Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2026   |   8 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:49
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2026, 8 Zulhijja, 1447

Nurul izoh: TILOVAT SAJDASI. SHUKR SAJDASI. JUMA NAMOZINING HUKMI

08.04.2020   11036   12 min.
Nurul izoh: TILOVAT SAJDASI.  SHUKR SAJDASI.  JUMA NAMOZINING HUKMI

TILOVAT SAJDASI

*** Sababi, hukmi va vaqti ***

Shartlari: tahorat qilish, qiblaga yuzlanish hamda avrat joylarini berkitish.

Vojib bo‘lishining sababi: sajda oyatini o‘qish yo eshitish.

Sajda oyati namozdan boshqa payt o‘qilganida, darhol sajda qilish shart emas. Faqat kechiktirilishi tanzihiy makruhdir. Forschaga o‘xshash (arab tilidan boshqa tilda) sajda oyati o‘qigan kishi ham sajda qilishi lozim. Sajda kalimasini o‘zidan avvalgi va keyingi kalimalardan biri bilan o‘qish, oyatni to‘la o‘qish kabidir.

Sajda oyati bo‘lgan suralar:

A’rof surasi, 206-oyat;

Ra’d surasi, 15-oyat;

Hahl surasi, 49-oyat;

Isro surasi, 107-oyat;

Maryam surasi, 58-oyat;

Haj surasi, 18-oyat;

Furqon surasi, 60-oyat;

Naml surasi, 24-oyat;

Sajda surasi, 16-oyat;

Sod surasi, 24-oyat;

Fussilat surasi, 37-oyag;

Najm surasi, 62-oyat;

Inshiqoq surasi, 21-oyat;

Alaq surasi, 19-oyat.

 

*** Tilovat sajdasi kimlarga vojib, kimlarga vojib emas? ***

Sajda oyatlaridan birini eshitgan kishiga, eshitishni qasd qilmagan bo‘lsa ham, tilovat sajdasi vojib bo‘ladi. Sajda oyatini o‘qish va eshitish bilan, hayz va nifosdagi ayollarga sajda qilish vojib bo‘lmaydi. Imomga iqtido qilgan kishi sajda oyatini o‘qisa, imomga ham, jamoatga ham sajda qilish vojib bo‘lmaydi. Faqat imom va jamoat sajda oyatini namoz o‘qimayotgan bir kishida eshitsalar, namozdan so‘ng sajda qilishlari lozim. Bu holda agar namoz asnosida sajda qiladigan bo‘lsalar, zimmalaridagi sajda o‘rniga o‘tmaydi, ammo namozlari ham buzilmaydi. Ishonchli nuqtayi nazarga ko‘ra, ma’nosini tushunish sharti bilan, forscha kabi (boshqa tilda) saj­da oyati eshitilsa ham, sajda qilish vojib bo‘ladi. Uxlayotgan kishidan, yosh boladan, hayz yo nifosdagi ayoldan sajda oyati eshitilganida ham sajda qilish vojib. Tutiqush va aks sadodan eshitilgan sajda oyati tufayli saj­da qilish vojib bo‘lmaydi.

Izoh: Zamonamizda mavjud bo‘lgan radio, televizor va shunga o‘xshash vositalardan Qur’oni karimni tinglash bilan savob qozonilganidek, sajda oyatini eshitish tufayli, sajda qilish vojib bo‘ladi.

 

*** Tilovat sajdasining vaqti va shakli ***

  1. Namozda sajda oyati o‘qilganida, tilovat sajdasi uchun ruku yo sajda qilish bilan ado etiladi.
  2. Sajda oyatidan so‘ng ikkidan ortiq oyat o‘qimay tilovat sajdasini niyat qilib namozning rukusiga borsa va uni niyat qilmasa ham, namozning sajdasini qilsa, tilo­vat sajdasi o‘rniga o‘tadi.
  3. Kishi imomdan sajda oyatini eshitib, u imomga iktido qilmasa ham, yoki (sajda oyati o‘qilgan rakatdan) boshqa rakatda mazkur imomga iqtido qilsa ham namozdan so‘ng tilovat sajdasi qiladi.
  4. Imom sajda oyati o‘qigan rakatda hali imom tilovat sajdasini qilmasdan unga iqtido qilgan kishi, imom bi­lan birga sajda qiladi. Ammo shu rakatda imom o‘qigan oyat sajdasini qilganidan so‘ng, imomga iqtido qilsa, tilo­vat sajdasi qilmaydi.
  5. Namoz asnosida qilinishi lozim bo‘lgan tilovat sajdasi namoz ichida ado qilinmagan bo‘lsa, namozdan keyin ado qilinmaydi. Chunki namoz ichida qilinishi lozim bo‘lgan tilovat sajdasi uchun shunday ulug‘ daraja borki, namozdan keyingi sajdalar uning o‘rniga o‘tmaydi.
  6. Kishi namozdan boshqa payt sajda oyati o‘qib (yoki eshitib) sajda qilgach, ayni joyda namozni boshlab, o‘sha oyatni o‘qisa, takror sajda qiladi. Agar avval aytilgan sajdani qilmagan bo‘lsa, namozdagi sajda ikkala sajdan o‘rniga o‘tadi.
  7. Ayni joyda bir oyatni ikki yoki undan ko‘p bora o‘qigan kishi bir marta tilovat sajdasi qiladi.
  8. Faqat boshqa-boshqa joylarda bir sajda oyatini o‘qigan kishi uchun bir marta tilovat sajdasi qilish kifoya emas.

 

*** Joyni o‘zgartiradigan sabablar ***

Turgan yo o‘tirgan joyidan zarurat uchun bo‘lsa ham ajralish, daraxtda bir shoxdan boshqa shoxga o‘tish, anhor yoki kattaroq hovuzda (sajda oyati o‘qilgan) joydan boshqa joyga suzib o‘tish bilan, joy o‘zgargan hisoblanadi.

 

*** Joyni o‘zgartirmaydigan sabablar ***

  1. Bir xonaning yoki katta bo‘lsa-da, masjidning ichida sajda oyati o‘qilgach, bir burchakdan boshqa bir burchakka o‘tish.
  • Qur’on tilovat qilayottan payt kemaning yurishi.
  • Sajda oyati o‘qilgach, bir yoki ikki rakat namoz o‘qirlik vaqtning o‘tishi.
  1. Bir qultum suv ichish, bir-ikki luqma taom yeyish yoki bir-ikki qadam yurish.
  • Bir narsaga suyanish, o‘tirish, yoki o‘rnidan turish.
  1. Sajda oyati o‘qilgan joyda hayvonga minish yoki tushish.
  2. Ustida namoz o‘qilayotgan hayvonning yurishi. Bunday hollarda bir marta sajda qilish kifoya.
  3. Sajda oyati o‘qiyotgan kishi o‘rnida qolgani holda, eshitayotgan kishining joyi o‘zgarsa, eshitayotgan kishi takror sajda qilishi lozim.
  • Bir joyda bir sajda oyatini ko‘p eshitgan kishining takror sajda qilishi shart emas. Faqat o‘qigan kishi joy o‘zgartirgani tufayli, takror sajda qilishi kerak.

 

*** Turli masalalar ***

Sajda oyati bo‘lgan surani o‘qiyotib, sajda oyatini o‘qimay tashlab ketish makruhdir.

Sajda oyatiga bir yoki bir necha oyat qo‘shib o‘qish mustahabdir.

O‘tirgan kishining tilovat sajdasi qilish uchun o‘rni­dan turib, sajda qilishi mustahabdir.

Sajda oyatini eshitgan kishining o‘qigan kishidan avval boshini sajdadan ko‘tarmasligi ham mustahabdir.

Sajda oyati bir jamoat ichida o‘qilib, hamma birdan sajda qilishi lozim bo‘lganida, oyatni o‘qigan kishining oldinroqqa o‘tishi va jamoatning saf tortishi shart emas. Har kim o‘tirgan joyida, xohlaganidek sajda qiladi.

 

*** Tilovat sajdasining sahih bo‘lish shartlari ***

Tilovat sajdasining sahih bo‘lish shartlari namozning sahih bo‘lish shartlaridir (takbiri tahrimadan boshqa).

 

*** Ado etish tartibi ***

Sajda oyatini o‘qigan yoki eshitgan kishi o‘tirgan bo‘lsa, o‘rnidan turadi. Qo‘lni ko‘tarmay takbir aytib, sajdaga boradi va yana takbir aytib, o‘rnidan turadi. Shu tartibda bir marta sajda qiladi. So‘ng tashahhud o‘qimaydi va salom bermaydi.

 

*** Shukr sajdasi ***

Hazrati Abu Bakrdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, insonni xushnud qiladigan bir narsaga ro‘para kelganlarida yoki biror xushxabar eshitganlarida Alloh taologa shukr qilish maqsadida darhol sajda qilar edilar.

Shukr sajdasi Imomi A’zamga, roziyallohu anhu, ko‘ra namozdan so‘ng makruhdir va hech qanday savobi yo‘q, qilmagan afzaldir. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga ko‘ra esa, savob bo‘lgan bir ibodatdir. Shukr sajdasi tilovat sajdasi kabi ado etiladi.

Izox,: Fiqh ulamolari Imom A’zamning, rahmatullohi alayh, bu nuqtayi nazarlarini, qilinishi vojib emas deb, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning fikrlarini esa, qilinishining zarari yo‘q, joizdir deb sharhlashganlar. Bunga ko‘ra, har bir xushxabarni eshitganida sajda qilish shart emas, ammo qilinishi joizdir.

 

*** Har baloning daf qilinishi haqida ***

Imom Nasafiy «Kofiy» nomli asarlarida aytadilarki, kimki bir joyda barcha sajda oyatlarini o‘qib, har biri uchun alohida-alohida sajda qilsa, bu ibodat tufayli boshiga keladigan barcha balolardan omon qoladi.

 

*** Juma namozining hukmi ***

Juma namozi quyidagi yetti shartni jam qilgan bo‘lib, har bir musulmon uchun farzi ayndir.

Farz bo‘lishining shartlari:

  1. Erkak bo‘lishi;
  2. Ozod bo‘lishni;
  3. Shaharda yoki shahar yaqinida istiqomat qilishi;
  4. Sog‘lom bo‘lishi;
  5. Zolimning hamlasidan omon bo‘lishi;
  6. Ikki ko‘zi ko‘r bo‘lmasligi;
  7. Ikki oyoqning birdaniga oqsoq yoki shol bo‘lmasligi.

 

*** Durust bo‘lishining shartlari ***

  1. Juma namozi peshin namozining vaqtida o‘qilishi zarur. Peshin namozining vaqti kirmasdan juma o‘qilishi du­rust emas. Juma o‘qilayotganida vaqt chiqsa, u bekor bo‘ladi.
  2. Vaqtida (farz namozidan avval) juma xutbasi niyati bilan, juma namoziga jamoat bo‘la oladigan kishilar huzurida xutba o‘qilipsh kerak.
  3. Barchaning masjidga kirib, bemalol namoz o‘qishi mumkin bo‘lish zarur.

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, juma farzi uchun yetarli jamo­at qul, musofir va bemorlardan iborat bo‘lsa ham, imomdan boshqa uch erkak kishidir. Mazkur jamoat bilan juma namozi o‘qish mumkinligining sharti bu kishilarning birinchi sajdaga borgunlaricha imom bilan birga qolishlaridir. Ilk sajdani qilgach, (namozni buzib) tarqaydigan bo‘lsalar, imom namozni yolg‘iz o‘zi juma namozi sifatida tamomlaydi. Ammo imom birinchi sajdaga bormasidan, jamoat tark etadigan bo‘lsa, namoz buziladi. Uch kishilik jamoatdan biri ayol yoki yosh bola bo‘lsa, namoz sahih bo‘lmaydi. Qul, musofir va bemorning juma namozida imom bo‘lishi joizdir.

 

*** Juma namozining xutba va sunnatlari ***

Juma xutbasida tasbeh yoki tahmid bilan kifoyalanish, karohat bilan joizdir.

Juma xutbasining o‘n sakkiz sunnati bor:

  1. Xutba o‘qiydigan kishining najosat va janobatdan pok bo‘lishi.
  2. Avrat joylarini berkitishi.
  3. Xutbani boshlashdan avval minbarda o‘tirishi.
  4. Imom-xatibning oldida azon aytilishi.
  5. Imom-xatibning azondan so‘ng, urush bilan qo‘lga kiritilgan joylarda chap qo‘lida ushlaganicha tayanib, sulh orqali olingan joylarda esa, qilichsiz (xutba o‘qish uchun) o‘rnidan turishi.
  6. Imom-xatibning jamoatga yuzlangan holda xutba o‘qishi.
  7. Xutbani Alloga hamdu sano bilan boshlashi.
  8. Kalimai shahodatni o‘qishi.
  9. Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, salavot aytish.
  10. Jamoatga va’z-nasihat qilishi.
  11. Jamoatga Allohning azobidan qutqaradigan sabablarni eslatishi.
  12. Qur’ondan biror bir oyat o‘qishi.
  13. Xutbani ikkiga bo‘lishi.
  14. Ikki xutba orasida o‘tirishi.
  15. Ikkinchi xutbani ham yana Alloh taologa hamdu sano va Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, salavot bilan boshlashi.
  16. Ikkinchi xutbada barcha mo‘minlarga duo va mag‘firat tilashi.
  17. Jamoatning xutbani eshitishi.
  18. Har ikki xutbani tivoli mufassal, ya’ni Qur’oni karimning Hujurot surasidan Buruj surasigacha bo‘lgan qismi uzunligida qilishi. Bundan cho‘zish va sunnatlardan birini tark qilish makruxdir.

 

*** Juma namoziga oid turli masalalar ***

  1. Juma kuni birinchi azon aytilgach, musulmonlarning savdo-sotiq (kabi dunyo) ishlarini to‘xtatib, juma namoziga borishlari farzdir.
  2. Imom minbarga chiqsa, xutba va juma farzi tamom bo‘lgunicha, gapirish va nafl namoz o‘qish joiz emas.
  3. Xutba eshitayotganlarning yeb-ichishlari, keraksiz narsalar bilan shug‘ullanishlari, u yoq-bu yoqqa qarashlari, salomga alik olishlari hamda aksirganga «yarhamukalloh» deb javob qaytarishlari makruhdir.
  4. Imom-xatib minbarga chiqqach, jamoatga salom bermaydi.
  5. Azon aytilgach, juma namozini o‘qimasdan safarga otlanish (tahriman) makruhdir.
  6. Bemor, musofir va ayollarga o‘xshash juma namozini o‘qish farz bo‘lmagan kishilar, agar juma namozini o‘qisalar, peshin namozining o‘rniga o‘tadi va peshin namozi ulardan soqit bo‘ladi.
  7. Hech qanday uzrsiz juma namoziga mukallaf bo‘lgan kishilarning juma namozi o‘qimasdan avval peshin na­mozini o‘qishlari haromdir. Shunga qaramay, uyida pe­shin o‘qiganidan so‘ng, pushaymon bo‘lib, imom hali namozni tamomlamasdan, masjid sari otlansa, namozga ulgurmasa ham, o‘qigan peshin namozi botil bo‘ladi va naflga aylanadi.
  8. Bemor, musofir hamda qulga o‘xshash uzrli kishilar­ning juma namozi o‘qilgan joyda peshinni jamoat bilan o‘qishlari makruhdir.
  9. Juma namoziga tashahhudda yoki sahv sajdasida qo‘shilgan kishi juma namoziga ulgurgan hisoblanadi.

 

KЕYINGI MAZULAR:

Hayit namozlari hukmi va shartlari;

Ramazon hayitining mustahablari;

Hayit namozining vaqti;

Hayit namozlarini o‘qish tartibi;

Qurbon hayitining hukmi;

Tashriq takbirining hukmi, muddati va kimlarga vojib bo‘lishi;

Tashriq takbiri;

Quyosh tutilganida o‘qiladigan namoz;

Oy tutilganida o‘qiladigan namoz;

Yomg‘ir so‘rash duosi;

Xavf (qo‘rquv) namozi;

Takrorlash uchun savollar.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har bir yurtdoshimiz muborak ayyom barokatidan, fayzidan bahramand

25.05.2026   2772   6 min.
Har bir yurtdoshimiz muborak ayyom barokatidan, fayzidan bahramand

Dil so‘zi

 

Muborak Qurbon hayiti arafasida turibmiz. Butun musulmon olami, islom ummati ushbu ulug‘ ayyomni cheksiz shodlik va shukronalik bilan kutib olmoqda. Ushbu qutlug‘ kunlarda Saudiya Arabistonining Makka shahrida yurtdoshlarimiz bilan birga haj amallarini ado etyapmiz.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotimiz Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘ligi, har bir fuqaro davlatimizning mehr va e’tiboridan chetda emasligining yana bir hayotiy ifodasi o‘laroq qalblarimizni olam-olam shodlikka to‘ldirdi, ruhimizni ko‘tardi, bayram shukuhini yanada boyitdi.

Davlatimiz Rahbari bilan suhbatimiz naqadar samimiy kechganiga xalqimiz ommaviy axborot vositalari, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, guvoh bo‘ldilar.

Prezidentimiz haj ziyoratchilarini Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan haj ziyoratiga keldi. Ularning dilidagi quvonchni, shukronalikni, Yurtboshimizdan minnatdorlikni so‘z bilan ta’riflashga til ojiz.

Prezidentimiz suhbatda ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.

Darhaqiqat, Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tyapti. Qalbida shukronalik hissi jo‘sh urgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.

Alloh nasib etsa, haj ziyoratchilari yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘ladilar.

Bugun har bir yurtdoshimiz muborak ayyom barokatidan, fayzidan bahramand. Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari amalga oshiriladi.

Prezidentimiz rahbarligida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimotida aytilganidek, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.

Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.

Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.

Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi. Bu qanchadan-qancha insonlar hayotiga nur, qalbiga quvonch olib kiradi.

Zero, hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, “Insonlarning eng yaxshisi – boshqalarga ko‘proq manfaati tegadiganidir” (Imom Doru Qutniy rivoyati). Savobli ishlar, tinchlik va obodlik yo‘lidagi hamjihatligimiz bizni albatta ulug‘ maqsadlarga boshlaydi.

Haqiqatan ham, Qurbon hayiti islom dinidagi eng ulug‘ va muqaddas bayramlardan biri, mo‘minlar yuragida xursandchilik, mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, saxovat tuyg‘ularini yuksak darajada uyg‘otadi.

Prezidentimiz “Odamlar ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”, degan edi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z faoliyatining ilk davrlarida ilgari surgan ushbu g‘oya zamirida ham ushbu bayramga xos xalq farovonligi, aholi o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik kabi bezavol an’analar mujassamdir.

O‘tgan yillarda ushbu g‘oya va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, adolatli jamiyat, xalqparvar davlat barpo etish, inson qadrini yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar qilindi. Xususan, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat maqomi konstitutsion darajada mustahkamlandi.

Keyingi yillarda shu asosda inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, ehtiyojmand yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamini uy-joy bilan ta’minlash, ishsizlikni bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar qilinyapti. Ushbu xayrli amallar muborak Qurbon hayiti mohiyatiga mos holda, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” ezgu g‘oyasini ro‘yobga chiqarish, xalqimizni bugungi yashayotgan kunidan rozi qilish, erkin va farovon jamiyat barpo etishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Sirasini aytganda, Qurbon hayiti –' inson qalbida mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan ulug‘ ayyom. Yangi O‘zbekistonda ushbu muqaddas bayramning mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, xalq farovonligini ta’minlash kabi ezgu amallar bilan yanada boyib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xayr-saxovat ishlari, ijtimoiy himoya choralari, haj ziyoratchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar xalq va davlat o‘rtasidagi mehr va ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu xayrli ishlar “Inson qadri uchun” degan ulug‘ tamoyilning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga ishonch, shukronalik va faxr tuyg‘ularini yuksaltirmoqda.

 

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

 

 

 

 

MUFTIY MINBARI