Sayt test holatida ishlamoqda!
22 May, 2026   |   4 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
04:59
Peshin
12:25
Asr
17:28
Shom
19:45
Xufton
21:16
Bismillah
22 May, 2026, 4 Zulhijja, 1447

Missionerlik va prozelitizm – ma’naviy-mafkuraviy tahdid vositasi

22.11.2019   14446   7 min.
Missionerlik va prozelitizm – ma’naviy-mafkuraviy tahdid vositasi

XI asr boshlarida missionerlik va prozelitizm g‘oyasi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikka bevosita tahdid ko‘rsatayotgan xatarli g‘oyalardan biriga aylanmoqda. Din, e’tiqod masalasi insoniyat hayotida doimiy muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo undagi muammo shundan iboratki, din targ‘iboti ijobiy yoki salbiy maqsadlarga qaratilib, ma’lum bir dinning yoyilishi, insonlarning ongiga singdirilishida missionerlar alohida o‘rin tutishi mumkin. 

Shu bois, avvalo missionerlikning lug‘aviy, ilmiy-falsafiy mohiyatiga, u qanday faoliyat ekanligiga e’tiborni qaratib, ushbu tushunchaning asl ma’nosini tushunib yetish muhim ahamiyat kasb etadi. Missionerlik so‘zi lotin tilidagi «missio» fe’lidan olingan bo‘lib, «yuborish», «vazifa topshirish», «missioner» esa «vazifani bajaruvchi», «missionerlik» esa belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmui ma’nolarini bildiradi. 

Missionerlik «tabshir» (bashorat berish), «tansir» (nasroniylashtirish) kabi nomlar bilan ham atalib, ular asl faoliyatlarini niqoblash uchun turfa chiroyli nomlardan foydalanmoqda va saflariga qo‘shilganlarga «siz boshqalardan ajralib turadigan kishisiz» deb, ularga «xudoning bolalari», «muqaddas ruh bilan so‘zlashuvchilar» kabi har xil ilohiy sifatlarni bermoqda va shu tariqa o‘z saflarida tutib turmoqda. 

Missionerlik bilan bevosita bog‘liq “prozelitizm” tushunchasi esa, yunoncha — rgoselitos — yangi mazhabni qabul qilgan kishi, ya’ni boshqa mazhabdagilarni, avvalo, musulmonlarni xristianlikka kiritish, ya’ni o‘ziga xos «salb yurishi». 

Prozelitizmning asosiy maqsadi dunyoga xristianlikni (masihiylikni) missionerlik yo‘li (lotincha missio-topshiriq) bilan yoyish, kishilarni unga o‘tkazish bo‘lib, bunda mazkur din butun insoniyat uchun birdan-bir xaloskor din sifatida targ‘ib va tashviq qilinadi va buning uchun eng zamonaviy informatsion texnologik vosita, usullar ishga solinadi. Bunda kishilar ruhiyati, ongiga psixologik, neyrolingvistik ta’sir ko‘rsatishga alohida e’tibor beriladi.

 Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib xulosa qiladigan bo‘lsak, turli manba va adabiyotlarda bayon etilgan ta’riflar bir-biriga juda yaqin va o‘xshashdir. Umuman olganda  «missionerlik» — bu bir dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar, elatlar, millatlar orasida boshqa bir dinni har xil ijtimoiy vosita va omillar orqali targ‘ib qilish va singdirishga qaratilgan xavfli siyosiy faoliyatdir.  Chunki uning bugungi kungacha bo‘lgan davrdagi yashirin mohiyati xavfli siyosiy faoliyat ekanligini ko‘rsatib,  bir qancha davlatlarda yillar davomida siyosiy beqarorlikni keltirib chiqargan.

Hozirgi kunda missionerlik harakati fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy munosabatlarning keskinlashuviga olib kelib, ular o‘z tashkiliy asoslarini yaratishda asosan nashriyotlar, xayriya, tibbiy yordam ko‘rsatish va nodavlat, notijorat tashkilotlari maqomidan foydalanib, ba’zi tashkilotlar tibbiy uyushmalar niqobi ostida faoliyat yuritmoqda va odatdagidek missionerlar qarorgohi hududida cherkov, kichik butxona yoki masjid, missioner-monaxlar yotoqxonasi  joylashgan bo‘lib chiqmoqda. 

Missionerlarning  ko‘zlagan maqsadlari faqat siyosiy bo‘lib, bugunda demokratiyaga oid oddiy bir misol bo‘lib ko‘rinayotgan harakatlarining tagida ertangi kunga mo‘ljallangan, juda katta siyosiy nayranglar yotibdi va bu nayranglar quyidagi yovuz maqsadlarda yashiringandir. Birinchidan, an’anaviy musulmon bo‘lib kelgan, mafkurasi, urf-odati, butun boshli ma’naviy tarixiy ildizi bir xil bo‘lgan (aslida, mamlakatimizni kuch-qudrati ham shunda!) xalqimizning yuragini parchalab zaiflashtirish va parokanda qilish hamda turli-tuman siyosiy va iqtisodiy bosimlar bilan o‘z holimizcha yashashga yo‘l qo‘ymaslik. 

Ikkinchidan, yurtimizni doimiy nizo maydoniga aylantirib, uni hal qilishda o‘zlariga muhtoj qilib qo‘yish. Uchinchidan, iloji boricha, ba’zi hududlarga alohida ahamiyat berib, u yerlarda o‘zlariga ergashganlar sonini ko‘paytirib, kelajakda go‘yo ularning xohish-irodasi va kayfiyatlari sifatida bo‘linish(separatistik) g‘alayonlarini chiqarish va oqibatda mamlakatni parchalab tashlash. To‘rtinchidan, «Inson huquqlarini himoya qilish», «Vijdon erkinligini ta’minlash» kabi sirtdan chiroyli shiorlar niqobi ostida oddiy sud-prokuratura organlaridan tortib to davlat rahbari ishlarigacha aralashish va mustaqil davlat boshqaruviga yo‘l qo‘ymaslik. Beshinchidan,jamiyatni doimiy bezovta qilib turish orqali boshqaruvda asabiy bir vaziyatni vujudga keltirish; turli-tuman matbuot organlari va nodavlat tashkilotlar vositasida tashviqot yuritib, o‘zlarini go‘yo xalqning himoyachisi qilib ko‘rsatish va xalq «dardi»ni aytib, davlatga qarshi gij-gijlash, davlatni esa bu qutqularni bostirish uchun keskin choralar ko‘rishga majburlash va mana shu yo‘l bilan xalq va davlat orasiga o‘zaro ishonchsizlik ruhini singdirish. 

Ko‘rib turibmizki, missionerlar amalga oshirayotgan ishlar dinga, diniy da’vatga hech qanday aloqasi bo‘lmay, balki bir mamlakatni o‘zlarining siyosiy tizginlariga solib olish uchun rejalashtirilgan nayrang uslublaridir. 

Muammo nafaqat diniy, balki siyosiy kuchsizlantirishga qaratilganligi bilan xavfli va tashvishlidir. Chunki natija bevosita mamlakat xavfsizligiga daxldor bo‘lib, ularning qilmishlari shu nuqtayi nazardan baholanishi va chora-tadbirlar ham shunga ko‘ra belgilanishi lozim. Aks holda, biz kelajak avlod uchun kuchli, ozod va obod Vatanni emas, balki xalqining ruhi-dili bir-biriga begona va shu bois qator muammolar girdobiga g‘arq bo‘lib, parokandalik, ma’naviy ziddiyatlar avj olgan, zaif va qaram bir o‘lkani taqdim etishimiz ehtimoldan xoli emas! 

Umuman, hozirgi kunda missionerlik harakati rivojlanishida yangi asr boshida paydo bo‘lgan diniy sektachilikning ham o‘rni katta bo‘lib, sektalar xalqaro nodavlat tashkilotlar sifatida faoliyat yuritayotgani, ularning faoliyati har xil aloqa tizimlari (Internet, telefon, televideniye, radio va boshqa zamonaviy aloqa vositalari) orqali turli xil maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilayotgani, hamda mablag‘larni kerakli joyga yetkazishi uchun qiyinchiliklarning deyarli yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Diniy sektalar va ularning homiylari katta-katta mablag‘lardan u yoki bu mamlakatda korrupsiyani kuchaytirish, siyosiy va iqtisodiy vaziyatni izdan chiqarish, soxta insonparvarlik yordamlari orqali joylarda o‘z mavqelarini oshirish va ta’sir doiralarini kengaytirishda foydalanmoqda. 

Missionerlik va prozelitizm globallashuv jarayonida ma’naviy-mafkuraviy tahdid vositasi bo‘lib, avvalo, jahondagi muayyan kuchlarning geopolitik maqsad va manfaatlariga yo‘naltirilgan xolda olib borilmoqda. Ikkinchi tomondan, xalqning milliy ma’naviyati, urf-odat va an’analari, milliy mentaliteti diniy ta’limot sifatida shakllangan bo‘lib, missionerlik va prozelitizm xalning milliy o‘zligidan begonalashuviga, manqurtlashuviga, davlatning ichki hayotida milliy, diniy, ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashuviga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish jarayonlarida milliy istiqlol mafkurasining asosiy g‘oyalarini fuqarolar ongi – tafakkuriga  singdirishga, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga muhim e’tibor berilmoqda.

 

I.Sobirov

Xonqa tuman “Xo‘ja Nuraddin bobo”

masjidi imom-noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

22.05.2026   578   5 min.
Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.


Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.

Samarqandda hayit namozi va tayyorgarlik ishlari
 

Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:

  • 287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;

  • Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;

  • Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.

Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.


Imom al-Buxoriy majmuasida hayit shukuhi

Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.


Haj–2026: Yuksak e’tibor va tarixiy lahzalar
 

Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:

  • Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.

  • Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.

  • Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.

Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.

Shariatimizda qurbonlik qilish odoblari

Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:

  1. Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;

  2. Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;

  3. Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;

  4. Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.


Aziz yurtdoshlar, masjidlarimizdagi fayzli muhit, ziyoratgohlardagi obodonchilik ishlari, hojilarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotganining amaliy ifodasidir.


Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman! 


Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar