O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2020 yilgi fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Bismillahir rohmanir rohim
Ma’lumki, fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib bo‘lgan sadaqa bo‘lib, uni hozirgi sharoitdan kelib chiqib, Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiqdir.
Fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida bayon etilgan quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammga teng.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg. bug‘doy o‘rtacha to‘rt ming so‘m, 1 kg. arpa o‘rtacha uch ming so‘m, 1 kg. mayiz o‘rtacha o‘ttiz besh ming so‘m va 1 kg. xurmo o‘rtacha o‘ttiz ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, 2020 yil (1441 h.) uchun FITR sadaqasining miqdori:
≈ 2 kilogramm bug‘doy 8 000 (sakkiz ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpa 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayiz 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmo 120 000 (bir yuz yigirma ming) so‘m deb belgilansin.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) so‘m, deb belgilansin!
Eslatma: Mazkur fitr sadaqasining qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
حدثنا أحمد بن زهير بن حرب نا أبي نا أبو خالد الأحمر سليمان بن حيان نا عمرو بن قيس عن عاصم يعني ابن أبي النجود عن شقيق عن عبد الله قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: ”تابعوا بين الحج والعمرة فإنهما ينفيان الفقر والذنوب كما ينفي الكير خبث الحديد والفضة وليس للحج المبرور ثواب إلا الجنة.“
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Haj va umrani ketma-ket qiling. Albatta, ikkisi xuddi bosqon temir va kumushning kirini ketkazganidek, faqirlik va gunohlarni ketkazadi. Mabrur hajning savobi faqat jannatdir”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi