Ma’lumki, kuni kecha 5 mart kuni uzoq yillardan beri kuzatilmagan holat – Masjidul Haromning Ka’ba atrofidagi asosiy tavof qilinadigan sahnasi hamda Masjidun Nabaviy ichidagi Ravzai mutahhara vaqtinchalik yopib qo‘yilgan edi.
Bu holat koronavirusga qarshi kurash, virus tarqalishining oldini olish maqsadida tozalash ishlari boshlangani munosabati bilan amalga oshirilgani xabar berilgan. Ammo dindoshlarimiz masjidning ichida, ya’ni masjidning usti yopiq joylarida tavof-sa’ylarini amalga oshirib, namoz o‘qishmoqda. Ikki Harami sharifda ham bugun Jum’a namozi ado etildi. Ammo tozalash, dezinfeksiya ishlari yakuniga yetmagani uchun Ka’ba atrofidagi sahna hali ochilmadi.
Alloh taolo Masjidul Harom va Masjidun Nabaviyni hamda barcha umrachi, ziyoratchilarni O‘z panohida asrab, Ka’ba atrofidagi tavof qilinadigan sahna va Ravzai mutahharaning tezroq ochilishini nasib etsin! Shuning qatorida yurtimizni, xalqimizni ham turli kasalliklar va viruslardan O‘z panohida asrasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.