Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

Turli bayramlar va ularni nishonlash

10.03.2020   8025   8 min.
Turli bayramlar va ularni nishonlash

Ayni paytda dunyoda yuzlab bayramlar va nishonlanadigan kunlar mavjud. Har bir mamlakatning bayram va tantanalari mana shu xalqning dini, madaniyati va tarix mobaynida erishgan yutuqlarini o‘zida aks ettiradi. Bugungi kunda yurtimizdagi bayramlar xilma-xil bo‘lib, ular davlat, diniy, kasbiy va xalqaro kabi turlarga bo‘linadi. Mazkur bayramlar hukumat tomonidan dam olish kuni sifatida e’lon qilingan.

Dinimizda bayramlarni belgilash, ularni nishonlash tartib qoidalari qanday? Bu borada Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanday ko‘rsatmalar kelgan?

  1. Islomda ilohiy-diniy bayramlar Alloh taolo va uning Rasuli tomonidan belgilanadi, uni boshqa insonlar belgilay olmaydi. U kunlarda maxsus ibodatlar (hayit namozi, qurbonlik) qilinadi. Bunday bayramlar Islomda ikkita bo‘lib ular – Iydul Fitr (Ramazon hayiti) va Iydul Azho (Qurbon hayiti)dir. Ramazon hayiti Ramazon oyi ro‘zasini tutish tugagani munosabati bilan o‘tkaziladi. Qurbon hayiti Hajning asosiy arkonlari tugashi munosabati bilan, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi va unga shundan keyingi “tashriq kunlari” nomini olgan uch kun ham qo‘shiladi. Bu bayramlar haqida Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ularning o‘yin-kulgi qiladigan ikki kunlari bor edi. “Bu ikki kun qanday kun?” – deb so‘radilar. “Johiliyatda o‘yin-kulgu qiladigan kunimiz edi”, – deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshi Azho va Fitr kunlarini berdi”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Islom dini bayramlarida o‘ynab-kulib, xursandchilik qilgan, ota-onasi, ahli ayoli, qarindosh va tanish-bilishlariga kengchilik yaratganlar, qurbonlik qilganlar savob oladilar va ibodat qilganning ajriga erishadilar. Hatto yeb-ichish xursandchilik alomati bo‘lganidan yuqorida zikr qilingan ikki hayit va tashriq kunlarida ro‘za tutish makruhdir. Diniy bayramlar Islomning shiorlaridan bo‘lib hisoblanadi.

  1. Musulmonlar boshqa dinlarning bayramlari (masalan, rojdestvo, pasxa va shunga o‘xshaganlar)ni nishonlashi mumkin emas. Chunki bu mansux bo‘lgan dinlarni qo‘llab quvvatlash va Islomdan ustun qo‘yish, o‘zini ularga o‘xshatish bo‘lib qoladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam ahli kitoblar haqida shunday deganlar:

لَا تَسْأَلُوا أَهْلَ الْكِتَابِ عَنْ شَيْءٍ فَإِنَّهُمْ لَنْ يَهْدُوكُمْ وَقَدْ ضَلُّوا فَإِنَّكُمْ إِمَّا أَنْ تُصَدِّقُوا بِبَاطِلٍ أَوْ تُكَذِّبُوا بِحَقٍّ فَإِنَّهُ لَوْ كَانَ مُوسَى حَيًّا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ مَا حَلَّ لَهُ إِلَّا أَنْ يَتَّبِعَنِي (رواه الامام احمد عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ)

ya’ni: “Ahli kitoblardan (diningiz mavzusida) biror narsa so‘ramanglar. Ular sizni hech ham to‘g‘ri yo‘lga boshlay olmaydilar, haqiqatda ular yo‘ldan adashdilar. Sizlar (agar ulardan din haqida biror narsa so‘rab, javob olsangiz) yo botilni tasdiqlaysiz yo rostni yolg‘onga chiqarasizlar. Albatta, agar Muso sizni orangizda tirik bo‘lganida ham, unga faqat menga ergashishgina durust bo‘lardi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

  1. Dinga aloqasi bo‘lmagan bayramlardan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ri bo‘lsa, turli ma’siyatlar aralashuvi sababli shariat ko‘rsatmalaridan tashqariga chiqilmasa, Islom bunday dunyoviy bayramlarni man qilmaydi.

Shar’iy manbalarda kelmagan bayramlar borasida insonlar ikki xil yo‘l tutishadi. Bir toifa insonlar bu – bid’at, mumkin emas, desalar, ikkinchi tomon buni mumkin emasligiga biror qaytariq yo‘q, deyishadi.

Barchaga ma’lumki, Islomda ikki hayitdan boshqa juda ko‘plab bayram qilib nishonlasa bo‘ladigan voqea va hodisalar bor. Misol uchun bola tug‘ilganda aqiqa qilib xursandchilik qilish, nikoh to‘ylarida xursandchilik qilish, uzoq safardan yaqinlari kelganda hursandchilik qilish, Ramazon oyi kirishi bilan insonlar bir-birlarini qutlab, xursandchilik qilishlari va juma kunida xursandchilik qilish kabi bir nechta voqea va hodisalar bor.

Dinga aloqasi bo‘lmagan sanalarni nishonlashga 8 martni misol keltirish mumkin.

         Ba’zi kishilarning 8 martni “Xalqaro xotin-qizlar bayrami” sifatida nishonlanishiga e’tirozlari bor. Vaholanki, 8 mart kunini nishonlash ham, 1 sentyabr yoki 1 oktyabr sanasini bayram qilishdan farqi yo‘q. Ularning e’tirozlarini diqqat bilan o‘rgansak, uchta asosiy nuqtani topamiz.

1 – e’tiroz. “Shariy manbalarda kelmagan diniy va dunyoviy bayramlarni nishonlab bo‘lmaydi. Bu bayramlar bid’at (yangi paydo bo‘lgan ish) bo‘lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar zamonlarida nishonlanmagan”, – deydilar.

Javob: Har bir yangi paydo bo‘lgan bid’at  ham yomon bid’at emas. Umar raziyallohu anhu insonlar masjidda bir imomning ortida Taroveh namozini o‘qiyotganlarini ko‘rganlarida: “Bu qanday ham yaxshi bid’at”, – deganlar va bu gaplarini biror kishi inkor qilmagan. Bu bayramlarni nishonlashda insonlarning qalbida bir-birlariga mehr-oqibatni paydo qilish bor. Ayollar, xususan onalarga ehtirom ko‘rsatish shariatimizning asl qoidalaridan va talab qilingan amallardir. Bu ehtiromni shari’atga zid keladigan joyi yo‘q. Onalar, ahli ayol va farzandlarga beriladigan sovg‘alar, yaxshi so‘z va duolar ularni xursand qilsa, bu savobli ish hisoblanadi. Lekin bu bayramlarga diniy tus bermaslik kerak. Masalan, maxsus namoz, ro‘za kabi ibodatlarni joriy qilib olmaslik shart bo‘ladi.

2 – e’tiroz. Bu bayramni tashkil topishiga behayo, imonsiz ayollar sababchi bo‘lgan. Bizga g‘arbdan kirib kelgan, nishonlash ularga o‘zini o‘xshatish bo‘ladi.

Javob: Haqiqatan ham bu sanani tashkil bo‘lishiga 20 asrning boshida Yevropa davlatlari zavodlarida ishlagan ayollar sababchi bo‘lishgan. Lekin ularning, behayo (fohisha) ekani isbotlanmagan gap. To‘g‘risi, ular o‘sha zamonning odatiy ishchi ayollari bo‘lishgan va ularga ham erkaklar singari haq to‘lanishini, erkaklar bilan tenghuquqli bo‘lishlarini talab qilib chiqishgan. Bu sanani nishonlash 20 asrning 20 yillaridan keng tarqala boshladi va keyinchalik xalqaro miqyosda nishonlanadigan bo‘ldi. Dunyo ishlarida dinimizning g‘oyalariga mos keladigan narsalarni qabul qilishimiz, o‘zini dinsizlarga o‘xshatish bo‘lmaydi. Hozir son sanoqsiz vosita, uslub va boshqa narsalar borki ularni G‘arbdan o‘zlashtirganmiz. Bunga hatto yuqorida e’tiroz bildirganlar ham roziku! Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinaga kelganlarida yahudiylar Ashuro kuni ro‘za tutishardi. Ularga nega ro‘za tutasizlar, deyilganda: “Bu kunda Alloh Musoni qutqargan”, – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Musoga (ulardan ko‘ra) men haqliroqman va bu kunning ro‘zasiga ham men haqliroqman!” – dedilar va Ashuro ro‘zasini tutdilar.

Demak, har bir ulardan olingan narsa, ularga o‘zini o‘xshatish bo‘lmaydi. Buning ustiga biz ko‘r-ko‘rona G‘arb yoki boshqa rivojlangan davlatlarning duch kelgan bayramini olish tarafdori emasmiz. Bunga davlatimiz hukumati ham rozi emas. Kun.uz tomnidan nashr qilingan “O‘zbekistondagi rasmiy bayramlar ro‘yxatida Hellouin yo‘q” nomli maqolada ayni mavzu ko‘tarilgan. Ya’ni, na dinimiz, na urf odatlarimizga, na qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan “Hellouin” bayramini yurtimizda nishonlash hukumatimiz tomonidan rad etilgan (https://kun.uz/79728782).

         3 – e’tiroz. Bu kuni tarixda yurtimizda ayollar paranjilarini yechishgan kun. O‘sha kunni nishonlash dinga qarshi chiqish bo‘ladi.

Javob: Bu e’tirozlarning ichida eng kuchsizidir. Chunki, masalan hayit kunlari bir toifa odamlar dinimizga zid ishlarni qilishsa, bu bilan endi hayitni nishonlamaymiz, bu kunda odamlar gunoh ishlarga qo‘l urdi, deyilmaydiku!

Shuni ta’kidlashimiz kerakki, yuqoridagi so‘zlar 8 mart sanasini nishonlash bahonasida nomahramlar o‘rtasidagi shar’iy chegaralarni buzishga va turli dinimiz man qilgan ishlarni qilishga ruxsat degani emas.  

Eng muhimi dinimiz bizdan 8 mart kuni onalarimiz, ahli ayolimiz, opa-singillar va farzandlarga ko‘rsatayotgan mehribonlik, yaxshilikni har kuni qilishni talab qilgan va buni ibodat darajasiga ko‘targan. Yaxshiliklarimiz faqat bir kunga cheklanib qolmasin.        

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston muzeylari Islom sivilizatsiyasi markaziga bir yarim mingdan ortiq eksponatlarni taqdim etdi

13.05.2025   6807   1 min.
O‘zbekiston muzeylari Islom sivilizatsiyasi markaziga bir yarim mingdan ortiq eksponatlarni taqdim etdi

 

Ularning 80 foizi asl eksponatlardir!

Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan Ilmiy kengashning uchrashuvida to‘xtalib o‘tildi.  Markaz katta ilmiy xodimi Alisher Egamov ilmiy ekspeditsiya yakunlari haqida gapirib berdi.

Islom sivilizatsiya markazi Axborot xizmati

VIDEO