Hozir paytda ba’zan nolish ohangidagi fikrlar yoki karantin davrini hazil-mazax tarzida qabul qilib, ijtimoiy tarmoqlarda har xil foto, vidioroliklar joylayotgan insonlar ham afsuski oramizda topiladi. Qizig‘i, bunday fikrdagi gap-so‘zlar uyda, farzandlari bag‘rida sog‘-salomat o‘tirgan kishilar tomonidan bildirilmoqda. Axir, Alloh taolo bundan ham ayanchliroq balo-ofatni yuborishga qodir edi-ku! Bunday holatda barchamiz tinch-xotirjam, qornimiz to‘q, ustimiz but ekanligining shukronasi o‘laroq karantin qiodalarining rioyasini qilib, Yaratgandan tezroq bu vaboning yurtimizdan, butun musulmonlar ustidan ko‘tarilishi so‘rab duo qilib turishimiz zimmamizdagi birlamchi vazifa emasmikin!
Alloh taolo bunday ogohlantiradi: «Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yin sundirdi. (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘yin sundirdi.
Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir» (Ibrohim surasi, 30-34 surasi).
Sharh: Aql bilan o‘ylab ko‘rilsa, insonga berilgan ne’matlar cheksiz. Osmon va yer, boringki, koinotdagi har bir narsa bo‘lsin, uning o‘z vazifasi bor. Ular bandalarning maishati, ta’minoti uchun xizmatdadir. Quyosh va oy nurining to qiyomatgacha davomiyligi, qor va yomg‘irlar sababli o‘simliklarning ildiziga quvvat yetishi va ulardan insonlar va boshqa chorva hayvonlarining foylanishlari, albatta, Buyuk zotning rahmatidir. Ayniqsa, kecha va kunduz ketma-ket, muntazamlik bilan almashib turishida ulkan hikmat bor («Fathul Qodir»).
Bandaning vazifasi, chin dildan, ey Alloh bizga ato etgan ne’matlaringning har biriga shukr etamiz, garchi ko‘plarini biz bilmaymiz, faqat O‘zing bilguvchisan. Har bir zamonda barcha shukr etuvchi insonlar ham ne’matlaringning adadini hisoblay olmaydi[1], deyishdir.
Insonlar o‘z zimmasidagi shukr qilish vazifasidan g‘aflatda bo‘lishi, faqat o‘ziga bo‘lgan zulmni oshiradi. Abu Ayyub Qurashiy movlosi Bani Hoshimdan rivoyat qiladi: Hazrat Dovud alayhissalom bunday nido qildi: «Ey Robbim, menga ato etgan ne’matlaringning eng yaqini haqida xabar ber? Shunda Alloh taolo vahiy qildi: Ey Dovud, nafas ol, Dovud alayhissalom nafas oldi. Aytdiki, bu sendagi Men ato etgan ne’matlarning eng yaqinidir[2] (Abu Dunyo va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululoh alayhissalom bir kishidan “tunni qanday o‘tkazding”, deb so‘radi. U ikki marta so‘raganlarida ham: “Yaxshi”, dedi va uchinchi martasida: “Alhamdulillah, O‘ziga ming bor shukur, yaxshi o‘tkazdim” dedi. Shunda Rasululoh (alayhissalom): “Sendan aynan shu javobni kutgan edim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati)[3].
Izoh: Lug‘atda, «minnatdorlik, rozilik» manolarini bildirib, istilohda yaxshilik qiluvchining yaxshiligini mamnuniyat bilan etirof etishiga «shukr» deyiladi. Shukrni qalb bilan e’tirof etib, til bilan yetkaziladi va hayotga amaliy tadbiq etiladi. Ana shundagina u inson madh etilgan haqiqiy shokir bandalardan bo‘ladi. Ulamolar, inson barcha nematlarni Alloh taolodan deb bilib, unga iqror bo‘lishi qalb shukridir. Yaratgandan minnatdor bo‘lib, unga hamdu sanolar aytish til shukridir. Toat ibodatda davomli bo‘lish, solih amallar qilish, gunohlardan saqlanish shukrning amaldagi tadbiqi bo‘ladi, deyishgan.
Shukrning aksi esa noshukurlik, ya’ni nematlarga kufronalik bilan javob qaytarish bo‘ladi. Noshukrlik mezoni hirs, isrof, hurmatsizlik, kibru havo, harom bilan halolni ajratmaslik kabi yot illatlarni qilish bilan belgilanadi.
Shukr – ulug‘ ibodat. Allohning nematlariga shukrona aytib, yetgan musibatu balolarga sabrlilik ila munosabatda bo‘lish, uf tortmaslik haqiqiy mo‘minlik xislatlaridan biridir. Rivoyatlarga ko‘ra, Payg‘ambarlardan biri kichik bir toshdan mo‘l-ko‘l suv oqib chiqayotganini ko‘rib hayratga tushganida, Alloh taolo u toshga til-zabon ato etadi va so‘zlay boshlaydi: “Odamlar va toshlar o‘tin bo‘ladigan kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing” (Baqara surasi, 24-oyat) – oyatni eshitganimdan beri yig‘layman, deydi. Payg‘ambar u toshni do‘zaxdan qutqarishi uchun Alloh taologa yolvordi. Alloh taolo ham uni do‘zaxdan qutqarganining xabarini berdi. Lekin bir muddatdan keyin yana shu yerdan o‘tgan Payg‘ambar o‘sha toshning yana yig‘layotganini ko‘rdi va: “Endi nega yig‘layapsan” deb so‘radi. Shunda toshdan: “Oldin sen ko‘rganing qo‘rquv ko‘z yoshlari edi, endi bunisi, shukr yoshlaridir”, degan ovoz eshitiladi[4].
Ne’matlarga shukr qilish, ularni qadrlay bilish ne’matlar davomiyligiga, ziyoda bo‘lishiga olib keladi. Shayx Sa’diy: “Bir nafasga ikki marta shukr aytish vojibdir”, deya nafas kirsayu qaytib chiqmasa yoki chiqsayu qaytib kirmasa, inson halok bo‘lishini ta’kidlaydi”[5].
Insoniyatga ato etilgan narsalar hisob-kitobsiz, nihoyasizdir. A’zolarimizning har biri o‘z vazifasini bajarish bilan mashg‘ul. Ko‘rish, sezish, ta’m bilish, eshitish, so‘zlash, hattoki tuklarning ham muayyan bir faoliyati bor. Agar ulardan birining faoliyati sustlashsa yoki to‘xtasa, boshqa a’zolarga ham nuqson yetadi. Bu Alloh taoloning inson jismini bir-biriga mutosib suvratda yaratganining belgisidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom jasadni haqiqiy mo‘minlarning xislatiga mengzashi ham bejiz emas. Ya’ni, tanadagi bir a’zoning shikoyati butun vujudni zirqiratgani kabi musulmonlar ham bir-birining holidan xabardor bo‘lib turishi, agar muammo paydo bo‘lsa, boshqasining vijdoni qiynalib, yordamga oshiqishi lozim bo‘ladi. Ayniqsa, bugungi holatimizdagidek, paytda ishsiz, mardikorlik bilan oilasiga kunlik yegulik qilib oila tebratayotgan kambag‘al kishilarning yoki boquvchisi yo‘q yolg‘iz qariyalar, ojizalar bo‘lsin, ularning ro‘zg‘origa yordam ulashishimiz haqiqiy mo‘minligimiz belgisidir.
Takror aytmoqchimiz, yegani taomi, kiygani kiyimi, yotgani boshpanasi bor, xonadoni tinch insonning tili shukr qilishdan tolmasligi lozim. Biroq negadir shukr qilishga qotib qolgan bu tillarimiz, hech bo‘lmaganda jim turishni ham qoyillatolmaydi. Aksincha, o‘zimiz sezmaganimiz holda nolinishga odatlanib qolganmiz. Mo‘minlikka da’voimiz katta, ammo bandalikning birinchi talabi bo‘lgan shukrga kelganda, mudom sustkashmiz. Axir, shukr qilishga buyurilmaganmizmi?! Ota-bobolarimiz shukr va sabrda hammaga o‘rnak bo‘lishmaganmi?! Dunyoni koronavirus balosi o‘rab turgan bir paytda ayrim mamlakatlardagidek, kuniga yuzlab, hatto mingga yaqin fuqarolarning halok bo‘layotgani ham ibrat nazari qarashga undamayaptimi? Axir karantin qoidalari ham sizu bizning salomatligimiz uchun ekanini nahot his etmasak! Oldiniga sababini qilib qo‘yib, so‘ng Alloh taolo tavakkal qilish e’tiqodimiz taqozasi-ku! Niqob taqib yurish, qarindosh-urug‘larnikiga bir muddatga bormay, telefonda aloqa qilib turish bir umrga emas, balki vaqtinchalik ekaniga nega o‘yimiz yetmayapti?..
Duo qilaylik, bu dard-baloni Alloh taolo boshimizdan tezda ko‘tarsin! Bemor bandalariga O‘zi shifoi tom ato etsin!
Abduvohid O‘ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi
[1]Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Shavkoniy. Fathul qodir, 3/150. Bayrut: Dorul vafo.
[2] Muhammad ibn Ali ibn Muhammad Shavkoniy. Fathul qodir, 3/152. Bayrut: Dorul vafo.
[3] Usmonxon Alimov. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari, t: 1, Movarounnahr; Toshkent – 2017 yil.
[4] Abu Homid G‘azzoliy. “Mukoshafatul qulub” asari.
[5] “Guliston” asari muqaddimasi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi