Kechga tomon telefon jiringladi. Jiyanim ekan. Javob berdim. U mendan qizlar uchun alohida ta’lim-tarbiya, sharqona odoblar va diniy qadriyatlar o‘rgatiladigan biror maskan bor yoki yo‘qligini so‘rab qoldi. 13 yoshli singlisining tarbiyasidan qattiq tashvishda ekani, asabiylashgani ovozidan sezilib turardi. Ularning oilasini yaqindan bilganim uchun masalaga boshqacha yondashdim:
– To‘g‘ri, qizlar uchun diniy-ta’lim beriladigan bilim yurtlari bor, albatta. Lekin o‘quv maskani o‘zgargani bilan uydagi muhit o‘zgarmasa, nechog‘lik foyda berar ekan?..
– O‘ziz bilasiz, biz akasimiz. Ishdamiz, oila boqamiz.
– Men aytmoqchi bo‘lgan narsa, qizga ko‘chadan ta’lim-tarbiya berilsa, ammo uydagilar uni nazorat qilmasa, u bilan shug‘ullanmasa, ilmi, ibodatlari uchun ko‘mak bermasa, o‘zlari aks o‘rnak ko‘rsatib tursa, faqat madrasa yoki ma’hadga yuborib qo‘ygani bilan ish bitmaydi-da! Sen ko‘zlagan maqsadga yeta olmaysan. Ko‘rinishi, zohiri chiroyli ko‘rinsada, asli, botini o‘zgarmay qolaveradi. Singling – o‘smir yoshida, u bilan yaqin bo‘lish, do‘stlashish, uning muammolarini o‘rganish kerak.
– Meni bilasiz opa, qattiqqo‘lman, ayab o‘tirmayman. Qizlarga ortiqcha “yumshoq supurgi”lik qilmayman. Hatto, xotinimga ham. Borim shu!
– To‘g‘ri, “boring shu”dir, lekin aynan mana shu qo‘rs va qattiq fe’ling uchun ham singling sendan uzoqda. Do‘stlari – oila a’zolari emas. Ularni kim ekanligiga nazar sol. Darslardan qochib yuradigan yigit-qizlar, “sevishganlar” va yana yomon odatlarga o‘rgangan o‘smir yoshlar. Sen uni koyib beraversang, har bitta qadami uchun jazolayversang, qat’iy va keskir chora ko‘raversang, u albatta, uydan bezib ko‘chadan “mehr” qidiradi. Sendan qo‘rqqani uchun “odobli” bo‘lib ko‘rinadi, lekin o‘z odatlarini tark qilmaydi.
– Telefonini ko‘rib qoldim... “sms”larini o‘qib fig‘onim chiqib ketyapti, ahmoq qiz! O‘g‘il bola bo‘lganida ayamay savalar edim, qiz bolada bu...
– Qaragin-da, din insonlarni qo‘pollik bilan nasihat qilishga chaqirmagan, aksincha yumshoqlik va muloyimlik katta samara bergan. Yaxshisi sen u bilan do‘stlash.
– Do‘stlash?!
– Ha, do‘stlash. Do‘sti bo‘lsang, sirlarini, ichidagi dardini aytadi, shunda sekin-asta kasalliklarini, yomon odatlarini bilib, bartaraf qilib boraverasan. Do‘stlashishi uchun senga ishoni kerak, sendan mehr, shafqat, yaxshilik va iliqlik ko‘rishi kerak. Buning uchun mashinangda biror yerga olib bor, ko‘ngliga qo‘l sol, uni eshit. Ko‘p suhbat qur. Har xil maazularda gaplash. Uni o‘rgan. Yoqtirgan narsalarini, shirinliklarini olib ber.
Meni akamni bilasan-a? Qanchalar mehribon, g‘amxo‘r va biz uka-singillari uchun o‘ta jonkuyar. Men hatto opam, singlim yo‘q deb xafa bo‘lmayman. Opadan ko‘ra yaqin. Singildan ko‘ra hojatbaror. Bu mening yaxshiligim uchun emas, bu o‘zining yaxshi inson, namunali aka ekanidan darak. Sen ham mana shunaqa aka bo‘la olasan. Faqat ancha sabr, mashaqqat va hafsala kerak bo‘ladi. Senga ishonchi orta borgach, hurmating kuchayadi. Natijada gaplaringni qabul qila boshlaydi. Astoydil kuyukayotganingni tushunib yetadi. O‘zi ham isloh tomon yura boshlaydi. Keyin sen so‘rayotgan diniy tarbiya ham, oddiy nasihat ham kor qiladi. Ko‘rinishi dindor va tarbiyali qizga o‘xshasa-yu, qalbi, odatlari o‘sha-o‘sha bo‘lib qolaversa, chiroyli rasmdan farqi qolmaydi...
– Ha... Lekin hamma narsasi bor. O‘zimizga to‘qmiz... Yana nima kerak bu beaqlga?
– Unga moddiy taskin kerak emas, yaqinlarining mehri kerak... Tushunyapsanmi, gaplarimni mag‘ziga yetib boroldingmi?!
– Opa-a-a, axir to‘rt yil institutda o‘qiganman men ham! Tushunyapman.
– O‘n yil o‘qisa ham, odam befarosat, fahmsiz bo‘lishi, hikmatsiz, tadbirsiz o‘ylamay-netmay ish qilaverishi mumkin jiyan.
– Men ham farosatli va fahmli yigitman. Mana katta ro‘zg‘orni eplab, hammani tadbirini qilib yuribman. Shartnoma puli bormi, bog‘cha pulimi, soliq-ijara bormi – hammasini joy-joyiga qo‘yib qo‘yganman, opa! Ota-onam butun boshli katta tijoratini menga ishonib berib qo‘yishgan. O‘zlari mana rohatda – dam olish, gap-gashtak yoki biror yerga sayohat, bemalol borib kelaverishadi. Uyda o‘tirib qolishmagan. Yaqinda o‘zlariga alohida mashina oldik. Oyimga ham, adamga ham. Ko‘ryapsiz, topish-tutishimiz, yeb-ichishimiz birovdan kam emas. Farosat-fahm degani shuncha bo‘lar.
Mayli, vaqtingizni olmay... Gapingizni hammasi tushundim. Xullas, o‘qish yo‘q, deng. Hali yosh ekanda, unaqada? Bo‘pti, uyizdagilarga salom ayting.
– Xayr...
Suhbatimiz biroz foyda beradi, deb umid qilgandim. Shuncha gapdan keyin ham jiyanim o‘z fikrida qolibdi. Tarbiya uchun oson, tez va ortiqcha bosh og‘rig‘isiz yo‘l qidirayotgan edi. Boshqa samarali va lekin mashaqqatli yo‘l mos kelmadi. To‘g‘rida, boshini qotirib, “dardlashib” nima qiladi?!
Ko‘pchilik farzandi diniy o‘qishga kirsa, isloh bo‘lib, tuzalib ketadi, tarbiyasi o‘nglanadi, deb katta umidlar bog‘laydi. Alloh tavfiq bersa, shunday bo‘ladi, albatta. Lekin, yuqorida aytganimizdek, ba’zi unsurlar borki, o‘smir qizni oiladan qochishiga, tarbiyasi yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Masalan, tarbiya istayotgan ota-ona o‘zi ta’lim-tarbiyaga muhtoj bo‘lishi, alohida qiz farzand uchun diniy va tibbiy tarbiyaning yetishmasligi, oilada yaqin do‘sti, sirdoshi va maslahatgo‘y suhbatdoshi bo‘lmasligi, ota-ona ishdan, aka-uka o‘z oilasi va bola-chaqasidan ortmasligi, sevimli va foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantirmaslik, kitob mutolaa qilmaslik, faqat jiyanlarga qarash, o‘smir qiz o‘zini uy yumushlari uchun kerakdek his qilishi, o‘ta darajada cheklov va qattiqqo‘llik, har bir xatti-harakat uchun dakki eshitish, fikrini mustaqil ayta olmaslik, oilada undan ham maslahat va fikr so‘ralmasligi, uning qiziqish va istaklari chetlab o‘tilishi, biror ishda o‘zini namoyon qilmoqchi bo‘lganida, shijoatini sindirish, yoxud o‘ta darajada erkin qo‘yib nazoratsiz qoldirish va boshqa biz o‘ylamagan “kichik xatolar” – o‘smir yoshdagi qizlarni ko‘chaga yoki boshqa “ko‘ngilochar” muhitlarga uloqtirib yuboradi, axloqi darz ketadi.
Bunday vaziyatlarda bobo-buvilar asosiy tirgak va nasihatgo‘y bo‘lishlari, nabiralarini tushunib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishlari juda muhim. Ota-onalar ham bolani tinglashi, har kuni alohida suhbatlashishi, farzandi “dardi”ni tinglay bilishi kerak.
Oddiy misol, bir qarindoshimizning qizi telefonda yigitlar bilan tanishib, gaplashib yuradigan odat chiqaribdi. Aslida sodda, kamtarin qiz edi. Nega “aynib” qolganini so‘rasam, otam jahldor, onam hamma qilgan ishimdan ayb topadi, darrov ura ketadi. Osh-ovqat, ukalarimga qarash, darsini qildirish, qari bobomning injiqliklarini ko‘tarishim kerak. Amakim uyga ichib kelib, jang boshlaydi. Kattalar mendan alamlarini olib: “Nega ham tug‘ilgansan, sen?!” deb baqirib berishadi. O‘qishga ham kirmas ekanman... Uydan topmagan xotirjamlikni, telefondan topyapman, oyimgilar ishga ketganda bekitiqcha bir-bir gaplashib ichimdagilarni aytib olaman, kenayi... yum-yum yig‘lay boshladi.
Sizga shu kerak-mi, aziz ota-onalar, kattalar?! Bu qiz-ku, unsni telefondan topibdi. Qanchadan-qancha yoshlar biz bermagan mehrni ko‘chada begona yigit-qizlardan, tungi klublardan, sayoq yurishlardan, zararli moddalardan totmoqda. Kim qayga yetaklasa, o‘shaning etagidan tutmoqda. Turfa shiorlarga burkangan chaqiriqlarga ergashib, o‘z uyini tashlab ketyapti. Ba’zi ruhiy tushkunlikka tushgan irodasizlari o‘z umriga chek qo‘ymoqda. Joniga, sog‘ligiga shikast yetkazmoqda. Yana kimdir jinoyat, o‘g‘rilik yo‘liga kirib ketmoqda. Xullas, natijalar, ko‘rsatkichlar turfa, xilma-xil... Biz bolamizni “qo‘g‘irchoqdek” kiyintirdik, moddiy ta’minotini zo‘r qilib qo‘ydik, deya quvonamiz. Bolamiz birovnikiga aylanib borayotganini payqamaymiz ham...
O‘smir yoshdagi yigit-qizlar uchun u darajada ko‘p moddiyat kerak emas. Aksincha, TO‘G‘RI tarbiya, doimiy e’tibor va samimiy mehr kerak!
So‘nggi so‘z o‘rnida Doktor Muhammmad Rotib Noblusiyning fikrlarini keltirsak:
“Agar bolaning yaqinlari uni yaxshi bilsalar, tarbiyasini chiroyli qilsalar hamda shaxsiyatini hurmat qilsalar bola hech narsa teng kelmaydigan odob va jur’at sohibi bo‘lib yetishadi.
Molik ibn Huvayris roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamning huzurlariga keldik. Biz o‘smirlar edik. Huzurlarida yigirma kecha turdik. Nabiy sallollohu alayhi vasallam rahmdil va mehribon zot edilar. Bizni ahlimizni sog‘indi, deb o‘yladilar. Ortimizdan kimlarni qoldirib kelganimizni so‘radilar. Kimlar qolganini xabarini berdik. Shunda u zot aytdilar: “Ahlingizning oldiga qayting, ularning oldida turing. Ularga ta’lim bering. Buyuring, falon namozni falon vaqt, boshqasini falon paytda o‘qisinlar. Namoz vaqti kirgach, biringiz sizga azon aytib bersin, kattangiz sizga imomlik qilsin”.[1]
Qanchadan-qancha kishilar o‘z vaqtlarini uydan tashqarida ish, xizmat yoxud safar asnosida o‘tkazib yuboradilar. Aksincha, bo‘sh vaqtlarini oila a’zolari ila uylaridan uzoqroq biror xoli yerda o‘tkazsalar, bolalar atrofda quvnab yugursa... Jufti haloli va farzandlari o‘rtasida aloqalar yaxshilanib, qalblarga xursandchilik kirgan bo‘lar edi. Dam olish maskani qimmat va mashhur bo‘lishi shart emas. Oddiy tabiat qo‘yni ham bo‘ladi. Bu ham solih amal turiga kiradi, Oxiratda savob umid qilinadi...”
Nilufar SAIDAKBAROVA,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi.
[1] Imom Buxoriy rivoyati.
18 may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom sivilizatsiyasi tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Markazning jahon islom merosini o‘rganish, asrab-avaylash va uni keng jamoatchilikka zamonaviy formatlarda namoyish etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning eng muhim jihaatlaridan biri — Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida YEXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida aniqlanib, O‘zbekistonga olib kelingan noyob madaniy boyliklarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda ochilganidir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida bugungi kungacha qariyb 2 mingga yaqin madaniy boyliklar yurtimizga qaytarilgan bo‘lib, Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘rgazmada islom olamining eng muqaddas maskanlari bilan bog‘liq, yuksak qadriyatga ega bo‘lgan nodir yodgorliklar namoyish etilmoqda. Ularning markaziy eksponatlaridan biri — 1880 yilga mansub, muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan tarixiy pardasi bo‘lmish “Burqa”dir.
Shuningdek, jamoatchilik e’tiboriga Ka’ba kisvasining bir qismi — “Xizom” hamda 1900 yilga oid Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i taqdim etildi. Ekspozitsiyadan Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich — “Mizob ar-Rahmon”, “Muhammad” va “Alloh” yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar hamda 1793–1795 yillarda ko‘chirilgan, islom xattotlik san’atining nodir namunasi hisoblangan “Daloil al-xayrot” va “Al-hizb al-a’zam” asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham o‘rin oldi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy merosni izlash va Vatanga qaytarish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida jahonning turli davlatlaridagi auksion uylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan yurtimizga oid osori-atiqalarni aniqlash va sotib olish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur taqdimot nafaqat markaz ekspozitsiyasini boyitadi, balki xalqimizning boy tarixi, ma’naviy merosi va bag‘rikenglik an’analarini keng targ‘ib qilishga, madaniy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazish hamda yoshlarda tarixga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati