Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
#xabar #muftiy #peshin
Bugun, 1 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi "Masjidul Latif" jome masjidida peshin namozini ado etib, jamoatga manfaatli mav’iza qilib berdilar.
Muftiy hazratlari suhbat avvalida yurtimizdagi xayrli diniy islohotlar sabab 150 dan ortiq yangi masjidlar ochilgani, 500 ga yaqin tahoratxona zamonaviy ta’mirlanayotgani va barcha hududlarda Qur’on kurslari yo‘lga qo‘yilayotgani katta ne’mat ekanini ta’kidladilar. Hozirgi murakkab va tahlikali zamonda shukronalik hissi bilan yashab, ahil-inoqlik va musulmonlar ittifoqligini mustahkamlash o‘ta muhim ekaniga urg‘u qaratdilar.
Shayx hazratlari ma’ruzalarida masjid va mo‘min kishi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ajoyib o‘xshatish bilan izohlab, mo‘min kishi masjidda o‘zini xuddi suvdagi baliqdek erkin va xotirjam his qilishini, chunki masjid qalblarga sokinlik ulashuvchi haqiqiy rohat maskani ekanini qayd etdilar.
Mazmunli suhbatda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratilib, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi va u yerda barpo etilayotgan muzey misolida buyuk allomalarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom tilga olindi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy kabi ulug‘ ajdodlarimizning ilmga bo‘lgan fidoyiligi va vatanparvarlik fazilatlaridan doimo o‘rnak olishlari zarurligi aytib o‘tildi.
Fayzli suhbat yakunida Haq taolodan yurtimizga tinchlik-omonlik, xalqimizga farovonlik va farzandlarimiz kamoli uchun xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati