Peshin namozi to‘rt rakat sunnat, to‘rt rakat farz va ikki rakat sunnatdir. Peshin namozining vaqti quyosh og‘ganidan boshlab har bir narsaning soyasi (quyosh tik kelgandagi uzunligidan tashqari), ikki barobar bo‘lgungachadir.
To‘rt rakat sunnat quyidagicha o‘qiladi:
Niyat qilinadi, iftitoh takbiri aytiladi, sano o‘qiladi, so‘ng “A’uzu” va “Bismillah” aytilib, Fotiha surasi va yana bir sura o‘qiladi. So‘ng ruku va ikki marta sajda qilinadi va ikkinchi rakatga turib, “Bismillah” aytilib, Fotiha surasi va yana bir sura o‘qiladi. So‘ng ruku va ikki marta sajda qilinadi, so‘ng cho‘kka o‘tirib Tashahhud o‘qiladi. So‘ng uchinchi rakatga turib, “Bismillah” aytib, Fotiha surasi va yana bir sura o‘qiladi, so‘ng ruku va ikki marta sajda qilinadi va to‘rtinchi rakatga turiladi. Va “Bismillah” aytilib, Fotiha surasi va yana bir sura o‘qiladi va ruku hamda ikki marta sajda qilinadi. So‘ng cho‘kka o‘tirib tashahhud, salavot va duo o‘qiladi. Va ikki yelkaga qarab salom berilib, namoz tugatiladi.
Peshin namozining farzi ham ayni shu tartibda o‘qiladi. Unga bunday niyat qilinadi: «Yuzimni Ka’baning bir tarafiga qilib shu vaqt peshin namozining farzini xolis Alloh taolo uchun o‘qishni niyat qildim». Peshinning farz namozi uchinchi va to‘rtinchi rakatlarida Fotiha surasidan keyin boshqa sura o‘qilmaydi.
Peshin namozining ikki rakat sunnati bomdod namozining sunnati kabi o‘qiladi va duo qilinadi.
ASR NAMOZI
Asr namozi to‘rt rakat farzdan iborat. Asr namozining farzi ӽam peshin namozining farzi kabi o‘qiladi. Niyatda «...shu vaqt asr namozining farzini...» deyiladi.
SHOM NAMOZI
Shom namozi uch rakat farz va ikki rakat sunnatdir. Shomning uch rakat farzi bunday o‘qiladi:
Niyat. Niyatda «...shu vaqt shom namozining farzini...» deyiladi.
Iftitoh takbiri.
Sano.
Fotiha, yana bir sura o‘qiladi, so‘ng
Ruku, ikki marta sajda qilinadi, so‘ng turib, Fotiha va yana bir sura o‘qiladi va ruku, ikki marta sajda qilinadi va cho‘kka o‘tirib, tashahhud o‘qiladi va turib, faqat Fotiha o‘qiladi va ruku, ikki marta sajda qilinadi va cho‘kka o‘tirib tashahhud, salavot va duo o‘qiladi. Va ikki yelkaga qarab salom beriladi va duo qilinadi.
Shom namozining ikki rakat sunnati bomdod namozining ikki rakat sunnati kabi o‘qiladi.
XUFTON NAMOZI
Xufton namozi to‘rt rakat farz, ikki rakat sunnatdir.
Xufton namozining to‘rt rakat farzi peshin namozining to‘rt rakat farzi kabi o‘qilib, faqat niyat farqli bo‘ladi. ...Shu vaqt xufton namozining farzini... deyiladi. Xuftonning ikki rakat sunnati ham bomdod va shom namozlarining ikki rakat sunnatlari kabi o‘qiladi.
VITR NAMOZI
Vitr namozi uch rakat vojibdir. Vitr vojib biror sabab bilan vaqtida o‘qilmasa, qazosi o‘qiladi. Vitr namozi xufton namozidan keyin o‘qiladi.
Vitr namozi bu tartibda ado etiladi:
Niyat. Niyatda ... shu vaqt vitr vojib namozini ... deyiladi.
Iftitoh takbiri.
Sano o‘qilib “A’uzu” va “Bismillah” aytilgach
Fotiha va yana bir sura o‘qiladi.
Ruku.
Va ikki marta sajda qilinadi va
Ikkinchi rakatga turib, “Bismillah” aytilib, Fotiha va yana bir sura o‘qiladi.
Ruku.
Va ikki marta sajda qilinadi.
So‘ng cho‘kka o‘tirib, tashahhud o‘qiladi.
Uchinchi rakatga turib “Bismillah” aytilib, Fotiha va yana bir sura o‘qiladi va
«Allohu akbar», deb qo‘llar quloq to‘g‘risigacha ko‘tariladi. So‘ng
Qo‘l yana qovushtirilib, kindik ostida tutiladi va Qunut duosi o‘qiladi.
QUNUT DUOSI
Allohumma inna nasta’inuka va nastag‘firuk. Vanu’minu bika va natavakkalu ’alayka va nusniy ’alaykal xoyr. Nashkuruka va laa nakfuruk. Va naxla’u va natruku may-yafjuruk. Allohumma iyyaka na’budu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nas’a va nahfidu narju rohmatak(a). Va naxsha ’azabaka inna ’azabaka bil kuffari mulhiq.
Ma’nosi: Yo Alloh! Biz Sendan yordam so‘raymiz, gunohlarimizni afv etishingni tilaymiz. Senga imon keltiramiz va Senga tavakkul qilamiz. Va Senga hamd aytamiz. Bizlarga bergan ne’matlaringga shukr qilamiz va noshukrlik qilmaymiz. Senga itoat qilmaydiganlardan ajralamiz, ulardan uzoqlashamiz.
Yo Alloh! Biz faqat Senga qullik qilamiz, Sen uchun namoz o‘qiymiz. Senga sajda qilamiz. Sening roziligingga intilamiz va talpinamiz. Rahmatingdan umid qilamiz, azobingdan qo‘rqamiz. Hech shubha yo‘qki, Sening azobing kofirlarga bo‘ladi.
O‘MI matbuot xizmati
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar