Sha’bon oyi ham o‘tib, Ramazon oyi kirib kelishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Sahobalar roziyallohu anhum Ramazon oyi ro‘zasini tutib bo‘lganlaridan so‘ng yarim yil mobaynida tutilgan ro‘zalari qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duo qilsalar, keyingi qolgan yarim yil davomida esa yana muborak Ramazon oyiga yetkazishini Alloh taolodan iltijo qilib so‘rashardi.
Ramazon oyi boshqa oylar ichida eng ulug‘idir. Salmon Forsiy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyining oxirgi kunlarida xutba o‘qib: “Ey insonlar sizlarga ulug‘, muborak oy yaqinlashib kelyapti. U bir oydirki unda ming oydan ham ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor . Alloh taolo u oyning kunduzlarini ro‘za holda o‘tkazishni farz qildi va kechalarida qoim turib ibodat bilan o‘tkazishni nafl qildi. Kimki bu oyda bir nafl ibodatni qilsa, boshqa oylarda farz amalni qilgan savobga ega bo‘ladi. Kimki bu oyda bir farz amalni ado etsa, boshqa oylarda yetmishta farz amalini ado qilgan kabidir. Bu oy sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir . Bu oy insonparvarlik oyi. Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki bu oyda ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohi kechirilib, do‘zaxdan gardanini ozod qilgan bo‘ladi va ro‘zadorning savobidan biror narsani kamaytirmasdan unga ham ro‘zadorga beriladigan savob mislicha ajr beriladi”, dedilar. Shunda sahobalar roziyallohu anhum: “Yo Allohning Rasuli hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir ho‘plam sut bilan yoki bir dona xurmo bilan yoki bir qultum suv bilan bo‘lsa ham ro‘zadorga iftorlik qilib uning og‘zini ochsa ham, Alloh taolo o‘sha kishiga iftorlik qilib berganning savobni beraveradi. Kim ro‘zadorning qornini to‘ydirsa Alloh taolo unga havzi kavsarimdan bir ho‘plam suv ichiradi hatto jannatga kirganicha chanqamaydigan bo‘ladi. Bu oy shunday oyki uning avvalgi o‘n kuni rahmat, o‘rtasidagi o‘n kuni mag‘firat, oxirgi o‘n kuni esa do‘zaxdan ozod qilish kunlaridir. Kimki bu oyda qo‘l ostidagilarga yengillik va sharoit yaratib bersa, Alloh taolo gunohini kechib, uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyi kirmasdan avval Sha’bon oyida Ramazon oyini nechog‘li ulug‘ oy ekanini xabarini berishlaridan, biz bu oylardan g‘aflatda qolmasligimiz, har bir musulmon kishi bu oyga tayyorgarlik qilishi va uni sabrsizlik bilan kutishi lozimligi kelib chiqadi hamda Ramazon oyi boshlanishidan avval Alloh taologa ko‘plab istig‘for aytib, gunohlarga tavbalar qilish, kimnidir ko‘nglini og‘ritganlar bo‘lsa uzr so‘rashi, xaqdorlari bo‘lsa xaqlarini berish, ko‘plab yaxshiliklarni qilib, qarindosh urug‘lar hollaridan xabar olish kabi ishlarni tushinishimiz, aytilgan ajr va savoblardan umidvor bo‘lib, kunduzlari ro‘za tutishga, kechalarini xatmi Qur’on va tarovih namozlari hamda duo va boshqa ibodatlar bilan o‘tkazishga, xayr va saxovat ko‘rsatib, kam ta’minlanganlar hollaridan xabar olish, iftorliklar qilib, savoblaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli ishlarga tayyorlanib borish kerakligi ma’lum bo‘ladi. Yana shuni alohida aytishimiz lozimki, Ramazon oylariga tayyorgarlik o‘laroq Ramazon ro‘zasi haqidagi ilmlarimiz, ro‘zani buzuvchi amallar, tarovih namozini o‘qish tartibi, fitr sadaqa, fidya, maxsus duo va tasbihlar kabi bu oyga taalluqli masalalarni o‘rganishimiz ham yuqorida keltirilgan Ramazon oylariga tayyorgarliklar sarasiga kiradi. Zero, ulug‘ oyni yaxshi niyat va puxta tayyorgarlik ila qarshi olish maqsadga muvofiqdir. Azaldan ota bobolarimiz ham bu tavsiyalarga amal qilib kelganlar.
Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda deyarli butun dunyoni zabt etayotgan koronavirusi bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmaganligi sababli bu kasallik keng tarqalishini oldini olish maqsadida yurtimizda karantin e’lon qilindi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan ham barcha musulmonlarni mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar namozxonlar besh vaqt namozlarni va juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qishlarini hamda janoza namozlarini ham vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarida o‘qish haqidagi fatvo e’lon qilindi.
Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonoti ham chiqarildi. Unda Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar tarovih namozlari va xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazishlari, xatmi Qur’onlar onlayn tarzda amalga oshirilishi, saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari” orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazilishi, barcha mo‘min- musulmonlar karantin talablariga rioya qilishlari, zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini Vaqf xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari”ga topshirishlari kabilar e’lon qilingan.
Bu bayonotdagi ko‘rsatmalarga amal qilishimiz bugungi kun va dinimiz talabidir. Zero, dinimizda zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘qdir. Agar biz hamjihat bo‘lib, barcha talab va ko‘rsatmalarga amal qilib, muborak Ramazon oylarida Alloh taolodan balolarni daf etishini so‘rab duolar qilsak bu balolar bizdan ketishi aniq.
Barchamizga yaqinlashib kelayotgan Ramazon oy muborak bo‘lsin!
Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom-xatibi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati