Milliy ma’naviyatimiz quyoshi hazrat Alisher Navoiy badiiy-estetik tafakkurning cho‘qqisi hisoblangan “Xamsa” asarining birinchi dostoni “Hayratu-l-abror”da mana bunday yozgan edilar:
Kimki jahon ahlida inson erur,
Balki nishoni anga iymon erur.
Darhaqiqat, ko‘pming yillik tariximiz nainki shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotining ham asoslaridan biri iymon-e’tiqod ekanidan dalolat beradi. So‘nggi yillar davomida mamlakatimizda shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda.
Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi ma’rifat maskanlari tashkil etilgani, oliy diniy ta’lim beruvchi muassasalar soni ko‘payib, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Samarqandda Hadis oliy maktabi ish boshlagani, kalom, tasavvuf, fiqh, tafsir singari islomiy ilmlarni o‘rganadigan ilmiy maktablar ochilgani bu boradagi islohotlar ko‘lami nechog‘lik katta miqyosga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. “Vaqf” jamg‘armasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi diniy-ma’rifiy soha rivojida beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. Mamlakatimizdan haj ibodatiga boradiganlar soni tobora oshib borayotgani, umra ziyoratiga borish imkoniyati quvonarli darajada kengaygani... Bu sohada amalga oshirilayotgan, ahamiyati behad katta bo‘lgan ishlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.
Kuni kecha xalqimiz yaqin tariximizda kuzatilmagan bir xushxabarning guvohi bo‘ldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy davlatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Haqiqatan, diniy soha rahbarining davlat mukofoti bilan taqdirlanishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi yuksalish bosqichiga ko‘tarilayotgani isbotidir.
“Temur tuzuklari”da hazrat Sohibqiron Amir Temur mana bunday yozgan edi: “...sayyidlar, ulamo, mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, tarixchilarni sara, e’tiborli odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini o‘rniga qo‘ydim”.
Jamiyatda islomiy ma’rifatni yuksaltirish ishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiyga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor bugungi kunda mamlakatimizda buyuk Sohibqiron Amir Temur boshqaruvi an’analari munosib darajada davom ettirilayotgani isbotidir. Zero, olimlarga ko‘rsatilgan ehtirom Vatan va millat, ma’rifat va diyonat rivojiga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
Muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlari nafaqat yurtimiz va Markaziy Osiyo mintaqasida, balki dunyo miqyosida e’tirof etilgan ulamolardan biri, Islom olami uyushmasi ta’sis majlisi hamda Butunjahon ulamolar kengashi a’zosidir. “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egallagani O‘zbekiston xalqi uchun iftixor sanaladi. Muftiy hazrat qalamiga mansub “Tafsiri Irfon” tufayli ona yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ mufassirlar adadi yana bittaga ko‘paydi. “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Oilada farzand tarbiyasi” kabi sara asarlari jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish ishiga qo‘shilgan munosib hissa deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas.
Muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlariga mustahkam sog‘lik, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish, diniy-milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirishdek ezgu va savobli faoliyatlarida g‘ayrat-shijoat hamda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Nurboy JABBOROV,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti kafedra mudiri,
professor, filologiya fanlari doktori,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom
instituti professori
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi hisoblanadi. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy taqvimlar mavjud.
Ko‘p Islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.
Qur’oni karimdagi Tavba surasining 36-oyatida Alloh taolo oylarni 12 ta qilib belgilagani qayd etilgan. Bu oylar insonga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozim bo‘ladi.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan.
Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy” degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Milodiy sana oylari 28 yoki 29 hamda 30 yo 31 kunlik bo‘lgani kabi hijriy oylar, jumladan, Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kunlik bo‘lishi mumkin. Hijriy oyning milodiy oydan farqi shuki, masalan, mart oyi doimiy ravishda 31 kunlik bo‘lsa, hijriy oylar hilolning yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qaysi oy necha kunlik bo‘lishi oyning ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.
Islom dini ta’limotlarida muborak Ramazon oyi va hayiti kunini belgilashda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxiratga rihlat qilgunlariga qadar to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shulardan aksarida yigirma to‘qqiz kunlik, ozrog‘ida o‘ttiz kunlik bo‘lgan.
Bu borada Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda zikr qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida 29 kun tutgan ro‘zamiz 30 kun tutganimizdan ko‘proq edi” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyi necha kun bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutiladi va o‘sha mukammal ro‘za hisoblanadi.
Hijriy oylarning yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kunlik bo‘lishini quyidagi hadisi sharifda ham ko‘rish mumkin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga: “Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?” deyildi. U zot: “Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunga ko‘ra, hech kim o‘zicha Ramazon doim o‘ttiz kun bo‘ladi, deb hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emasdir. Bunday deyish sahih hadislar va ulamolar ijmosi (ittifoqi)ga ziddir.
Demak Ramazon oyi 29 kunlik bo‘lib kelgan taqdirda ham biz oyat va hadislarga muvofiq bir oy mukammal ro‘za tutgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi