بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ
MUQADDIMA
Insonlarni hidoyatga boshlash, yer yuzida turli xil bid’at va xurofotlarga barham berish va O‘zining qudratini namoyon etish uchun payg‘ambarlar jo‘natgan Alloh taologa O‘zining ulug‘ligi va qudrati qadar hamda Odam (alayhissalom)dan tortib, to qiyomatga qadar yashaydigan barcha maxluqotlar, mavjudotlar va nabototlar adadicha hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarlar sayyidi, bashariyatning eng ulug‘i Rasuli akram Muhammadga yigirma uch yil davomida bosqichma-bosqich nozil qilingan, kitoblarning eng ulug‘i Qur’oni karimning har bir harfi qadar, hayoti davomida musulmonlarga ham so‘zda, ham amalda ko‘rsatib berib ketgan muborak nasihatlari bayonining harflari adadicha durud va salavotlar bo‘lsin.
Ul zotning hadislari bizlargacha yetib kelishida xizmati singgan har bir sahoba, tobein va tabaa tobeinlarga Allohning rahmati va mag‘firati bo‘lsin. Hadisi sharifda aytilganidek, Payg‘ambar (alayhissalom)ning hadisini eshitib, yodlab, singdirib, so‘ngra ado etgan barcha mo‘min-musulmonlarni Alloh taolo g‘ayb xazinasidan ne’matlantirsin.
Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlari asrlar osha bashariyat uchun ulkan maktab va benazir namuna vazifasini o‘tab kelmoqda. Har bir so‘zi hikmatlarga yo‘g‘rilgan, har bir amali zamirida yaxshiliklar yashiringan zotning nasihatlari barcha insonlar uchun o‘ta zarurdir.
U zot havodan olib gapirmasligini tasdiqlagan Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿ وَمَا يَنطِقُ عَنِ ٱلۡهَوَىٰٓ ﴾
«(Yana u Qur’onni) xomxayoldan olib so‘zlayotgani ham yo‘q» (Najm, 3). Oyat davomida gapirgan har bir gapi vahiy ekani zikr qilingan. Demak, mana shunday ulug‘ zotning hayotini qiziqish bilan o‘rganish, hadislarini yod olib, bilmaganlarga yetkazish har bir mo‘minning vazifasidir. “O‘zingiz uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodaringizga ham yaxshi ko‘rmaguningizcha komil mo‘min bo‘la olmaysiz”, degan va hayotda faqat o‘zi uchun emas, balki jamiyatni o‘ylab, insonlarning ma’naviy sog‘lom bo‘lishi uchun harakat qilish zarurligini uqtirib ketgan Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning yurish-turishlari, odob-axloqlarini o‘rganishni sharaf deb bilish zarur.
Hurmatli kitobxon!
Biz o‘zimizni taniganchalik Payg‘ambarimizni taniymizmi? Boshqa din vakillari tan olib, ulug‘ligini tasdiqlagan zotning qoldirib ketgan bebaho merosini o‘z hayotimizga joriy qila olyapmizmi? “Mendan bir oyat bo‘lsa ham, yetkazing...” hadisiga amal qila oldikmi?
Mana shu kabi savollar bilan yashash, “bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa, qolib ketar” kabi boqibeg‘amliklardan yiroq yashashni o‘rganaylik.
“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlari” kitobi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, bu kitobni yozishda “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning vasiyatlari” nomli kitob asos qilib olindi.
Ushbu kitobdan muqaddas dinimizning besh asosi bo‘lmish – imon, namoz, ro‘za, zakot va haj kabi amallarning hikmatlari hamda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning mavzularga tegishli hadislari o‘rin olgan.
Ulug‘ zotning har bir vasiyati minglab yillar o‘tsa ham, har doim o‘qilganda xuddi hozir aytilgandek, ayni bugun uchun aytilgandek bo‘laveradi.
Aziz o‘quvchi, kitobdan o‘zingiz uchun biron naf ko‘rsangiz, buyuk Allohdan deb bilishingiz va xato, kamchiliklarni kamina xodimingizdan deb bilishingizni iltimos qilaman.
Alloh taolo ushbu kitobni barchamiz uchun foydali qilsin, omin!
PAYG‘AMBARLIK VA DIN
Alloh taoloning O‘ziga ma’lum hikmati ilohiysi Odam (alayhissalom) zurriyotlari uchun vaqti-vaqti bilan rasul-elchi yuborishini taqozo etdi. Bashariyat uchun rasul yoki nabiy yuborish Alloh taoloning bandalariga o‘ta mehribon ekani namunasidir. Aslida, Alloh taolo insonlarga payg‘ambarlar jo‘natmasdan turib ham, ularni mas’ul qilsa bo‘lar edi. Chunki hech bir maxluqotga berilmagan aql faqatgina insonga ato etilgan.
“Rasul” so‘zi lug‘atda “elchi”, “vakil” yoki ma’lum topshiriqlar bilan boshqa shaharga “yuborilgan kishi” degan ma’nolarni anglatadi.
Shar’iy istilohda esa, Alloh taoloning qonun-qoidalarini Uning izni va buyrug‘i bilan bashariyatga yetkazuvchi, ularga zaruriy ta’limni beruvchi elchi, payg‘ambar demakdir.
Hozirgi kunga kelib, arab tilidan boshqa tillarda “nabiy” va “rasul” so‘zlari o‘rniga “payg‘ambar” so‘zi ishlatiladigan bo‘lib qoldi. “Nabiy” ham, “rasul” ham payg‘ambar deyilaveradi. Bu ikki so‘z boshqa tillarga tarjima qilinganda bir-biriga ma’no jihatidan yaqinligi uchun shunday urf bo‘lgandir, ehtimol. Lekin arab tilida har ikkala so‘zning ham o‘ziga yarasha ma’nolari bor.
Ulamolar “nabiy” va “rasul” so‘zi orasidagi farqlarni ochib bergan:
Alloh taolo kimga vahiy yuborib, o‘sha vahiyni boshqalarga yetkazishni buyursa, o‘sha odam nabiy va rasuldir. Ammo boshqalarga yetkazishni buyurmasa, u odam nabiydir, rasul emas.
Rasul farishtalardan ham, insonlardan ham bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda:
«Albatta, u (Qur’on) bir ulug‘ elchi (Jabroil Alloh huzuridan keltirgan vahiy) so‘zidir» (Takvir, 19) deyilgan. Oyatdagi “rasul” so‘zidan Jabroil (alayhissalom) iroda etilgan, deyiladi tafsir kitoblarida.
Rasul yangi shariat bilan keladi. Nabiy esa, yangi shariat bilan kelmaydi. Balki o‘zidan oldingi shariatga amal qiladi va o‘zgalarni ham unga amal qilishga da’vat etadi.
Qur’oni karimda “rasul” va “nabiy” so‘zlari ko‘p oyatlarda zikr qilingan. Jumladan, bu ikki so‘z Muhammad Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga nisbatan ham ishlatilgan.
Ammo “rasul” va “nabiy” so‘zini ishlatishda e’tiborli bo‘lish lozim. Sababi, bu so‘zlar nozik ma’nolarni ham ifoda etadi. Qur’oni karimda Muhammad Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga nisbatan “nabiy” so‘zi o‘ttiz o‘rinda kelgan bo‘lsa, asosan, o‘zaro insoniy aloqalar, nikoh, meros va o‘lja kabi masalalarda ishlatilgan.
Shu ma’noda “rasul”ni “payg‘ambar” deb tarjima qilish, “nabiy”ni esa, tarjima qilmasdan “nabiy” deb atayverish hamda har ikkala ma’noni qo‘shib bayon qilishda “payg‘ambar” deb ishlatish mumkin ekani “Sharhi talxisi aqoidi Tahoviya” asarida zikr etilgan.
Odam (alayhissalom) Yer yuziga tushirilganida bo‘lajak farzandlariga ota bo‘lishi bilan birga, ularga Alloh taoloni tanitadigan, Ungagina sig‘inishni, Undangina qo‘rqishni o‘rgatadigan rasul – payg‘ambar qilingan edi. Otamiz Odam (alayhissalom)dan keyin Alloh taolo bandalari orasidan o‘ziga yoqqan va rasullik andozasiga tushadigan anchagina kishilarni, ulug‘ zotlarni payg‘ambar qilib yubordi. Allohning irodasi shu bo‘ldi, payg‘ambarlik silsilasining ilk vakili Odam (alayhissalom) bo‘lgan bo‘lsa, oxiri Muhammad (alayhissalom) bilan tugatildi.
Ilohiy payg‘ambarlarning barchasi Alloh huzuridan bitta din – yagona Allohga ishonch va e’tiqoddan iborat bo‘lgan Islom dinini, musulmonlikni keltirgan. Musulmonlik haqiqatan ham insoniylik dinidir. Insonlarning eng birinchi o‘rgangan dini Allohning birligiga ishonchdan iborat edi. Ularga bu e’tiqodni o‘z oralaridan tanlab olingan ilohiy payg‘ambarlar yetkazdi. Eng so‘nggi payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ham ayni shu e’tiqodni targ‘ib qildilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) kelishlaridan oldin avvalgi payg‘ambarlar targ‘ib etgan yagona Allohga ishonchning asoslari turli kimsalar tarafidan buzilgan, har xil sabablar bilan o‘zgarishlarga uchragan edi. Hatto, Allohga ibodat o‘rnini but va sanamlarga sig‘inish egallagandi.
Butparastlikning asosi – tabiat kuchlarini ilohiylashtirib yuksaltirish, rasm, haykallarda aks etgan bu kuchlarga insonlarni sig‘intirish bilan insonlarning qadr va sharafini yerga urishdan iborat edi.
Boshqa payg‘ambarlarning o‘z davrida amalga oshirgan vazifalari singari Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ham davr ta’sirida o‘zgarib qolgan bu asoslarni asl holiga qaytardilar. Tabiat kuchlariga sig‘inishni man etibgina qolmay, ayni paytda, bu kuchlardan to‘g‘ri foydalanishni bildirib, insoniyat sharafini yuksaltirdilar. Binobarin, Alloh taolo Yer va ko‘kdagi narsalarni, shu jumladan, insonni ham shunchaki yaratgan emas, demak, insonga aql ham bejiz berilgan emas.
Alloh insonni ikki borliq – ko‘z bilan ko‘rinadigan moddiy va ko‘z bilan ko‘rinmaydigan ma’naviy borliq bilan yaratgan. Ko‘pincha insonning moddiy borlig‘i ma’naviy borlig‘idan ustun keladi. O‘sha payt insonning irodasi haqni taniyolmay qoladi. Qalb ko‘zlari berkiladi. Kamolot darajasini topmagan aqlning kuchi adolat o‘rnatish uchun yetmay qoladi, ko‘z bilan ko‘rilmaydigan narsalarni tushunolmay qoladi. Bu hol ma’naviy xastalikdir. Bu xastalikni davolaydigan birdan-bir chora ilohiy tarbiya bo‘lib, uning dasturi esa, payg‘ambarlar vositasi bilan insoniyatga yuborilgan vahiydir. Vahiy faqat payg‘ambarlar vositasida yuboriladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ilohiy vahiy – Yer yuziga payg‘ambarlarning yuborilishidir.
Din esa, har bir payg‘ambar vahiy orqali Allohdan olgan hukmlar yig‘indisidir. Din deganda, yagona Alloh va Uning elchisi esga keladi. Vahiyga suyanilmagan, bir payg‘ambar tomonidan yetkazilmagan ko‘rsatmalarga “din” deb bo‘lmaydi.
Allohning huzuridan payg‘ambarlar orqali insoniyatni hidoyatga chaqirish uchun yuborilgan din Islom dinidir.
Islom dini inson yaratilgandan buyon mavjuddir. Insoniyat bor ekan, u ham albatta turadi. “Alloh” fikrining yo‘qolishi insoniyat hayotiga nuqta qo‘yilishidir.
Islomiy e’tiqodga ko‘ra, payg‘ambarlik Allohning bandalariga bergan eng buyuk lutfidir. Insonlik darajasining eng yuksak cho‘qqisidir. Hech kim payg‘ambarlik maqomiga o‘z aqli, bilimi va g‘ayrati bilan erisholmaydi. Payg‘ambarlik meros ham qolmaydi. Payg‘ambarlarni Alloh taolo bandalari orasidan O‘zi tanlaydi.
Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿ ٱللَّهُ يَصۡطَفِي مِنَ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةِ رُسُلٗا وَمِنَ ٱلنَّاسِۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعُۢ بَصِيرٞ ﴾
«Alloh elchilarni farishtalardan tanlaydi, insonlardan ham. Darhaqiqat, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir!» (Haj, 75)
Aziz birodar! Bizga o‘tmish payg‘ambarlar qanchaligi-yu, ularning shaxsiy hayotlarini bilish muhim emas. Chunki ular ham siz va bizdek oddiy insonlar bo‘lgan, farishta emas! Faqat ular fazilatda, ezgulikda ummatlariga namuna va inson uchun ikki dunyoda ham huzur-halovat, baxt-saodat baxsh etuvchi e’tiqodga boshlovchi bo‘lgan (Ularning barchasiga Allohning salomi bo‘lsin).
Ammo bizning bilishimiz lozim bo‘lgan narsa shuki, ularning barchasi quyida keltiradiganimiz ikki narsaga da’vat etgan:
Birinchisi. Aqida.
“Aqida” so‘zi lug‘atda ikki narsani bir-biriga bog‘lash, tugun ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, qalb bilan sof diniy ta’limotni bir-biriga mustahkam bog‘lash, ishonish.
Rasullar ummatlarini avvalo sof aqidaga, ya’ni Alloh taoloning borligi, birligini tasdiq etish, unga noloyiq bo‘lgan barcha sifatlardan pok ekaniga ishonish, oxirat kuni, hisob-kitob, jannat-do‘zax haqligiga imon keltirishga da’vat etgan.
Hamma payg‘ambarlarning aqidasi bir bo‘lib, shariatlari har xil bo‘lgan. Aqida bir necha narsalardan tashkil topgan bo‘lib, uni qalbga mustahkam o‘rnatib olish va unga qalb hech qachon gumon qilmasligi hamda qalb unga haqiqiy ishonishi kerak. Aqidasiz kishining hayoti hayot emas. Aqidasiz umr juda og‘ir va ma’nosiz bo‘ladi. Aqida bilan o‘tgan umr esa juda yaxshi, lazzatli va ma’noli bo‘ladi. Bunday deyishimizning bir necha sabablari bor:
Ba’zilar odamda ruh yo‘q, faqat tanadan iborat deydi. Lekin odamning tanasida albatta ruh bor.
Tanamizni yeb-ichib quvvatlantirganimiz kabi ruhimizni ham xuddi shunday oziqlantirishimiz kerak. Kishining aqidasi qanchalik to‘g‘ri va mustahkam bo‘lsa, uning qalbi ham shunchalik tinch va xotirjam bo‘ladi. Ammo kishining aqidasi qanchalik buzuq va noto‘g‘ri bo‘lsa, uning qalbi ham shunchalik notinch va tashvishda bo‘ladi. Alloh taolo insonga to‘g‘ri va noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib qo‘ydi. Kim to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, azobdan qutuladi. Kim noto‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, azobda qoladi.
Agar kishining aqidasi to‘g‘ri bo‘lsa, u hayotida hayron qoladigan savollarga yo‘liqqanda, shu savollarga to‘g‘ri javob bera oladi. Masalan: Men kimman? Meni kim yaratdi? Nima uchun yaratdi? Shu kabi savollarga aqidasi sof odam to‘g‘ri javob bera oladi. Alloh taolo bunday deydi:
﴿ يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُمۡ وَٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ﴾
«Ey insonlar, sizlarni va sizlardan ilgari o‘tganlarni taqvo qilishlaringiz uchun yaratgan Parvardigoringizga ibodat qiling» (Baqara, 21).
“Nima uchun yaratdi?” degan savolga javob: Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَمَا خَلَقۡتُ ٱلۡجِنَّ وَٱلۡإِنسَ إِلَّا لِيَعۡبُدُونِ ﴾
«Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot, 56).
Hayotda har bir kishi o‘z aqidasiga ega. Lekin aqida to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishiga qarab kishini baxtli yoki badbaxt qiladi. Insonlar har qancha boy bo‘lmasin, agar ularning aqidasi to‘g‘ri bo‘lmasa, ular baxtsiz hisoblanadi.
Alloh taolo bunday deydi:
﴿وَمَنۡ أَعۡرَضَ عَن ذِكۡرِي فَإِنَّ لَهُۥ مَعِيشَةٗ ضَنكٗا وَنَحۡشُرُهُۥ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ أَعۡمَىٰ ﴾
«Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, (kofir bo‘lsa) bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz» (Toho, 124).
Inson qanchalik ko‘p yashamasin, agar unda to‘g‘ri aqida bo‘lmasa, u o‘zining hech kimga kerak bo‘lmay qolganini sezadi. Masalan, kimdir hayotini uy-joy solish, boshqa biri obro‘-e’tibor topish, yana boshqasi molu dunyo yig‘ish bilan o‘tkazib yuboradi. To‘g‘ri, ular o‘z maqsadlariga yetadi, lekin oxiriga kelganda hammasidan quruq qolib, o‘zi uchun zarur bo‘lgan narsa bu narsalar emasligini sezadi. Ularning yuragi notinch bo‘lib siqila boshlaydi, boyigan sari ularning halovatsizligi kuchayib boradi. “Men o‘lsam, mol-dunyom kimga qoladi?” kabi o‘y va savollar ko‘payadi.
Aqidasi to‘g‘ri bo‘lgan odam, bu hayotda xotirjam yashaydi. U bu dunyodan o‘tgandan keyin oxirat bor, deb aniq ishonadi. Shuning uchun u bu dunyoning ne’matlariga ko‘ngil qo‘ymasdan yashaydi va hayotda qanchalik qiyinchiliklarga duchor bo‘lmasin, hammasiga sabr qiladi. Bu degani ilm o‘rganma, professor bo‘lma, degani emas, aksincha, ilm o‘rgan, olim bo‘l, faqat Alloh uchun o‘rgan, degan aqidaning tasdig‘idir.
Saodat asrining buyuk vakillari bo‘lmish sahobalar ham o‘z aqidalarida mustahkam bo‘lib, ularni dunyoning hech bir narsasi chalg‘ita olmagan. Jumladan, hazrat Ali (karramallohu vajhahu)ning Alloh taologa bo‘lgan imoni shunchalik kuchli edi, hech bir narsa uning imoniga xalal bera olmas edi. O‘z imoni xususida bunday degan: “Agar parda ko‘tarilib, Allohning jamolini ko‘rsam ham, imonim zarracha ko‘paymaydi”.
Rib’iy ibn Omir degan sahoba oddiy bir kishi edi. U kishi olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan ta’lim olgan. U kishi fors podshohiga yo‘liqqan vaqtida, podshohning “Nega kelding?” degan savoliga shijoat bilan bunday deb javob bergan ekan: “Biz bandalarni bandalarga qulchilik qilishdan qaytarish, bandalarning Rabbi Allohga qulchilik qilishiga o‘rgatish uchun va har xil jabru jafolardan Islom adolatiga olib chiqish uchun yuborilgan qavmmiz”.
Haqiqatan ham eng baxtli hayot Allohga ishonib, Unga qulchilik qilib o‘tkazilgan hayotdir. Aqida esa hayot nima ekanini va dunyoda qanday hayot kechirish kerakligini o‘rgatadigan yagona ilmdir.
Ikkinchisi. Ahkom.
“Ahkom” so‘zi lug‘atda “buyruq”, “topshiriq”, “hukm” degan ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa: bu imtihon dunyoda yashashi uchun odam bolasiga beriladigan qisqa umr mobaynida boshidan o‘tadigan turli xil jarayonlar bilan bog‘liq qoidalar, hamda odob-axloq me’yorlaridan iborat hukmlardir. Payg‘ambarlar o‘z ummatlarini keyingi galda shu ahkomlarga da’vat etgan.
Barcha payg‘ambarlar, birinchi qism – aqidada bir xil bo‘lgan va qavmlarini shu aqidaga, shu e’tiqodga chaqirishgan. Kishilarning e’tiqodini isloh qilish, tafakkurini tarbiya qilish har bir payg‘ambarning eng birinchi o‘rindagi burchi bo‘lgan.
Ikkinchi qism – ahkomlarda esa farq bo‘lgan. Ba’zi oldingi ummatlarga harom bo‘lgan narsa keyingilarga halol qilingan yoki aksincha. Cheksiz ilmu hikmat egasi Alloh taolo har bir qavmning o‘z zamonasi, yashash sharoiti va yana boshqa tomonlariga mos eng kerakli, foydali hukmni joriy qilgan.
Yuqorida keltirganimiz har ikki qism bir so‘z bilan “din” deb ifodalangan, nomi “Islom” deyilgan. Jamiki payg‘ambarlarning dini bir bo‘lgan va ular odamlarni mana shu yagona dinga da’vat etishga yuborilgan.
Islom odamlar o‘rtasida bir ota-onadan bo‘lgan og‘a-inilarniki kabi insoniy birlikni e’lon etish yo‘lini tutdi. U jamiyatdagi ijtimoiy birlikni daraxtga o‘xshatdi. Shu o‘rinda Qur’on insonlarga asl insoniy birliklarini eslatib turadigan: «Ey insonlar... Ey Odam farzandlari!» degan lafzlar bilan ko‘p marotaba xitob qilganini, shuningdek, bir din farzandlarini millati, toifasini ajratmay: «Ey imon keltirganlar... Ey mo‘minlar!» deya chaqirganini mulohaza etib o‘tishimiz foydadan xoli emas.
Islom ahkomlaridagi insoniy o‘ziga xoslikni shariat boblarining har birida aniq sezasiz. Namozda odamlarning barchasi Alloh oldida barobar turadi. Unda podshoh, yo ulug‘, yo olim uchun maxsus makon ajratilmaydi. Ro‘zada ham odamlar amir, yo boy, yo sharifga ajratilmay, bir xil darajada ochlikni boshdan kechiradi. Hajda odamlar bir xil kiyim kiyadi. Bir xil joyda turishadi. Bir xil ibodatni ado etishadi. Bu borada hamma barobar, kuchli va zaif, ulug‘ yoki omining farqi yo‘q. Fuqarolik qonunlariga qarasak, odamlar o‘rtasidagi aloqalarda ustuvor qonuniyat – haqiqat ekani, qonunchilikdan ko‘zlangan maqsad – adolat ekani, har qanday ezilgan va mazlum uchun qonun qo‘lidagi bayroq – zulmni daf etish ekanini ko‘ramiz. Jinoyatga oid qonunlarda esa, jinoyat qilgan har qanday kishiga jazo bir xil ekanini ko‘ramiz. Kim o‘ldirsa, o‘ldiriladi. Kim o‘g‘irlasa, jazolanadi. Kim haddan oshsa, adabi beriladi. Qotil olim yo johil bo‘lishining, maqtul amir yo dehqon bo‘lishining farqi yo‘q. Yoki tajovuzkor mo‘minlarning amiri yo to‘quvchi ekanining, tajovuz qurboni ajam yo arab, sharqlik yo g‘arblik ekanining e’tibori yo‘q. Hammasi qonun nazarida barobardir.
Odamlarning barchasiga din ahkomlarini bajarishda, irqlari, ranglaridan qat’i nazar, insoniy mukarramlikni isbot etgan paytda shariat bundan ham yuksaklikka ko‘tarildi.
Alloh taolo:
﴿ ۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلۡنَٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِيرٖ مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِيلٗا﴾
«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik» (Isro, 70), deb marhamat qilgan.
Odamlarning hayoti, e’tiqodi, ilm olishi va umr kechirishdagi barcha huquqlariga kafil bo‘lgan bu hurmat ularning barchasi uchun barobar edi. Odamlarning hammasiga bir xil darajada kafil bo‘lish davlatning majburiyati edi. Insonlarni Alloh mukofotlashi va jazolashi asoslari ularning zohir amallariga qarab emas, balki niyatlariga qarab bo‘lishini e’lon qilgan paytda shariat yuksaklikning bundan ham yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Hadisda: “Albatta, Alloh sizlarning suratlaringizga emas, balki qalblaringizga qaraydi”, deyilgan. Demak, jazolash va mukofotlash boisi niyat ekan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, amallar niyatlar bilandir. Va har bir kishi nimani niyat qilgan bo‘lsa, shu bo‘ladi...”, deganlar. Allohning huzurida maqbul niyat – yaxshilik, odamlarga manfaat yetkazish va hech qanday moddiy g‘araz yoki tijoriy foydani ko‘zlamay Allohning roziligini talab qilishdir.
Qur’oni karimda:
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱرۡكَعُواْ وَٱسۡجُدُواْۤ وَٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمۡ وَٱفۡعَلُواْ ٱلۡخَيۡرَ لَعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ۩﴾
«Ey imon keltirgan bandalar! Parvardigoringizga ruku, sajda va ibodat qilib, yaxshilik qilingiz! Shoyad najot topsangiz» (Haj, 77) deyiladi (bu oyat sajda oyati bo‘lgani bois, o‘qilganda sajda qilish vojib bo‘ladi).
Darvoqe, Alloh taolo joriy qilib qo‘ygan boqiy ahkomlarning zamirida biz bilmaydigan ulkan hikmatlar yashiringan. Bu hikmatlarni anglash uchun ahkomlarni amalga oshirish va hayotimizga joriy etish zarur.
KЕYINGI MAVZULAR:
Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) payg‘ambarlarning sayyidi va so‘nggisidir;
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari;
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning tavalludlari;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, Faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV – O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi.