Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2026   |   21 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:39
Quyosh
05:11
Peshin
12:25
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2026, 21 Zulqa`da, 1447

Islom tarixi: LUT, ISMOIL, IS'HOQ, Ya’QUB, YUSUF ALAYHIMUSSALOM

02.12.2019   14256   27 min.
Islom tarixi: LUT, ISMOIL, IS'HOQ, Ya’QUB, YUSUF ALAYHIMUSSALOM

 

UCHINCHI FASL

SHOM YURTLARINING

NABIYLARI VA TAMADDUNLARI

Bashar Shom yurtlariga yetib keldi va u yerda turli jamoalarga tarqalib ketdi. O‘sha joylarning eng kattalari G‘uta, Damashq va boshqa nomlar bilan ma’lum va mashhur bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi sohilda joylashgan edi.

 

LUT ALAYHISSALOM

Payg‘ambarlarning mashhurlaridan bo‘lmish Lut alayhissalom Ibrohim alayhissalomning akalari Horonning o‘g‘li edilar. Ya’ni Ibrohim alayhissalom Lut alayhissalomga amaki bo‘ladilar. Alloh taolo u zotni ham Ibrohim alayhissalomning zamonlarida payg‘ambar qilib yuborgan.

Dastlab Lut alayhissalom ham Ibrohim alayhissalomga iymon keltirib, u zotning yo‘lidan yurganlar. Keyinchalik Lut alayhissalom amakilari Ibrohim alayhissalomning iznlari bilan Urdunning (Iordaniya) Sadum degan joyiga ketdilar.

Shunday qilib Alloh taoloning izni bilan ular O‘lik dengiz atrofidagi Sadum nomli shahar hamda uning atrofidagi aholi yashaydigan joylarda istiqomat qildilar va o‘sha yer aholisiga payg‘ambar etib yuborildilar.

Lut alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgan Sadum shahrining aholisi dunyodagi eng yomon gunohlardan biriga mubtalo bo‘lishgan edi. Ular bachchabozlik bilan shug‘ullanishardi. Lut alayhissalomning asosiy vazifalaridan biri ularni shu qabih ishdan qaytarish bo‘ldi.

Alloh taolo Ankabut surasida bu haqda quyidagilarni aytadi:

«...va Lutni (ham yubordik). O‘shanda u o‘z qavmiga dedi: «Siz o‘zingizdan oldin o‘tgan olamlardan hech kim qilmagan fahsh ishni qilmoqdasiz» (28-oyat).

Bu fahsh ish nima ekani hammaga ma’lum. Bu qavm jinsiy buzuqlikka mukkasidan ketgan edi. Ushbu oyatda mazkur buzuqlikni Lut qavmidan oldin insoniyat tarixida hech kim qilmagani ham ta’kidlanmoqda. Keyingi oyatda Lut alayhissalom mazkur fahsh ishni ochiq bayon etadilar:

«Sizlar erkaklarga yaqinlik qilib, yo‘lni kesasizmi va yig‘inlaringizda munkar ish qilasizmi?!» Qavmining javobi «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga Allohning azobini keltir», deyishdan boshqa bo‘lmadi» (29-oyat).

Lut qavmi bu ishga juda berilganidan mazkur qabohatni to‘p-to‘p bo‘lib olib, ochiqchasiga qilishar edi. Ular na uchlaridan, na boshqalardan uyalishardi.

Bu ishlari oddiy fahsh emas, balki o‘taketgan yovuzlik, iisoniylik doirasidan chiqib ketish edi. Shu darajada tubanlikka yetganlar darhol tavba qilib, o‘zlarini o‘nglamasalar, oqibati yomon bo‘lishi aniq edi.

Shuning uchun ham Lut alayhissalom o‘z qavmlarini yuqoridagi gaplar bilan bu yo‘ldan qaytishga da’vat qildilar. Xo‘sh, qavm bu da’vatga qanday javob berdi?

«Qavmining javobi «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga Allohning azobini keltir», deyishdan boshqa bo‘lmadi».

Tabiati buzilib, hirsga berilgan bu buzuq qavmga o‘zlaridan chiqqan payg‘ambar – Lut alayhissalomning da’vati zarracha ham ta’sir qilmadi. Aksincha, tug‘yonga ketgan qavm o‘z payg‘ambariga istehzo bilan: «Agar gaping rost bo‘lsa, bizga Allohning azobini keltir», deyishdi. Bu hol Lut alayhissalom uchun katta sinov bo‘ldi. Shahvoniy lazzatga berilgan qavmning iymon va dinu diyonat bilan ham, Allohning amri va payg‘ambarning da’vati bilan ham hech qanday ishi yo‘q edi. Ular qilayotgan gunohlari uchun azob kelishidan ham qo‘rqmay qo‘yishgandi. Ana o‘shanda Lut alayhissalomning Alloh taologa yolvorishdan boshqa choralari qolmadi:

«Robbim, menga buzg‘unchi qavmlarga qarshi O‘zing nusrat ber», dedi» (30-oyat).

Bu buzg‘unchi qavmga hech qanday nasihat, da’vat foyda bermadi. Endi ularga qarshi Allohning O‘zi nusrat bermasa, boshqa iloj yo‘q edi.

 

Azob farishtalarining yuborilishi va jinoyatchi qavmning halokati

Alloh taolo Lut alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Qavmni halok qilish uchun farishtalarni yubordi.

Lut alayhissalomning xonadonlariga yosh, xushro‘y yigitlar suratida kelgan mehmonlar bilan bachchabozlik qilish niyatida u zotning uylariga yopirilib kelgan fahshboz qavm ularning o‘zlariga topshirilishini talab qildi. Payg‘ambar Lut alayhissalom qavmni bu maqsaddan qaytarishga ko‘p urindilar, hech foyda bermadi.

Yigitlardan biri tashqariga chiqib, ba’zi bir harakatlar qildi. Shunda buzuq qavmning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoldi va tumtaraqay bo‘lib, kelgan joylariga qaytib ketish uchun yo‘l axtarib qolishdi.

Yosh yigitlar o‘zlarini himoya qila olmaydigan mehmon­lar emas, balki Allohning elchilari – mazkur jinoyatchi qavmni halok qilish uchun yuborilgan kuchli farishtalar edi. Ular Lut alayhissalomga u zotning mustahkam panohda – Alloh taoloning himoyasida ekanlarini eslatdilar.

E’tibor va mulohaza bilan qaraladigan bo‘lsa, ko‘p halokatlar subh vaqtida yuz berishi ma’lum bo‘ladi. Bu paytni Alloh taolo barakali qilib qo‘ygan. Lekin gunohkor va kofir qavmlar kechasi bilan gunoh ishlarni qilib, ayni tong – subh chog‘ida g‘aflat uyqusiga ketishgan bo‘ladi.

Mazkur diyorning nomi Sadum bo‘lib, rivoyatlarda kelishicha, Allohning amri ila farishtalar Sadumni borligicha ko‘tarib, chappasiga, ya’ni yerning ostini ustiga aylantirib qo‘yganlar. Sadum butun aholisi va bor-yo‘g‘i bilan yer ostiga ko‘milgan.

 

ISMOIL ALAYHISSALOM

Ismoil alayhissalom payg‘ambarlar ichida eng nasabi mashhur, ya’ni ota-onasi mashhur zotlardan birlari desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. U zot Ibrohim alayhissalom va Hojar onamizdan dunyoga kelganlar. Ismoil alayhissalom o‘z zurriyotlari ichidan Muhammad sollallohu alayhi vasallam chiqqanliklari bilan ham mashhurdirlar. Shunday qilib Ismoil alayhissalom ota tarafdan ham, farzand tarafdan ham o‘zlaridan ko‘ra mashhur zotlarga bog‘lanadilar.

Ismoil alayhissalomning tug‘ilishlarigacha bo‘lgan voqealar yuqorida, Ibrohim alayhissalomning tarixlari bayon etilgan sahifalarda keltirildi.

Ushbu o‘rinda ularning qisqacha bayonini yana bir bor keltiramiz:

Ismoil alayhissalomning onalari Hojar misrlik bo‘lib, o‘sha yerning podshohi tomonidan Sora onamizga, u kishi tomonidan esa erlari Ibrohim alayhissalomga hadya qilingan edilar. Alloh taoloning va’dasiga binoan, qartayib qolgan Ibrohim alayhissalomdan homilador bo‘lgan Hojar onamizdan Ismoil alayhissalom dunyoga keldilar.

Keyin oilaviy sabablarga ko‘ra, Alloh taoloning hikmati asosida Ibrohim alayhissalom go‘dak Ismoilni onasi bilan birga o‘simliksiz cho‘lda qoldirib ketdilar. Qaytib ketayotib, Ibrohim alayhissalom o‘zlarining mashhur duolarini qildilar...

Keyin nimalar bo‘lganini Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadisi shariflari orqali o‘rganamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Ayollardan birinchi bo‘lib Ismoilning onasi mintaq[1] tutgan. U izini Soraga ko‘rsatmaslik uchun mintaq tutgan edi. Keyin Ibrohim uni va uning farzandi Ismoilni olib kelib, Baytullohning yoniga, ulkan daraxt oldiga – masjidning tepa tomonidagi Zamzamning ustiga tushirdilar. Hojar uni emizar edi. U paytlar Makkada na odam, na suv bor edi. Ikkovlarini o‘sha yerga tushirib, oldlariga bir xalta xurmo va bir suvdonda suv qo‘ydilar. So‘ng Ibrohim yo‘lga tushmoqchi bo‘lib, ortlariga otlangan edilar, Ismoilning onasi unga ergashib: «Ey Ibrohim! Bizlarni na bir inson, na biror narsa bor bu vodiyga tashlab, qayerga ketyapsiz?» dedi. U buni unga bir necha marta aytdi. Ibrohim alayhissalom esa unga qaramay turib oldilar. Hojar unga: «Buni sizga Alloh buyurdimi?» dedi. U kishi «Ha», dedilar. Hojar «Unday bo‘lsa, U Zot bizni zoye qilmaydi» deb, so‘ng ortiga qaytdi.

Ibrohim alayhissalom yo‘lga tushdilar. Nihoyat ular ko‘rmaydigan joyga – dovonga yetganlarida Bayt sari yuzlandilar. So‘ng qo‘llarini ko‘targancha, ushbu so‘zlarni aytib, duo qildilar: «Robbimiz, haqiqatda men o‘z zurriyotimni Baytul haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Robbimiz, namozni to‘kis ado etishlari uchun. O‘zing odamlardan ba’zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar».

Hojar Ismoilni emizib, haligi suvdan icha boshladi. Nihoyat suvdondagi suv tugab, chanqay boshladi. O‘g‘li ham chanqadi. Hojar uning qiynalayotganini ko‘rib, bunga qarab turishga chiday olmay, yura boshladi. Safoning o‘sha yerda o‘ziga eng yaqin tog‘ ekanini ko‘rib, uning ustiga chiqib, turdi. So‘ng biror kishini ko‘rib qolarmikanman, degan ilinjda vodiyga qaradi. Biroq hech kimni ko‘rmadi.

Safodan tushdi. Nihoyat vodiyga yetganida ko‘ylagining tagini ko‘tardi-da, og‘ir ahvolga tushgan insonning yugurishidek yugura ketdi. Shu tarzda vodiydan o‘tib ham ketdi.

Keyin Marvaga kelib, uning ustiga chiqib turdi va biror kishini ko‘rib qolarmikanman deb qaradi. Biroq hech kim­ni ko‘rmadi. Yetti marta shunday qildi (Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning shu ikkisi (Safo – Marva) orasida sa’y qilishlari shundan», deganlar). Marvaning ustiga chiqqanda bir ovoz eshitdi. O‘ziga o‘zi: «Jim tur», dedi-da, quloq tutdi, yana eshitdi. Hojar: «Eshittirib bo‘lding, agar senda biror yordam bo‘lsa (ko‘rsat)...» dedi. Qarasa, Zamzamning o‘rnida bir farishta turibdi. U tovoni bilan (yoki qanoti bilan) kavladi, nihoyat suv chiqdi. Hojar uning atrofiga qo‘li bilan tuproqni uyib, hovuz qila boshladi. So‘ng suvdoniga suvdan hovuchlab quya ketdi. Har hovuchlab olganidan so‘ng u otilib chiqar edi (Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh Ismoilning onasini rahmatiga olsin, Zamzamni qo‘yib berganida edi (yoki suvdan hovuchlab olmaganida edi), Zamzam oqar buloq bo‘lar edi», degan edilar). U undan ichib, bolasini emizdi. Farishta unga: «Zoye bo‘lishdan qo‘rqmanglar, chunki mana shu yerda Allohning uyi bo‘ladi, (uni) shu bola va uning otasi quradi. Alloh uning ahlini zoye qilmaydi», dedi.

Bayt yerdan ko‘tarilgan, xuddi tepalikdek joy edi. Sellar kelib, uning o‘ngidan va chapidan yuvib ketardi. Hojar ana shu ahvolda ekan, uning oldiga Jurhum[2] qabilasidan yo‘lovchilar (yoki Jurhumdan bir oila) Kado[3] yo‘lidan yurib kelib qolishdi va Makkaning pastiga tushishdi. Ular osmonda doira chizib parvoz qilayotgan qushni ko‘rib qolishdi. Shunda: «Bu qush suvning ustida aylanyapti. Aniq bilamizki, bu vodiyda suv yo‘q», deyishdi. Bir yo ikki chopar yuborishdi. Borib qarashsa, suv bor. Ortga qaytib, ularga suvning xabarini berishdi. Shunda barchalari suvga kelishdi. Ismoilning onasi suv oldida edi. Ular: «Yoningizga tushishimizga izn berasizmi?» deyishdi. U: «Ha, lekin suvda sizlarning haqqingiz yo‘q», dedi. Ular «Xo‘p» deyishdi (Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ismoil­ning onasi uns-ulfat istab turganida uni uchratdi», deganlar). Ular o‘sha joyga tushib, o‘z ahllariga odam yubo­rishdi. Ular ham birgalikda kelib tushishdi. Natijada bu yerda ulardan ko‘plab oilalar paydo bo‘ldi.

Bola ulg‘ayib, ularni o‘ziga rom qildi. Voyaga yetgach, uni o‘zlaridan bir ayolga uylantirib qo‘yishdi. Keyinroq Is­moilning onasi vafot etdi.

Ismoil uylangach, Ibrohim alayhissalom o‘zlari tashlab ketgan kishilarni ko‘rgani kelib, Ismoilni topmadilar. Ayolidan uni so‘radilar. U: «Biz uchun rizq izlab chiqib ketganlar», dedi. Keyin undan tirikchiliklari va ahvollari haqida so‘ragan edilar, «Biz yomon ahvoldamiz. Tangchilik, qiyinchilikdamiz», deb shikoyat qildi. U kishi: «Ering kelsa, unga salom ayt. Yana aytginki, eshigining ostonasini o‘zgartirsin», dedilar. Ismoil kelgach, nimanidir sezgandek bo‘ldi. «Biror kishi keldimi?» dedi. U: «Ha. Shunday-shunday bir chol keldi. Bizdan siz haqingizda so‘ragan edi, unga aytdim. Tirikchiligimiz qandayligi haqida so‘ragan edi, mashaqqat va qiyinchilikda ekanimizni aytdim», dedi. «Senga biror tavsiya aytdimi?» dedi. U:

«Ha. Sizga salom aytishimni buyurdi. Aytdiki, eshigingizning ostonasini o‘zgartirar ekansiz», dedi.

«O‘sha mening otam edi. Menga sendan ajralishimni buyuribdilar, ahlingga boraver», dedi-da, uni taloq qilib, o‘sha qavmdan yana boshqa ayolga uylandi.

Ibrohim alayhissalom ulardan uzoqda Alloh xohlagancha yurdilar. So‘ng ularning oldiga keldilar. Biroq uni topmadilar. Ayoliga uchrab, o‘g‘li Ismoilni so‘radilar. «Biz uchun rizq izlab chiqib ketganlar», dedi u. «O‘zlaring qandaysizlar?» deb, undan tirikchiliklari va ahvollari haqida so‘radilar. U: «Yaxshilikda, kengchilikdamiz», dedi na Allohga hamdu sano aytdi. «Yeguligingiz nima?» dedi. «Go‘sht», dedi. «Ichimligingiz nima?» dedi. «Suv», dedi.

«Allohim! Ular uchun go‘shtga ham, suvga ham baraka ber», dedilar (Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘sha kunda ularda don yo‘q edi. Agar bo‘lganida, ular uchun unga ham duo qilgan bo‘lar edi», deganlar. Shu bois Makkadan boshqa yerda biror kishi faqat shu ikkisini – go‘sht va suvni osa, bular unga (mizojiga) to‘g‘ri kelmaydi). «Ering kelsa, unga salom ayt va tayinlaginki, eshigining ostonasini mahkam qilsin», dedilar.

Ismoil kelgach: «Biror kishi keldimi?» dedi. Ayoli: «Ha, bir xushsurat qariya keldi – ya’ni uni maqtadi, – mendan siz haqingizda so‘ragan edi, unga aytdim. Mendan ti­rikchiligimiz kandayligi haqida so‘ragan edi, unga yaxshilikda ekanimizni aytdim», dedi.

«Senga biror tavsiya aytdimi?» dedi. U: «Ha, sizga sa­lom aytdi, yana eshigingizning ostonasini mahkam qilishni buyurdi», dedi.

«O‘sha mening otam. «Ostona» sensan, menga seni mahkam tutishimni buyuribdilar», dedi u.

Ibrohim alayhissalom ulardan uzoqda Alloh xohlagancha yurib, Shundan so‘ng yana keldilar. Ismoil Zamzam yaqinidagi ulkan daraxt oldida o‘qini uchlayotgan edi. Uning kelganini ko‘rgach, o‘rnidan turdi. Ikkovlari ota bolaga, bola otaga qiladigan muomalani qilishdi. So‘ng: «Ey Is­moil, Alloh menga bir ish buyurdi», dedilar. U: «Robbingiz buyurganini qiling», dedi. «Menga yordam berasanmi?» dedilar. «Sizga yordam beraman», dedi. U zot bir baland qumtepaga, uning atrofiga ishora qilib: «Alloh menga mana shu joyga bir uy qurishni buyurdi», dedilar.

Ular Baytning poydevorlarini ko‘tarishdi. Ismoil tosh keltirar, Ibrohim alayhissalom binoni qurar edilar. Nihoyat bino ko‘tarilgach, Ismoil mana bu toshni olib kelib, u zot uchun qo‘yib berdi. Ibrohim alayhissalom o‘shaning ustida turib, qurar edilar. Ismoil esa u kishiga toshni olib berib turar edi. Ikkovlari: «Robbimiz, bizdan qabul et, albatta Sen eshituvchisan, biluvchisan», deyishar edi. Ular Baytni aylanasiga qura boshlashdi».

Buxoriy «Sahih»ida rivoyat qilgan.

Ismoil alayhissalom o‘zlari yashab o‘tgan joylardagi xalqlarga payg‘ambarlik qildilar.

U kishi o‘n ikki o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘rdilar. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nasablari ham Ismoil alayhissalom bilan tutashadi.

Ismoil alayhissalom yolg‘iz qizlarini ukalarining o‘g‘li Iys ibn Is'hoqqa turmushga berganlar.

Ismoil alayhissalom, bir rivoyatga ko‘ra, 137 yil umr ko‘rganlar va vafotlaridan so‘ng onalari Hojarning yonlariga, Ka’ba hijri, ya’ni oysimon poydevori ichiga dafn qilinganlar. U zotga Alloh taoloning salavotu salomlari bo‘lsin.

 

IS'HOQ ALAYHISSALOM

Is'hoq alayhissalom Ibrohim alayhissalomning Sora onamizdan tug‘ilgan o‘g‘illaridir. Ibrohim alayhissalom 99 yoshga, juftlari Sora ham katta yoshga yetib qolganida Alloh taoloning inoyati ila Is'hoq alayhissalom dunyoga kslganlar. U zotning bashoratlari va sifatlari haqida Soffot surasida quyidagilar aytilgan:

«Yana unga solihlardan bir nabiyning - Is'hoqning xushxabarini berdik» (112-oyat).

Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Is'hoq alayhissalomga ota tomon qarindoshlarning qizlaridan uylanishni tayinlagan ekanlar. Shuning uchun Is'hoq alayhissalom amakivachchalarining qiziga uylandilar. Ular ikki egizak o‘g‘il farzand ko‘rishdi: biri – Iys, ikkinchisi – Ya’qub. Isroil laqabini olgan Ya’qub alayhissalomdan Banu Isroil tarqaldi va u zotning sulolalaridan bir necha payg‘ambarlar chiqdi.

U zot o‘zlari yashab o‘tgan Falastin va Shom yerlaridagi kan’oniylarga payg‘ambar bo‘lganlar.

Is'hoq alayhissalom 180 yoshga kirib bu dunyoni tark etganlar. U zot otalari Ibrohim alayhissalom dafn qilingan Xalil shahri yaqinidagi g‘orga dafn etilganlar.

 

Ya’QUB ALAYHISSALOM

Ya’qub alayhissalom Ibrohim alayhissalomning nabiralari, ya’ni Is'hoq alayhissalomning o‘g‘illaridir. «Ya’qub»ning ma’nosi «ortdan keluvchi»dir.

Ya’qub alayhissalomning laqablari Isroil bo‘lgan. Muhaqqiq ulamolar «Isroil» so‘zi Abdulloh (Allohning quli, bandasi) degan ma’noni anglatishini aytadilar.

Ya’qub alayhissalom Falastin yerlarida dunyoga keldilar. Otalari Is'hoq alayhissalomning tarbiyalarini olib o‘sdilar.

Alloh taolo Ya’qub alayhissalomga o‘n ikki o‘g‘il ato qildi. Bu o‘n ikki o‘g‘ilning har biri Banu Isroil asbotidan bir «sibt»ga ota bo‘lgan. «Asbot» so‘zi «sibt»ning ko‘plik shakli bo‘lib, «avlod» degan ma’noni bildiradi.

Alloh taolo Ya’qub alayhissalomni Oli Imron surasida Isroil nomi ila zikr qilgan:

«Tavrot tushishidan oldin Isroil o‘ziga harom qilgandan boshqa hamma taom Banu Isroilga halol edi. «Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, Tavrotni keltirib o‘qinglar», deb ayt!» (93-oyat).

«Isroil»dan murod, avval bayon qilinganidek, Ya’qub alayhissalomdir. Rivoyatlarda kelishicha, Ya’qub alayhissalom og‘ir kasal bo‘lib yotganlarida, agar Alloh shifo bersa, eng yaxshi ko‘rgan taomlarini – tuya go‘shtini yemaslik va sutini ichmaslikni nazr qilgan ekanlar. Alloh bu nazrni qabul qildi. Shuningdek, Alloh taolo Banu Isroildan sodir bo‘lgan gunohlar sababli ularga iqob-jazo suratida ba’zi hayvonlarni hamda mol bilan qo‘yning charvisini harom qildi. Holbuki, bular Tavrot nozil bo‘lishidan oldin Banu Isroilga halol edi.

Ushbu oyatdan Ya’qub alayhissalomning shariatlarida ham taomlarning halol-haromligi, nazr atash kabi hukmlar bo‘lganini bilib olamiz.

«Islom» so‘zida bo‘ysunish, toat, ixlos ma’nolari bor. Barcha payg‘ambarlarning, jumladan, Ibrohim alayhissalom va u zotning nabiralari Ya’qub alayhissalomning ham dinlari Islomdir. Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomlar o‘zlari musulmon bo‘lishlari bilan kifoyalanib qolmadilar, balki ushbu Islom dinini mahkam tutishni vasiyat qildilar. Ushbu vasiyat Baqara surasida keladi:

«Ibrohim o‘z o‘g‘illariga va Ya’qub ham: «Ey o‘g‘illarim, Alloh sizlarga dinni tanladi, musulmon bo‘lgan holingizdagina o‘ling», deb buni (millatni) vasiyat qildilar» (132-oyat).

Shunday ekan, musulmon bo‘lib yashab, musulmon bo‘lib o‘lishga harakat qilishdan boshqa yo‘l yo‘q.

O‘g‘illari Yusuf alayhissalomning yo‘qolishlaridan qattiq kuyungan Ya’qub alayhissalomning ko‘zlari ko‘rmay qolgandi. O‘g‘illarini topgandan so‘ng ko‘zlari ham tuzaldi va bar­cha oila a’zolari bilan birga Yusuf alayhissalom hukmdorlik qilayotgan Misrga kelib yashay boshladilar. O‘sha paytda Ya’qub alayhissalom 130 yoshda edilar. U zot Misrda o‘n yetti yil yashaganlaridan keyin 147 yoshlarida vafot etdilar. Ya’qub alayhissalom vafotlaridan oldin Yusuf alayhissalomga o‘zlarini otalari Is'hoq alayhissalomning yonlariga dafn etishlarini vasiyat qilgan edilar. U zot Falastinning Xalil shahridagi Makfila nomli g‘or ichiga dafn qilindilar.

 

YUSUF ALAYHISSALOM

Yusuf alayhissalomning nasablari haqidagi eng ajoyib gap Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning imom Buxoriy rivoyat qilgan quyidagi so‘zlaridir:

«U karimdir, karimning o‘g‘li bo‘lgan karimning o‘g‘lidir, Yusuf ibn Ya’qub ibn Is'hoq ibn Ibrohimdir».

U zotning onalari Rohila bint Lobondir.

Yusuf alayhissalom Ya’qub alayhissalomning o‘n ikki o‘g‘illaridan biri va ularning ichidan chiqqan yagona payg‘ambardirlar.

Ya’qub alayhissalom kichik o‘g‘illari Binyomin va Yusufni boshqa o‘g‘illaridan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rar va ularga ko‘proq mehribonchilik ko‘rsatar edilar, chunki ikkovlarining onalari Rohila ancha yillar avval vafot etib ketgan edi.

Yusuf alayhissalomning mashhur qissalarining qisqacha bayoni quyidagilardan iborat:

Ya’qub alayhissalomning Yusuf alayhissalomga bo‘lgan muhabbatlari ziyoda bo‘lgani sababli aka-ukalari u kishiga nisbatan hasad qilib yashar edilar: Kunlarning birida ular ukalaridan qutulish chorasini o‘ylab topishdi va bu ishni amalga oshirishga qaror qilishdi. Otalari kichik Yusufni nihoyatda avaylar, hech kimga ishonmas edilar. Le­kin o‘sha kuni akalari Yusufni o‘zlari bilan olib ketish uchun yalinib, qattiq turib olishgach, ular bilan birga yuborishga majbur bo‘ldilar. Akalari Yusufni Baytul maqdis zaminidagi bir quduqqa tashlashdi. So‘ng otalarining oldiga yig‘lagan holda qaytib kelishdi. «Biz o‘yinga berilib, g‘aflatda qolibmiz, Yusufni bo‘ri yeb ketibdi», degan yolg‘on gaplarni gapirib, bu gaplariga ashyoviy dalil sifatida Yusufning qonga bo‘yalgan ko‘ylagini ko‘rsatishdi.

Shomdan Misr sari yo‘lga chiqqan karvondagilar o‘sha yerdan o‘tib ketayotib, Yusuf alayhissalomni ko‘rib qolishdi. U kishini quduqdan chiqarib olib, o‘zlari bilan birga Misrga olib ketishdi va u yerda Yusuf alayhissalomni Misr azizi (bosh vaziri) sotib olib, tarbiya qildi. Yusuf alayhissalom nihoyatda go‘zal va ko‘rkam yigit bo‘lib voyaga yetdilar.

Yusuf alayhissalomga oshiq bo‘lib qolgan bosh vazirning ayoli kunlarning birida u zotni zinoga taklif qildi. Yusuf alayhissalom bosh tortgan edilar, ayol «U mendan fahsh ishni istadi», deya bo‘hton to‘qidi. Hakam chaqirilib, Yusuf alayhissalomning sodiqliklari, ayolning yolg‘onchiligi isbotlandi. Hamma bunga ishonib, qanoat hosil qildi. Ammo shunday bo‘lsa ham, Yusuf alayhissalom zindonga tashlandilar. U kishi qamoqda bir necha yil qolib ketdilar. So‘ng podshohning yetti yillik qahatchilik haqidagi ko‘rgan tushi, Yusuf alayhissalomning bu tushni oqilona ta’bir qilib berishlari, bosh vazirning xotini o‘z aybiga iqror bo‘lishi u kishining qamoqdan ozod qilinishlariga sabab bo‘ldi.

Podshoh Yusuf alayhissalomda ishlarni idora qilish qobiliyati borligini bilib, u kishini xazinaga va davlatning ba’zi ishlariga rahbar qilib qo‘ydi. Yusuf alayhissalom boshlariga tushgan qiyinchiliklarga, qamoq va tuhmatlarga qaramay, yaxshi amallarni qilaverganlarining mukofoti o‘laroq, ulkan maqomga erishib, omonat (ishonchlilik) bilan ko‘pchilik manfaati yo‘lida xizmatlarini davom ettirib bordilar. Yusuf alayhissalom qo‘shni yurtlardagi yetti yil davom etgan ocharchilik paytida u yerlarga bug‘doy sotar edi­lar. Bu esa o‘sha paytda Misr yerlari unumdor yerlar bo‘lgani, Misr xalqi farovon hayot kechirganiga dalolat qiladi.

Yusuf alayhissalomning tadbirkorliklari va Alloh bergan imkoniyatlarni ishga solishlari tufayli Misr ahli bu qahatchilikdan katta zarar ko‘rmadi. Hatto boshqa o‘lkalar-da yashovchi xalqlar ulardan oziq-ovqat borasida yordam so‘rab ksla boshlashdi. Misrda oziq-ovqat serobligini eshitib, Yusuf alayhissalomning og‘a-inilari ham bu yerga kelishdi. Yusuf alayhissalom ularni ko‘rgan zahoti tanib, o‘ziga yarasha muomala qildilar, lekin og‘a-inilar u kishini tanishmadi. Yusuf alayhissalom ularga bug‘doy sotar ekanlar, yanagi safar kelishlarida ukalarini ham birga olib kelishlarini talab qildilar. Akalar qaytib borib, Ya’qub alayhissalomga xabar berishgan edi, u kishi bolani ularga qo‘shib yuborishdan bosh tortdilar. Lekin o‘g‘illar qattiq turib olishgach, ruxsat berdilar. Ular yana Misrga borib, don sotib olishdi. Qaytib ketayotganlarida podshohning suv idishini o‘g‘irlaganlikda ayblanib, yo‘llari to‘sildi. Idishni izlab, Binyominning yuklari ichidan topib olishdi va Yusuf alayhissalom uni olib qoldilar. Bu ishlarning barchasi avvaldan o‘ylangan tadbir asosida bo‘layotgan edi. Akalar qaytib borib, otalariga xabarni yetkazishdi. U zot alayhissalom qattiq kuyunganlaridan ko‘zlari ko‘rmay qoldi.

Ya’qub alayhissalom o‘g‘illariga Yusufni va uning ukasini izlab topishni buyurdilar. O‘g‘illar yana yo‘lga chiqib, uchinchi bor Misrga kelishdi va Yusuf alayhissalomga uchradilar. Bu safar Yusuf alayhissalom o‘zlarini tanitib, ularni afv qildilar va qaytib borib otalarini, ahli ayoli, farzandlar – hammalarini olib kelishlarini talab qildilar. Shu tariqa Banu Isroil – yahudiylar Misrga ko‘chib o‘tishdi.

Yusuf alayhissalomning qissalari Qur’oni Karimning Yusuf surasida batafsil zikr qilingan.

Yusuf surasi bitta qissa boshidan oxirigacha to‘liq, boshqa mavzular aralashmagan holda hikoya qilingan yagona suradir. Faqat qissa tamom bo‘lganidan keyin suraning oxirida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan oyatlar keladi.

Bu surada boshqalaridan farqli o‘laroq, ko‘proq oilaviy munosabatlardagi salbiy o‘rinlarga, hukmron doiralar ichidagi ixtiloflarga, ularning atrofidagilarga tegishli holatlarga e’tibor qaratilgan.

Bu surada xayoliy gaplar yo‘q, lirik chekinishlar ham, o‘quvchilarni qiziqtirish uchun to‘qilgan yolg‘onlar ham. U boshidan oxirigacha ibrat, va’z-nasihatdan iborat. Alloh taoloning vahiy qilib yuborgan ilohiy kitobida kelgan ushbu qissani o‘qish ham, eshitish ham ibodatdir.

Yusuf alayhissalom taxminan 110 yil umr ko‘rdilar.

 

O‘SHA DAVRDAGI BA’ZI TAMADDUNLAR

Mazkur davrda Shom diyoriga Iroqdan va Arabiston yarimorolidan ko‘plab hijratlar bo‘lib o‘tdi. Muhojirlar turli unumdor mintaqalarga tarqalib ketishdi. Shimoliy mintaqalarda Ammuriyya davlati tiklandi. U O‘rta yer dengizi sohillarida esa Finikiya davlati, Falastin va uning atroflarida Kan’on davlati tashkil topdi. Bu davlatlarning xalqlari Allohga shirk keltirgan, butlarga ibodat qiluvchi qavmlar edi. Alloh subhanahu va taolo ko‘pgina payg‘ambarlar yuborishiga qaramay, ular payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarishda va kufrda tobora haddan oshishdi.

 

 

KЕYINGI MAVZULAR:

SHOM DIYORIDAN CHIQQAN NABIYLAR:

Ayyub alayhissalom;

Zulkifl alayhissalom;

Ilyos alayhissalom;

Al-Yasa’ alayhissalom;

Yusha’ ibn Nun alayhissalom;

Hizqil (Hizqiyol) alayhissalom;

Shamvil alayhissalom;

 

[1] Mintaq – tananing pastki qismiga o‘raladigan izorga o‘xshash kiyim. U avvalda xuddi xizmat vaqtida kiyiladigan peshband singari ayollar kiyimi bo‘lgan. Hojar onamiz Sora onamizning rashkini pasaytirish maqsadida o‘zini uning xizmatiga shay qilib ko‘rsatish, o‘zini uning oldida xizmatkordek tutish uchun ham mintaq tugan.

[2] Jurhum - qadimiy arab sulolalaridan biri. Ular asli yamanlik bo‘lishgan.

[3] Kado – Makkaning yuqori tomonidagi tog‘. Ba’zan mazkur dovonning o‘zi ham shu nom bilan atalgan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi

08.05.2026   4829   1 min.
Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi

Bugun, 8 may kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida tahsil olayotgan bosh imom va imom-xatiblar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Markazning ochilish marosimida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan ham e’tiborlidir. Zero, Davlatimiz Rahbari o‘z nutqida: "Bu dargohda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar va imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiqdir", — deya ta’kidlagan edi.

O‘quv jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda boshqa professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar "Davlat va din munosabatlari", "Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida axloqiy me’yorlar", "Fiqh ilmining metodologik asoslari va zamonaviy yondashuvlar" kabi mavzular asosida o‘z bilim va malakalarini oshirdilar.

Mazkur o‘quvlar diniy-ma’rifiy sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jamiyatda ma’rifat va bag‘rikenglik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi Malaka oshirayotgan imomlar uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari