Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
“Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar” (Yusuf surasi, 87)
Chunki Uning lutfi tez keluvchi, yengillik berishi yaqin va karami kengdir.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Ey Alloh, Sendan go‘zal xotima so‘rayman! Ey Alloh, bizga o‘limimizdan oldin nasuh tavbani nasib aylagin! Ey Alloh, ey qalblarni o‘zgartiruvchi Zot! Qalbimizni Diningda sobit qilgin!
*****
Alloh taolo O‘ziga ixlos bilan ko‘tarilgan qo‘lni bo‘sh, quruq qaytarmaydi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Agar osmondan (yerga) yashin tushsa ham istig‘for aytuvchiga tegmaydi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu
*****
Bir sutkada 24 soat bor.
Bir xaftada 168 soat bor.
Endi xolis aytaylikchi, shu soatlarning qanchasini televizor ko‘rishga, telefonda klip, kino ko‘rishga sarflayapmizu, qanchasini ibodatga, farzand tarbiyasiga, kitob o‘qishga sarflayapmiz?!
*****
Ona o‘z bolasini bag‘riga bosdi-da, shunday dedi “Agar seni mingta odam yaxshi ko‘rsa, ularning avvalgisi menman. Agar seni bitta odam yaxshi ko‘rsa, o‘sha menman. Agar seni hech kim yaxshi ko‘rmasa, bilginki, men o‘lgan bo‘laman”.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Qaniydi, otalar keksaymasalar, kasal bo‘lmasalar, xafa bo‘lmasalar va ketib qolmasalar.
“Xovatir roqiya jurnali”
Internet materiallaridan to‘plab,
tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.
Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.
Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.
Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:
“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.
Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.