Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Aprel, 2026   |   25 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:28
Asr
17:05
Shom
19:06
Xufton
20:22
Bismillah
14 Aprel, 2026, 25 Shavvol, 1447

Inson qadr-qimmati har narsadan ustun

19.12.2019   3788   7 min.
Inson qadr-qimmati har narsadan ustun

Har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash mamlakatimizda barpo etilayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir 

Bismillahir rohmanir rohim.

O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosim ko‘tarinki ruhi, mamlakatimiz va xalqimiz hayotiga daxldor eng dolzarb masalalar keng muhokama qilingani bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasini diqqat-e’tibor ila tingladik. Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzalarida: “Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir”, deya alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yilgan. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning o‘zak-mag‘zini “Odamlarni hayotdan rozi qilish” degan yuksak tamoyil tashkil etayotgani bejiz emas.

Ma’lumki, Qur’oni karim va hadisi shariflarda inson qadr-qimmatini doimo ulug‘lash borasidagi ko‘rsatmalar kelgan. Qur’oni karimda:

“Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga ot-ulov va kemalarga mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70), deb bayon qilinadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” degan shior ostida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar qisqa muddatda yuksak natijalar berayotganini bugun har qadamda ko‘rish, kuzatish mumkin.

Muqaddas islom dinining asl g‘oyalarini xalqimizga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tashkil etilganini aytib o‘tish o‘rinlidir.

Toshkent shahrida “Suzuk ota”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, Termiz shahrida “Hakim Termiziy”, Urganch shahridagi “Oxun bobo” masjidlari, Qarshi tumanida “Abul Muin Nasafiy” majmuasi barpo etilgani, buyuk ajdodlarimizning ilmiy asarlari va boshqa turli diniy mavzulardagi adabiyotlar yetarli darajada nashr etilayotgani, yurtdoshlarimizning kunlik ibodatlari bilan bir qatorda haj ziyorati kvotasi 5 mingdan 7200 nafargacha oshirilgani, safar bilan bog‘liq xarajatlar esa kamaytirilgani, umra safaridan esa kvota umuman olib tashlangani fikrimiz dalilidir.  

Davlatimiz rahbari ma’ruzasida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirokida diniy sohadagi davlat siyosatini yanada erkinlashtirish maqsadida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib borilyapti.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish jarayoni soddalashtirildi. Jumladan, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji mikdori 50 foiz kamaytirilib, talab etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi. Shuningdek, diniy tashkilotlar o‘z faoliyatiga doir hisobotni bir yilda bir marta topshirishi belgilandi. Avvallari bunday hisobot bir yilda to‘rt marta topshirilar edi.

2017-2019 yillar mobaynida bilib-bilmay to‘g‘ri yo‘ldan adashib, adashgan oqimlarga kirib qolgan, lekin o‘z qilmishiga pushaymon bo‘lgan 20 mingdan ortiq fuqaro maxsus ro‘yxatdan chiqarildi. Ularning ijtimoiy hayotga moslashuvini ta’minlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman va shaharlarda ishchi guruhlari tashkil qilinib, 15 mingdan ziyod ijtimoiy muammolar ijobiy hal etildi.

Prezidentimiz keyingi uch yil ichida afv etish to‘g‘risida 8 ta Farmon imzoladi. Mustaqillik, Konstitutsiya, Navro‘z va Hayit bayramlari munosabati bilan qabul qilingan ushbu Farmonlar asosida 4 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.

Inson manfaatlari yo‘lidagi xalqparvar, elparvar siyosatning yana bir amaliy ifodasi o‘z yurtini tashlab ketgan, aldangan, adashgan vatandoshlarimizni kechirib, yurtga qaytarish bo‘ldi. Joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan, asosan, ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Ularga zarur tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatildi. Bu, o‘z navbatida, ularning ertangi kunga, kelajakka, yorug‘ kunlarga ishonchini yanada orttirishi, shubhasiz.

Bosh Qomusimizning 13-moddasida bunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”.

Shuningdek, Bosh Qomusimizda yana ko‘plab qadriyatlar mujassam bo‘lganini ko‘rish mumkin. Masalan, mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari ahil-inoq yashaydi. Ularning hech biri boshqasidan ortiq yoki kam ko‘rilgan emas. Hammasi Konstitutsiyada nazarda tutilgan huquq va erkinliklardan teng va birdek foydalanadilar.

Dunyoning ayrim hududlarida milliy, diniy, etnik kelishmovchiliklar bo‘lib turgan hozirgi pallada bizning diyorimizda turli dinlar, konfessiyalar vakillari o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etayotganlari, millatlar va elatlar o‘z moddiy-ma’naviy ehtiyojlarini to‘la qondirayotganlari diqqatga sazovordir.

Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida adolatli jamiyat haqida so‘zladi. Darhaqiqat, “Adolat”, “tinchlik”, “taraqqiyot” so‘zlari bugun yurtimizning har jabhasida yonma-yon qo‘llanilyapti, amaliy ishlarda namoyon bo‘lyapti. Zero, Qur’oni karimda: “Adolatli bo‘lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir” (Moida surasi, 8-oyat), deb marhamat qilingan. Islom dinida barcha ishlarda adolatni asosiy mezon qilib olishga chaqiriladi.

Inson erki daxlsizdir. Bu xalqaro tamoyil Konstitutsiyamizda ham o‘z aksini topgan. Asosiy Qonunimizda din va vijdon erkinligi masalalariga katta e’tibor qaratilgan. Unda xalqimiz ruhiga mos keladigan imon-e’tiqod, adlu insof, diyonat, mehru oqibat, or-nomus, iffat va hayo kabi eng ezgu fazilatlar o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, Bosh qomusimizda O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, huquq va burchlari kafolatlangan.

Asosiy qonunimizning muhim bandlaridan yana biri – Alloh taolo bergan ulug‘ ne’mat — insonning hayoti va huquqlari haqidadir. Unda fuqarolarning manfaatlari qonuniy ravishda mustahkamlangan va qat’iy kafolatlangandir.

Shundan kelib chiqib, yurtimizda xalqimiz manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishlarga kamarbasta bo‘lish ulamo va imom-xatiblarimiz uchun  ham burchdir. Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini xalqimizga yetkazish, ayniqsa, yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida astoydil harakat qilish ularning zimmalaridagi sharafli vazifalardan biridir.

Muxtasar aytganda, taraqqiyotimizning yangi davrida O‘zbekistonda diniy erkinlik to‘la ta’minlanmoqda. Din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar esa insonlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini kafolatlab, xalqimizni ma’nan yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilyapti.

Alloh yurtimizni doimo tinch, osmonimizni musaffo qilsin va davlatimizning yanada ravnaq topishida O‘zi madadkor bo‘lsin.

 

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Oz narsa bilan baxtli bo‘lish ko‘pi bilan baxtsiz bo‘lishdan yaxshidir

13.04.2026   4934   1 min.
Oz narsa bilan baxtli bo‘lish ko‘pi bilan baxtsiz bo‘lishdan yaxshidir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Umringiz chegaralangan. U xursandchilik, shodlik, rozilik, sakinat va qanoat umridir. Ochko‘zlik, tama va bezovtalik sizning umringizdan emas, balki ular sizning sog‘lig‘ingiz, tinchligingiz va chiroyingizga zid keladigan, zarar beradigan narsalardir. Shunday ekan, siz doimo Allohdan rozi, sizga berilgan narsaga qanoatli, taqdirga iymonli va kelajakka yaxshi umidli bo‘ling. Siz soyasi juda oz, ko‘rgan insonni quvnatadigan, arzon narslarga bog‘lanib qolmagan va guldan gulga qo‘nib, bog‘dan bog‘ga sayr qiladigan go‘zal kapalak kabi bo‘ling. Yoki pok narsa tanovul qilib, pok narsa beradigan, biror gulga qo‘nsa uni sindirmaydigan, xushbo‘y narsaga qo‘nib, uni yaralamaydigan, asal berib, chaqmaydigan va muhabbat ila parvoz etadigan asalari kabi bo‘ling.

Shu’la: Alloh taolo ko‘p tavba qiluvchilarni sevadi. Chunki ular Unga qaytishgan va holatlarini U zotga shikoyat etishgan.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan

Maqolalar