Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2026   |   20 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:56
Bismillah
08 May, 2026, 20 Zulqa`da, 1447

Nurul izoh: Tahorat kitobi

05.11.2019   11451   14 min.
Nurul izoh: Tahorat kitobi

Tahorat qilish joiz bo‘lgan suvlar yetti qismdir:

  • yomg‘ir suvi;
  • dengiz suvi;
  • daryo suvi;
  • quduq suvi;
  • qor suvi;
  • do‘l suvi;
  • buloq suvi.

 

*** Suvlarning turlari ***

Suvlar hukmiga ko‘ra besh qismga bo‘linadi:

  1. Toza va tozalovchi, tahoratda qo‘llash makruh bo‘lmagan suvlar. Bu tabiiy holdagi pok suvdir.
  2. Toza va tozalovchi, lekin tahoratda qo‘llash makruh bo‘lgan suvlar. Bular: mushuk va u kabi hayvonlar (sichqon, bo‘sh qo‘yilgan tovuq, yirtqich qushlar, uyda yashovchi kemiruvchilar) tekkan idishdagi suvlardir.
  3. Toza, ammo tozalovchi bo‘lmagan suvlar: tahorat yoki g‘uslda, yoki tahorati bo‘lsa ham Alloh taologa yaqinlik maqsadi bilan yana tahorat qilishda ishlatilgan musta’mal suvlardir.

Suv badandan oqib uzilishi bilan musta’mal suvga aylanadi.

Daraxt va mevadan siqmasdan, o‘z-o‘zidan chiqqan suvni ham tahorat qilishda qo‘llash ochiq rivoyatga ko‘ra, durust emas. Shuningdek, tozalashga ko‘mak bermaydigan biror narsa qo‘shib qaynatilgan yoki biror toza narsa tushib, tabiiy holati o‘zgargan suvlarda ham tahorat qilish joiz emas.

 

*** Suv tabiiy holatinint o‘zgarish me’yori qanday? ***

a) Suvga qattiq moddalar tushib, aralashganida uning oquvchanlik va yumshoqlik xususiyati yo‘qolsa, tabiy holati o‘zgargan hisoblanadi.

b) Suvga za’faron, meva va yaproq kabi narsalarning
aralashishi tufayli uning hidi, mazasi, rangi o‘zgarsada, suvlik xossasi yo‘qolmasa, u bilan tahorat qilishning zarari yo‘q,

v) Suvga sut kabi ikki sifati bo‘lgan suyuqlik aralashganida, uning bir sifati suvdan ustun bo‘lsa, suvning tabiiy holati o‘zgargan bo‘ladi.

g) Suvga sirkaga o‘xshash uch sifatli suyuqlik aralashganida, uning ikki sifati suvda zohir bo‘lsa, suvning tabiiy holati o‘zgargan hisoblanadi.

d) Suvga hech qanday sifati bo‘lmagan musta’mal suv kabi suyuqlik aralashganida, uning miqdori suv miqdoridam ortsa, suvning tabiiy holati o‘zgargan bo‘ladi.

  1. Najas suvlar: idish yo sathi 10x10 metrdan kam maydonda to‘xtab-ko‘llab qolgan suvga najas tushsa, najasning asri bu suvda bilinmasa ham, suv najas bo‘lib qoladi. Oqar suvga najas tushib, uning asari suvda bilinmasagina, oqar suv najas hisoblanmaydi.
  2. Tozalashi shubhali bo‘lgan suvlar:

Eshak va xachir suv ichgan idishdagi suvlar tozalashi shubhali suvlardir.

 

*** Surning (ichilgan suvdan qolgani) hukmlari ***

Oz miqdordagi suvdan biror bir jonzot ichganidan so‘ng qolgani sur deb ataladi va u to‘rt qismga bo‘linadi.

  1. Toza va tozalovchi. Otdan qolgan suvning pok bo‘lishi go‘shti halol bo‘lgani tufaylidir. Imomi A’zamga, rahmatullohi alayh, ko‘ra ot go‘shtining yeyilmasligi nopok bo‘lganligi uchun emas, balki harbiy vosita bo‘lgani uchun, unga ehtirom tufaylidir. Shunday bo‘lgach, aslida pok bo‘lgan hayvonning go‘shtidan vujudga kelgan so‘lagi ham pokdir va u aralashgan suvni ham iflos qilmaydi. Demak, otning qoldig‘i har uchala mazhab rahbarining ittifoqi bilan ham toza va tozalovchidir. Go‘shti iste’mol qilinadigan hayvondan qolgan suv toza va tozalovchi sur hisoblanadi.
  2. Najas, iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan sur: it, to‘ng‘iz, bo‘ri yoki arslon kabi yirtqich hayvonlardan qolgan suvning hukmi ana shunday.
  3. Toza suv borligida qo‘llash makruh bo‘lgan sur. Bu mushuk, qarovsiz qolgan tovuqdan, lochin, shunqor, kalxat kabi yirtqich qushlardan, sichqon va shunga o‘xshagan jonzotlardan qolgan suvdir. Chayonning qoldig‘i bunga kirmaydi.

Izoh: Mushukdan qolgan suv iflos emas, makruh bo‘lishi xususida Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, shunday deganlar: «Mushuklar orangizda (uyingiz ichida) doim o‘ralashib yurishiga siz to‘sqinlik qila olmaydigan hayvonlardir». Qarovsiz tovuqdan qolgan suv uning doim notoza joyda yurib, suv ichayotgan paytda tumshug‘i nopok bo‘lgani uchun makruhdir.

  • Tozalovchi ekani shubhali bo‘lgan sur. Bu xachir yo eshakdan qolgan sur. Bundan boshqa suv topilmasa, mana shu suvda tahorat olib, so‘ng tayammum ham qilib, namoz o‘kiladi.

 

*** Idishlar va kiyimlarning tozasini tanlash ***

Ko‘pi toza, ozi nopok bo‘lgan idishlar bir-biriga aralashib ketganida, tahorat uchun ham, ichish uchun ham idishlarning tozasini topishga harakat qilish kerak. Agar ularning ko‘pi nopok bo‘lsa, tahorat qilish uchun tozasi qidirilmaydi, tayammum qilinadi.

Nopok va toza kiyimlar bir-biriga aralashib ketsa, xoh ularning ko‘pi nopok bo‘lsin, xoh toza bo‘lsin, tozasi­ni topishga harakat qilish kerak.

 

*** Quduqlar va ularni tozalash***

a) Kichik quduqlar: Suvini tortib tugatish mumkin bo‘lgan quduqqa qon yoki aroq kabi najasning tomchisi tushsa uning bapcha suvi chiqarib tashlanadi. Shuningdek, bu quduqqa to‘ng‘iz (cho‘chqa) tushib ketib, og‘zi suvga tegmay tirik chiqsa ham yoki ichida it, qo‘y, inson o‘lib qolsa yoki kichik bir hayvon tushib o‘lib, shishgan bo‘lsa, quduqdagi barcha suv chiqarib tashlanadi. Shundan so‘ng chiqqan suv toza bo‘ladi.

Mazkur holatlarda suvini tortib tugatib bo‘lmaydigan quduqlardagi suv necha paqir ekani ikki mutaxassis tomonidan belgilanadi va undan shuncha suv chiqarib tashlanadi.

Tovuq, mushuk kattaligidagi hayvon quduqga tushib o‘lsa va shishmagan bo‘lsa, qirq paqir va yana yigirma paqir suv chiqarilishi kerak.

Sichqon yoki sichqon kattaligidagi hayvonlar quduqqa tushib o‘lgan va shishmagan bo‘lsa, yigirma paqir va yana o‘n paqir suv chiqarilsa, toza bo‘ladi. Shu yo‘l bilan quduq, paqir, ip va suv tortuvchining qo‘li ham poklangan bo‘ladi.

Tuya va qo‘yning bir-ikki qumaloqlari quduq suvini harom qilmaydi. Ammo ular ko‘p bo‘lsa, quduq suvi iflos hisoblanadi. Kaptar, chumchuq kabi go‘shti halol qushlarning go‘ngi suvni iflos qilmaydi.

Baliq, qurbaqa kabi qoni oqmas, chivin, pashsha, ari, chayonga o‘xshash qoni yo‘q jonivorlar suvda o‘lsa, suv harom bo‘lmaydi. Badanida najas bo‘lmagan odam, go‘shti halol hayvon quduq suviga tushib, tirik chiqsa, quduq suvi harom bo‘lmaydi. Go‘shti yeyilmaydigan xachir, eshak, lochinga o‘xshash yirtqich qushlar yoki bo‘ri, maymun kabi yovvoyi hayvon ham suvga tushganida, badanida najas bo‘lmasa, chiqishi bilan so‘lagi suvga tushmasa, suv harom bo‘lmaydi. So‘lakning pok, harom, makruh va shubhali ekaniga, qarab hukm qilinadi.

Quduqdan qachon tushib ketganligi noma’lum, shishib ketmagan hayvon o‘ligi topib olinsa, bir kecha kunduz, agar shishib go‘shtlari titilib ketgan bo‘lsa, uch kecha kunduz avvaldan e’tiboran quduq suvi iflos bo‘lgan hisoblanadi. Bu muddat ichida o‘sha suvdan tahorat olib o‘qilgan namozlar qayta o‘qiladi va g‘usl qilingan bo‘lsa, yangidan g‘usl qilinadi.

 

*** Istinjo ***

Erkaklar tahorat ushatganlaridan so‘ng yurib, yo yo‘talib, yo egilib yoki shunga o‘xshash turli harakatlar bilan o‘zlarini najas yo‘lida qolgan siydik tomchilaridan, qalban ishonch hosil qilingunicha, tozalanishlari istibro deyiladi.

Payg‘ambirimiz, sollallohu alayhi va sallam: "Qabr azobining aksariyati bavl (siydiqdan saqlanmaslik) tufaylidir", deganlar. Hadisi sharifdagi bavldan maqsad, kichik tahorat ushatilgach, orqasidan kelgan siydik tomchilaridir. Bu tomchilardan poklanmay tahorat qilgan kishining tahorati hisobga o‘tmaydi. Chunki bu tomchilar yaxshilab ketkazilmasa, turganidan so‘ng tomib, badan va ki­yimni iflos qiladi va tahoratsiz namoz o‘qilgan hisoblanadi. Shu bois siydik tomchilarining aniq to‘xgaganiga qalban ishonch hosil qilmaguncha, tahorat qilish joiz emas.

 

*** Istinjoning hukmi ***

Old va orqa yo‘ldan chiqqan najosat yuqini badanidan suv yoki tosh (kesak) va shunga o‘xshash narsalar bilan ketkazish istinjodir.

Old va orqa yo‘l atrofini bulg‘agan najosatni ketkazish sunnatdir.

Najosat chiqqan joyi atrofiga tarqalib, dirham miqdoricha bo‘lsa, uni suv bilan yuvib poklanish vojibdir. Najas quyuq bo‘lsa, og‘irligi dirham bilan, suyuq bo‘lsa, kengligi kaft kengligi bilan o‘lchanadi.

Agar najosat tarqalgan miqdor bir dirhamdan (ochiq qo‘l kaftining suv turadigan qismi) ko‘p bo‘lsa, u yerni suv bilan yuvish farzdir.

Kishi junub bo‘lganidan so‘ng hamda hayz va nifosdan toza bo‘lgan ayol poklanish uchun g‘usl qilishdan oldin is­tinjo joyida suv bilan istinjo qilishi, najosat oz bo‘lsa ham, farzdir.

Hojat chiqargach, najas chiqqan joyni kesak va silliq tosh kabi narsalar bilan tozalash sunnat, so‘ng suv bilan yuvish mustahabdir.

 

*** Istinjo qilish tartibi ***

Suv topilmagan joyda, er kishi xisya (tuxumdon)lari osilib turganida kesak, tosh kabi narsalarning birinchisini oldidan orqaga, ikkinchisini orqadan oldinga va uchinchisini yana oldidan orqaga tortib, istinjo qilishi kerak. Agar xisyalari tortilib turgan bo‘lsa, kesak yo toshni orqadan oldinga tortgan holda tozalashni boshlaydi.

Ayollar doimo istinjoda (toshni) oldindan orqaga tortishlari zarur. Istinjodan so‘ng kishi qo‘llarini yuvadi va suv bilan istinjo qilishda, chap qo‘li o‘rta barmog‘ining yostiqchasi bilan, suv quygan holda, najas chiqqan joyni asta ishqalab yuvadi. So‘ng ehgiyoj bo‘lsa, otsiz va iligcha barmoqlari yostiqchalarini ham qo‘shib, u joyni yaxshilab yuvadi.

Ayollar suv bilan istinjoning avvalidayoq otsiz va o‘rta barmoqlarini birgalikda ishlatadilar. Najas chiqqan joyni yomop hidlar qolmagunicha tozalib yuvish kerak. Ro‘zador bo‘lmaganida, suv bilan istinjo qilish payti bo‘shashib o‘tirish lozim. Batamom tozalangach, yana qo‘llarni yuvish zarur.

Ro‘zador kishi suv bilan istinjo qilgach, u joyni toza latta bilan artadi (ro‘zador bo‘lmagan kishining ham suv bilan istinjodan so‘ng latta bilan artishi mustahabdir).

Izoh: Zikr qilinayotgan «mustahab», «mandub», «nafl» va «tavatu» kalimalari sunnat ma’nosidadir. Ular savob nuqtai nazaridan sunnatga yaqin fazilatli amallardir.

Istinjo uchun avratni ochish joiz emas. Najosat chiqqan joyidan atrofiga tarqalib ketsa, va uning miqdori, yuvmasdan namoz o‘qib bo‘lmaydigan, ya’ni dirham miqdoridan ham ko‘p bo‘lsa, uni ketkazishda boshqalarga avrat joylarini ko‘rsatmay, badani yo kiyimini najosatdan tozalashi kerak.

 

*** Istinjoda qo‘llash makruh bo‘lgan narsalar ***

Suyak, inson va hayvon yeydigan narsalar, pishiq g‘isht, «sopol, sopol idish parchalari, ko‘mir, shisha, ohak, ipak, paxta, bo‘z (latta) parchasi va uzrsiz o‘ng qo‘l bilan old va orqa yo‘llarni tozalash makruhlir.

Izoh: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: "Xachir, ot, eshak go‘ngi va suyaklar bilan istinjo qilmangiz, chunki suyaklar birodarlaringiz jinlarning taomidir. Ular suyaklarni xuddi go‘shtlari ajratilmagandek holda topadilar va go‘nglar ularning hayvonlariga arpa, somon bo‘ladi. Bularning har ikkisi ham faqat oxirzamon Payg‘ambariga maxsus mo‘jizaning dalilidir», degan ma’noda hadislari bor.

 

*** Hojatxona odobi ***

Kishi hojatxonaga chap oyog‘i bilan kiradi va kirmasdan avval "A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym" deydi.

Izoh: (Payg‘ambarimizning, sollallohu aaayhi va sallam: “Hojatxonaga kirganingizda jinlarning ko‘zlari bilan odamzotning avrat joylari orasidagi parda kishining (kirishdan oldin) «Bismillah» deyishidir", ma’nosidagi hadislariga ko‘ra, hojatxonalar jin va shaytonlar mavjud bo‘lgan joylardir. “Inson u yerga kirgach, jinlar, erkak va urg‘ochi shaytonlarning yomonligidan (sharridan) Allohdan panoh so‘rasin», hadisiga ko‘ra hojatxonaga kiradigan odam, avval, «Bismillah» deyishi, so‘ngra «A’uzu» aytishi sunnatdir.

Xaloda chap oyog‘iga og‘irligini solgan holda o‘tiradi. Zarurat bo‘lsagina, gapiradi. Hojat ushatganida bino ichida bo‘lsa ham, oldini va orqasini qibla tomonga qilishi tahriman makruhdir.

Izoh: Inson oldi yo orqasini qiblaga qilgan holda hojatxonada o‘tirganida makruh ekanligi esiga tushib qolsa, darhol yo‘nalishini o‘zgartiradi. Hadisi sharifda ifoda qilinganiga ko‘ra, bunday harakat tufayli inson juda buyuk savobga ega bo‘ladi. Mazkur hadis quyidagichadir: "Dastlab unutgan holda tahorat ushatish uchun qiblaga qarab o‘tirgan in­son, so‘ngra qiblaga bo‘lgan hurmati tufayli esiga tushgach, boshqa tomonga o‘girilsa, u yerdan bu xususdagi barcha gunohlari kechirilgan holda chiqadi ".

Quyoshga, oyga va shamol esayotgan tomonga qarab tahorat ushatish, suvga, soyaga, yer yoriqlariga, yo‘llarga, qabristonga, mevali daraxt tagiga yozilish yoki siyish makruhdir.

Izoh: Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, "Sizlardan biringiz aslo turg‘un suvga bavl (siydik) qilmasin", deganlar. Bu xususda qisqacha shuni aytishimiz mumkinki, oz miqdordagi turg‘un suvga bavl qilish, u suvni mutlaqo iflos qiladi. Pok narsani hech qanday majburlovchi sababsiz, qasddan iflos qilish esa haromdir. Turg‘un suv ko‘p bo‘lgan taqdirda, unga bavl qilish haromga yaqin makruhdir. Oqayotgan suvga bavl qilish esa tanzihan makruhdir, ya’ni juda katta zarari bo‘lmasa ham, hayot manbai bo‘lgan suvni e’vozlab, tozalik tuyg‘usini ham nazarda tutgan holda, bunday nojo‘ya harakatlardan saqlanish lozim. Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarda (holatlarda) bavl qilish o‘rniga katta tahorat ushatishning hukmi ham shunday, hatto undan ham jirkanch va nojo‘ya harakatdir.

Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, "La’natga uchraganlardan qochinglar", deganlar. Sahobalar: "La’natga uchraganlar kimlar, yo Rasululloh!" deb so‘raganlarida, u zot bunga javoban: "Serqatnov yo‘llarga bavl qilib, tahorat ushatganlar, boshqalarga haqsizlik qilganlardir", deb marhamat qilganlar.

Xalodan o‘ng oyoq bilan chiqiladi va «Mendan kulfatni ketkazib, ofiyat bergan Alloh taologa hamd bo‘lsin», deyiladi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

TAHORAT  KITOBI:

Tahoratning farzlari;

Tahoratning hikmatlari;

Tahorat olishga sabab va uning hukmi;

Tahoratning vojib bo‘lish shartlari;

Tahoratning durust bo‘lish shartlari;

Tahoratning komil bo‘lishiga doir hukmlar;

Tahoratning sunnatlari;

Tahorat odobi;

Tahorat olayotganda quyidagi olti holat makruhdir;

Tahorat turlari;

Tahoratni buzadigan narsalar;

Tahoratni buzmaydigan narsalar;

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi

07.05.2026   3284   1 min.
Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi

Bugun, 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan dildan suhbat qurdi.


Muloqot avvalida Homidjon domla yurtimizda yoshlarning bilim olishi va kasbiy yuksalishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Diniy idorada ham yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Idoraning shonli tarixiga nazar tashlab, 1943 yilda "Baroqxon" madrasasida boshlangan faoliyat 2007 yilda "Hazrati Imom" majmuasiga, 2026 yilga kelib esa muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi binosiga ko‘chganini so‘zlab berdi. 

Suhbat davomida bugungi tinchlik va taraqqiyot ajdodlarimizning duolari va mehnatlari samarasi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Diniy idora nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadigan dargoh bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritgan ulug‘ ulamolarning xizmati beqiyos ekani qayd etildi. 

Homidjon domla yoshlarni ularga nasib etgan mana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, o‘z bilim va malakalarini tinimsiz oshirib, din va millat rivoji uchun bor kuch-g‘ayratini sarflashga chaqirdi.

Uchrashuv yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda ma’rifat ziyosi yanada keng yoyilishini so‘rab xayrli duolar qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari