XI asr boshlarida missionerlik va prozelitizm g‘oyasi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikka bevosita tahdid ko‘rsatayotgan xatarli g‘oyalardan biriga aylanmoqda. Din, e’tiqod masalasi insoniyat hayotida doimiy muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo undagi muammo shundan iboratki, din targ‘iboti ijobiy yoki salbiy maqsadlarga qaratilib, ma’lum bir dinning yoyilishi, insonlarning ongiga singdirilishida missionerlar alohida o‘rin tutishi mumkin.
Shu bois, avvalo missionerlikning lug‘aviy, ilmiy-falsafiy mohiyatiga, u qanday faoliyat ekanligiga e’tiborni qaratib, ushbu tushunchaning asl ma’nosini tushunib yetish muhim ahamiyat kasb etadi. Missionerlik so‘zi lotin tilidagi «missio» fe’lidan olingan bo‘lib, «yuborish», «vazifa topshirish», «missioner» esa «vazifani bajaruvchi», «missionerlik» esa belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmui ma’nolarini bildiradi.
Missionerlik «tabshir» (bashorat berish), «tansir» (nasroniylashtirish) kabi nomlar bilan ham atalib, ular asl faoliyatlarini niqoblash uchun turfa chiroyli nomlardan foydalanmoqda va saflariga qo‘shilganlarga «siz boshqalardan ajralib turadigan kishisiz» deb, ularga «xudoning bolalari», «muqaddas ruh bilan so‘zlashuvchilar» kabi har xil ilohiy sifatlarni bermoqda va shu tariqa o‘z saflarida tutib turmoqda.
Missionerlik bilan bevosita bog‘liq “prozelitizm” tushunchasi esa, yunoncha — rgoselitos — yangi mazhabni qabul qilgan kishi, ya’ni boshqa mazhabdagilarni, avvalo, musulmonlarni xristianlikka kiritish, ya’ni o‘ziga xos «salb yurishi».
Prozelitizmning asosiy maqsadi dunyoga xristianlikni (masihiylikni) missionerlik yo‘li (lotincha missio-topshiriq) bilan yoyish, kishilarni unga o‘tkazish bo‘lib, bunda mazkur din butun insoniyat uchun birdan-bir xaloskor din sifatida targ‘ib va tashviq qilinadi va buning uchun eng zamonaviy informatsion texnologik vosita, usullar ishga solinadi. Bunda kishilar ruhiyati, ongiga psixologik, neyrolingvistik ta’sir ko‘rsatishga alohida e’tibor beriladi.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib xulosa qiladigan bo‘lsak, turli manba va adabiyotlarda bayon etilgan ta’riflar bir-biriga juda yaqin va o‘xshashdir. Umuman olganda «missionerlik» — bu bir dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar, elatlar, millatlar orasida boshqa bir dinni har xil ijtimoiy vosita va omillar orqali targ‘ib qilish va singdirishga qaratilgan xavfli siyosiy faoliyatdir. Chunki uning bugungi kungacha bo‘lgan davrdagi yashirin mohiyati xavfli siyosiy faoliyat ekanligini ko‘rsatib, bir qancha davlatlarda yillar davomida siyosiy beqarorlikni keltirib chiqargan.
Hozirgi kunda missionerlik harakati fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy munosabatlarning keskinlashuviga olib kelib, ular o‘z tashkiliy asoslarini yaratishda asosan nashriyotlar, xayriya, tibbiy yordam ko‘rsatish va nodavlat, notijorat tashkilotlari maqomidan foydalanib, ba’zi tashkilotlar tibbiy uyushmalar niqobi ostida faoliyat yuritmoqda va odatdagidek missionerlar qarorgohi hududida cherkov, kichik butxona yoki masjid, missioner-monaxlar yotoqxonasi joylashgan bo‘lib chiqmoqda.
Missionerlarning ko‘zlagan maqsadlari faqat siyosiy bo‘lib, bugunda demokratiyaga oid oddiy bir misol bo‘lib ko‘rinayotgan harakatlarining tagida ertangi kunga mo‘ljallangan, juda katta siyosiy nayranglar yotibdi va bu nayranglar quyidagi yovuz maqsadlarda yashiringandir. Birinchidan, an’anaviy musulmon bo‘lib kelgan, mafkurasi, urf-odati, butun boshli ma’naviy tarixiy ildizi bir xil bo‘lgan (aslida, mamlakatimizni kuch-qudrati ham shunda!) xalqimizning yuragini parchalab zaiflashtirish va parokanda qilish hamda turli-tuman siyosiy va iqtisodiy bosimlar bilan o‘z holimizcha yashashga yo‘l qo‘ymaslik.
Ikkinchidan, yurtimizni doimiy nizo maydoniga aylantirib, uni hal qilishda o‘zlariga muhtoj qilib qo‘yish. Uchinchidan, iloji boricha, ba’zi hududlarga alohida ahamiyat berib, u yerlarda o‘zlariga ergashganlar sonini ko‘paytirib, kelajakda go‘yo ularning xohish-irodasi va kayfiyatlari sifatida bo‘linish(separatistik) g‘alayonlarini chiqarish va oqibatda mamlakatni parchalab tashlash. To‘rtinchidan, «Inson huquqlarini himoya qilish», «Vijdon erkinligini ta’minlash» kabi sirtdan chiroyli shiorlar niqobi ostida oddiy sud-prokuratura organlaridan tortib to davlat rahbari ishlarigacha aralashish va mustaqil davlat boshqaruviga yo‘l qo‘ymaslik. Beshinchidan,jamiyatni doimiy bezovta qilib turish orqali boshqaruvda asabiy bir vaziyatni vujudga keltirish; turli-tuman matbuot organlari va nodavlat tashkilotlar vositasida tashviqot yuritib, o‘zlarini go‘yo xalqning himoyachisi qilib ko‘rsatish va xalq «dardi»ni aytib, davlatga qarshi gij-gijlash, davlatni esa bu qutqularni bostirish uchun keskin choralar ko‘rishga majburlash va mana shu yo‘l bilan xalq va davlat orasiga o‘zaro ishonchsizlik ruhini singdirish.
Ko‘rib turibmizki, missionerlar amalga oshirayotgan ishlar dinga, diniy da’vatga hech qanday aloqasi bo‘lmay, balki bir mamlakatni o‘zlarining siyosiy tizginlariga solib olish uchun rejalashtirilgan nayrang uslublaridir.
Muammo nafaqat diniy, balki siyosiy kuchsizlantirishga qaratilganligi bilan xavfli va tashvishlidir. Chunki natija bevosita mamlakat xavfsizligiga daxldor bo‘lib, ularning qilmishlari shu nuqtayi nazardan baholanishi va chora-tadbirlar ham shunga ko‘ra belgilanishi lozim. Aks holda, biz kelajak avlod uchun kuchli, ozod va obod Vatanni emas, balki xalqining ruhi-dili bir-biriga begona va shu bois qator muammolar girdobiga g‘arq bo‘lib, parokandalik, ma’naviy ziddiyatlar avj olgan, zaif va qaram bir o‘lkani taqdim etishimiz ehtimoldan xoli emas!
Umuman, hozirgi kunda missionerlik harakati rivojlanishida yangi asr boshida paydo bo‘lgan diniy sektachilikning ham o‘rni katta bo‘lib, sektalar xalqaro nodavlat tashkilotlar sifatida faoliyat yuritayotgani, ularning faoliyati har xil aloqa tizimlari (Internet, telefon, televideniye, radio va boshqa zamonaviy aloqa vositalari) orqali turli xil maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilayotgani, hamda mablag‘larni kerakli joyga yetkazishi uchun qiyinchiliklarning deyarli yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Diniy sektalar va ularning homiylari katta-katta mablag‘lardan u yoki bu mamlakatda korrupsiyani kuchaytirish, siyosiy va iqtisodiy vaziyatni izdan chiqarish, soxta insonparvarlik yordamlari orqali joylarda o‘z mavqelarini oshirish va ta’sir doiralarini kengaytirishda foydalanmoqda.
Missionerlik va prozelitizm globallashuv jarayonida ma’naviy-mafkuraviy tahdid vositasi bo‘lib, avvalo, jahondagi muayyan kuchlarning geopolitik maqsad va manfaatlariga yo‘naltirilgan xolda olib borilmoqda. Ikkinchi tomondan, xalqning milliy ma’naviyati, urf-odat va an’analari, milliy mentaliteti diniy ta’limot sifatida shakllangan bo‘lib, missionerlik va prozelitizm xalning milliy o‘zligidan begonalashuviga, manqurtlashuviga, davlatning ichki hayotida milliy, diniy, ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashuviga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ham bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish jarayonlarida milliy istiqlol mafkurasining asosiy g‘oyalarini fuqarolar ongi – tafakkuriga singdirishga, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga muhim e’tibor berilmoqda.
I.Sobirov
Xonqa tuman “Xo‘ja Nuraddin bobo”
masjidi imom-noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Juma kuni — musulmonlar uchun eng ulug‘ va muborak kundir. Bu kun nafaqat haftaning sayyidi, balki gunohlar kechirilishi, duolar qabul qilinishi va qalblar nurga to‘lishi uchun berilgan ilohiy imkoniyatdir. Shu bois solih zotlar jumaga oddiy kundek emas, bayramdek tayyorgarlik ko‘rganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunining fazilati haqida bunday dedilar: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi — juma kunidir” (Imom Muslim rivoyati).
Jumaga tayyorgarlik g‘usl qilish, poklanish, xushbo‘ylik sepish va ertaroq masjidga borish bilan boshlanadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni junublik g‘usli kabi g‘usl qilsa, so‘ng birinchi soatda (masjidga) borsa, xuddi tuyani qurbon qilgandek bo‘ladi. Ikkinchi soatda borgan kishi qoramol qurbon qilgandek, uchinchi soatda borgan kishi shoxdor qo‘chqor qurbon qilgandek, to‘rtinchi soatda borgan kishi tovuq sadaqa qilgandek, beshinchi soatda borgan kishi tuxum sadaqa qilgandek bo‘ladi. Imom xutbaga chiqqach esa, farishtalar zikr tinglash uchun hozir bo‘ladilar” (Imom Molik rivoyati).
Qanday buyuk mukofot! Masjidga ertaroq qadam tashlash oddiy amal emas, balki qurbonlik savobiga teng amal ekani bildirilmoqda.
Juma kuni mo‘min kishi tashqi ko‘rinishini ham go‘zal qilishi sunnatdir. Chunki musulmon nafaqat qalbi, balki zohiri bilan ham pok bo‘lishi kerak. Hazrati Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni g‘usl qilib, qo‘lidan kelganicha poklansa, xushbo‘ylik surtsa, keyin masjidga borib ikki kishining orasini ajratmasa va unga farz qilingan namozni o‘qisa hamda imom xutba qilayotganda jim tursa, ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis juma kunining naqadar rahmat eshiklari ochiq kun ekanini ko‘rsatadi.
Afsuski, bugun ba’zi insonlar jumaga shoshilib, oxirgi daqiqalarda yetib kelishadi. Holbuki, avvalgi musulmonlar jumaga tongdan tayyorgarlik ko‘rishar, masjidga erta borib Qur’on tilovat qilishar, zikr va duo bilan mashg‘ul bo‘lishar edi.
Juma — qalbni dunyo g‘uboridan tozalaydigan kun. Unda mo‘min kishi hayotiga nazar tashlaydi, gunohlari uchun istig‘for aytadi va Robbisiga yaqinlashadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.” (Juma surasi, 9-oyat)
Bu oyat mo‘min inson uchun juma namozi har qanday dunyo ishlaridan ustun ekanini anglatadi.
Juma — faqat namoz kuni emas. U — birodarlik kuni, rahmat kuni, duolar ijobat bo‘ladigan muborak fursatdir. Kim bu kunni qadrlasa, qalbi nurga to‘ladi. Kim uni behuda o‘tkazsa, katta fazilatdan mahrum bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni juma kunini ehtirom qiladigan, unga munosib tayyorgarlik ko‘radigan va uning barakotidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.
Azimxon Ziyovuddinov,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Kamolxon eshon buva” jome masjid imom-xatibi