Ma’lumki, qon turli mikroblar ko‘payishi uchun qulay muhitdir. Shuningdek, qonda hech qanday ozuqaviy modda mavjud bo‘lmay, hazm bo‘lishi qiyin narsadir. Chunki, qondagi proteinlar juda zaharli moddalar bilan aralash holatda bo‘ladi. Hatto qonning ozginasi insonning oshqozoniga tushsa, dahol qayt qilish jarayoni boshlanadi. Mabodo qonni iste’mol qilinadigan bo‘lsa, u hazm bo‘lmay, qora modda ko‘rinishidan tashqariga chiqadi.
Qonni ichish yoki pishirish yo‘li bilan iste’mol qiluvchilar o‘z tanalariga katta zararni qabul qilayotgan bo‘ladilar. Chunki, qon mikroblar omboridir. Qon iste’moliga o‘rgangan kishilar mikroblar, juda zaharli moddalardan tashqari, tanada karbonat angidrid gazi ortib ketishi sababli ham halok bo‘lishlari ehtimoli katta. Qonni iste’mol qilish o‘zini o‘zi halokatga tashlashdir.
Robbimiz subhanahu va taolo bizga qonni, shu jumladan, oqizilgan qonni harom qilgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
قُل لاَّ أَجِدُ فِي مَا أُوْحِيَ إِلَيَّ مُحَرَّماً عَلَى طَاعِمٍ يَطْعَمُهُ إِلاَّ أَن يَكُونَ مَيْتَةً أَوْ دَماً مَّسْفُوحاً أَوْ لَحْمَ خِنزِيرٍ فَإِنَّهُ رِجْسٌ أَوْ فِسْقاً أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلاَ عَادٍ فَإِنَّ رَبَّكَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
“Menga vahiy qilingan narsada taomlanuvchi uchun harom qilingan narsani topmayapman. Magar o‘limtik yoki oqizilgan qon yoki to‘ng‘iz go‘shti bo‘lsa, albatta, u iflos, haromdir. Yohud fosiqlik ila Allohdan o‘zganing nomiga so‘yilgan bo‘lsa (haromdir). Bas, kishi muztar bo‘lib, maza talab qiluvchi va tajovuzkor bo‘lmagan holida (iste’mol qilsa). Albatta, Robbing mag‘firat qilguvchi va rahmli zotdir”, deb ayt”. (Ya’ni, siz harom deb atagan narsalarning birortasini ham Alloh harom qilgani yo‘q. Bu narsalarni siz o‘zingizcha harom deb yuribsiz. Alloh taolo menga vahiy yuborib, nima halol, nima harom ekanini bayon qildi.) (An’om surasi, 145-oyat).
Bu oyatdagi مَّسْفُوحاً (masfuhan) kalimasida qonning ushbu qismi mikroblar uyasi ekaniga ishora bor. Ma’lumki, tanada qonni tozalovchi a’zolar bor. Bular buyrak va o‘pkadir. Buyrak qonni zaharli moddalardan, o‘pka esa zaharli gazlardan tozalaydi. Lekin hayvon o‘lsa, bu a’zolar ishdan to‘xtagani uchun tanadagi qon mikroblar manbaiga aylanadi. Shu bois hayvonni so‘yilganda, uning tanasidagi mikroblarga to‘la qon oqizib yuboriladi. Ha, jonliqni Islom hukmlariga muvofiq so‘yish uning go‘shti zarar emas, foyda, ozuqa manbaiga aylanishiga sabab bo‘ladi.
Bugun esa g‘arb mamlakatlarida mikroblar kashf etilanidan so‘ng qon va o‘limtik go‘shti iste’molini ta’qiqlash bo‘yicha qonunlar chiqarilgan. Ular qonda va o‘lgan hayvon tanasida mikroblar ko‘p bo‘lishini bilib qoldilar. Lekin Alloh subhanahu va taolo bundan 1400 yil oldin so‘yilayotgan hayvon tanasidan oqib chiqayotgan qonni va o‘limtik go‘shtini yeyishni harom qilgan.
Qassoblarning pichog‘ida minglab mikroblar bo‘ladi. Ushbu mikroblar hayvonni so‘yish paytida qoniga tegishi bilanoq ko‘paya boshlaydi. Har yarim soatda bir necha barobarga ko‘payib ketadi. Uch soat deganda mingta mikrob yuz minglab mikroblarga ortadi. Bu ma’lumotlarni o‘qigach, Robbimiz azza va jalla O‘zining ulug‘ Kitobida bizga qonni va o‘lgan hayvon go‘shti iste’molini harom qilganining hikmatini anglab yetamiz.
Biz Qur’oni Karimni o‘qiyotganimizda, u Robbimizning Kalomi ekanini anglashimiz kerak. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَلَا يُنَبِّئُكَ مِثْلُ خَبِيرٍ
“O‘ta xabardor zotdek hech kim senga xabar bera olmas” (Fotir surasi, 14-oyat).
Olamlar Robbining ko‘rsatmasidan to‘g‘ri ko‘rsatma yo‘q!
Alloh taoloning amriga bo‘ysunmaydigan kishilar go‘shtni qoni bilan iste’mol qiladilar. Shu maqsadda ular hayvonni so‘ymay, elektr toki berib o‘ldiradilar. Ana shundan keyin o‘lgan hayvonni maydalaydilar. Bu holatda esa hayvonning qoni go‘shtiga urib ketadi. Keyin mikroblar ombori bo‘lishga ulgurgan o‘sha go‘shtni pishirib yeydilar.
Agar siz baxt-saodat va salomatlikni istasangiz, Xoliq taoloning ko‘rsatmalariga amal qilib yashang!
Mo‘min-musulmon odam yaxshi tushunib olishi kerakki, Din ahkomlari inson hurriyatini cheklash uchun emas, balki uning salomatligi garovidir. Agar siz simyog‘ochga yopishtirib qo‘yilgan “Hayot uchun xavfli” degan yozuvni ko‘rsangiz, mas’ul kishilar o‘sha qog‘ozni sizning hurriyatingizni cheklash uchun yopishtirgan deb o‘ylaysizmi yoki salomatligingizni o‘ylab yopishtirganlarmi?! Albatta, o‘sha yozuvli qog‘oz insonlarni xavfdan ogoh etish uchun yopishtirilgani sir emas.
Biz dinimizni chuqur anglashimiz kerak.
Robbimiz azza va jallaning chegaralari bor. U Zot Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَعْتَدُوهَا وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ اللّهِ فَأُوْلَـئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ
“Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralarida tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir” (Baqara surasi, 229-oyat).
Yuqori kuchlanishli elektr toki atrofida magnit maydon hosil bo‘ladi. Elektr toki urishidan saqlanish uchun o‘sha magnit maydonga ham yaqinlashmaslik kerak.
Gunohlar insonni halok qiladigan narsa ekan, demak, unga olib boradigan yo‘llarga ham yaqinlashmaslik kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَقْرَبُوهَا
“Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang” (Baqara surasi, 187-oyat).
Gunohga olib boradigan yo‘llari bor ishlarga yaqin yo‘lamaslik, unday yo‘llardan, vositalardan uzoqroq yurishimiz kerak.
Alloh taolo yana bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:
وَلاَ تَقْرَبُواْ الزِّنَى إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاء سَبِيلاً
“Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir”. (Oyatda “zino qilmanglar” emas, balki “zinoga yaqinlashmanglar” deyilmoqda. Bu degani, zino qilmanglar, degandan ko‘ra qattiqroqdir. Mo‘min-musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo‘lamasligi kerak. Zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo‘lishi lozim.) (Isro surasi, 32-oyatlar).
Ma’lumki, zino bir necha bosqichlardan iborat. Nomahram bilan tanishish, gaplashish, uchrashish, ushlash, o‘pish, uyiga borish va oxirida farj zinosi yuz beradi. Demak, mo‘min-musulmon odam zinoga olib boradigan barcha bosqichlarga yaqinlashmasligi kerak.
Shunday qilib, Alloh taoloning barcha chegaralari insonning, uning naslining salomatligi uchundir. Agar siz bu chegaralarga yaqin kelmasangiz, Alloh taoloni roziligiga erishasiz va o‘zingizning salomatligingizni saqlashga harakat qilgan bo‘lasiz. Agar siz Alloh taoloning toatida bo‘lsangiz, Uning zimmasi, omonligi ostida bo‘lasiz.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَأَنزَلَ اللّهُ عَلَيْكَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَعَلَّمَكَ مَا لَمْ تَكُنْ تَعْلَمُ وَكَانَ فَضْلُ اللّهِ عَلَيْكَ عَظِيماً
“Alloh senga kitobni va hikmatni tushirdi hamda bilmagan narsangni bildirdi. Va senga Allohning fazli ulug‘ bo‘ldi” (Niso surasi, 113-oyat).
Payg‘ambariga va u kishi orqali barcha bandalariga bilmagan narsalarini ta’lim bergan, ularga foydali narsalarni halol qilib, zararli narsalarni harom qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar va shukrlar bo‘lsin!
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy hafizahullohning
“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar ensiklopediyasi”
kitobi va internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati