Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov viloyatning Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Zangiota, Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq tumanlarida qurilish boshlangan va davom etayotgan masjidlarni borib ko‘rdi.
Joriy yilda Toshkent viloyatida yangidan qurilayotgan 29 ta masjidning 8 tasi mazkur tmunlarda joylashgan. Barcha masjidlarda ish qizg‘in. Qishning qironli kunlarigacha tomlar yopilib, tashqi ta’mir ishlarini imkon qadar yakunlash lozim.
Quyi Chirchiq tumanidagi sakkizburchak shaklida qurilayotgan “Olmazor” masjidi asosiy binosi yuqori qismining metall konstruksiya ishlari yakunlanib, gumbaz o‘rnatilishi arafasida. Ming kishilik sig‘imga ega mazkur xonaqoh o‘zining balandligi va yorug‘lik tizimi bilan alohida ajralib turadi. Gumbazning balandlik shakli taralayotgan tovushni aks-sado yordamida binoning hamma qismiga teng taqsimlanishiga yordam beradi.
Xayrulloh domla Turmatov katta yo‘l yoqalarida qurilayotgan masjidlar va tahoratxonalar loyihalari bilan tanishdi. “Al Iymon”, “Abdujalilbob” masjidlari qayta qurilayotgan bo‘lsa, “Huzayfa” masjidining tahoratxonasi yangidan barpo etilmoqda.
Bu masjidlar hudud aholisi, qolaversa, yo‘ldan o‘tuvchi ziyoratchilar, musofirlarga xizmat qiladi. Shuning uchun loyihani puxta o‘ylab, namozxonlarga har tomonlama yuqori shart-sharoitlarni ta’minlashimiz zarur. Issiq suv zahirasi, imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus sharoit va boshqalar. Zotan yo‘lovchilarga xizmat qilsak, Alloh ishlarimizga baraka ato etadi, dedi bosh imom-xatib.
Allohning baytini qurishdek savobi ulug‘ ishlarda mehnat qilayotgan, yelib yugurayotgan fidoiy xodimlar, usta hunarmandlar, ishboshilar, homiylar haqqlariga duo qilinib, yangi ibodat uylarini tez orada xalqimizga tuhfa etishlariga tilak bildirildi.









O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Muborak Qurbon hayiti arafasida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Farg‘ona viloyatida ham tashkil etildi. Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari Farg‘ona tumanida bo‘lib, ikki bosqichli murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim bo‘lgan bolajonlar holidan xabar oldilar.
Samimiy muloqot davomida bemor bolalar va ularning ota-onalariga ma’naviy dalda berilib, shifo tilandi. Shuningdek, davolanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan xayriya mablag‘lari o‘z egalariga topshirildi.
Bu kabi tadbirlar jamiyatimizda mehr-shafqat va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, bemor farzand tarbiyalayotgan oilalarga xalqimizga xos g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati