24 yanvarda boshlangan Qohiradagi 55-xalqaro kitob ko'rgazmasida Qur'oni karim va brayl alifbosida yozilgan ko'plab diniy kitoblar namoyish etildi.
Ko'rgazmada Qur'on nusxalari va brayl alifbosida yozilgan ko'plab diniy kitoblar namoyish etildi, deya xabar beradi “IQNA” sayti “Youm7” nashriga tayanib. Ushbu asarlarning aksariyatini ko'zi ojizlar uchun maxsus yordam uyushmasi taqdim etgan.
Ko'zi ojizlar stendida ko'rgazmaga qo'yilgan kitoblar orasida Qur'oni karim va uning turli tafsirlari, zamonaviy misrlik Qur'on mutafakkirlarining ateistlar bilan munozaralari va ayollar huquqlariga oid yozuvlari o'rin olgan.
Qur'oni karimni ko'zi ojizlarga o'rgatish Misrda an'anaga aylangan va misrliklarning eng mashhur qori va hofizlari ko'zi ojiz bo'lgan. Biroq ilgari bu tadqiqotlar faqat an'anaviy va eshitish usulida olib borilgan. So'nggi yillarda yangi texnologiyalardan, ayniqsa, Brayl alifbosi va Qur'on alifbosidagi o'quv kitoblaridan foydalanishga ham katta e'tibor qaratilmoqda.
Misr poytaxti Qohirada bo'lib o'tayotgan ko'rgazmada 70 dan ortiq davlatdan 1 200 ta nashriyot ishtirok etmoqda.
Bu yilgi Qohira ko'rgazmasining Oliy qo'mitasi Misrning o'ziga xosligini mustahkamlashdagi muhim roli tufayli taniqli tarixchi olim Salim Hasanni 55-Qohira ko'rgazmasining asosiy qahramoni sifatida tanladi.
Ko'rgazma 6 fevralgacha davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 3-hudud Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilmoqda.
Imtihonlar Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi”da bo‘lib o‘tmoqda.
Abituriyentlar uchun muhim eslatma va qoidalar:
– Abituriyent test sinovlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) hamda imtihon ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi. Mazkur hujjatlardan biri bo‘lmagan taqdirda abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi.
– Abituriyentlardan imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqtdan 30 daqiqa oldin imtihon hududiga yetib kelish so‘raladi. O‘z vaqtida kelmaganlar imtihonga qo‘yilmaydi.
– Test davomida mobil telefon, aqlli soat, quloqchin, kalkulyator, lug‘at, kitob, shpargalka hamda har qanday elektron va xotira qurilmalaridan foydalanish qat’iyan man etiladi.
– Boshqalardan ko‘chirish, yordam berish, suhbatlashish, xalaqit berish yoki imtihon platformasida boshqa abituriyentning kabinetiga kirishga urinish holatlari aniqlansa, abituriyent darhol chetlatiladi.
Manzil: Qarshi shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi 13-uy. Murojaat uchun: +998 99 717 0461
Ma’lumot o‘rnida, 3-hudud Qashqadaryo viloyatidan imtihon jarayonlarida 789 nafar abituriyent ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati