Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
1. Alloh taoloning amriga bo‘ysunish uchun.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz!” (Anfol surasi, 20-oyat). Bu ma’nodagi oyat Qur’oni karimda takror-takror kelgan.
2. Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo‘lish uchun.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Bandalarning Allohga bo‘lgan muhabbatlarining alomati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga ergashishdir”.
3. Farz amallarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning o‘rnini to‘ldirish uchun.
4. Bid’at, zalolatga berilib ketishdan saqlanish uchun.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizning ichingizda ikki narsani qoldirdim. Agar ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz. Bular – Allohning kitobi va Mening sunnatimdir”, deganlar (Imom Molik rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashimizga va unda bardavom bo‘lishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD