Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning martabalari
Alloh taoloning habibi, Sarvari koinot, Buyuk muallim, Yuksak xulqlar va kamtarlik timsoli, Alloh taoloning O‘zi “buyuk xulq uzradirsiz!” deb maqtagan Zot va olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tavallud oylari barchamizga muborak bo‘lsin! Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam milodiy 571 yili Rabiul avval oyining 12 kuni Makkai Mukarramada arablar orasida Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam payg‘ambar va rasullarning oxirgisi, Havzi kavsar sohibi, ummatlari Jannat ahlining uchdan bir qismini tashkil qiladigan Zotdirlar. Hatto payg‘ambarlar ham U Zotga ummat bo‘lishni orzu qilishgan va bashariyatning sayyidi hisoblanadilar.
Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barcha payg‘ambar va rasullarning afzalidirlar. Shuning uchun ham ularning barchalari Qiyomat kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning bayroqlari ostida bo‘ladilar. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:
أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ القِيَامَةِ وَلَا فَخْرَ، وَبِيَدِي لِوَاءُ الحَمْدِ وَلَا فَخْرَ، وَمَا مِنْ نَبِيٍّ يَوْمَئِذٍ آدَمُ فَمَنْ سِوَاهُ إِلَّا تَحْتَ لِوَائِي (رواه الإمام أحمد والإمام الترمذي عن أبي سعيد رضي الله عنه).
ya’ni: “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman va faxrlanish emas-ku, qo‘limda hamd bayrog‘i bo‘ladir. O‘sha kunda hech bir nabiy yo‘qki, Odam(alayhissalom) ham, boshqa ham mening bayrog‘im ostida bo‘ladi” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Jannat eshigi birinchi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uchun ochiladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
آتِي باب الجَنَّة فأسْتَفْتِح، فيقول الخازنُ: مَن أنتَ؟ فأقول: محمدٌ، فيقول: بك أُمرتُ ألَّا أَفتَح لأحدٍ قَبْلَك
(رواه الإمام مسلم عن أنس رضي الله عنه).
ya’ni: “Qiyomat kuni jannat eshigi oldiga kelib uni ochishlarini so‘rayman. Darvozabon: “Sen kimsan?” deydi. “Muhammadman”, – deyman . U: “Sendan oldin biror kishiga ochmaslikka buyurilganman”, – deydi” (Imom Ahmad rivoyati).
Birinchi bo‘lib qabrdan chiqadigan va birinchi bo‘lib shafoat qilishni boshlaydigan Zot ham janob Payg‘ambarimiz alayhissalom bo‘ladilar. Bu haqda shunday deganlar:
أَنَا سَيِّدُ وَلَدِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَأَوَّلُ مَنْ يَنْشَقُّ عَنْهُ الْقَبْرُ، وَأَوَّلُ شَافِعٍ وَأَوَّلُ مُشَفَّعٍ
(رواه الإمام مسلم عن أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman. Qabrdan birinchi chiqadigan shaxsman. Birinchi shafoat qiluvchiman. Birinchi shafoati qabul qilinuvchiman” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taologa beadad va behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, sizu bizni mana shunday ulug‘ Zotning ummati qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muvaffaqiyatga erishganlardan biri shunday hikoya qiladi: “Men faqir bo‘lib tug‘ildim, beshikdaligimdan yo‘qchilik men bilan birga bo‘ldi. Onamning qo‘lida hatto qotgan non ham yo‘q bo‘lgan paytlarda bir burda non so‘rash achchiqligini tuydim. O‘n yoshga yetganimda ko‘chaga ishlash uchun chiqa boshladim, yilda bir oygina o‘qirdim. O‘n bir yillik og‘ir mehnatdan so‘ng yigirma bir yoshga yetgan vaqtimda sakson dollar evaziga birgina ho‘kiz va oltita qo‘zichoqqa ega bo‘ldim. Shu yoshga yetgunimga qadar rohatlanish uchun bir so‘m ham sarflamadim, topgan barcha pullarimni jamlar edim. Haqiqiy mashaqqatni boshdan kechirdim, yashash uchun uzoq ish izladim, oxiri aravaga ho‘kizni qo‘shib o‘tin terishga o‘tdim. Bir oyda olti dollarga ega bo‘lish uchun ertadan kechgacha bor kuchim bilan ishlar edim. Ushbu olti dollarning har biri menga qorong‘u zulmatdagi to‘lin oydek go‘zal ko‘rinar edi”.
Shu’la: Agar o‘tmishda xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz endi ulardan ta’lim oling. Ulardan ibrat olganingizdan so‘ng barchasini unuting.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan