Dinimizda aka-ukalar, opa-singillar, qarindosh urug‘larning o‘zaro bordi-keldilari, samimiy munosabatlari silai rahm deyiladi. Bu haqida Qur’oni Karimning ko‘plab oyatlarida ta’kidlangan.
Alloh taolo Isro surasining 26-oyatida shunday deb marhamat qilgan:
وَآتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلاَ تُبَذِّرْ تَبْذِيراً
“Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va ko‘chada qolganga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yma”.
Niso surasining 1-oyatida bunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُواْ رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُم مِّن نَّفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالاً كَثِيراً وَنِسَاء وَاتَّقُواْ اللّهَ الَّذِي تَسَاءلُونَ بِهِ وَالأَرْحَامَ إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلَيْكُمْ رَقِيباً
“Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko‘plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo‘rqinglar! Nomini ishlatib bir-biringizdan so‘rovda bo‘ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik (aloqalari) dan qo‘rqing. Albatta, Alloh ustingizdan raqobat etuvchi zotdir”.
Baqara surasining 83-oyatida shunday bayon etgan:
وَإِذْ أَخَذْنَا مِيثَاقَ بَنِي إِسْرَائِيلَ لاَ تَعْبُدُونَ إِلاَّ اللّهَ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَاناً وَذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَقُولُواْ لِلنَّاسِ حُسْناً وَأَقِيمُواْ الصَّلاَةَ وَآتُواْ الزَّكَاةَ ثُمَّ تَوَلَّيْتُمْ إِلاَّ قَلِيلاً مِّنكُمْ وَأَنتُم مِّعْرِضُونَ
“Bani Isorildan Allohdan boshqaga ibodat etmaysiz, ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga yaxshi gaplar ayting, namozni qoim qiling, zakot bering, deb ahdu paymon olganimizni eslang. So‘ngra ozginangizdan boshqangiz yuz o‘girib, ortga qarab ketdingiz”.
Alloh taolo bulardan boshqa yana ko‘plab oyatlarda biz bandalarini qarindoshlarimiz bilan aloqalarimizni mustahkamlashga buyurgan.
Ko‘plab hadisi shariflarda ham silai rahmning muhimligi, fazilati, natijalari bayon etilgan.
Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy alayhissalom Madinaga kelib, ilk xutbalarining birida: «Ey, insonlar! Salomni orangizda yoyinglar, taom ulashinglar, silai rahm qilinglar va insonlar uxlayotgan vaqtda kechasi bedor bo‘lib namoz o‘qinglar ana shunda jannatga salomat kirasizlar», deya marhamat qilganlar (Buxoriy rivoyati).
Silai rahm qilish kishining umri uzun, rizqi barakali bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, bas u silai rahm qilsin, ya’ni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin» (Buxoriy va Termiziy rivoyati).
Afsuski, keyingi paytlarda bir qorindan talashib tushgan aka-ukalar, opa-singillar orasida uy-joy, mol-mulk talashish oqibatida kelishmovchilik, janjal bo‘lib, yuz ko‘rmas bo‘lib ketayotgani quloqqa chalinmoqda. Bu juda xunuk va og‘riqli holatdir. Avvalo, akasining yoki ukasining mulkini tortib olib, o‘zlashtirib olish gunoh bo‘lsa, ularning o‘rtasidagi aloqalarning uzilishi, ahillikka darz yetishi ham og‘ir gunohdir.
Silai rahmni uzish, qarindoshlik aloqasini to‘xtatish yomon oqibatlarga sabab bo‘lishi hadisi shariflarda ta’kidlangan. Qolaversa, qarindoshlar bilan aloqani mustahkamlash yomon o‘lim topishdan qutulishga sabab bo‘ladi.
Ali karromallohu vajhahudan qilingan rivoyatda esa: «Qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash yomon o‘lim topishdan saqlaydi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqinglar va silai rahm qilinglar!» (Imom Hokim va Bazzor rivoyati).
Qarindoshlik aloqasini uzayotgan aka-ukalar yomon o‘lib topish, og‘ir gunohga botish va oxiratda ham ayanchli holatlarga tushishdan ogoh bo‘lsinlar!
So‘zimiz so‘nggida janjallashayotgan jigarlarga ushbu hadisi sharifni eslatib o‘tamiz.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, silai rahm qilsin», deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Iymonim bor degan aka-uka, opa-singillar o‘zaro aloqalarni uzmasinlar, bordi-keldilarni yo‘lga qo‘yib, yarashib, bir-birlarini bag‘riga bossinlar hamda ahil, inoq, ibodatli qarindosh bo‘lib hayot kechirsinlar!
Alloh taolo barchamizni silai rahmni o‘rniga qo‘yib borishimizni nasib aylasin va bizni yomon xotimadan asrasin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.
Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda.
Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.
Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.
Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi.
Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.
Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.
Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati