Yuqorida bayon qilingan vahiy holatini tushunib yetmaslik ko‘p narsalarga to‘siq bo‘lishi turgan gap. Bu ulkan haqiqatni o‘rganmay turib, o‘zicha «xulosa chiqarish» va bu xulosani boshqalarga «ilmiy haqiqat» deya taqdim qilish eng yomon narsa ekanini maktabda o‘qib yurgan chog‘imda anglab yetgan edim. Bir kuni bo‘sh qolgan dars soatida maktabimizning mudiri sinfimizga kirib, bizga «ta’lim» bera boshladi. Mudir Qur’oni Karim haqida so‘z yuritib, quyidagilarni aytdi: «Muhammad Payg‘ambar bir to‘p ilmli odamlarni to‘plab, uyga qamagan. «Bitta kitob yozasanlar», degan. Kitob yozib bo‘lingandan so‘ng haligi odamlarni qatl qilgan. So‘ngra kitobni bedapoyaga qo‘yib, odamlarni chaqirgan va «Menga osmondan kitob tushdi», deb haligi kitobni ko‘rsatgan. Shuning uchun keksalar «Bedapoyaga bavl qilib bo‘lmaydi», deyishadi...»
Mudir sinf xonasidan chiqib ketishi bilan bolalar orasida muhokama boshlandi. Hamma mudirning gapiga ishonib bo‘lmasligini ta’kidladi-yu, ammo biror kishi bor haqiqatni ayta olmadi. Haqiqatni mullalar bilishini ta’kidlashdi. Men uyga borgaiimda otamizga bo‘lib o‘tgan hodisani aytgan edim, u kishi menga kerakli narsani qisqacha tushuntirib berdilar.
Vahiyning haqiqatini tushunib yetmaslik faqatgina maktabimiz mudiri kabi dahriylik tuzumi odamlariga tegishli emas. Bundan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamasr bo‘lgan mushriklar ham bu haqiqatni inkor qilib, Qur’oni Karim haqida o‘zlaricha turli uydirmalar va bo‘htonlar to‘qigan edilar.
Mazkur bo‘htonlar turli-tuman taxminlardan boshqa narsa emas edi. Ming afsuski, ularning barchasi Qur’oni Karimga qarshi aytilgan edi. Eng yomoni, hozirgacha aytilib kelmokda. Shu bilan birga, bu narsa Alloh taoloning inoyati ila qaysidir ma’noda Qur’oni Karimning haq ekaniga xizmat ham qilmoqda. Mazkur bo‘htonlar asossiz ekani o‘z isbotini topgan sayin, kishilar Qur’oni Karimiing haq ekaniga yana ham qat’iyrok ishonch hosil qilmoqdalar.
Qur’on ilmi mashoyixlari bu mavzuga alohida e’tibor bilan qaraydilar. Qur’oii Karimga qarshi to‘qilgan bo‘htonlarga erinmasdan raddiyalar qiladilar. Chunki bunda Qur’oni Karimning haq ekanini anglatish, Qur’on dushmanlarining bo‘htonlari nohaq ekanini bayon qilish uchun qulay fursat bor.
Quyida mazkur bo‘htonlardan hamda ularga qarshi Qur’oni Karimning o‘zi va mashoyixlarimiz taqdim qilgan raddiyalardan ba’zilarini o‘rganamiz.
Arablar nazarida alg‘ov-dalg‘ov tushlar jinnilik junbushidan bo‘ladi, degan tushuncha bor edi. Shuning uchun ham ular o‘zlariga vahiy nozil bo‘layotganini aytgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hakdarida «Bu alg‘ov-dalg‘ov tush ko‘rayotgan majnun» degan gap tarqatishdi.
Alloh taolo Duxon surasida marhamat qiladi:
ثُمَّ تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَقَالُواْ مُعَلَّمٞ مَّجۡنُونٌ١٤
«...va: «Bu o‘rgatilgan majnun», dedilar» (14-oyat).
Qalam surasida shunday deb marhamat qiladi:
وَإِن يَكَادُ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ لَيُزۡلِقُونَكَ بِأَبۡصَٰرِهِمۡ لَمَّا سَمِعُواْ ٱلذِّكۡرَ وَيَقُولُونَ إِنَّهُۥ لَمَجۡنُونٞ٥١
«Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko‘zlari bilan toydirmoqchi bo‘lurlar va: «Albatta, u majnundir», derlar» (51-oyat).
Alloh taolo ularning bu bo‘htonlarini rad qilib, O‘z Nabiysiga tasalli berib, Qalam surasining avvalida shunday degan edi:
نٓۚ وَٱلۡقَلَمِ وَمَا يَسۡطُرُونَ١ مَآ أَنتَ بِنِعۡمَةِ رَبِّكَ بِمَجۡنُونٖ٢
«Nuun. Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam. Sen Robbing ne’mati ila majnun emassan» (1-2-oyatlar).
Arablar dastlab u zotga nozil bo‘layotgan vahiyning holatini tushuna olmay, turli gaplarni aytib ko‘rishdi. Lekin o‘zlari qilayotgan tuhmatlarga ularning o‘zlari ham ishonmaye edilar. Alloh taolo ularning bu masxaraomuz holatlarini tasvirlab, Anbiyo surasida quyidagilarni aytadi:
بَلۡ قَالُوٓاْ أَضۡغَٰثُ أَحۡلَٰمِۢ بَلِ ٱفۡتَرَىٰهُ بَلۡ هُوَ شَاعِرٞ فَلۡيَأۡتِنَا بَِٔايَةٖ كَمَآ أُرۡسِلَ ٱلۡأَوَّلُونَ٥
«Ular: «Balki, alg‘ov-dalg‘ov tushlardir, balki, o‘zi uydirib olgandir, balki, u shoirdir. Bas, bizga avvalgilarga yuborilganidek, mo‘jiza keltirsin», dedilar» (5-oyat).
Ular Qur’onning sodir bo‘lishini uxlagan kishining tushi, majnunning dovdirashi, to‘qib chiqarilgan narsa, yolg‘onchining uydirmasi, shoirning ilhomi kabi allanimalarga o‘xshatmoqchi bo‘lishdi. Oyati karimadagi «balki» so‘zining uch bor kelishi ularning o‘zlari aytayotgan gaplariga o‘zlari ishonmayotganlarini bildiradi. Soddagina qilib, «Allohning oyati» deyish o‘rniga shunchalik tubanlik, makkorlik botqog‘iga botishdi.
Qur’on vahiysini «tush» deydiganlarning gumonlari haqiqatdan mutlaqo yiroq tushunchadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalblari har qanday holatda uyg‘oq bo‘lishi, ko‘zlari uxlasa ham, qalblari uxlamasligi ma’lum va aniq bo‘lishi bilan birga, Qur’oni Karimning biror oyati tushda nozil bo‘lgan emas. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiyni tushunib, o‘zlariga singdirib olish xususiyatlari dastlabki «Iqro’» surasi vahiy bo‘lganidan to Qur’onning oxirgi oyati nozil bo‘lib, Rafiqi A’loga rihlat qilgunlariga qadar bardavom bo‘lgan. Bu haqikat ko‘plab sahih, ishonchli xabarlarda takror-takror kelgan.
Shu o‘rinda ba’zi mufassirlar va zamondosh yozuvchilarning, yaxshi niyat bilan bo‘lsa-da, «Hiro g‘orida Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dastlabki vahiy nozil bo‘lga nida, u zot uxlagan bo‘lganlar», deb tasavvur qilishlari xato ekanini ta’kidlab qo‘ymog‘imiz lozim.
Balki Imom Buxoriy va Imom Muslimning «Sahih»lari hamda boshqa ishonchli manbalarda kelganki, ilk vahiy nozil bo‘lgan paytda ham u zot uyg‘oq holda haqiqatni izlab, Alloh taolo haqida tafakkur qilib o‘tirgan bo‘lganlar. Shuning uchun ham qo‘rqib, qalblari iztirobga tushgan, badanlari titragan holda Xadija roziyallohu anhoning oldiga kelganlar. Agar bu ish uyqularida sodir bo‘lganida, uyg‘onganlaridan keyin qo‘rqinchlari ketgan bo‘lardi. Balki ish Qur’oni Karim Najm surasida aytganidek bo‘lgan:
مَا كَذَبَ ٱلۡفُؤَادُ مَا رَأَىٰٓ١١ أَفَتُمَٰرُونَهُۥ عَلَىٰ مَا يَرَىٰ١٢
«Qalb (ko‘z) ko‘rganini yolg‘onga chiqarmadi. U bilan o‘zi ko‘rgan narsa ustida tortishasizlarmi?!» (11-12-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlari, qilgan tasarruflari hozirgacha eng to‘g‘ri so‘z, eng odil yechim bo‘lib kelayotir. U kishining insoniyat uchun qilgan xizmatlari, keltirgan manfaatlari bashariyat tarixida biror insondan sodir bo‘lmaganiga tarixning o‘zi guvoh. Buni nafaqat musulmonlar, balki kofirlar ham baralla aytishmoqda. Bu narsa hatto isbot talab qilmas haqiqatga aylanib bo‘ldi.
Ana shunday zotga qadimgi mushriklar turli alg‘ov-dalg‘ov gaplarni aytadigan «jinni» deya tuhmat qilishgan bo‘lsa, bugungi Qur’on dushmanlari bu gapni «ilmiy» asosda tarjima qilib, «Muhammad isteriya xastaligiga mubtalo bo‘lgan, kasali tutgan paytdagi har xil gaplarni odamlarga Qur’on deb aytgan», deya bong urishmoqda. Yuqorida keltirilgan misollarda aytilgan gaplarni isteriya xastaligiga uchragan odam gapira olmasligini mazkur xastalikdan ko‘ra og‘irroq dardga uchraganlar ham aytmasa kerak...
Mushriklar Muhammad alayhissalomni yolg‘onchilikda ayblar, «Qur’onni o‘zi to‘qib olgan, «Allohdan tushyapti», degani yolg‘on», deyishgan. «Uydirmachining bo‘htonlari» yoki «yolg‘onchining terib olgan gaplari» kabi bunday da’volarni arablarning o‘zlari Muhammad alayhissalom haqlarida bergan guvohliklari rad qiladi. Chunki ular u zotni sodiqlik va omonatdorlik sifatlari bilan sifatlashar edi. Uydirmachi va yolg‘onchilarning asl basharalari tez kunda ochilib qoladi.
Xo‘sh, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qaysi narsada yolg‘on gapirdilar? G‘ayb ma’lumotlaridami, o‘tgan zamon xabarlaridami yoki kelasi zamon daraklaridami?
Chegaralangan arab madaniyati o‘sha davrda ushbu sohada kim yolg‘onchi-yu, kim rostgo‘y ekanini ajratib beradigan darajadagi hakamlik imkoniyatini bera olarmidi?!
Darhaqiqat, Qur’oni Karim borliq va undagi mavjudotlarning dastlabki yaratilishi, ularning muqarrar borish joyining vasfini qilgan. Oxiratning ne’matlari va uning alamli azoblarining tafsilotini aytgai. Jahannam eshiklarining adadini va har bir eshik oldida vakil qilingan farishtalarning adadini sanagan. Shularning barchasini Kitob berilgan ilm ahllarining ko‘z o‘ngida arablar oldiga ko‘ndalang qo‘ygan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamda ushbu keng g‘aybiy ma’rifat qayerdan paydo bo‘lib qoldi?! Vaholanki, u zot butparast, savodsiz qavmlar orasida yashar edilar. Yoki bu ma’rifat ushbu qavmga osmondagi yulduzlardan tushdimi yoxud She’royu Mirrix yulduzlaridan keldimi?! U zot sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarliqdan oldin ular orasida qirq yil yashamadilarmi?! Qirq yoshga yetganda endi adashib, ig‘voga tushdilarmi?! Ularning o‘zlari u zotni «Rostgo‘y», «Ishonchli» deb nomlamaganmidilar?!
Alloh taoloning o‘sha rostgo‘y va ishonchli zotga ularni jim qilib qo‘yadigan ilmni berishi ajablanadigan narsami?!
Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:
قُل لَّوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا تَلَوۡتُهُۥ عَلَيۡكُمۡ وَلَآ أَدۡرَىٰكُم بِهِۦۖ فَقَدۡ لَبِثۡتُ فِيكُمۡ عُمُرٗا مِّن قَبۡلِهِۦٓۚ أَفَلَا تَعۡقِلُونَ١٦
«Sen: «Agar Alloh xohlaganida, uni sizlarga tilovat qilmas edim va U uni sizlarga o‘rgatmas edi. Batahqiq, men orangizda undan oldin ham umr kechirdim. Aql yuritib ko‘rmaysizlarmi?» deb ayt» (16-oyat).
Darhaqiqat, Muhammad sollallohu alayhi vasallam vahiy kelgunicha ham qirq yil davomida ularning ichida yashagan edilar. Yaxshi sifatlari bilan ularning orasida mashhur bo‘lgan edilar. Xususan, o‘ta rostgo‘y bo‘lganlaridan Amin degan laqabni olgan edilar. Arablar u zotning ismlariga qo‘shimcha qilib, «Muhammad al-Amin» - «Ishonchli Muhammad», deb qo‘yishar edi. Ana shunday sifatlarga ega bo‘lgan odam qirq yoshga kirganida birdan yolg‘on gapirib qolishi, xususan, Allohning nomidan yolg‘on gapirishi hech bir aqlga sig‘adimi?! O‘zini bilgan har bir odam, hatto dushman, kofir bo‘lsa ham, bu haqiqatni darhol anglab yetardi. Rum imperatori Hiraql bilan Abu Sufyon va uning sheriklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mashhur suhbatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari ham tilga olingan edi.
O‘shanda Hiraql Abu Sufyondan: «Gaplarini aytishidan oldin uni yolg‘onda ayblar edingizmi?» deb so‘radi. O‘sha paytda kufrning boshi, mushriklarning rahnamosi bo‘lgan Abu Sufyon: «Yo‘q», deb javob berdi. Shunda Hiraql: «Aniq bilamanki, odamlar sha’niga yolg‘on gapirmabdimi, Alloh sha’nida yolg‘on to‘qishi mumkin emas», dedi.
Ha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qirq yoshga yetgunlaricha Qur’on va Islom haqida bir og‘iz ham gapirmagan edilar. Chunki u kishi bunday ishlar bo‘lib ketishini o‘ylamagan ham edilar. Qirq yoshga kirganlarida, Allohdan vahiy keldi va u kishi amri ilohiyga itoat etib, o‘sha vahiyni odamlarga yetkaza boshladilar. U zot Alloh haqida yolg‘on gapirishlari mumkin emas edi. Agar shunday qiladigan bo‘lsalar, Alloh u zotni o‘z hollariga tashlab qo‘ymasdi, balki jazolar edi. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘aybiy ilmlarga oid aytgan so‘zlarini avvalgi ilohiy kitoblardan xabardor insofli shaxslar ham tan olishar edi.
Endi Qur’onda kelgan tarixiy ma’lumotlar, kelajakka oid xabarlar haqida bir o‘ylab ko‘raylik. Qur’oni Karim o‘tgan zamon xabarlaridan qay birini keltirgan bo‘lsa, eng ibratlisini, o‘tgan ummatlar qissalaridan eng go‘zallarini haqiqat asosida keltirdi va oldingi kitoblardagi xatolarni to‘g‘riladi. Ulardagi anbiyolarning ma’sumligiga futur yetkazadigan yanglish tushunchalarni isloh qildi. Ba’zi tarixiy adashishlarni rad etdi. U tarixiy qissalarni bayon qilar ekan, tinglovchi o‘sha voqealarning shohidi va kuzatuv-chisi sifatida o‘zini go‘yo o‘sha voqe’likning egalari orasida, ularning asrida yashagandek his etadigan qilib tasvirladi.
Masalan, Nuh alayhissalom va u kishining qavmlari allaqachon o‘tib ketgan. Ularning xabarini Muhammad alayhissalom ham, u kishining qavmlari – Arabiston aholisi ham bilmas edilar. Ana shu odamlarga ular uchun noma’lum bo‘lgan ilm – Nuh alayhissalom va qavmlarining xabari vahiy yo‘li bilan keldi.
Alloh taolo Hud surasida O‘z Nabiysiga Nuh qissasini aytib berib, so‘ngra quyidagilarni aytadi:
«Bular g‘ayb xabarlaridan bo‘lib, ularni senga vaxni qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni sen ham bilmas eding va sening qavming ham. Bas, sabr qil, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir» (49-oyat).
Alloh taolo Qosos surasida Muso alayhissalomning Madyan va Misrda o‘tkazgan kunlari, u yerdagi hodisalarning uzun tafsilotlarini keltirar ekan, so‘ngida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday deydi:
وَمَا كُنتَ بِجَانِبِ ٱلۡغَرۡبِيِّ إِذۡ قَضَيۡنَآ إِلَىٰ مُوسَى ٱلۡأَمۡرَ وَمَا كُنتَ مِنَ ٱلشَّٰهِدِينَ٤٤
«Biz Musoga ishni hukm qilgan paytimizda, sen g‘arbiy tomonda emas eding va guvohlardan ham bo‘lmagansan» (44-oyat).
Ya’ni «Biz Musoga payg‘ambarlikni, Tavrot va uning hukmini bergan paytimizda, sen Tur tog‘ining g‘arbiy tomonida emasding. Bu ishga guvoh ham bo‘lmagansan».
Qur’on nozil bo‘lguniga qadar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muso alayhissalom va qavmlari haqida hech narsa bilmaganlaridan, bu to‘g‘rida bir og‘iz ham so‘z gapirmagan edilar. Aks holda dushmanlar darhol yuzlariga solar edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Qur’onda Muso alayhissalomning qissasi batafsil kelishi, hatto yahudiy va nasroniylarning bu boradagi xatolarini to‘grilashi Qur’onning haqiqiy ilohiy Kitob ekaniga yorqin dalildir.
وَلَٰكِنَّآ أَنشَأۡنَا قُرُونٗا فَتَطَاوَلَ عَلَيۡهِمُ ٱلۡعُمُرُۚ وَمَا كُنتَ ثَاوِيٗا فِيٓ أَهۡلِ مَدۡيَنَ تَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِنَا وَلَٰكِنَّا كُنَّا مُرۡسِلِينَ٤٥
«Lekin Biz bir necha avlodlarni paydo qildik, bas, ularning umri cho‘zildi. Sen Madyanda turib, ularga oyatlarimizni tilovat qilib berganing yo‘q. Ammo Biz Rasul yuboruvchi bo‘ldik» (45-oyat).
Muso alayhissalomning davrlaridan keyin bir necha asrlar, qanchadan-qancha avlodlar o‘tib ketdi. Bu orada Muso alayhissalomning qissalari unutildi yoki buzildi. Sen hozir Makkada turib, Madyan xabarlarini qavmingga tilovat qilib bermoqdasan. Biroq qavming bunga ishonmayapti. Madyan qayoqda-yu, Makka qayoqda. Sen tilovat qilayotgan Madyandagi hodisalar qachon o‘tgan-u, hozir qaysi zamon. U yerdagi va u vaqtdagi ishlar unutilib ketgan, hech kim bilmaydi.
«Ammo Biz Rasul yuboruvchi bo‘ldik».
Ana o‘sha yuborgan Paygambarimiz sensan. Senga mazkur xabarlarni Qur’on oyatlari orqali yetkazdik. Faqat sen Payg‘ambar bo‘lganing uchun bu ishlardan eng to‘g‘ri xabarlarni odamlarga yetkazmoqdasan. Shuning o‘zi ham sening haq Payg‘ambar ekaningga dalildir.
Alloh taolo Oli Imron surasida sayyida Maryamning Iyso alayhissalomni dunyoga keltirishlari, uni kafillikka olishga qur’a tashlashgani, Zakariyo alayhissalomning Maryamni uz kafilliklariga olganlarini bayon qilib bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarata shunday deydi:
ذَٰلِكَ مِنۡ أَنۢبَآءِ ٱلۡغَيۡبِ نُوحِيهِ إِلَيۡكَۚ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ يُلۡقُونَ أَقۡلَٰمَهُمۡ أَيُّهُمۡ يَكۡفُلُ مَرۡيَمَ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ يَخۡتَصِمُونَ٤٤
«Bu g‘ayb xabarlaridan bo‘lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Maryamni qay birlari kafillikka olishga qalamlarini tashlashayotganlarida oldilarida emasding va tortishayottanlarida ham oldilarida emasding» (44-oyat).
Shuningdek, Alloh taolo Yusuf surasida Yusuf alayhissalom va aka-ukalarining hayotiy qissalarini uzoq zikr qilib, so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarata shunday deydi:
ذَٰلِكَ مِنۡ أَنۢبَآءِ ٱلۡغَيۡبِ نُوحِيهِ إِلَيۡكَۖ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ أَجۡمَعُوٓاْ أَمۡرَهُمۡ وَهُمۡ يَمۡكُرُونَ١٠٢
«Bu g‘ayb xabarlardan bo‘lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Ular makr qilib, ishlari haqida kelishayotganlarida, oldilarida bo‘lmagan eding» (102-oyat).
Ular hasad qilib, Yusufni yo‘qotish uchun makr-hiyla ishlatib, maslahatlashayotganlarida ularning oldilarida bo‘lsang ekanki, bu gaplardan xabardor bo‘lsang. Odamlar ibrat olib, o‘zlarini o‘nglasinlar, to‘g‘ri yo‘lga tushsinlar, degan maqsadda Biz senga bu qissani vahiy qilmoqdamiz.
Yuqorida kelgan misollar Qur’oni Karimning o‘tmish voqealari, tarixiy hodisalar xususida keltirgan ma’lumotlariga misollar edi. Ularning tarixiy voqe’likka to‘gri kelishi, Qur’oni Karimning tarixiy xabarlari o‘sha davrda qadimgi ilmlarga sohib bo‘lganlar tomonidan ham, hozirda zamonaviy ilm egalari tarafidan ham qayta-qayta o‘z isbotini tonishi bu ma’lumotlarning rostligi, uni yetkazgan zot rostgo‘y ekani, bu xabarlarni u zotga Olamlarning Robbi nozil qilganining eng yorqin dalilidir.
Endi kelajak haqida bergan xabarlari va ularning natijalari haqida ham bir-ikki misol keltirsak.
Qur’oni Karim kelajak xabarlaridan bir nechtasining pardasini ochdi. Ular mushriklar hayotida ro‘yobga chiqib, ularni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.
Rumning Fors davlatidan uchragan mag‘lubiyatidan so‘ng, Alloh taolo aytganidek, sanoqli yillar ichida qaytadan g‘alaba qozonishi sodir bo‘ldi.
Alloh taolo Rum surasida marhamat qiladi:
الٓمٓ١ غُلِبَتِ ٱلرُّومُ٢ فِيٓ أَدۡنَى ٱلۡأَرۡضِ وَهُم مِّنۢ بَعۡدِ غَلَبِهِمۡ سَيَغۡلِبُونَ٣ فِي بِضۡعِ سِنِينَۗ لِلَّهِ ٱلۡأَمۡرُ مِن قَبۡلُ وَمِنۢ بَعۡدُۚ وَيَوۡمَئِذٖ يَفۡرَحُ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ٤ بِنَصۡرِ ٱللَّهِۚ يَنصُرُ مَن يَشَآءُۖ وَهُوَ ٱلۡعَزِيزُ ٱلرَّحِيمُ٥
«Alif laam miim. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli yillarda. Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Allohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar... Allohning nusratidan. U xohlaganiga nusrat berur. Va U o‘ta izzatlidir, o‘ta rahmlidir» (1-5-oyatlar).
Rum Forsdan yengildi. Bu hodisa arablarga yaqin yerda bo‘ldi. Rum va Fors yerlari Arabiston yarim oroliga bevosita chegaradoshdir. Rumliklar bu mag‘lubiyatlaridan keyin tezda, sanoqli yillar ichida qaytadan g‘olib bo‘lajaklar. Rumliklar g‘olib bo‘ladigan kunda mo‘minlar Allohning nusratidan shodlanadilar. Alloh xohlaganiga nusrat beradi. Va U Zot o‘ta izzatli (barchadan g‘olib) va o‘ta rahmlidir.
Fors va Rum davlatlari orasidagi qirg‘inbarot urush natijalaridan keyin bunday gaplarni Alloh taolo aytmasa, odam bolasi jur’at qilib ayta olmas edi. Har qanday odamning xayoliga, shunchalar qaqshatqich zarbaga uchragan, tilka-pora bo‘lib ketgan Rum davlati qanday qilib bir necha yil ichida qudratli Fors davlatini yenga oladi, degan fikr kelishi turgan ran edi. Shunday bo‘ldi ham. Mushriklar Qur’oniy xabarni masxara qilib, kula boshlashdi. Ular manzarani o‘z qarichlari bilan o‘lchashar, Alloh taoloning o‘lchovi esa boshqa ekani xayollariga kelmas edi.
Ushbu hodisa haqida bir qancha rivoyatlar kelgan. Shulardan biri ulug‘ mufassir va tarixchi imom Ibn Jarir Tabariyning Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatidir:
«Mushriklar forsliklarning rumliklardan ustun bo‘lishini orzu qilishar edi. Musulmonlar esa rumliklarning forslardan ustun bo‘lishini orzu qilishardi. Chunki ular ahli kitob edilar. Ularning dinlari o‘zaro yaqin edi.
«Alif laam miim. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli yillarda» oyatlari nozil bo‘lganida, mushriklar:
«Ey Abu Bakr! Sening og‘ayning «Rum sanoqli yillarda Forsdan ustun bo‘ladi», demoqda-ya?!» deyishdi. Abu Bakr:
«To‘g‘ri aytadi», dedilar. Ular:
«Biz bilan garov o‘ynaysanmi?» deyishdi. Yetty yil muddatga to‘rttadan tuyaga garov o‘ynashdi. Yetti yil o‘tdi. Hech narsa bo‘lmadi. Bundan mushriklar shodlanishdi. Musulmonlar mahzun bo‘lishdi. Abu Bakr bo‘lib o‘tgan gapni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Sizningcha, «biz’u» (sanoqli yillar) qancha?» deb so‘radilar. Abu Bakr:
«O‘ndan oz», deb javob qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Bor, garovning ustiga yana qo‘shimcha qil va muddatni ikki yilga oshir», dedilar. Ikki yil o‘tmay turib, otliqlar kelib, Rumning Fors ustidan g‘olib kelganining xabarini berishdi. Mo‘minlar bundan shodlandilar».
Oyati karimada Rumning «biz’u», ya’ni «sanoqli yillar»da g‘olib kelishi aytilgan edi. Bu o‘n yildan oz muddatda, deganidir. Shuning uchun ham mushriklar yetti yil o‘tsa ham biror ran bo‘lmaganidan xursand bo‘lishdi. Ammo Payg‘ambar alayhissalom oyati karimada aytilgan narsa bo‘lishiga to‘la ishonchda edilar. Shuning uchun ham u zot hazrati Abu Bakrga garov qiymatini oshiripshi irshod qildilar. Allohning aytgani sodir bo‘ldi.
Alloh Aziz, hammaning ustidan G‘olib va barchaga mehribondir. Ma’lumki, Alloh taolo vaqti-soati kelib, rumliklarni forsdan, musulmonlarni mushriklardan ustun qildi. Bu oyatlar nozil bo‘lgan paytda hech bir odam bolasi rumliklarning forsdan, musulmonlarning mushriklardan g‘olib kelishini tasavvuriga sig‘dira olgan emas. Lekin oradan oyatda aytilgan sanoqli yillar – to‘qqiz yil o‘tib, rumliklar forsliklar ustidan g‘olib keldi.
Mushriklar Makkada nozil bo‘lgan Qamar surasida kelgan oyatning tasdig‘i o‘laroq, hijratning ikkinchi yili Katta Badrda mag‘lubiyatga uchradilar. Vaholanki, bu ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi sodir bo‘lishini Makkada bo‘lgan vaqtlarida na mushriklar, va na musulmonlar aslo tasavvur qilmagan edilar.
Alloh taolo Qamar surasida dedi:
سَيُهۡزَمُ ٱلۡجَمۡعُ وَيُوَلُّونَ ٱلدُّبُرَ٤٥
«U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» (45-oyat).
Ibn Abu Hotim qilgan rivoyatda Ikrima aytadilarki, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyati nozil bo‘lganda, hazrati Umar: «Qaysi jamoat yengiladi?! Qaysi jamoat g‘olib bo‘ladi?!» degan edi. Keyinroq hazrati Umar: «Badr urushi kuni Payg‘ambar alayhissalom-ning sovutga dam urib, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini o‘qiyotganlarini ko‘rganimda, ushbu oyatning ma’nosini tushundim», degan».
Imom Buxoriyning rivoyatlarida Abdulloh ibn Abbos bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr kuni chodir ichida turib: «Allohim! Sendan O‘zing bergan axding va va’dangni so‘rayman! Allohim! Istasang, bugundan keyin Senga ibodat qilinmaydi!» dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq u zotning ko‘llaridan tutib: «Yetar, ey Allohning Rasuli, Robbingizga ko‘p yolvordingiz», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovutlarining ichida sakrar ekanlar, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini o‘qib chiqdilar».
Badr urushida son va qurol jihatidan katta ustunlikka ega bo‘lgan kofirlar sharmandalarcha yengildilar. Ularda to‘qqiz yuz ellik nafar jangchi, yetti yuzta tuya, yuzta ot, yetarlicha qurol va boshka zarur ashyolar bor edi. Musulmonlar uch yuz o‘n uch kishidan iborat edilar, xolos. Allohning madadi bilan musulmonlar g‘olib kelishdi. Mushriklardan yetmish kishi o‘ldi, yetmish kishi asirga tushdi. Musulmonlardan esa o‘n to‘rt kishi shahid bo‘ldi. Allohning va’dasi yuzaga chiqdi.
Ushbu oyati karima ulkan mo‘jiza hisoblanadi. U Makkada nozil bo‘lgan paytda musulmonlar oz sonli va kuchsiz edilar. Hech kim ularning mushriklar ustidan g‘alaba qozonishlariga ishonmas edi. Lekin ko‘p vaqt o‘tmay, bu oyat hayotda – Madinai Munavvarada, Badr urushida o‘z ifodasini topdi.
Alloh taolo Hudaybiya yilida mo‘minlarga Masjidul-Haromga kirishlari to‘grisidagi bergan va’dasiga – xavfdan keyin omonlik va’dasiga xilof kilmadi. Sochlarini olib va qisqartirib, ibodatlarining qazosini bajarishlariga bergan va’dasiga ham xilof qilmadi.
Voqea bunday bo‘lgan edi: bir kuni sahobai kiromlar to‘planib o‘tirgan edilar, huzurlariga Rasululloh alayhissolatu vassalom keldilar va ularga tushlarida hammalari sochlarini oldirgan holda, eminlikda, qo‘rqinchsiz Masjidul Haromga kirib borayotganlarini ko‘rganlarini aytdilar. Hamma bu bashoratdan xursand bo‘ldi.
Hijratning oltinchi yili Zulqa’da oyining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrani niyat qilib, safarga chiqdilar. U zot bilan birga muhojir va ansoriy musulmonlar, madinalik arablar – hammasi bo‘lib, bir ming to‘rt yuz kishi umraga chiqdi. Ammo mushriklar ularning yo‘llarini to‘sishdi. Oxiri Hudaybiyada ikki taraf sulh tuzib, musulmonlar ortga qaytishdi. Qaytayotganlarida, Makkai Mukarrama bilan Madinai Munavvara orasidagi yo‘lda kechasi Fath surasi nozil bo‘ldi. Unda Alloh taolo jumladan, shunday degan edi:
لَّقَدۡ صَدَقَ ٱللَّهُ رَسُولَهُ ٱلرُّءۡيَا بِٱلۡحَقِّۖ لَتَدۡخُلُنَّ ٱلۡمَسۡجِدَ ٱلۡحَرَامَ إِن شَآءَ ٱللَّهُ ءَامِنِينَ مُحَلِّقِينَ رُءُوسَكُمۡ وَمُقَصِّرِينَ لَا تَخَافُونَۖ فَعَلِمَ مَا لَمۡ تَعۡلَمُواْ فَجَعَلَ مِن دُونِ ذَٰلِكَ فَتۡحٗا قَرِيبًا٢٧
«Batahqiq, Alloh Rasulining tushini haq ila tasdiqladi. Albatta, Masjidul Haromga, inshaallox, omonlikda, sochlaringiz olingan, qisqartirilgan holda, qo‘rqmasdan kirasizlar. Bas, U siz bilmagan narsani biladi va (sizga) bundan boshqa yaqin fathni qildi» (27-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo mo‘minlarga bir nechta xushxabarni yetkazmoqda. Avvalo, Payg‘ambar alayhissalomning tushlarini tasdiqlamoqda. Qolaversa, Masjidul Haromga kirish albatta nasib etishining xabarini bermoqda. Ushbu xabarini Allohning Uzi ta’kidlab berayotganiga qaramay, yana O‘zi «inshaalloh» - «Alloh xohlasa» degan iborani ishlatmoqda. Bunday deyish iymon odoblaridan bo‘lib, dunyodagi har bir ishni va voqeani Alloh taoloning xohishiga boglashdan iboratdir. Hudaybiya sulhidan keyin ko‘p o‘tmay, bu va’da amalga oshdi. Rasululloh alayhissalomning tushlari tasdiqlanib, Makkai Mukarrama fath bo‘ldi. U yerdagi barcha aholi Islomga kirdi. Islom Arabiston yarim orolining boshqa taraflariga ham tarqaldi.
Bundan ham ajablanarlisi, Alloh taolo Nabiysining shaxsini va obro‘sini insonlardan saqlashni O‘z zimmasiga olishidir. Vaholanki, o‘sha davrda u zotni qatl qilishga rag‘batlilar atroflarida to‘lib-toshar edi. Shunday tahlikali bir paytda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni odamlardan O‘zi saqlashini baralla e’lon qildi.
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلرَّسُولُ بَلِّغۡ مَآ أُنزِلَ إِلَيۡكَ مِن رَّبِّكَۖ وَإِن لَّمۡ تَفۡعَلۡ فَمَا بَلَّغۡتَ رِسَالَتَهُۥۚ وَٱللَّهُ يَعۡصِمُكَ مِنَ ٱلنَّاسِۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٦٧
«Ey Rasul! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar (shunday) qilmasang, Uning risolatini yetkazmagan bo‘lasan. Alloh seni odamlardan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas» (67-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, har qanday sharoitda, odamlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan munosbatlariga qaramay, da’vat qilaverish lozimligini buyurmoqda. Zotan, payg‘ambarlik vazifasi o‘zi shundan iborat. «Agar Robbingdan nozil qilingan narsani yetkazmasang, Allohning payg‘ambarligi vazifasini ado etmagan bo‘lasan. Ammo yetkazish oson ish emas. Islom da’va-ti yo‘lida to‘siqlar ko‘p bo‘ladi. Musulmon da’vatchining dushmanlari ko‘p bo‘ladi. Unga qarshi tur li ig‘vo-bo‘htonlar uyushtiriladi, malomatlar toshlari otiladi, obro‘siga, moliga va joniga suiqasd qilinadi. Ammo bu narsalardan qo‘rqma. Chunki seni odamlarning yomonliklaridan Allohning O‘zi asraydi».
Rivoyatlarda kelishicha, ushbu oyati karima nozil bo‘lishidan oldin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning turar joylarini sahobalardan ba’zilari qo‘riqlab turishar ekan. Ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan so‘ng, u zot alayhissalom muborak boshlarini chodirdan chiqarib, eshik oldida qo‘riqchilik qilayotgan sahobalar guruhiga: «Ey odamlar, ketaveringlar, Alloh meni O‘z himoyasiga oldi», degan ekanlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud kuni dushmanga eng yaqin masofada turdilar. O‘shanda o‘lim u zotga kavushlarining bog‘ichidan ham yaqinroq edi, hatto Aliy karramallohu vajhahu: «Agar urush qizib ketsa, biz Rasulullohning himoyalariga o‘tib olardik, natijada biror kishi dushmanga u zotdan yaqinroq bo‘lmay qolar edi», deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hunayn g‘azotida xachirlarini dushman tomonga haydab bordilar. Mushriklar yuzlanib, u zotni o‘rab olishganda, qochmadilar, balki xachirlaridan tushib, go‘yo o‘zlarini ularning o‘qlariga tutgan holda:
«Men haq Nabiydirman, emasdir yolg‘on!
Abdulmuttalibga erurman o‘g‘lon!» dedilar.
Zoturriqo’da Payg‘ambar alayhissalom daraxt ostiga tushdilar va qilichlarini unga osdilaru, yonboshlab, uxlab qoldilar. Yonlarida hech kim qolmagan edi. Shunda mushriklardan bir kishi kelib, qilichni oldi-da, u zotga o‘qtalib: «Mendan qo‘rqasanmi?» dedi. «Yo‘q», dedilar. «Mendan seni nima to‘sa oladi?» dedi. «Alloh», dedilar. U: «Mendan seni nima to‘sa oladi?» dedi. «Alloh», dedilar. Uchinchi marta ham so‘ragan edi, «Alloh», dedilar. Haligi odamning qo‘lidan qilich tushib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichni olib: «Endi seni mendan kim to‘sa oladi?» dedilar. U kishi o‘tirib qoldi. So‘ngra Islomini e’lon qildi. G‘ayb xabarlarini bu qadar keskin tarzda aytish uchun yo behuda taxminlar yoki o‘ta ishonchli vahiy bo‘lishi lozim. Biror kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda taxminchining xayolotlarini, uydirmachilik alomatlarini ko‘rmagan. U zotning rostgo‘y, sog‘lom va barkamol inson bo‘lganlarini do‘st ham, dushman ham bilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kelajak haqida Allohdan deb aytgan xabarlari voqe’likda sodir bo‘lganining o‘zi u kishining haq payg‘ambar ekanlari, rostgo‘y va ishonchli zot bo‘lganlarining isbotidir. U zotni yolg‘onchi deyish iymon keltirishdan qochish uchun o‘ylab topilgan bo‘htondan boshqa narsa emas.
Arab mushriklaridan bir guruhi Qur’onni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga insonlardan biri o‘rgatishini faraz qilishdi. Vahiyning manbasini Muhammad alayhissalom shaxslarining atrofidan izlay boshlashdi. O‘z qabilalarining odamlari savodsiz bo‘lgani uchun, unga ulardan biri ta’lim bergan, degan da’voni qilishga jur’atlari yetmadi. Voqe’likdan ma’lumki, johil inson odamlarga biror narsani o‘rgata olmaydi. Ular buni yaxshi bilishardi.
Ular to‘satdan xayollaridagi o‘sha «muallim»ni topganday bo‘lishdi. Bu ulkan muallim kim bo‘ldi ekan? Ushbu muhim ilm manbai kim ekan? Bu – rumlik gulom, ajam, nasroniy odam. Makkada temirchilik qilib, kilich yasaydigan shaxs. O‘z shevasiga ko‘ra o‘qish va yozishdan xabardor kishi. «Kitob»dan faqat xomxayollarnigina biladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zan uning hunarini tomosha qilgani kelar edilar. Bu hol savodsiz arablarning «Bu uning muallimi» deyishlari uchun qulay fursat bo‘ldi.
Qur’oni Karim ularning mazkur puch xayollariga o‘rinli, ta’sirli va qanoatli raddiyani berdi. Alloh taolo Nahl surasida shunday deydi:
وَلَقَدۡ نَعۡلَمُ أَنَّهُمۡ يَقُولُونَ إِنَّمَا يُعَلِّمُهُۥ بَشَرٞۗ لِّسَانُ ٱلَّذِي يُلۡحِدُونَ إِلَيۡهِ أَعۡجَمِيّٞ وَهَٰذَا لِسَانٌ عَرَبِيّٞ مُّبِينٌ١٠٣
«Batahqiq, bilamizki, albatta, ular: «Unga birorta bashar ta’lim bermoqda, xolos», derlar. Ular ishora qilayotganning tili ajamiydir. Bu esa ochiq-oydin arab tilidadir» (103-oyat).
Muhammad ibn Is'hoqning Nabiy alayhissalom haqlaridagi siyrat kitobida shunday rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom Marva tepaligidagi Subayda degan joyda Jabr ismli bir nasroniy g‘ulom bilan o‘tirar edilar. Shundan so‘ng Alloh «Batahqiq, bilamizki, albatta, ular: «Unga birorta bashar ta’lim bermoqtsa, xolos», derlar. Ular ishora qilayotganning tili ajamiydir. Bu esa ochiq-oydin arab tilidadir» oyatini nozil qildi».
Shunga o‘xshash boshqa bir necha rivoyatlar ham bor. Umumiy ma’no shuki, mushriklar Qur’onning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Allohdan kelayotganini tan olmasdan, «Uni Muhammadning o‘zi to‘qib chiqarmoqda», degan tuhmatni qilib ko‘rdilar. Ammo o‘ylab ko‘rishsa, umrida ta’lim ko‘rmagan, o‘qish-yozishni bilmagan odam Qur’onga o‘xshash narsani to‘qib chiqarishi mumkin emasligini tushunishlari qiyin emas edi. Shuning uchun ham «Unga Qur’onni birorta odam o‘rgatmoqda», «Falonchi o‘rgatmoqda», degan boshqa uydirma – yolg‘onni to‘qidilar.
Kofirlik, mushriklik odamlarni ana shunday johil qilib qo‘yadi. Avval boshda Muhammad sollallohu alayhi vasallamni uydirmachiliqda ayblayotganlar birpas turib, o‘zlari uydirmachilik bilan tuhmat etishga o‘tib oldilar. Ularning johilliklari shu darajaga yetdiki, qanday qilib bo‘lsa ham, Qur’onning ilohiy Kitob ekanini inkor etish maqsadida to‘qiyotgan uydirmalari g‘oyatda mantiqsiz va o‘zlariga qarshi dalil bo‘layotganini ham unutib qo‘yishdi. Ha, ozgina o‘ylagan odam Qur’onni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib olishlari mumkin emasligini tushunadi. Buni turli zamon kofirlari ham anglab yetadi. Ammo kufr jaholati sababli «Qur’onni Muhammad o‘zi to‘qishi mumkin emas, uni Alloh nozil qilgan», deya olmaydi. Buning o‘rniga, boshqa ahmoqona uydirmalarni aytadi.
Qadimgi Quraysh kofirlari: «Muhammadga Qur’onni Jabr, Balzot yoki Ya’iysh o‘rgatdi», deb ajam qullarning ismlarini aytganlar. Ulardan bir ming to‘rt yuz yil keyingi kofirlar: «Muhammad katta olimlarni to‘plab, Qur’onni yozdirdi, so‘ngra ularning hammasini o‘ldirib yuborib, Kitobni bedapoyaga tashlab qo‘ydi-da, odamlarni chaqirib kelib, «Mana, menga osmondan Kitob tushdi», deb da’vo qildi», deyishdi. Uyalmay-netmay, ushbu uydirmani dars qilib o‘tishdi. Ularning bu uydirmalari o‘zlarining aqlsizliklariga dalolat ekanini tushunib yetishmas edi.
Davomi bor...
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.