Islom ta’limotida sihat salomatlikning ulug‘ ne’mat ekanligi va uning qadriga yetish lozimligi alohida ta’kidlangan. Yer yuzidagi jamiki mavjudot uchun sihat salomatlikning o‘rni muhim. Jumladan, insonlar saodatli hayot kechirish va ko‘zlagan maqsadlarini amalga oshirmoqligi uchun bu ne’matning ahamiyati katta. Aks holda hayot mazmuni yo‘qoladi va dunyoning hech qanday lazzati va jozibasi tatimaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar g‘animat bilishlari lozim bo‘lgan ne’matlar sirasida sihat salomatlikni zikr qilib o‘tganlar. Imom Bayhaqiy va Imom Hokim qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qildilar:
إِغْتَنِمْ خمَسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ (رواه البيهقي والحاكم)
“Besh narsani besh narsadan avval g‘animat bil: keksaligingdan avval yoshligingni, betobligingdan avval salomatligingni, faqirligingdan avval boyligingni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishingdan avval bo‘sh vaqtingni va o‘liming kelmasidan avval hayotlik vaqtingni”.[1]
Salomatlik ulkan ne’mat bo‘lgani bois butun dunyoda odamlar sog‘liklarini muhofaza qilish yo‘lida katta sa’y-harakatlar qilib, ko‘p mablag‘lar sarflashadi. Ba’zi insonlar esa, kasal bo‘lmasdan turib uni oldini olish choralarini ko‘rishadi. Bu esa kasal bo‘lib ko‘p mablag‘ sarf qilgandan ko‘ra samarali va yaxshiroqdir.
Ma’lumki islom dini, avval boshidan toki oxirigacha insoniyatga faqat va faqat yaxshilik keltiradi. Chunki bizni yo‘qdan bor qilgan Zot, insonga nima foydaligu, nimalar zararli ekani haqida bizlarni ogoh etgan! Shuning uchun ham islom dini, barcha zamon va makonlarga salohiyatli bo‘lgan ilohiy ta’limotdir. Alloh taolo shunday deydi:
أَلَا يَعْلَمُ مَنْ خَلَقَ وَهُوَ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ(14)
“Yaratgan zot bilmasmidi? U sirlarni biluvchi va baridan xabardordir!”[2]
Alloh taolo, insonga imtihon maydoni qilgan bu dunyoda boshqa sinovlar qatori turli xastaliklarni ham yaratgan. Bandalariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, ularni rizqlantirgan Zot, ular kasal bo‘lganlarida shifo berguvchi ham Uning O‘zidir. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
الَّذِي خَلَقَنِي فَهُوَ يَهْدِينِ (78)وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ (79)
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ(80)
“U meni yaratgan, meni hidoyat qiladigan ham O‘zidir. Myeni yedirib-ichiradigan ham O‘zidir. Bemorligimda shifo beradigan ham O‘zidir”.[3]
Oyati karimada yaratish sifatini Alloh taologa nisbat berilmoqda. Darhaqiqat, koinotdagi barcha maxluqotlarni Alloh taolo yaratgan. Kecha va kunduz, yil fasllarining almashinishi, a’zolarimizning bir biriga mutanosibligi, bularning barcha-barchasi, yolg‘iz yaratuvchi tomonidan ekaniga dalolat qiladi.
79-oyatda esa, rizqni Alloh taologa nisbat berilmoqda. Ma’lumki, osmon bilan yer orasida, dengiz bilan yer ostida qancha qancha milliardlab jonzotlar bor. Kecha oqshom mana shu milliardlab jonzotlarning barchasi: “Ertaga nima yeymiz?” demasdan xotirjam uyquga ketganlar. Mana bugun yangi tong otdi! Ular xuddi kechagidek kunlarini davom ettirishmoqda. Ularning insonlarga o‘xshab yegulik mahsulotlarni g‘amlab qo‘yadigan muzlatgichlari ham, sandiqda pullari ham yoki ovqat sotib oladigan do‘konlari ham yo‘q. Shunday bo‘lsada, ular xotirjam uyquga ketishmoqda, aks holda ular uxlamas edilar. Ammo ularda asosiy narsa bor, u ham bo‘lsa Alloh taoloning rizqiga qanoat va xotirjamlikdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, barchamiz biladigan va imon keltirgan “rizq ham, yaxshilik ham, yomonlik ham, Allohdan”, degan aqidamizga qay darajada mustahkam yoki zaif ekanimiz shu kecha-yu, kunduzda bilinib qoldi. Dunyoning barcha davlatlarida tarqagan SOVID-19 Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan diyorimizda karantin holati e’lon qilinishi barobarida, ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlarini biroz yo‘qotib qo‘ydilar. Hukumat tomonidan qanchalar ogohlantirilmasin, o‘zaro yordam, hamjihatlikka chaqirilmasin, vatandoshlarimizdan ba’zilari oziq-ovqat va yo‘l kira narxlarini oshirishga harakat qilishdi. Ziyoda oziq-ovqat zaxiralari uylarimizni to‘ldirdi, talaba farzandlarimiz uyiga qaytish uchun ko‘chada bir muddat sarg‘ayib turishdi. Garchi bu “ba’zi”lar juda kamchilikni tashkil qilsada, asrlar davomida Islom olamiga buyuk zotlarni yetishtirib bergan shu xalq uchun, bu oriyat masalasidir.
Mazkur maqolada buni eslamasdan o‘tib ketish mumkin edi. Lekin “tanqid – kelajak mevasi”, degan tamoyildan kelib chiqib, buni esladik. Shoyat, bu kabi “boshga ish tushganda, undan foydalanib qolish” illatiga, qalbimizda tamomila o‘rin qolmasin!
Alhamdulillah! Bularga barham berildi. Hukumatimiz va oliyjanob-himmatli yurtdoshlarimiz, qo‘llaridan kelgunicha o‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zdilar. Talabalar ham uylariga sog‘-salomat yetkazildi, oziq-ovqat vasvasasiga ham barham berildi.
Vatanimiz mo‘min-musulmonlari tomonidan Qur’on karim xatmi, Sahih Buxoriy xatmi, istig‘for, salavot, qurbonlik kabi xayrli ishlar hanuzgacha davom etmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashabbus bilan chiqilgani juma kunida barcha viloyat, tuman va ziyoratgohlarda qurbonliklar qilinib, o‘qilgan xatmi Qur’on, xatmi Sahih Buxoriy va salavotlar, o‘tganlarimiz haqqiga bag‘ishlanib, butun dunyoga sinov o‘laroq kelgan bu kasallikni daf etishini so‘rab Alloh taologa duolar qilindi. Aynan o‘sha duolar qilingan juma kunida, osmondan Alloh taoloning mayin rahmat yomg‘irlari yog‘di. Bunda barchamiz uchun duolarimizni qabul bo‘lganligi xushxabari bordir insha Alloh.
Zero, boshga biror musibat tushganda, xayrli amallar qilinib, ularning barokatidan o‘sha musibatni arishligi umid qilinishi, dinimiz ta’limotlarida kelgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham mushkilotlar bo‘lganida, Allohga ibodatlar qilib duo qilar va sahobalarga ham shuni tavsiya qilardilar. Biz ham ojiz holimizda, bu qilingan ojizona duolarimizni Buyuk Parvardigorimiz qabul qilishidan juda ham qattiq umidvormiz va bu haqda go‘zal gumondamiz! Chunki, yaxshi gumonda bo‘lish, mo‘minga xos. Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirgan sahih hadisi qudsiyda bu haqda shunday deyiladi:
أنا عند ظن عبدي بي .
“Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman”. [4]
SOVID-19 Koronavirus pandemiyasi bugun jismoniy va iqtisodiy jihatdan butun dunyo xalqlarini tashvishga solib turgan eng katta muammo desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin, musulmon kishi yaxshi biladiki, bu ham Alloh taoloning bandalarga bir sinovidir. E’tibor qilinsa, bu barcha insonlarni qanchalik taraqqiyotga erishmasin, o‘zlarini qanchalik kuchli deb bilmasin, Alloh taoloning zarradan ham kichik bir virus o‘laroq yaratgan bir maxluqi oldida qanchalar zaif ekanini isbotlab qo‘ydi. Bu narsa esa, Alloh taolo bizga bergani, qancha-qancha ulkan ne’matlarga noshukr ekanimizni va ularning qadriga yetishimiz lozimlini anglatdi.
Bu sinov, biz insonlar, o‘zganing haqqini poraxo‘rlik bilan bo‘lsin yoki tarozudan urish yoxud zo‘ravonlik bilan bo‘lsin bir birimizga zulm qilayotganimiz, bizga ko‘plab pokiza yemaklarni halol qilib berilgan bo‘lsada, Yaratgan qo‘ygan chegarani buzib, harom-harish narsalarni istemol qilayotganimiz, pokiza hayot tarzini muhayyo qilib qo‘ygan bo‘lsada, fisq-fujur amallarga o‘tganimiz va qolaversa hayot atalmish bosib o‘tgan yo‘limizni to‘g‘ri davom ettirishimiz uchun ortga bir nazar solib, qilgan ishlarimiz oqibati haqida tafakkur qilishga majbur qildi.
Ma’lumotlarga qaraganda SOVID-19 Koronavirus pandemiyasi sababli ko‘chalardagi tartibsizliklar, mast qiluvchi ichimliklarni iste’moli, yomon-fahsh ishlar kamaygani va tozalik darajasi ortib, ota-onalar ko‘proq oila-a’zolar bilan birga bo‘layotgani, farzandlarning holidan yaqindan boxabar bo‘lishi aytib o‘tilmoqda. Albatta, biz bu sinovlar ortidan yaxshiliklar kelishiga umid qilamiz. Zero, Alloh taolo O‘zining kitobida shunday degan:
وَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّوا شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَكُمْ
وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ (216)
“Yoqtirmagan narsangizda sizlarga yaxshilik bo‘lishi mumkin, yoqtirgan narsangizda esa sizlarga yomonlik bo‘lishi mumkin. Alloh bilganini sizlar bilmaysizlar”.[5]
Alloh taolo bizlarga ota-onamizdanda mehribon va rahmlidir. Shunday ekan, bilishimiz lozimki, insoniyatning baxt-saodati Uning buyruqlariga muvofiq yashashda va uning baxtsizligi Uning qaytariqlaridan qaytmaslikdadir. Tarixga nazar solinsa, qancha-qancha ofat, balo, kasallik va ko‘ngilsizliklar Alloh taoloning amriga qarshi chiqish natijasida ro‘y berganiga guvoh bo‘lamiz. Shunday ekan, har bir kunimiz va har bir amalimizda, Unga muvofiq hayot kechirishimiz, ortimizdan faqat va faqat yaxshi iz qoldirishimiz lozim bo‘ladi.
Barchamizga ma’lumki, SOVID-19 Koronavirus pandemiyasi bu bir davlat yoki bir elat vakillariga emas, balki butun insoniyat boshiga musibat bo‘lib keldi. Butun dunyo aholisi undan qutulish choralarini ko‘rmoqda. Biz oddiy aholidan esa, bor yo‘g‘i uyimizda, oilamiz bilan birgalikda chiqmasdan o‘tirish talab qilinmoqda xolos.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek kishi, vabo tarqalgan vaqtda shariatimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, Allohning taqdiridan rozi bo‘lgan holda savob umidida uyida o‘tirsa, garchi o‘sha vabo sababli vafot qilmasada shahidning ajr-savobiga ega bo‘ladi. Imom Ahmad keltirgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
لَيسَ مِنْ رَجُلٍ يَقَعُ الطَّاعُونُ، فَيَمْكُث فِي بَيتِهِ صَابِرًا مُحْتَسِبًا يَعْلَمُ أَنَّهُ لَا يُصِيبُه إلَّا مَا كَتَبَ اللهُ لَهُ؛ إلِّا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ الشَّهِيدِ (أخرجه أحمد)
“Vabo kelgan vaqtda, Alloh unga yozganidan boshqasi bo‘lmasligini bilgan holda savob umidida uyida o‘tirgan kimsaga shahidning ajri bo‘ladi”.[6]
Aksincha shariat va jamiyat qoidalarini mensimasdan o‘zi va o‘zgalarni xatarga solish, o‘zini halokatga tashlash bilan barobardir. Imom Termiziy keltirgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:
لَا يَنْبَغِي لِلْمُؤْمِنِ أَنْ يُذِلَّ نَفْسَهُ، قَالُوا: وَكَيْفَ يُذِلُّ نَفْسَهُ؟ قَالَ: يَتَعَرَّضُ مِنَ الْبَلاَءِ لِمَا لاَ يُطِيقُ. (أخرجه الترمذي).
“Mo‘min kishi o‘zini xorlashi durust emas”, dedilar. “O‘zini qanday xorlaydi?”, deyishdi. “Toqati yetmaydigan baloga o‘zini ro‘baro‘ qiladi”, dedilar.[7]
Haqiqatdan ham kasalni davolatgandan ko‘ra, kasallikni keltirib chiqaradigan narsalardan uzoq bo‘lish yengil va yaxshiroqdir. Xalqimizda: “Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshiroq” degan hikmat bor. Bu kasallikni oldini olishning eng samarali yo‘li – uyda qolishdir. Chunki, hozirda bu kasallikka qarshi barcha birdek kurashmasa, Alloh asrasin buni oqibati juda yomon bo‘lishi mumkin. Vabo, chegara bilmas kasallik ekani tarix kitoblarida ham saqlanib qolgan.
Ibn Javziy rahimahulloh “Mir’ot”da to‘rt yuz qirq to‘qqizinchi yildagi hodisalarni yoritar ekan, shunday deydi: “Jumodul oxir oyining oxirlarida menga Buxorodan maktub keldi. Unda shunday deyilgandi: “Biz taraflarda misli ko‘rilmagan dahshatli o‘lat tarqaldi. Bir kunning o‘zida shaharni 80 ming nafar odam tashlab chiqib ketdi. Samarqandda kasallik shu darajada avj olib keng tarqadiki, har kuni olti mingdan ziyod odamning yostig‘i qurib bordi. Tiriklarning asosiy qiladigan ishi kechasi ham kunduzi ham faqat o‘lik yuvish, kafanlash va dafn etish bo‘lib qoldi”.
“..Shahar aholisi o‘ta nochor ahvolga tushib qoldi. Odamlar o‘lat oldida mutlaq ojiz edilar. Na biror tabib va na biror ruqyachi bu dardni davolay olmadi. Faqat va faqat Allohdan najot kutishdan boshqa chora qolmadi. O‘latdan qutulish uchun mutasaddilar tarafdan ko‘chaga chiqish qat’iy taqiqlandi. Ikki mingdan ortiq hovlining darvozalari ichida odamlari bilan tashqaridan dambalab tashlandi. Azim shahar ko‘chalari xuddi arvoh shahridek huvillab qoldi. Xalq o‘latdan xalos bo‘lish uchun yoppasiga Allohga yolvorib tavba qila boshladi”
“…O‘lat dastlab Turkistondan boshlandi. Keyin Qashg‘arga, undan Farg‘onaga undan esa Samarqandga o‘tdi. Balxga esa bir necha nafar odam Buxorodan safar qilib Balxliklar orasida tarqalishiga sabab bo‘ldi. Vabodan o‘lganlarning umumiy soni hisoblab chiqilganda ularning adadi bir million olti yuz ellik ming nafardan oshib ketdi”. (Iqtibos tugadi).
Bu mo‘jazgina maqola, SOVID-19 Koronavirus pandemiyasi haqida aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarimizni barchasini qamrab olmasada, hech bo‘lmasa o‘z uyimizda savob umidida o‘tirishimizga va o‘zgalarga zarar yetkazmasligimizga sabab bo‘lsa ajab emas. Zero maqsadimiz ham, o‘zligimizni anglash va kasallikka qarshi birga kurashishdir. Maqola oxirida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak hadisi shariflarini xulosa o‘rnida keltirmoqchiman:
وَعَن أبي سعيد الْخُدْرِيّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَن النَّبِي صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ قَالَ لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ، مَنْ ضَارَّ ضَارَّهُ اللَّهُ، وَمَنْ شَاقَّ شَاقَّ اللَّهُ عَلَيْهِ (أخرجه الحاكم)
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu, Nabi sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib dedilar: “(Islomda) Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q. Kimki zarar bersa, Alloh unga ham zarar beradi. Kimki mashaqqatga solsa, Alloh ham uni mashaqqatga soladi”.[8]
Alloh taolo bizlarni O‘zining hidoyatidan adashtirmasin va boshimizga tushib turgan bu kasallikni ko‘tarsin hamda O‘zi muqaddas kitobida aytganidek mashaqqatdan keyin keladigan yengillik-yaxshiligi bilan barchalarimizni siylasin! Va oxiru da’vana anilhamdulillahi robbil alamiyn!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaratganning borligini inkor qiladiganlar asosiy sabab qilib ko‘rmaganliklarini ko‘rsatadilar. Ular bu gapni aytishdan avval ushbu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar: “O‘zingizda ham (mo‘jizalar bor), ko‘rmaysizlarmi”.
Jismimiz ruhimiz tufayligina harakat qiladi. Agar ruh chiqib ketsa harakatdan to‘xtaymiz. Ruh degan so‘zni ko‘pchilik eshitgan. Lekin uni kim ko‘rgan? Uning qayerda bo‘lishini kim biladi? U yurakda bo‘ladimi yoki miyamizdami?
Olimlarning birortasi bunga aniq javob bera olmaydilar. Ruhning vazni bor deya jar solgan olim ham buni bilmaydi. Ruhning vazni bo‘lmaydi. Vazni bor degan olimni jasaddan chiqib ketgan havo yoki yurak urishi tufayli yuzaga keladigan bosim chalg‘itgan bo‘lishi mumkin.
Demak, ruhni hech kim ko‘rmagan. Uning qayerda joylashishi, jismni qanday harkatga keltirishini birota olim bilmaydi. Insonning bir qo‘li falokat tufayli uzilib tushsa, uni harakatga keltirgan ruh qayerga ketadi? Buni ham hech kim bilmaydi. Lekin dunyo olimlari ruhning borligini inkor etmaganlar.
Ruhning borligiga ko‘pchilik ishonadi. Tanamiz harakatga kelishi, tirikligimiz belgisi ham aynan ruh bilan bog‘liqdir. Bu narsa ham Alloh taoloning mo‘jizalaridan biridir. O‘zimizdagi mo‘jizalarni inkor etmagan holda koinotdagi ilohiy mo‘jizalarni qanday inkor eta olamiz?! Bu aqli bor kishining ishi emas-ku, axir.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan