Namoz dinimizning ikkinchi rukni hisoblanadi. Namoz – Alloh taolo bizlarga bergan hadsiz-hisobsiz ne’matlarga shukronadir. Namoz solih amallarning eng afzalidir. Solih amal tufayli banda Alloh taologa suyukli bo‘ladi.
Turli bahonalar bilan namoz o‘qimay yurgan kishi Alloh taoloning amriga bo‘ysunmagan bo‘ladi. Alloh taolo amriga bo‘ysunmaslik katta musibatdir.
Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida namoz o‘qish amr etilgan:
«Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz va ruku qiluvchilar (namozxonlar) bilan birga ruku qilingiz (namoz o‘qingiz)!» (Baqara surasi, 43-oyat).
«Namozni barkamol o‘qingiz va zakotni beringiz!» (Baqara surasi, 110-oyat).
«Alloh imonlaringizni (Baytul Maqdisga qarab o‘qigan oldingi namozlaringiz ajrini) zoye ketkizmas. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir» (Baqara surasi, 143-oyat).
«(Ey Muhammad!) Imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni barkamol ado etsinlar hamda savdo-sotiq va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan kun (qiyomat) kelmay turib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilsinlar!» (Ibrohim surasi,31-oyat).
«Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni barkamol ado eting va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (ado eting!) Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir. Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa» (Isro surasi, 78–79-oyatlar).
«Ahlingizni namoz (o‘qish)ga buyuring va (o‘zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo‘ling!» (Toho surasi, 132-oyat).
«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu’minun surasi, 1–2, 9-oyatlar).
«(Ey Muhammad!) Kitob (Qur’on)dan Sizga vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni barkamol ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur» (Ankabut surasi, 45-oyat).
«Bas, (ey Muhammad!) Ular (kofirlar) aytayotgan so‘zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o‘qing)! Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting!» (Qof surasi, 39–40-oyatlar).
«(Ey Muhammad!) Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling! Zotan, Siz Bizning ko‘z o‘ngimizda (himoyamizda)dirsiz! (Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgach, saharda) ham Unga tasbeh ayting!» (Tur surasi, 48–49-oyatlar).
«Darhaqiqat, inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachonki, unga yomonlik (kambag‘allik yoki musibat) yetsa, u o‘ta bardoshsizlik qiluvchidir. Qachonki, unga yaxshilik (boylik, salomatlik) yetsa, u o‘ta man etuvchi (baxil)dir. Faqat namozxonlar bundan mustasno bo‘lgan hollarida namozlarida muntazam (davomatli), (topgan) mol-mulklaridan (ajratilgan) ma’lum haq borki, u tilanchi va mahrum kishilar uchundir» (Maorij surasi, 19–25-oyatlar).
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.