Sayyida Osiyo onamiz Fir’avnning ayoli bo‘lib, Allohga, Musoning rasulligiga iymon keltirganlar. Fir’avnning dinidan qaytganlar, uning zulm va alamlariga chidaganlar. Sabr va matonat bilan Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan ayoldirlar.
Tahrim surasining 11-oyatida: “Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib ko‘rsatdi. U: “Robbim, menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va zolim qavmlardan najot bergin, deb aytdi”. (Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan kofir va zolim eriga va qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishni so‘radi. Bu esa dunyo hoyi havasidan ustun kelishning oliy misolidir.)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarning yaxshilari qatorida Osiyoni ham zikr qilganlar: «Ayollarning yaxshilari – Maryam bint Imron, Xadicha bint Xuvaylid, Fotima bint Muhammad sollallohu alayhi vasallam va fir’avnning ayoli Osiyo».
Qadim zamonda Misr yerida Muso alayhissalom tug‘ilmaslaridan avval Bani Isroil xalqi xorlikda yashardi. Ular nihoyatda xaqir, eng og‘ir ishlarni qilishar, haqlarini olisholmasdi. Hukmdorlari Fir’avn o‘ta zolim odam edi.
Amakisining qizi Osiyoga uylangach Fir’avnning otasi vafot etdi. Osiyo onamiz qasrda eri bilan tinch-osuda yashardi. Vaqtlar o‘tib, Fir’avn haddidan oshdi. Shayton qalbiga vasvasa solib: «Sen yagona hokim, ilohsan!» dedi. U vaziri Homon bilan birgalikda insonlarni Fir’avnga sajda qilishga, unga itoat etishga, uni buyuk iloh deb tan olishga majbur qila boshladi. Misrliklar unga itoat etib, sajda qila boshlashdi. Osiyo onamiz erining zolimligini, o‘z xalqini qiynayotganini ko‘rib, yuragi siqilardi, chunki uning fitrati sog‘, aqli yetuk, qalbi rahmga to‘la ayol edi. Odamlar qo‘rqqanidan Fir’avnga sajda qilayotganini, u iloh emasligini, bu zo‘rlik ekanligini u yaxshi bilardi.
Bir kun Fir’avn tush ko‘rdi: tushida bir o‘t Baytul Muqaddasdan Misrgacha yonib kelayotgandi. Ta’birchilarning aytishlaricha, Bani Isroildan bir bola tug‘ilib, Fir’avnning bor mulkini xarob qiladi.
Fir’avn Bani Isroilda tug‘ilgan barcha go‘daklarni so‘yishga qaror qildi. Odamlar podshohga: «Bir yil qatl qildir, bir yil qoldir, bo‘lmasa, Bani Isroil qirilib ketadi», deyishdi. Podshoh ko‘ndi. Kechirilgan yili Horun tug‘ildi, qatl yili Muso dunyoga keldi. Alloh taolo bolani sandiqqa solib, Nilga oqizishni onasiga bildirdi. Onasi xuddi shunday qildi. Sandiq oqib, Fir’avnning qasriga yaqin keldi.. Xotini Osiyo sandiqni oldirib uni ochib, bolani qo‘liga oldi. Qalbiga uning muhabbati tushdi. Qattiq xursand bo‘ldi. Bildiki, bu bola muboraklidir.
Oradan oz muddat o‘tib, podshohning askarlari bolani o‘ldirishga farmon olganlarini aytib keldilar. Osiyo onamiz: «Bu bola Bani Isroil emas, boshqa yerdan oqib keldi, men o‘zim borib bu haqda podshohga arz qilaman», dedi va bolani ko‘tarib shohning oldiga bordi. Shoh huzuriga kirib: «Bu sening va mening ko‘z qorachig‘imiz-ku», dedi. Fir’avn: «Sening ko‘z qorachig‘ingdir, lekin mening unga hojatim yo‘q», dedi.
“Fir’avnning xotini: “(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, u bizga foyda bersa yoki uni bola qilib olsak”, dedi. Holbuki, ular sezmasdilar” (Qasos surasi, 9-oyat).
Bir kuni Osiyo onamiz Muso bilan Fir’avnning oldiga keldi va uni shoh huzuriga tashlab chiqib ketdi. U yerda majlis bo‘layotgandi. Muso Fir’avnning tizzasida o‘tirib, soqolini yulib oldi. Homon: «Shu bola sening mulkingni xarob qiladi, senga merosxo‘r bo‘ladi, buning bobosi Ibrohim xalildir», deb Musoni yomonladi. Fir’avn jallodlarni chaqirdi. Bu xabar Osiyo onamizga yetib keldi va tezlik bilan shoh huzuriga yugurdi va: «Menga hadya qilgan bolani so‘ymoqchimisan!» dedi. Fir’avn: «Soqolimni yulib oldi, mulozimlarim: «Bu bola senga merosxo‘r bo‘ladi, qo‘lingdagi mulkingga egalik qiladi», deyishdi», dedi. Osiyo onamiz: «Sen ularning so‘ziga ishonma! Bu bola hali yosh, hech narsaning farqiga bormaydi. Men buni senga isbot qilib berishim mumkin!», dedi. Fir’avn: «Qanday qilib?!», dedi Osiyo onamiz: «Bolaning oldiga cho‘g‘ bilan gavhar qo‘y. Agar gavharni olib, cho‘g‘dan saqlansa, bilginki, u aql yuritayotgan bo‘ladi. Agar cho‘g‘ni olsa, bilginki, aqlli kimsa gavhar turganda cho‘g‘ni olmaydi», dedi. Fir’avnga bu gap ma’qul bo‘ldi. Saroy xizmatchilaridan ikkitasini chaqirib, birining qo‘liga cho‘g‘, ikkinchisinikiga gavhar berdi va ularni bolaning oldiga yubordi. Jabroil alayhissalom Musoning qo‘lidan ushladilar va cho‘g‘ ustiga qo‘ydilar, hatto u cho‘g‘ni qo‘lida ko‘tarib og‘ziga soldi, bundan tili kuydi. Shu sabab Muso alayhissalomning nutqlari yaxshi, ravon bo‘lmay qolgan. Fir’avn buni ko‘rib: «Bu bola so‘yilmasin», dedi. Osiyo onamiz xursand bo‘lib bolani olib chiqib ketdi. Unga malika yaxshi tarbiya berdi, yozish va o‘qishni o‘rgatdi. Muso Osiyo onamizning fazilati bilan xuddi podshohning o‘g‘lidek o‘sdi. Alloh shu ishlarga sababchi qildi.
“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo‘lganida, unga hikmat va ilmni berdik. Biz yaxshi amal qilguvchilarni shunday mukofotlarmiz” (Qasos surasi, 14- oyat).
Kun o‘tgani sayin Fir’avn Osiyo onamizga azob berishning turli usullarini o‘ylab topardi. Uning mulkida katta sahroi biyobon bor edi... Ana shu joyda Osiyo onamizga azob berardi. U zotning esa duolari ijobat bo‘lib, maloikalar qanotlari bilan quyoshning haroratini to‘sishardi.
Bir kuni Osiyo onamiz jannatdagi makonlarini ko‘rib kuldilar. Fir’avn xotinini kuzatib turgandi, bu holga ajablandi. Atrofdagilarga: «Uning jinniligidan ajablanyapsizmi? Biz azoblayapmiz, u kulyapti», dedi. Oxiri Osiyo onamizni o‘ldirishdi. Pok ruhlari Rabbisi huzuriga ko‘tarildi. Maloikalar u ayolning jannatda yashashlari, ne’matlanishlari uchun ruhlarini olib chiqib ketishdi. Oxiratda Osiyo onamiz ulug‘ marhamat va ikromga noil bo‘ladilar. Bu ikrom Rasululloh alayhissalom aytgan jannati ayollardan biri bo‘lishlaridir.
Sayyidai Osiyo onamiz Qur’onda sodiq mo‘mina ayollar qatorida, Haq yo‘lini topgan ayol sifatida madh etildilar. Allohga imon keltirishda orqaga qaytmagan bu ayol Fir’avnning azoblariga chidagan holda iymonlarida sobit turdilar.
Hidoyat va Haq yo‘lida bardavom bo‘lgan, oxiratni bu dunyo mashaqqatlariga sotib olgan ayol! Jannat va uning ne’matlarini, qasrlarini sotib olgan ayol! Bu ayol sayyidai Osiyodir!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom ta’lim muassasasi
axborot-resurs markazi rahbari
M. Saidjalolova
#Seminar
#Giyohvandlikka_qarshimiz
Islom dinida aqlni xiralashtiradigan, sog‘liqqa zarar yetkazadigan va insonni o‘z-o‘zini halokatga boshlaydigan har qanday zararli odatlar, xususan, giyohvandlik qat’iy qoralangan va harom qilingan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, sog‘liqqa zarar beruvchi moddalarni iste’mol qilishdan qaytarganlar.
Binobarin, giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu ofatdan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir musulmonning burchidir.
2026 yil 2 iyul kuni Toshkent shahridagi muhtasham "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidining majlislar zalida o‘zgacha bir fayz va ilmu ma’rifat shukuhi hukmron bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining "Islom giyohvandlikka qarshi" deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohaning zabardast vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda poytaxtimizning tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari jam bo‘lishdi.
Qur’on tilovatidan so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi, yig‘ilish raisi Abduqahhor domla Yunusov tadbirni ochib berdilar.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, kotibiyat mudiri Abdumannon Karimov, Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbari Ma’murjon domla Erkayevlar ishtirok etib, kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va qimmatli tavsiyalarini aytib o‘tdilar.
Aytish joizki, ma’rifat va iymon birlashgan joyda baraka, tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Poytaxtimiz imom-xatiblari bugun xalqimizga mana shu ziyoni yetkazishda eng oldingi saflarda xizmat qilmoqdalar.
Suratlar orqali mazkur yig‘ilishning eng hayajonli va fayzli daqiqalari hamda seminarning dolzarb ahamiyatini ko‘rish mumkin.
MuslimShosh.uz