustahab ekanligiga dalil. Abu Atiyya raziyallohu anhu aytdilar: “Men va Masruq Oisha raziyallohu anho onamiz oldilariga kirib, Yo, Ummul mo‘miniyn, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan ikki kishi, biri iftorni va namozni shoshiltiradi, boshqasi esa iftorni va namozni kechiktiradi.”- deb so‘radik. Oisha raziyallohu anho: “ Ulardan qaysi biri iftorni va namozni shoshiltiradi?”-deb so‘radilar. Biz: “Abdulloh ibn Mas’ud”- dedik. Oisha raziyallohu anhu: “ Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham shunday qilar edilar.”- dedi[5].
Saharlikdan keyin uxlash yaxshi emas. Chunki bu holatda oshqozondagi taom xazm bo‘lishi qiyin bo‘ladi. Bu muborak vaqtda ibodat va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lib, subh namozini jamoat bilan o‘qish uchun masjidga borish lozim. Bu vaqt Allohga toat ibodat qilishning eng afzal vaqtlaridandir.
Iftorlikni tezda qilish.
Ro‘zador quyosh botishi bilan iftorlikni qilishi mustahabdir. Uni quyosh botgandan keyin ham taxir qilish makruhdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Insonlar (kun botishi bilan) tezda iftorlik qilishsa doim yaxshilikda bo‘ladi.”[6] - deganlar.
Lekin ro‘zador iftorlikda uzoq o‘tirib, shom namozini mustahab vaqtidan kechiktirmasin. Shomning mustahab vaqti kun botgandan keyin qorong‘ulik tushib, yulduzlar ko‘ringungachadir. Eng afzali, tahorati yo‘q kishi yoki tahorat olmoqchi bo‘lgan kishi iftorlikdan avval tahorat olib, kun botishi bilan iftorlikni tezlatib, ovqat yemog‘idir. Undan so‘ng shom namozini jamoat bilan ado etaveradi. Bu holat taom tayyor bo‘lganda, ammo taom hozirlanmagan bo‘lsa yoki masjid ro‘zadorning uyidan uzoqroq bo‘lsa, afzali ro‘zador kun botishi bilan o‘zining oldidagi yegulikdan nimadir yeb va ichimlikdan bir qultum bo‘lsa ham ichib so‘ng shom namozini vaqtida jamoat bilan o‘qib, undan so‘ng yana taomlanaverishidir.
Shu holatlarda iftorni shoshiltirish va shom namozini mustahab vaqtida o‘qish kabi sunnatlar hosil bo‘ladi. Taom tayyor bo‘lganda namoz o‘qish kabi karohiyat sodir bo‘lmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Taom hozirlanganda va ikki xabis[7] narsa chaqirib turganda namoz o‘qish yo‘q.”[8]-dedilar. Yana bir boshqa hadislarida: “Kechki taom tayyorlanganda namozga takbir aytilsa, kechki taomdan boshlanglar.”[9] -deganlar.
Iftor vaqtidagi duo
Ro‘zador iftorlik paytida duo qilishi mustahabdir. Chunki uning duosi ijobat bo‘ladi, xossatan mana shu paytda. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi. Iftorlik qilayotgan ro‘zadorning, odil imomning, mazlumning duosi. Bulutlar ustidan ko‘tarilib, unga osmon eshiklari ochiladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolimga qasamki, agar ozgina zamondan keyin bo‘lsa ham senga yordam beraman.”-deydi.”-dedilar.[10]
Hadislarda kelgani kabi duo qilish afzaldir. (Allohumma laka sumtu va bika a'mantu va a’layka tavakkaltu va a’la rizqiyka aftartu. Zahabaz zomau va ibtalatil u’ruqu va sabatal ajru insha Allohu) Ma’nosi: “Allohim sen uchun ro‘za tutdim, senga iymon keltirdim, senga tavakkal qildim va sen bergan rizqing bilan iftorlik qildim. Chanqoq ketdi, tomirlar namlandi va Alloh xohlasa ajrlar sobit bo‘ldi”.
Sunnani Abu Dovudda Abdulloh ibn Umarning: “ Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qachon iftorlik qilsalar: “Zahabaz zomau va ibtalatil u’ruqu va sabatal ajru insha Allohu” -der edilar.”-degan hadislarida keladi. Yana Muoz ibn Zahraning: “Menga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam iftorlik qilayotganida:“Allohumma laka sumtu va a’la rizqika aftartu.”-deyishlari xabari yetdi.”- degan hadislari ham keladi.
Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhu: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Albatta, ro‘zador uchun qaytarilmaydigan duosi bor.”-dedilar. Abdulloh iftorlik qilayotganida: “Allohumma inniy as'aluka birohmatikallatiy vasia’t kulla shay'in an tag‘firo liy. (Allohim, men sening hamma narsani o‘rab olguvchi rahmating bilan gunohlarimni kechirishingni so‘rayman.)” – deganini eshitdim.”
Duoning avvalida, o‘rtasida va oxirida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga salovot aytish duoning odoblaridandir.
Xurmo bilan og‘iz ochish mustahabdir
Ro‘zador og‘zini xurmo bilan ochishi mustahabdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “ Kim bir dona xurmo topsa, u bilan og‘zini ochsin. Agar topa olmasa suv bilan ochsin. Chunki suv poklaguvchidir.[11]”-deganlar. Yoki ro‘zador olov o‘zgartirmagan biror bir meva bilan og‘zini ochsin. Abu Ya’lo raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchta xurmo bilan yoki birorta olov tegmagan narsa bilan iftorlik qilishni yaxshi ko‘rardilar.”-deyilgan.
Ro‘zadorga iftorlik qilib berish fazilati
Ro‘zadorni ikrom qilib, ro‘za ibodatini taqdirlab, iftorlik qilib berish mustahabdir. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim bir ro‘zadorni taomlantirsa, unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan ajr yoziladi.[12]”- deganlar.
Hadisda ro‘zador umumiy kelgani uchun faqir yoki boy ro‘zadorga ham iftorlik qilsa bo‘laveradi. Lekin faqir ro‘zadorga iftorlik qilib berish sadaqa ma’nosi borligi uchun boy ro‘zadorga iftorlik qilib berishdan afzal.
Iftorlik qilib beruvchi qilayotgan ziyofatida haddan oshib ketmasin. Bunday ishlarda haddan oshish dinimizda qaytarilgandir. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Biz takalluf (amalda haddan oshish)dan qaytarilganmiz.”[13]-degan. Iftorlikda turli ovqatlarni ko‘p qo‘yishda riyo va sum’a[14]ga o‘xshash amallar bilan bu ibodatga putur yetib qolishi mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, gunohlari kechirilib, bo‘yni do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmasdan ajr unga ham yoziladi”- deganlarida sahobiylar: “Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlardan har birimiz ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz?”-dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Agarcha birgina xurmo yoki bir qultum suv yoki ozgina sut bilan bo‘lsa ham, iftorlik qilib bersa, Alloh taolo bu ajrni mislicha unga ham beraveradi.[15]”-dedilar.
Abdulhamid Mahmud Tehmazning “Al-fiqhul hanafiy fiy savbihil jadid” asari asosida tayyorlandi.
Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi B.Isaqov
[1] Muttafaqun alayh rivoyati
[2] Ibn Moja rivoyati
[3] Imom Ahmad musnadda rivoyat qilgan. Allohning salovat aytishi rahmatidir. Farishtalarning salovat aytishi istig‘fordir.
[4] Abu Dovud rivoyati
[5] Imom Nasoiy, Abu Dovud va Termiziylar ham rivoyat qilgan.
[6] Sahl ibn Sa’d r.a dan Muttafaqun alayh hadis.
[7] Ikki xabis narsa bavl bilan g‘oitdir. Bu hadis vaqt keng bo‘lgan mahalda bu holatlar sodir bo‘lib turib namoz o‘qish makruhligiga dalolat qiladi.
[8] Abu Dovud va Imom Muslim rivoyat qilgan.
[9] Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
[10] Imom Termiziy, Ahmad va ibn Moja rivoyati. Faqat Ibn Mojadan rivoyat qilingan hadis lafzi “ro‘zador iftorlik qilguncha” ko‘rinishida kelgan.
[11] Abu Davud va Imom Termiziy Anas r.a dan rivoyat qilganlar.
[12] Imom Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyati.
[13] Imom Buxoriy rivoyati
[14] Eshitib qo‘ysin degan ma’noda.
[15] Ibn Huzayma o‘z sahihida rivoyat qilgan. Bu hadisni Salmon r.a. rivoyat qilgan, Rasululloh s.a.v.ning sha’bon oyining oxiridagi xutbalaridan bir ju’zdir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimiz musulmon insonning har bir so‘zini ahamiyatli deb biladi. Kundalik hayot va o‘zaro muomalalardan tortib, hatto Robbi bilan bo‘lgan ahdlashuvlarni ham tartibga solib bergan Islom insonlarga oson qilingan dindir. Qasam va nazr ahd hisoblanadi. Alloh taolo qasam va ahdga vafo qilish muhim ish ekani bois Qur’oni karimda bir necha oyatlarni nozil qilgan. Shulardan:
إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللَّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلًا أُولَٰئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظر إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar uchun oxiratda nasiba yo‘qdir. Qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va ularni poklamas. Ularga alamli azob bordir” (Oli Imron surasi, 77-oyat).
وبِعَهْدِ اللَّهِ أَوْفُوا ۚ
“Allohga bergan ahdingizga vafo qiling” (An’om surasi, 152-oyat).
وَأَوْفُوا بِعَهْدِ اللَّهِ إِذَا عَاهَدْتُمْ وَلَا تَنْقُضُوا الْأَيْمَانَ بَعْدَ تَوْكِيدِهَا وَقَدْ جَعَلْتُمُ اللَّهَ عَلَيْكُمْ كَفِيلًا ۚ إِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُ مَا تَفْعَلُونَ
“Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta’kidlaganingizdan so‘ng buzmang. Zero, Allohni o‘zingizga kafil qilgansiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur” (Nahl surasi, 91-oyat).
وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ ۖ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا
“Ahdga vafo qiling. Albatta, ahd (qiyomatda) so‘raladigan narsadir” (Isro surasi, 34-oyat).
Shariatda qasam Allohning ismi yoki sifatlaridan biri bilan so‘zni quvvatlashdir. Qasam ichuvchi kishi o‘zining rostgo‘yligini bildirish yoki biror ishni qilishga o‘zini undash yoxud undan tiyilish maqsadida qasam ichadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
لَا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَٰكِنْ يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الْأَيْمَانَ ۖ
“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas (jazolamas). Lekin qasd bilan tukkan (ichgan) qasamlaringiz uchun javobgar qilur” (Moida surasi, 89-oyat).
Nazr esa insonning o‘ziga biror maqsad bilan asli vojib bo‘lmagan amalni vojib qilib olishidir. Nazr mutloq (hech qanday shartga bog‘lanmagan) va muqayyad (biror shartga bog‘langan) turlarga bo‘linadi. Alloh taolo bunday deydi:
وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ نَفَقَةٍ أَوْ نَذَرْتُمْ مِنْ نَذْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُهُ
“Qanday sadaqa qilsangiz yoki qanday nazr qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur” (Baqara surasi, 270-oyat).
Qasamda ham, nazrda ham asosan ishni ta’kidlash qasd qilinadi, lekin ular o‘rtasida bir necha farqlar bor. Birinchisi nazr deb Alloh uchun qat’iy bir ishni zimmasiga yuklashga aytiladi.
Nazr qiluvchi Robbisiga yaqinlashish va savob olish maqsadida Alloh uchun toatni ya’ni ibodatni zimmasiga lozim qilib oladi. Masalan: “Alloh uchun sadaqa qilish zimmamda bo‘lsin” yoki “Bir oy ro‘za tutishni nazr qildim”, deb niyat qiladi. Qasam esa Allohning ismlari bilan bog‘lanadi va faqat bir ishni qilish yoki qilmaslikni ta’kidlashni iroda qiladi. Qasam “Vallohi”, “Tallohi”, “Billahi” kabi lafzlar hamda “Qasam ichaman”, “Guvohlik beraman” degan so‘zlar bilan aytiladi. Demak, nazr Alloh uchun, qasam esa Alloh nomi bilan bog‘lanadi.
Ikkinchisi inson hech bir ishga bog‘lamasdan mutloq nazr qilsa yoki bir hojati ravo bo‘lishi uchun nazr qilsa-yu, niyati amalga oshsa, endi nazriga vafo qilishi shart bo‘ladi, bu kafforat bilan yechilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga itoat qilishni nazr qilgan bo‘lsa, itoat qilsin. Kim Allohga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, unga osiylik qilmasin”, deganlar. Ammo nazr qiluvchi biror shartga bog‘liq qilib nazr qilsa-yu, uni bajarishni iroda qilmasa (masalan, “falon gunohni qilsam, masjid quraman” desa), shart topilganda ixtiyor o‘zida: xohlasa nazrini bajaradi, xohlasa kafforat beradi. Qasamda esa, qasam buzilsa kafforat o‘tash bilan ahd yechiladi. Alloh taolo bu haqda:
قَدْ فَرَضَ اللَّهُ لَكُمْ تَحِلَّةَ أَيْمَانِكُمْ ۚ وَاللَّهُ مَوْلَاكُمْ ۖ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ
“Albatta, Alloh sizlarga qasamlaringizni yechish (kafforatini ado etish) yo‘lini belgilab qo‘ygan. Alloh sizlarning Mavloyingizdir. U Biluvchi va Hikmat egasidir”, deb marhamat qilgan (Tahrim surasi, 2-oyat).
Demak, nazrda ko‘pincha amalni ado etish talab qilinsa, qasamni kafforat bilan yechish imkoni bor.
Uchinchisi qasam odatda vojib va sunnat ishlarda ham ichilaveradi. Lekin bunday ishlarda nazr qilish makruhdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarib: “Bu yaxshilik olib kelmaydi, u bilan faqat baxil kishidan mol chiqarib olinadi, xolos”, deganlar. Ya’ni nazr baxilni xayr-ehson qilishga majburlaydigan vosita bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, vojib ishlarga nazr qilish joiz emas ekan.
To‘rtinchisi nazrga vafo qilish vojib bo‘lgan amaldir. Qasamga vafo qilish esa bunday emas, ya’ni kishi qasamini buzib, kafforatini o‘tasa ham bo‘laveradi. Nazrning kafforoti qasamning kafforoti bilan bir xildir.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nazrning kafforoti xuddi qasamning kafforotidekdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, nazrini bajara olmagan kishi o‘n nafar miskinni taomlantiradi yoki kiyintiradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uch kun ketma-ket ro‘za tutadi.
Nazr qilingan ish vojib bo‘lishi uchun uchta shart jamlanishi lozim:
Nazr qilingan amal namoz yoki ro‘za kabi vojib jinsidan bo‘lishi kerak. Shuning uchun bemor ziyoratini nazr qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Nazr qilingan ish “maqsudan lizatihi” (ya’ni o‘zi mustaqil ibodat sifatida qasd qilingan amal) bo‘lishi kerak. U namozga erishish uchun tahorat olish kabi “vasila” (ya’ni vosita) bo‘lmasligi lozim.
Nazr qilingan ish nazrdan oldin vojib (farz) bo‘lmasligi kerak. Shundoq ham farz bo‘lgan besh vaqt namozni nazr qilish durust emas.
Alloh taolo barchamizni ahdiga vafo qiladigan ixlosli bandalaridan qilsin.
Madina TOSHBOYEVA,
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi