Hurmatli yurtdoshlar! O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan hozirgi kunda yurtimizda bo‘lib turgan koronavirus epidemiyasidan saqlanish maqsadida fatvo chiqarildi. Ushbu Fatvoda juma va besh vaqt farz namozlarini masjidlarda jamoat tarzida o‘qishdan vaqtinchalik to‘xtatilgani bayon qilingan.
Ta’kidlash joizki, mazkur fatvoni qabul qilish ulamolar kengashi uchun ham o‘ziga yarasha mas’uliyat yuklaydi. Bunday holatlar afsuski, hammamizni ham chuqur tashvishga soladi. Biroq shuni unutmaslik lozimki, dinimizda hech kim o‘z aqli bilan, havoi nafsi bilan ish tutishiga ruxsat yo‘q. Aksincha, diniy masalalarda har bir hukm va fatvolar aynan shari’atimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, Qur’oni karim va hadislarga suyangan holda qabul qilinadi. Ulamolar kengashi ham mazkur fatvolarni qabul qilishda dinimizning bir qator ko‘rsatmalariga suyanganlar. Jumladan: Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Azonni eshitib, unga bormaganlar uchun namoz yo‘qdir. Uzrli holatlar bundan mustasno” dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning rasuli uzr nima?” – deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz alayhisalom: “Xavf yoki kasallikdir”, – dedilar. (Abu Dovud rivoyati.)
Mazkur hadisdan kelib chiqib Ibn Qudoma rahimahulloh o‘zlarining “Al-Mug‘niy” kitoblarida: “Juma va jamoatni tark qilishga qo‘rquv, xavf-xatar sabab bo‘ladi. Xavf uch turli bo‘ladi. Insonning joniga bo‘ladigan xavf, molu mulkiga nisbatan bo‘ladigan xavf va oilasiga nisbatan bo‘lgan xavf”, – deganlar.
Ikki sahihda kelishicha Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda, U zot yomg‘irli kunda muazzinlariga qarata: “Hayya alassolah” ya’ni, “Namozga kelinglar”ning o‘rniga “Sollu fi buyutikum” ya’ni, “Namozni uyingizda o‘qing”, deb ayting dedilar. Shunda bu gap odamlarga yoqmagandek tuyulganini sezdilar va “Bu ishni mendan yaxshiroq bo‘lgan Zot qilganlar (Payg‘ambarimizni nazarda tutdilar). Juma namozi qat’iy vojib amaldir. Men sizlarni sirpanchiq va loyda yurib qiynalib qolishingizni istamadim” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ibn Abbos raziyallohu anhumoning mazkur hadislaridan kelib chiqib, Ulamolar vabo va shunga o‘xshash insonning hayotiga xavf soladigan zararli holatlarda jamoat namozini vaqtincha to‘xtatib turish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlaganlar. Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz u yerga bormanglar va sizlar yashab turgan joyda vabo tarqalgan bo‘lsa u yerdan chiqmanglar”.
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘lishicha kasallikning tarqalishini oldini olish va undan uzoq bo‘lish qalbning taskin topishiga sabab bo‘ladi.
Xulosa shuki, kasallikka qarshi turish, undan himoyalanish, ehtiyot choralarini ko‘rish shar’an talab qilingan ishlardandir. Aksincha, sabablarni tark qilib, o‘zini halokatga qo‘yish, noo‘rin tavakkalchilik qilish shar’an taqiqlangan ishlardandir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda “O‘zlaringizni halokatga duchor qilmanglar!” – deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 195-oyat).
Shari’atimiz ko‘rsatmalaridan kelib chiqib dunyoning bir qator davlatlari, jumladan Turkiya, Malayziya, Qatar, Ummon, Marokash, Iroq, Falastin, Singapur, Kuvayt, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlarida ham juma va jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan. Mana shularni inobatga olgan holda bizlar ham O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan fatvolarni amalga oshirishda turli ixtiloflarga berilmasdan, sabr va matonat bilan o‘zaro hamjihatlikda hamkorlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir. Bunday hollarda musulmon kishi har xil asossiz fitna va ig‘volarga berilmasdan, joylarda turli tartibsizliklar chiqarmasdan, namozlarimizni o‘zimiz uchun qulay bo‘lgan manzillarda ado etib borishimiz har jihatdan o‘rinlidir. Buyuk va Hakim Zot Alloh taolodan ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishimizda yordam va rahmat so‘raymiz. Allohim barchalarimizni ushbu kasallikdan o‘z panohida asrasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati