Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Islom tarixi: PAYG‘AMBAR SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING TUG‘ILISHLARI VA NASABLARI

20.04.2020   11927   19 min.
Islom tarixi: PAYG‘AMBAR SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING TUG‘ILISHLARI VA NASABLARI

PAYG‘AMBAR SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING TUG‘ILISHLARI VA NASABLARI

Qays ibn Maxrama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Men ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Fil yili tug‘ilganmiz».

«Usmon ibn Affon Qubos ibn Ashyam Laysiy roziyallohu anhudan: «Siz kattamisiz, Rasulullohmi?» deb so‘radi.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan kattalar. Men u zotdan tug‘ilishda qadimgiroqman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fil yili tug‘ilganlar. Onam meni o‘sha joyga ko‘tarib borganida filning chirib ketgan yashil tezagini ko‘rganman», dedi».

Ikkisini Termiziy hasan sanad ila rivoyat qilgan.

Ushbu ikki rivoyatda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Fil yili»da tavallud topganlari ta’kidlanmoqda. Arablarda tarixni yilning mashhur hodisasi bilan belgilash odati bor edi. Fil hodisasi eng mashhur hodisalardan biri bo‘lgan.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nasablari: U zot – Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra ibn Ka’b ibn Luay ibn G‘olib ibn Fihr ibn Molik ibn Nazr ibn Kinona ibn Xuzayma ibn Mudrika ibn Ilyos ibn Muzar ibn Nizor ibn Ma’add ibn Adnon».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ota bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan Abdulloh Quraysh qabilasi, Banu Hoshim urug‘ining boshlig‘i Abdulmuttalibning Horis, Zubayr, Abu Tolib, Abu Lahab, G‘aydoq (yoki Hajl), Muqavvim (yoki Abdulka’ba), Ziror, Abbos va Hamza ismli o‘g‘illari orasida eng mahbubidir. Abdulloh o‘n nafar o‘g‘il ichida kichigi emas, chunki Abdullohning ukasi Hamza roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bor yo‘g‘i 2 yosh katta bo‘lgani, hatto emikdosh bo‘lgani ma’lum mashhurdir. Abdulloh ota-ona bir o‘g‘illar ichida eng chigi bo‘lgan, xolos. Ular Zubayr, Abu Tolib va Abdulloh bo‘lib, Fotima onadan tug‘ilganlar.

Abdulloh voyaga yetganida otasi unga munosib kelin topish payiga tushdi. U o‘g‘liga qalliq izlab, Makkadagi oilalarning qizlarini saralay boshladi. Oxiri o‘z xotinlaridan biri Holaning (Hamzaning onasi) amakisining qizi Ominani ma’qul topdi.

Abdullohning otasi Abdulmuttalib Banu Hoshimning ulug‘i bo‘lganidek, Ominaning otasi Vahb ham Banu Zuhrning ulug‘i edi.

Omina odobli, sabrli va go‘zal qiz edi. Uning haqida xabarlarga qaraganda, Omina xuddi Bibi Maryamning sifatlariga ega bo‘lgan. Qisqasi, Omina o‘sha vaqtning ham jihatdan ustun bo‘lgan qizi edi.

Alloh taolo O‘zining oxirgi payg‘ambarini ana shunday ajoyib vasfga ega ikki ulug‘ va pok naslning vakili va vakilasi bo‘lmish ota-onadan dunyoga kelishini iroda qildi. Abdulloh va Ominaning oila qurishlarini ta’minladi.

Bu ikki yoshning to‘ylaridan ko‘p o‘tmay, yangi kuyov o‘z qavmiga kerakli xizmat yuzasidan, xurmo olib kelish uchun otasining tog‘a yurti – Yasribga (Madinaga) jo‘nab ketdi. Ko‘p o‘tmay Abdulloh o‘sha yerda vafot etdi.

O‘sha paytda Ominaning homilador bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan edi. O‘n gulidan bir guli ochilmagan yosh kelin homilador holida mahbub eridan ajrab, beva qoldi.

Ominaning homilasi oddiy homila emas, xayr-baraka homilasi edi. Alloh taolo ana shu homilaning barakasidan Ka’bani buzib tashlash niyatida Makkaga bostirib kelgan Abraha boshliq fil egalarini halok etdi. Ana shu «Fil voqeasi»dan salkam ikki oy o‘tib, Ominani to‘lg‘oq tutdi. Bu to‘lg‘oq oddiy to‘lg‘oq emas edi. Odatdagi holatlardan tamoman o‘zgacha holatda Ominaning homilasi yorug‘ dunyoga keldi.

Dunyoni nurga to‘ldirgan, butun mavjudotni baxtga cho‘mdirgan bu ulug‘ kun mashhur rivoyatga ko‘ra, rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchi kuni (milodiy 571 yil 22 aprel), dushanba kuni edi.

Omina yangi tug‘ilgan go‘dakning suyunchilik xabarini berish uchun Abdulmuttalibga odam yuborib, «Nabirangiz tug‘ildi, kelib uni bir ko‘ring», dedi.

Ehtimol, u kishi bu bilan yangi kuyovlik chog‘idayoq vafot etgan o‘g‘lining ko‘yida o‘rtanib yurgan keksa otaning ko‘ngliga biroz quvonch kirishini istagandirlar.

Abdulmuttalib quvonchdan to‘lib-toshib, shoshgancha yetib keldi. Murg‘ak nabirasini qo‘liga olib, mehr bilan o‘pdi. Uni avaylab ko‘tarib, Ka’bai muazzamaning ichiga olib kirdi. Alloh taologa hamd aytib, duoyi xayrlar qildi. So‘ng nabirasiga Muhammad deb ism qo‘ydi. Arablar ichida bu ism unchalik tarqalmagan edi. Odamlar hayron qolishdi.

Arab tilining xususiyatlaridan kelib chiqib, tilshunos ulamolar: «Ayni shu – «Muhammad» siyg‘asidan «maqtovi tinmay yangilanib turuvchi» degan ma’no chiqadi», deydilar.

Tarixchilarning rivoyat qilishlaricha, Omina onamiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga homiladorlik vaqtlarida tush ko‘ribdilar, unda farzandlari tug‘ilganda uni Muhammad deb atashlari lozimligi aytilgan ekan.

Shuningdek, Abdulmuttalib ham tushida o‘z pushtidan odatdagidan boshqa, ulug‘ maqomga sazovor bo‘ladigan o‘g‘il bola tug‘ilishiga ishora qiluvchi holatni ko‘rgan ekan. Ikki tushning ta’sirida Abdulmuttalib nabirasiga Muhammad deb ism qo‘ydi.

EMIZDIRILISHLARI

O‘sha vaqtda arablarning odati bo‘yicha, bolalar sahrolik ayollarga emizdirilar edi. Ularning fikricha, sahrning havosi ham, odamlarining axloqi ham shaharnikidan yaxshiroq bo‘lgani uchun sahrolik ayollarni emib o‘sgan bolalar sog‘-salomat, o‘tkir zehnli bo‘lib o‘sardi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni dastlab tuqqan onalari Omina yetti kun emizdi, suti yetmagach, bir necha kun u zotning amakilari Abu Lahabning ozod qilgan joriyasi Suvayba emizib turdi.         1

O‘sha kunlari Banu Sa’d qabilasidan emizuvchi ayollar yangi tug‘ilgan go‘daklarni olib ketish uchun Makkaga kelib qolishdi.

O‘sha yili qurg‘oqchilik yili bo‘lib, odamlar yetishmovchiliqdan qiynalib qolishgan edi. Ayollar boyroq oilalalarning farzandini emizib, biroz daromad topish niyatida edilar. Shuning uchun otasi yo‘q, yetim Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni emizishga qiziquvchi ayolar topilmadi.

Mingan ulovi oqsoqligi uchun hammadan ortda qolgan Halima ismli ayol ham boyroq oilaning bolasini olish niyatidan xoli emas edi. Lekin kech qolgani unga pand berdi. Boylarning bolalarini dugonalari egallab olishibdi.

Avvaliga Halima ham haligi yetim bolani olishdan bosh tortdi. Boshqa bola topa olmagach, biroz o‘ylanib qoldi. Nima, shuncha joyga kelib, bola olmay ketadimi? Xotinlar «Halima quruq qaytdi», deb hamma yoqqa gap tarqatib yuborishadi-ku! Yaxshisi, yetim bo‘lsa ham Muhammad degan go‘dakni olib ketgani ma’qul.

Alloh taolo Halimaning qalbiga o‘sha bolaga nisbatan mehr soldi. U Muhammad sollallohu alayhi vasallamn emizgani oldi. Hammadan oxiri kelib, hammadan oxiri qaytgan Halima o‘zining oqsoq ulovining tuzalib, ildam yurayotganini payqadi. Buni qarangki, uning hammadan orqada qolgan nochor ulovi boshqalardan o‘tib keta boshladi. Ketishda hammadan ortda qolgan Halima qaytishda hammadan oldin maskaniga yetib keldi. U o‘zi sezmagan holda barcha bandalar ichida eng afzaliga ko‘krak tuta boshladi.

Halima shu bolani emiza boshlaganidan buyon hamma narsaga baraka kirib qolganini yaxshi bilar edi: o‘zining suti ham ko‘paydi, xonadoniga ham qut-baraka kirdi. Uning bolalari qo‘y-qo‘zilarini qayerda boqishlaridan qat’i nazar, ularning qorni o‘tga, yelini sutga to‘lib qaytadigan bo‘lib qoldi.

Shu bois bolani emizish muddati tugaganida ham undan ajragisi kelmadi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ikki yoshga to‘lganlarida u zotni onalari huzuriga olib borib: «Yana biroz mening oldimda tarbiya topsin», deb iltimos qildi. Omina onamiz ham o‘sha vaqtda Makka havosi yaxshi emasligi uchun bu taklifga rozi bo‘ldilar.

Oradan ikki yil o‘tib, o‘sha yerda «shaqqus-sadr» (ko‘ksilarini yorib, qalblaridan shaytonning nasibasini chiqarib tashlash) nomi bilan mashhur hodisa ham bo‘lib o‘tdi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan o‘ynab yurganlarida, oldilariga Jabroil keldi. Jabroil u zotni olib, yerga yotqizib, ko‘kslarini yordi. So‘ng qalblarini olib, ichidan laxta qonni chiqarib oldi-da: «Bu shaytonning sendagi nasibasi», dedi.

Keyin uni tilladan bo‘lgan jomda zamzam suvi bilan yuvib, o‘rniga qaytarib soldi. Bolalar onasining, ya’ni emizgan onasining oldiga yugurib kelib: «Muhammad o‘ldirildi», dedilar. U zotning oldiga borsalar, rangi oppoq holda turgan ekan»

Anas: «Men u zotning ko‘kraklaridagi o‘sha tikilgan izni ko‘rar edim», dedi».

Imom Muslim rivoyat qilgan.

Bu ham Alloh taolo tomonidan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambarlikka tayyorlash choralaridan biri edi. Lekin bundan qo‘rqib ketgan Halima Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni onalari Ominaga qaytarib olib bordi.

 

HAZRATI OMINANING VAFOTLARI

(hijratdan avvalgi 47 yil; milodiy 577 yil)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olti yoshga kirganlarida onalari u zotni Yasribga (Madinaga) olib bordilar. Ona-bola birini yosh beva, birini tug‘ilmasdan turib yetim holida tashlab ketgan mahbublari Abdulloh ibn Abdulmuttalibning qabrini ziyorat qilish uchun borgan edilar. Ularning biri visoliga to‘ymagan erini, birlari diydorini ko‘rmagan padarini ziyorat qilganlaridan so‘ng yana Makka sari yo‘lga chiqdilar.

Yo‘lda Abvo nomli qishloqqa yetganlarida Omina ham vafot topdilar. Onalarining qorinlarida ekanlarida otalaridan ajragan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam olti yoshda onalaridan ham ajrab, haqiqiy yetim bo‘lib qoldilar.

Bu ham Alloh taoloning kelajak payg‘ambar kamolot uchun ko‘rgan hikmatli chorasi bo‘lsa, ajab emas.

 

BOBOLARI ABDULMUTTALIB QARAMOG‘IDA

G‘urbatda onasidan ajrab qolgan bolani bobosi Abdulmuttalib va enagasi Ummu Ayman Makkaga olib keldilar.

Quraysh qabilasi, Banu Hoshim urug‘ining raisi Abdulmuttalib o‘zining yetim qolgan nabirasiga nihoyatda mehribon edi. U Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni o‘zi bilan olib yurar, Ka’baning soyasida o‘zi uchun to‘shalgan ko‘rpachaga o‘tirg‘izardi. Shu tariqa ikki yil o‘tdi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam sakkiz yoshga to‘ldilar. Endi esini tanib, biror narsani o‘rganish payti kelganda Abdulmuttalib ham vafot etdi. Yetimlik dardi yana yangilandi.

Ammo ulamolarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning yetimlikda o‘sishlariga Alloh taoloning hikmati deb qaraydilar. Agar u zot yetim holda o‘smaganlarida, payg‘ambarlik kelganida dushmanlar «Ota-onasidan yoki bobosidan o‘rganib olgan narsalarni aytib, «Men payg‘ambarman» demoqda», deyishlari ham mumkin edi. Yetim o‘sgan kishining oliymaqom ta’limotlarni keltirishi esa o‘sha ta’limotlar Alloh taolodan ekaniga dalolat qiladi.

 

AMAKILARI ABU TOLIB QARAMOG‘IDA

Abdulmuttalibning vafotidan keyin hech kimsiz qolgan yosh Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni u zotning amakilari Abu Tolib o‘z qaramog‘iga oldi.

Abu Tolib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning otalari Abdullohning ota bir, ona bir akalari edi. U Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni o‘ziga o‘g‘illari Ja’far, Aqiyl va Aliylardan ham yaqin tutar, ko‘pincha o‘zi bilan olib yurar edi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning turli kamchiliklardan xoli bo‘lib o‘sishlarini ta’minladi. U zot sollallohu alayhi vasallam barcha yomonliklrdan yiroq, hamma fazilatlarga yaqin holda o‘sib bordilar.

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam voyaga yetib qolganlarida qo‘y boqish bilan tirikchilik o‘tkazdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam arzimagan haq uchun odamlarning qo‘ylarini boqdilar. Hayvonlar ichida eng yuvoshi bo‘lgan qo‘yni boqish hamma payg‘ambarlar qilgan ishdir. Chunki bu ish ularni ma’lum ma’noda keyinchalik o‘z ummatlariga rahbarlik qilishdek mas’uliyatli ishga tayyorlar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yigirma yoshlarida Kinona va Quraysh qabilalari bilan Qays Aylon qabilasi orasida chiqqan urushda qatnashdilar. Unda amakilariga kamon o‘qi olib berib turdilar. Shunday qilib yoshlik choqlaridayoq urush nima, jasoratu shijoat nima ekanini sinab ko‘rdilar. Bu ishda ham Alloh taoloning inoyati ila u zotning kelajakda payg‘ambarlik qilishlariga tayyorgarlik bor edi.

 

FUZUL BITIMIDA ISHTIROK ETISHLARI

(hijratdan avvalgi 34 yil zulqa’da oyi; milodiy 590 yil)

O‘sha paytlarda Zubayd qabilasidan bir kishi sotish uchun Makkaga narsa olib keldi. Uning narsasini Qurayshning zodagonlaridan Os ibn Voil Sahmiy sotib oldi. Ammo ham qini bermadi. Zubaydlik kishi Qurayshning boshliqlariga bu hakda arz qilib, yordam so‘radi. Ular Os ibn Voildan hayiqib, mazlumga yordam berishdan bosh tortishdi.

Shunda zubaydlik kishi: «Makka ahlining yigitligi va muruvvati borlaridan yordam so‘rayman!» deb dod soldi.

Makka ahlidan o‘zini er sanab, muruvvatliman, deb yurganlari Abdulloh ibn Jud’onning uyiga to‘plandilar. Uy egasi ular uchun taom tayyorladi. Taomdan keyin majlis qurib, ahdlashib, Allohning nomi ila bir shartnoma tuzdilar. Ular: «Mazlumning haqqini zolimdan olib bermagunimizcha, hammamiz bir tanu bir jon bo‘lamiz», dedilar.

Bu ish fazilatli ish bo‘lgani uchun qurayshliklar uni «Fuzul bitimi» deb atashdi. So‘ng bitim tuzganlar Os ibn Voilning oldiga borib, mazlumning haqqini olib berdilar. Keyinchalik ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu bitimda ishtirok etganlaridan quvonib yurar edilar. U zot hadisi shariflaridan birida quyidagilarni aytganlar: «Men Abdulloh ibn Jud’onning uyida bir bitimda qatnashganman. Agar Islomda ham o‘shandoq bitimga da’vat qilinsam, da’vatni albatta qabul qilar edim».

 

XADIYJAGA UYLANISHLARI

(hijratdan avvalgi 28 yil, kuz fasli; milodiy 595 yil)

Makkada Xadiyja ismli aslzoda, aqlli, axloqli, fazilatli va boy-badavlat ayol bor edi. U oldingi turmush o‘rtog‘i vafot etib, beva qolganidan keyin tijorat uchun boshqa erkaklarni ishga yollar edi.

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ham Xadiyja bint Xuvaylid bilan kelishib, uning tijorati bo‘yicha Shom o‘lkasiga borib, savdo qilib keldilar. O‘sha tijoriy safarda Xadiyjaning xizmatkori Maysara ismli yigit ham u zotga hamrohlik qildi. Bu safardan keyin o‘tkir aql egasi Xadiyja Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning oddiy odam emasliklarini sezib qoldi. U zotdagi to‘g‘rilik, sadoqat, halollik, xayr-baraka va boshqa xislatlar Xadiyjani o‘ziga rom etdi.

Buning ustiga, xizmatchi Maysara safar davomida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamda ko‘rgan aql bovar qilmaydigan holatlarini aytib berdi. Makkaning ko‘plab a’yonlarining sovchilarini qaytargan Xadiyja Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqishni niyat qildi. U kishi o‘zining bu haqdagi niyatini dugonasi Nafisa orqali Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga yetkazdi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari sovchi bo‘ldilar. Ikki tomonning roziligidan so‘ng Abu Tolib nikoh xutbasini o‘qidi. O‘shanda Payg‘ambar solllohu alayhi vasallamning yoshlari yigirma beshda, Xadija onamizniki esa, mashhur rivoyatga ko‘ra, qirqda edi.

 

MAKKA AHLINING DIYONATI

Bu davrda nafaqat Makka ahli, balki Arabiston yarimoroli aholisining ko‘p qismi but-sanamlarga ibodat qilardi. Yuqorida ham ta’kidlanganidek, Makkaga haykallarni ilk bor Xuzo’a qabilasi hukmronligi davrida Amr ibn Luay Xuzo’iy degan kimsa Shom diyoridan olib kelgan edi. Makkaliklar, keyinchalik boshqa arablar ham but-sanamlarga ibodat qilishga shu qadar berilib ketishdi. Ibrohim alayhissalomning dinidan Baytullohni ulug‘lash odatidan boshqa hech narsa qolmadi.

 

KA’BANI QAYTA QURISH

(hijratdan avvalgi 18 yil; milodiy 605 yil)

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz besh yoshlik vaqtlarida qurayshliklar Ka’bani buzib tashlab, qayta qurishga yeng shimarishdi. Zamon o‘tishi, xususan, Ka’bada yong‘in chiqqani va sel kelgani oqibatida qayta qurish zarurati tug‘ilib qolgan edi.

Qurilishni boshlab, hamjihatlik ila ish olib borishdi Ammo Hajarul asvadni joyiga qo‘yish vaqti kelganda ixtilof chiqdi. Har bir qabila bu sharafli ish o‘ziga bo‘lishini xohlar edi. Ixtilof kuchayib, urush chiqish xavfi tug‘ildi.

Ba’zilar jangga hozirlana boshlashdi. Banu Abduddo urug‘i bir tog‘orada qon olib kelishdi. Ular Banu Adiy urug‘i bilan kelishgan holda qo‘llarini tog‘oradagi qonga botirib, o‘limga tayyor ekanlarini e’lon qilishdi. Bu hol urush bo‘ladi, degani edi.

Shy holatda to‘rt-besh kun turib qolishdi. Uzoq bahslashuvlardan keyin ishni ularning oldiga asosiy darvozadan birinchi bo‘lib kirib kelgan kishiga havola qilishga kelishdilar.

Ularning oldiga Muhammad sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib kirib keldilar. U zotni ko‘rishlari bilan hammalari xursand bo‘lib: «Ana, Muhammad keldi! Ana, Amin keldi! Rozi bo‘ldik! Ishni unga havola qilishga rozimiz!» deyishdi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ulardan bir rido keltirishlarini so‘radilar. Uni olib yerga yozdilar. Hajarul asvadni ko‘tarib, ridoning o‘rtasiga qo‘ydilar va har urug‘dan bittadan vakil kelib, ridoning bir chetidan tutib ko‘tarishini taklif qildilar. Vakillar ko‘tarib olib kelganlaridan so‘ng o‘zlari Hajarul asvadni joyiga qo‘ydilar. Shunday qilib u zot o‘zlarining beqiyos hikmatlari ila urushning oldini oldilar.

Bu u zot sollallohu alayhi vasallamning butun dunyo xalqlarini sulxga va tinchlikka boshlashlarining muqaddimasi edi.

Ana shunday tarzda Alloh taolo O‘zining bo‘lajak payg‘ambarining hamma tarafdan yetuk bo‘lishini ta’minlab keldi.

U zotning nasablari pok nasab bo‘lishini ta’minladi.

U zotning yaratilishlari benuqson, muborak tanalarining pok va jismonan to‘kis, shuningdek, xulqlari bekamu ko‘st bo‘lishini ta’minladi.

Mana shu tarzda Alloh taoloning irodasi ila oxirzamon payg‘ambari qilib yuborilishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo bo‘ldi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Hiro g‘orida;

Payg‘ambarlikning boshlanishi;

Vahiy, Qur’on va risolat;

Risolat va Nubuvvat ila vahiy nozil bo‘lishining boshlanishi;

Vahiyning uzilib qolishi;

Ilk musulmonlar;

Oshkora da’vatga o‘tish;

Qur’oni Karimning odamlarga ta’siri;

Valid ibn Mug‘iyraning Qur’oni Karim haqida aytgan gaplari;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

8.01.2025   11279   14 min.
Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.

Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.

Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.

Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.

Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!

Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).

Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!

«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).

Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).

Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).

So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».

Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).

Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).

Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan