Muqaddas dinimiz Islomda loqaydliqdan qaytarilgan.
Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida shunday keltiriladi: Imom Termiziy Huzayfa roziyalloxu anxudan rivoyat qilgan xadisda Nabiy alayhissalom: «Loqayd bo‘lmanglar; odamlar yaxshilik qilsa, biz xam yaxshilik qilamiz, yomonlik qilsalar, yomonlik qilamiz, demanglar. Ular yaxshilik qilsalar, yaxshilik qilinglar. Yomonlik qilsalar, zulm qilmanglar», dedilar».
Dinimizda loqaydlik va beparvolikdan nafaqat qaytarilgan, balki panoh so‘rashga targ‘ib qilingan.
Loqaydlikning bir nomi dangasalik desak to‘g‘ri bo‘ladi. Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollalloxu alayxi vasallamning «Allohim! Sendan dangasalikdan, qarzdorlikdan panoh so‘rayman. Sendan masiyhi dajjolning fitnasidan panoh so‘rayman. Sendan do‘zaxning azobidan panoh so‘rayman» deb duo qilayotganlarini eshitdim».
Yana boshqa bir hadisi sharifda: Umar roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam besh narsadan: dangasalikdan, baxillikdan, kibrning yomonligidan, qalbdagi fitnadan va qabr azobidan panoh so‘rar edilar».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayxi vasallam: «Allohim! Men Sendan ojizlikdan, dangasalikdan, qo‘rqoqlikdan, o‘ta qariliqtsan panoh tilayman. Men Sendan hayotu mamotning fitnasidan va qabr azobidan panoh so‘rayman», der edilar».
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi sharifda olti narsadan panoh so‘ramoqdalar. Shulardan biri dangasalik va loqaydlikdir. Dangasalik lug‘atda bir ishni qilishga imkoni va qudrati bo‘la turib, badanining rohatini ko‘zlab tark etishni bildiradi.
Shayx Sa’diy aytadi: “Magar sen o‘zgalarning qayg‘usig‘a loqaydlik ila qarasang, sen inson degan nomg‘a noloyiqsen”.
Sohibqiron Amir Temur esa o‘zining tuzuklarida: “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatiy tadbirkor va hushyor bir kishi minglab tadbirsiz loqayd kishilardan yaxshidir”, — deb ta’kidlaydi.
Mashhur faylasuflardan biri esa “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq — ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar paydo bo‘laveradi”, deya aytib o‘tgan.
Loqaydlikning eng yomoni, bu o‘z yurtining tinchligiga raxna soluvchi illatlarga ham loqayd bo‘lishdir. Alloh ta’olo Qur’oni karimda payg‘ambarlari tilidan o‘z yurtiga tinchlik va baraka tilab duo qilganini keltiradi. Qur’oni karimda tinchlikka, o‘zaro totuvlik, hamjihatlikka chorlangan oyatlar ko‘p. Ibrohim alayhissalom duolari zikr etilgan oyatni eslaylik:
“Ibrohimning: “Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, deganini esla. U zot: “Kim kufr keltirsa, ozgina huzur baxsh etaman, so‘ngra do‘zax azobiga majbur qilaman va u qanday ham yomon joy!” dedi” (Baqara surasi, 126-oyat).
Insonga berilgan ne’matlar ichida tinchlik eng aziz ne’matlardan ekanligi Nabiy alayhissalom hadisi shariflarida shunday keltiriladi:
“Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak inson uchun tinchlik aziz va qadrli ne’mat ekan, albatta unga tahdid qiluvchi narsalarga befarq bo‘lmasligi lozim.
Sh.Qo‘chqorov
Hazorasp tuman “Olti A’lam bobo” masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV