Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2026   |   13 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:08
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:50
Xufton
21:18
Bismillah
27 Iyul, 2026, 13 Safar, 1448

Qo‘l yuvishning fazilatlari

28.03.2020   6426   3 min.
Qo‘l yuvishning fazilatlari

Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga O‘zining ilohiy amrlarini nozil qilib, poklanishda mo‘min-musulmonlarga yuz, qo‘l-oyoqlarni yuvish va boshga mas'h tortishni buyurdi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo‘llaringizni tirsakkacha yuvingiz, boshlaringizga mas'h tortingiz va oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuvingiz)! Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)! Agar bemor yoki safarda bo‘lsangiz yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo‘lsangiz-u, (lekin) suv topmangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo‘llaringizga surting! Alloh sizlarga biror  qiyinchilik(paydo) qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha,  sizlarni poklash va ne’mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangiz” (Moida surasi, 6-oyat).

Bu oyatning tafsirida “Tafsiri irfon” kitobida bunday deyiladi: “Alloh taolo ibodat qilishga shaylangan bandalariga poklanish, ya’ni tahorat, g‘usl yoki tayammum qilishni buyurayapti.Tahoratda yuz, qo‘llarni chig‘anoqlari bilan yuviladi, boshning to‘rtdan bir qismiga mas'h tortiladi, oyoqlar to‘piqlari bilan yuviladi[1]”.

Tibbiyot mutaxassislarining tavsiyalariga ko‘ra qo‘llarni sovunlab tozalab yuvish qo‘llarimizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan virus va bakteriyalarni yo‘qotadi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz uyqusidan uyg‘onsa, qo‘lini uch marta yuvmasdan turib, uni idishga solmasin, chunki birortangiz ham qo‘lini qayerda tunaganini bilmaydi yoki qo‘li qayerda aylanganini bilmaydi”, dedilar.

O‘zbekiston Musulmonlar Idorasi ulamolar kengashining karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaatida: “Demak, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidlari, ayniqsa, virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga jiddiy e’tibor qaratish lozim” deyiladi.

Qo‘llarni yuvganda qo‘l kafti va barmoqlari orasiga suv yetkazib yuvish ham diqqatga sazavordir. Qo‘llarni yuvganda qo‘l barmoqlarini ortidan bir-biriga kiritish bilan barmoqlar orasiga suv yetkaziladi. Shoshilib qo‘llarni yuvganda qo‘l barmoqlari orasi yuvilmay qolishi va u yerlarda virus va bakteriyalar saqlanib qolishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘llarni yuvganda barmoqlar orasiga suv yetkazib yuvishni targ‘ib qilganlar: “Yuvinganingizda qo‘l va oyoq barmoqlaringizni oralariga yaxshilab suv yuriting. Chunki u ozodalik belgisidir. Ozodalik iymonga chaqiradi, iymon esa o‘z egasini jannatga chorlaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomdan oldin ham, keyin ham qo‘lni tozalab yuvishga targ‘ib qilganlar: “Taomning barakasi taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvishdir” (Imom Termiziy rivoyati).

Qo‘llarni yuvishni boshlaganda “Bismilloh”ni aytish, o‘ng qo‘lni yuvganda “Allohumma a’tiniy kitabiy biyamiyniy va hasibniy hisabiy yasiyro” deyish, chap qo‘lini yuvganda esa “Allohumma laa tu’tiniy kitabiy bishimaliy va laa varoi zohriy” deb duo qilish fazilatli amallardan hisoblanadi.

Mutaxassislar tavsiyalari asosida qo‘llarimizni tozalab yuvib yurish sog‘lig‘imiz garovidir. Har doim qo‘llarimizni toza tutsak, o‘zimizning ham, o‘zgalarning ham sog‘lig‘ini himoya qilgan bo‘lamiz.

Ruhiddin AKBAROV

 

 

 

[1] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy.  “Tafsiri irfon”. “Sharq” NMAK, 2019. 1-jild. 528-bet.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

27.07.2026   5191   1 min.
Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–275-son, 24.07.2026 y.) qabul qilindi, xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.

Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.

2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.

Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari