Eronning etakchi «Isfahan Ziba» gazetasida «O'zbekistonning Hiva mo'jizalariga bir nazar: Isfahondan Dorulislom Horazmgacha» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrning butun bir sahifasini egallagan mazkur material eronshunoslik bo'yicha katta ekspert, «Isfahan Ziba» gazetasi muharriri Nafisa Hujjatiyning mamlakatimizdagi tarixiy maskanlar – Samarqand, Buxoro, Hiva, Afshona, Shahrisabz, Urganch va Toshkent shaharlariga qilgan ikki haftalik sayohati tafsilotlari qalamga olingan.
«Biz Hivani tarixiy «Horazm» nomi bilan bilamiz. Hiva O'zbekiston g'arbidagi kichik, ammo maftunkor shahar bo'lib, uni ko'rib hayratda qolasan kishi. Boisi, uning Yazd va Isfahondagi madaniy meros ob'ektlari bilan o'xshash jihatlari ko'p, – deb yozadi muallif. – O'zbekistonga qilgan safarim haqidagi hikoyani bir nechta alohida maqolalarda bayon qilmoqchiman. Bu mamlakatga ikki haftalik safarim davomida ko'rgan olti shaharning har birida juda ko'p qiziqarli voqealar borki, ularning hammasini bitta maqolada yozib bo'lmaydi».
Muallif, shuningdek, keng qamrovda yozilgan hikoya tarzidagi maqolasida, asosan, Hivaga tashrif tafsilotlari, jumladan, aholining mehmondo'stligi, qadimiy minoralar jilosi-yu, Hivada suratga olingan mashhur jahon kinofil'mlarida aks etgan tarixiy obidalar, shuningdek, fors yozuvidagi toji bilan Hiva ramziga aylangan minora tarixini bayon etgan.
Shuningdek, maqolada buyuk ajdodlarimizdan yodgorlik bo'lib qolgan mashhur minoralar tarixi haqidagi ma'lumotlar mushtariylar e'tiboriga havola qilingan. Hususan, Hiva shahri markazida joylashgan «Ichan qal'a» me'moriy yodgorligi 1990 yilda YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro'yxatiga kiritilgani alohida qayd etilgan.
Nafisa Hujjatiy yurtimizda xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida turli ko'rgazmalar tashkil etilayotganini yuqori baholab, O'zbekistonni sayyohlik salohiyati boy davlat sifatida e'tirof etgan.
Muallif Hiva shahrining tungi hayotidan va sayyohlar uchun tashkil etilayotgan rang-barng madaniy dasturlar muhitidan hayratga tushganini ham ta'kidlagan.
«Bir necha oy oldin Hiva shahrida o'zbek xalqining buyuk ajdodlaridan biri - Pahlavon Mahmud xotirasi uchun o'tkazilgan «Pahlavon Mahmud – Bahodirlar o'yinlari» xalqaro turnirida birinchi o'rinni egallagan eronlik Rizo Qitosiy sharafiga Eron bayrog'i ko'tarildi. Yana bir muhim jihat: Dorulislom Hiva tangalaridir. Hivadagi ko'hna ark antropologiya muzeyida «Zarb Dorul Islom Horazm» yozuvi tushirilgan tangalar hech bir sayyohni bee'tibori qoldirmaydi», - deb yozadi «Isfahan Ziba» gazetasida bosilgan maqola intihosida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oqil xato qilsa – afsuslanadi, ahmoq xato qilsa – safsata sotadi.
Bu ikki misra inson tabiati, uning ma’naviy darajasi va hayotga munosabatini juda teran ifoda etadi. Xato – inson zotiga xos. Ammo uni qanday qabul qilish va undan qanday xulosa chiqarish – har kimning aqli va qalbiga bog‘liq.
Islom ta’limotida ham xato qilish ayb emas, balki undan tavba qilmaslik va saboq olmaslik ayb ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Bu oyatda insonning xatodan qaytishi, afsuslanib, o‘zini tuzatishi Alloh nazdida qadrli ekani ochiq bayon etilgan. Demak, oqil inson xato qilganda uni tan oladi, qalbida nadomat tug‘iladi va to‘g‘ri yo‘lga qaytishga harakat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Barcha odam bolasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning eng yaxshilari – tavba qiluvchilaridir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadis insonning komilligi xatosizlikda emas, balki xatodan keyingi holatida ekanini ko‘rsatadi. Oqil kishi o‘z aybini tan olib, uni tuzatishga intilsa, ahmoq esa o‘z xatosini oqlash, hatto uni haqiqat deb ko‘rsatishga urinadi.
Xalqimizda shunday maqol bor: “Aybini bilgan – donishmand, aybini yashirgan – nodon”. Bu hikmatli so‘zlar yuqoridagi fikrlarning xalqona ifodasidir. Chunki aybini tan olgan inson o‘zini tarbiya qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aybini inkor etgan esa o‘z kamchiligi bilan yashashda davom etadi. Yana bir hikmatda aytiladi: “Nodonning tili uzun, aqllining esa yo‘li uzun”. Ahmoq inson ko‘p gapiradi, bahona topadi, safsata sotadi. Ammo oqil inson ortiqcha so‘zdan qochib, amal bilan o‘zini isbotlaydi.
Xato bu – yiqilish emas, balki turish uchun berilgan imkoniyatdir. Oqil inson har bir xatosini o‘qituvchi deb biladi. U o‘zini tahlil qiladi, kamchiliklarini anglaydi va yanada mukammal bo‘lishga intiladi. Ahmoq esa xatosini tan olmasdan, boshqalarni ayblash bilan ovora bo‘ladi. Shu bois, har birimiz o‘z nafsimizni so‘roqqa tutishni o‘rganishimiz lozim. Chunki haqiqiy kamolot – o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarishdadir. Hayot yo‘lida adashmaslik uchun insonga aql, vijdon va tavba eshigi berilgan. Bu eshikni ocha bilgan inson – baxtli inson.
Xulosa qilib aytganda, oqillik – xatosizlikda emas, balki xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdadir. Ahmoqlik esa – xatoni tan olmaslik va uni safsata bilan berkitishdir. Insonni ulug‘laydigan narsa – uning tavozesi va o‘zini isloh qilishga bo‘lgan intilishidir.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.