Dasturxon duosi
«Alhamdulillahillaziy at’amana va saqona vaja’alana minal-muslimiyn».
Ma’nosi: «Bizni yedirib-ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin».
Farzand tilash duosi
«Robbi la tazarni fardav va anta xoyrul varisiyn».
Ma’nosi: «Parvardigorim! Meni (vorissiz) yolg‘iz qoldirma. (Agar voris bermasang ham) Sening O‘zing vorislarning eng yaxshisisan» (Anbiyo surasi, 89-oyat).
G‘azablanganda o‘qiladigan duo
«Allohummag‘fir liy zanbiy va azhib g‘oyzo qolbiy va ajirniy minash-shaytonir-rojiym».
Ma’nosi: Yo Alloh, gunohlarimni kechir, qalbimning shiddatini (g‘azabini, alangasini) ketkaz va meni shaytonning yomonligidan asra.
Shunda ham g‘azab ketmasa, imkon topilsa, tahorat olib ikki rakat namoz o‘qish, «Alam nashroh laka...» surasini tilovat qilish va yuqoridagi duoni takrorlash lozim.
Ko‘z tegishiga qarshi o‘qiladigan duo
Ko‘z tegishiga qarshi Fotiha surasi va «Oyatal kursi»dan so‘ng ushbu oyatlar o‘qiladi:
«Bismillahir rohmanir rohiym. Va in yakadullaziyna kafaru layuzliqunaka bi absorihim lamma sami’uzzikro va yaquluna innahu lamajnun. Va ma huva illa zikrul-lil-’alamiin».
Ma’nosi: «Bas, Parvardigori uni (qaytadan payg‘ambarlikka) tanlab, solih (payg‘ambar)lardan qildi. Albatta, kofir bo‘lgan kimsalar Zikrni (Qur’onni) eshitgan vaqtlarida, Sizni ko‘zlari bilan (tikilib) yiqitayozurlar va «albatta, u majnun», – derlar. Holbuki, u (Qur’on barcha) olamlar uchun eslatmadir» (Qalam surasi, 51–52-oyatlar).
Sadaqa berayotganda...
«Robbana taqobbal minna innaka antas-sami’ul ’aliym».
Ma’nosi: «Ey Rabbimiz, bizdan uni qabul ayla, chunki Sen eshitguvchi va bilguvchisan».
Aksirgan kishiga javob duo
Aksirgan kishi, yonida biror odam bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham, «Alhamdulillah» deydi. Janobi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aksirgan kishiga yonidagilarning «Yarhamukalloh» (Alloh senga marhamat etsin) deyishini tavsiya qilganlar. Aksa urgan kishi esa «Yarhamukallohu va iyyakum va yag‘firu lana va lakum» (Alloh bizga ham, sizga ham rahmat aylasin, bizni ham, sizni ham afv etsin) yoxud «Yahdina va yahdiykumulloh» (Alloh bizni ham, sizni ham hidoyatga boshlasin) deydi.
O‘MI matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati