Osim ibn Sobit ibn Abul Aqlah – ansoriylardan, avs urug‘idan, ansorlar ichida Islomga avval kirgan kishilardan biri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishini muhojirlardan Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘ydilar.
U kishi Badrda ishtirok etib, Uqba ibn Abu Muaytni, Uhudda esa Musofi’ ibn Talha va uning ukasi Kilob ibn Talhani o‘ldirganlar. Musofi’ yarador holda onasi Sulofaning oldiga borib, boshining uning tizzasiga qo‘yadi. Onasining “Seni kim bu ahvolga soldi?” degan savoliga o‘g‘li “Menga o‘q otayotgan odamning “Mana buni ol. Men Ibn Abu Aqlahman” deganini eshitdim” deb javob berdi. Shunda onasining jahli chiqib, agar imkon topsa, o‘g‘lini o‘ldirgan kishining bosh suyagida xamr ichishga nazr qildi va Osimning boshini keltirganga katta mukofot e’lon qildi.
Uhud jangidan so‘ng biroz vaqt o‘tgach, qabilalar musulmonlardan noodatiy yo‘l bilan o‘ch olishga kirishdilar. Safar oyida Huzayl qabilasi Azl va Qora urug‘i vakillarini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordi. Ular Madinaga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Bizga fihqni, Qur’onni, Islom shariatini ta’lim berish uchun bir guruh sahobalaringizni biz bilan yuborsangiz” deb iltimos qilishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning iltimosiga rozi bo‘lib, bir rivoyatda Marsad ibn Abu Marsad roziyallohu anhu, boshqa rivoyatda Osim ibn Sobit roziyallohu anhu boshchiliklarida 6 kishilik guruhni (ba’zi rivoyatlarda 7 kishi, boshqasida esa 10 kishi deyilgan) ular bilan birga yubordilar.
Sahobalar Huzayl qabilasiga tegishli Rajiy’ qudug‘i oldiga yetganlarida, kelgan kishilarning xoinligi ma’lum bo‘lib qoldi. Huzayl qabilasining Banu Lihyon urug‘idan taxminan ikki yuz kishi sahobalarni qurshab oldi. “Biz sizlarni o‘ldirmoqchi emasmiz. Sizlarga tegmaslikka ahd berganmiz. Faqat sizlarni Makkaga topshirib, evaziga pul olmoqchimiz” deyishdi. Osim ibn Sobit, Marsad roziyallohu anhumo va yana bir sheriklari “Men hech qachon mushriklarning yoniga bormayman” deb, ularning taklifini rad etdilar va urushishga bel bog‘ladilar. Qolgan uch nafar sahobalar Abdulloh ibn Toriq, Xubayb ibn Adiy, Zayd ibn Dasinna roziyallohu anhum taslim bo‘lib, asir olindilar. Osim roziyallohu anhu va ikki sheriklari esa shahid etildilar. Keyinchalik Zayd ibn Dasinna, Xubayb ibn Adiy va Abdulloh ibn Toriq roziyallohu anhum ham shahid etildilar.
Huzayl qabilasi vakillari Sulofaning Osimning boshi uchun katta mukofot va’da qilganidan xabarlari bor edi. Ana shu boylikka erishish ilinjida Osimni unga topshirmoqchi edilar. Osim roziyallohu anhuning o‘ldirilganlarini eshitgan Sulofa Osim roziyallohu anhuning boshlarini olib kelish uchun Huzayl qabilasiga va’da qilingan pul bilan elchi jo‘natdi.
Qotillar Osimning jasadini olish uchun borganlarida, ko‘p sonli arilar soyabonga o‘xshab Osim roziyallohu anhuning tanasi ustida uchayotganini ko‘rdilar. “Arilarni o‘z holiga qo‘yinglar. Kechgacha kutsak, arilar o‘zi ketadi” deyishdi va nariroqqa ketishdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, qattiq yomg‘ir yog‘ib, sel ulug‘ sahobiyning tanasini oqizib ketdi. Kech tushgach, xoinlar Osim roziyallohu anhuning tanasini olish uchun borishganda, uni joyidan topa olmadilar. Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Birorta mushrik meni ushlamaydi va men ham birorta mushrikka qo‘limni tekkizmayman” deb nazr qilgan edilar. Alloh taolo u kishini tiriklik chog‘larida ham, vafotlaridan keyin ham mushriklarning qo‘li tegishidan saqladi.
Arilar to‘dasi Osim roziyallohu anhuni himoya qilgani haqidagi bu hodisa Madinaga yetib borganda, Umar roziyallohu anhu “Osim biror mushrik unga qo‘lini tekkizmasligiga va o‘zi ham birorta mushrikni ushlamaslikka nazr qilgan edi. Alloh taolo uni hayotlik chog‘ida asraganidek, vafotidan keyin ham mushriklarning qo‘li unga tegishidan saqlabdi” dedilar.
Ana shu hodisadan keyin Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Hamiyyud dabr” (“Arilar to‘dasi himoya qilgan kishi”) deb ataladigan bo‘ldilar.
Alloh taolo barcha sahobalardan, shu jumladan, Osim ibn Sobit roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Koinotda, atrof-javonibimizda, tarixda va hatto o‘z nafsimizda kechadigan ba’zi bir holatlar, o‘zgarishlar borki, ana shu holatlar bizlarning keyingi ahvolimizdan ogohlantiradi. Ushbu holatlarni bir so‘z bilan “alomatlar” (belgilar) deb nomlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bizlarni ana shu alomatlar bilan ogohlantirib turishini bayon qilgan.
Masalan, inson tug‘ulganda hech narsani bilmaydigan norasida go‘dak bo‘ladi. Asta-sekin ulg‘aya boradi, kuch quvvatga to‘ladi, aql-zakovati ortadi va oxir oqibat yana keksayib kuchdan qoladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan: “Sizlarni Alloh yaratdi. So‘ngra vafot ettiradi ham. Sizlarning orangizda eng tuban umr ko‘rishga (keksayib, zaif holatga) qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh bilimli va qudratlidir” (Nahl surasi, 70-oyat). “Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini xam (egik, zaif) qilib qo‘yurmiz. Axir, aql yurgizmaydilarmi?!” (Yosin surasi, 68-oyat).
Sochda oq, suyaklarda mo‘rtlashish boshlanishi bilan inson ogoh bo‘lishi kerak. Zero, bu umrning poyoniga yetib borayotganligidan dalolatdir. Alloh taolo ushbu alomatlar bilan bizlarni ogohlantirmoqda. Demak, endi inson ma’siyatlardan tiyilishi, gunohlariga tavba qilishi, olamlarning rabbisi bo‘lmish Alloh taologa yuzlanishi, oxirat tadorugini ko‘rishi lozim bo‘ladi.
“Bas, qachonki, u (inson) voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: “Robbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman”, – deydi” (Ahqof surasi, 15-oyat).
Qirq yosh kamolot yoshi hisoblanadi. Shu yoshga yetishning o‘zi insonning Robbisiga qaytmoq fursati kelganligidan dalolatdir. Oqil inson ushbu yoshda tavba yo‘liga o‘tadi. “Robbim! Darhaqiqat, mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim (sochim) oqardi. Ey, Rabbim! Men senga duo qilib (hech qachon) baxtsiz bo‘lgan emasman” (Maryam surasi, 4-oyat).
Tabiat hodisasi bo‘lmish zilzilalar ham Alloh taoloning ogohlantirishlaridan biri hisoblanadi. “Qachonki, Yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan qimirlaganida, Yer (o‘z qa’ridagi konlaru murdalardan iborat) “yuk”larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida, va (qayta tirilishni inkor qiluvchi) inson (dahshatga tushib): “Unga ne bo‘ldi ekan?” – deb qolganida, – ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar” (Zalzala surasi, 1-4-oyatlar).
Demak, zilzila ham koinotdagi alomatlardan biri bo‘lib, insonga oxirat kunini eslatadi, Allohga tavba qilib, Unga qaytmoqlik fursati kelganligiga dalolat qiladi.
Alloh taolo osmon jismlari bo‘lmish Oy va Quyoshlarni ham bejiz yaratmagan. Ularni koinotda sayr qildirib qo‘yganligining o‘zi ham insoniyat uchun bir ogohlantirish. Ya’ni umr o‘tib borayotganligi, vaqt oz qolayotganligining alomatidir.
“Quyosh (tinmay) o‘z qarorgohi sari sayr qilur. Bu Aziz (qudratli) va Alim (bilimli zot)ning o‘lchovidir. Biz Oyni ham, toki u eski xurmo butog‘idek bo‘lib (egilib) qolgunicha, manzillarga (botadigan qilib) o‘lchab qo‘ygandirmiz” (Yosin surasi, 38-39-oyatlar).
Darhaqiqat, Oy avval boshda hilol bo‘lib ko‘rinadi, so‘ngra to‘lin oy shakliga kiradi. Undan keyin yana hilol holatida qaytib tugaydi. “Sizdan (ey, Muhammad!) hilollar (yangi oylar) haqida so‘raydilar. “Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir”, – deb ayting” (Baqara surasi, 189-oyat).
لكل شئٍ إذا ما تم نقصانه فلا يُغر بطيب العيش إنسان
هي الأمور كما شاهدتها دول من سرّه زمن ساءته أزمـــــــــان
Ma’nosi:
Har narsaki kamolga yetgach, nuqsonga uchrar,
Ayshning rohatiga aldanma, inson.
Ko‘rganingdek, ishlar navbati bilan,
Bir gal masrurdirsan, boshqa payt g‘amnok.
Mazkur baytlarni Abulbaqo ar-Rundiy rahimahulloh (601-684h./1204-1285m.) Andalusiyaning mag‘lubiyatini ko‘rganda aytgan ekan.
Demak, oqil inson tarixdan ham, tabiat hodisalaridan ham, hatto o‘zining xilqatidagi o‘zgarishlardan ham o‘zi uchun xulosalar olishi va bu xulosalar uning imonining quvvati ortishiga, gunohlardan qaytib, Allohning toatiga bo‘yin egishga sabab bo‘lmog‘i lozim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV