Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2026   |   18 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:57
Peshin
12:30
Asr
17:00
Shom
18:58
Xufton
20:13
Bismillah
07 Aprel, 2026, 18 Shavvol, 1447

Eng qiyin kasb

03.10.2019   4534   5 min.
Eng qiyin kasb

Alloh taolo: «Bas, namoz tugagandan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki yutuqqa erishsangiz», degan (Juma: 10). 

Donishmandlardan biri shunday degan: “Inson hayotining farovonligi uchun yangi bir taom o‘ylab topish, yangi yulduz kashf etishdan ko‘ra ham ahamiyatlidir”. Ma’lumki, har bir kasb-hunarning o‘ziga xos tarixi bor. Insoniyatga xizmat qilib kelayotgan minglab kasb-hunarlar asrlar davomida shakllanib, rivojlangan. Ba’zi kasbi-korlar avloddan-avlodga o‘tib, sulolalar hosil qiladi. Har bir kasbning o‘z egasi-sohibi bo‘ladi. Odamning o‘zida muayyan kasbga qiziqish va tug‘ma salohiyat bo‘lmasa-da, uni o‘qitib va qo‘liga diplom berib, “mutaxassis” yasash mumkin. Lekin ba’zan diplomsiz, ammo tug‘ma hunarmand bajargan ish “oliy ma’lumotli” mutaxassisning qo‘lidan kelmasligi mumkin. “Chumchuq so‘ysa ham – qassob so‘ysin” deb bejizga aytilmagan. Kasb-hunar o‘z haqiqiy egasiga topshirilsa – olam guliston. Aksincha bo‘lsa – qiyomatni kutavering. 

Halol kasbning katta-kichigi, yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Faqat, inson o‘z kasbini puxta egallab, uning ustasiga aylansa, shu orqali odamlarga, jamiyatga foyda keltirsa, bas. Biroq, alloma Mahmud Zamahshariyning “Nozik iboralar” asarida aytilgani kabi, “Hunarmandu kosiblar ko‘pdir, biroq mohiru qobiliyatlilari ozdir (ya’ni, usta ko‘pu, ustasi ozdir)”.

Shunday hadis bor: “Kimniki Alloh do‘st tutib qolsa, odamlarning unga hojati tushadigan qilib qo‘yadi”. Inson umri davomida faqatgina halol mehnati bilan ulug‘ savoblarga erishishi mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Albatta, Alloh taolo hunarmand mo‘minni sevadi”, deganlar.

Tarixdan ma’lumki, Odam alayhissalom dehqonchilik, Nuh alayhissalom duradgorlik, ham shoh, ham payg‘ambar bo‘lgan Dovud alayhissalom  temirchilik, Idris alayhissalom xattotlik, Sarvari Koinot Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa yoshliklarida qo‘y boqqan va savdogarlik bilan shug‘ullanganlar.

Mazhabimiz asoschisi Imomi A’zam hazratlari gazlamafurushlik bilan shug‘ullanganlar. Xoja Ahmad Yassaviy dehqonchilik, Shayx Ibrohim Ajariy g‘isht teruvchi bo‘lganlar. “Sharq Arastusi” deya nom qozongan Forobiy hazratlari dehqonchilik, Abu Ali Ibn Sino tabiblik, Shayxul mashoyix Abu Sayyid Harros etikdo‘zlik, shoir Sakkokiy pichoqchilik, shayx Abul Abbos Omiliy qassoblik qilib kun kechirganlar. Shayx Abul Hasan zargarlik, shayx Xoja Banon hammollik, muhaddis Muslim ibn Hajjoj savdogarlik, xoja Bahouddin Naqshband naqqoshlik, Imom G‘azzoliy ip yigiruvchilik, shoir Zavqiy esa, mahsido‘zlik bilan tirikchilik o‘tkazishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda 30 mingdan ziyod kasb-kor bor. Ular ustiga har yili taxminan 500 ta yangi kasb qo‘shilmoqda. Har qanday taraqqiyotga qaramay, asrlar davomida o‘zgarmay kelayotgan hamda ularga bo‘lgan talab-ehtiyoj sira tugamaydigan kasblar ham, albatta bor. Bu kasblar bizgacha bor edi, hozir mavjud, bundan keyin ham yashaydi. Deylik, tobutsoz va go‘rkovlar, rizq-ro‘z yetishtiruvchi dehqonlar... 

Yuqoridagi kasb va hunararning barchasi rizq topish yo‘lidagi sabablar xolos. Aslida bu sabablarni ham va ulardan foydalanish uchun kunduzni tirikchilik manbai qilib yaratgan Alloh taoloning biz bandalarga bergan ne’matidir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimning «Naba» surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi: “Va kunduzni ma’osh (tirikchilik) vaqti qildik”. 

Ammo, banda doimo nima bo‘lishidan, qanday vaziyat va holatga tushushidan qat’iy nazar HALOL kasb qilishi, rizqni Alloh halol qilgan mehnat orqali topishga intilishi lozim. 

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali) narsalarni odamlarning ko‘plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi. Bu xuddi qo‘riqxona atrofida (hayvon) boqqan cho‘ponga o‘xshaydi. Undan o‘tlab qo‘yishi oson. 
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, har bir podshohning o‘z qo‘riqxonasi bordir.
 
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, Allohning qo‘riqxonasi Uning harom qilgan narsalaridir.
 
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur.
 
Ogoh bo‘lingkim!
O‘sha narsa qalbdir», dedilar». 

Ulamolar aytishadi:

To‘rt narsa saodat dalilidir: To‘g‘ri so‘z, tavoze’, halol kasbu hunardagi mehnat, sir saqlash. 

Abu Lays Samarqandiy aytadi:

Kim kasbi chiroyli va pok bo‘lishini xohlasa, beshta ishdan saqlansin:

  1. Kasbi sababidan Allohning farzlaridan birontasini kamaytirmasin, qisqartirmasin ham.
  2. Kasbi sababidan Allohning mahluqlaridan birontasiga aziyat etkazmasin.
  3. Kasbi orqali o‘zining va oilasining iffatini qasd etsin, mol to‘plash va ko‘paytirishni emas.
  4. Kasbga qattiq jahd qilmasin.
  5. Rizqini kasbidan emas, Allohdan deb bilsin, kasbini esa sabab ko‘rsin.  

Xusrav Dehlaviy aytadi:         

Halol ishlab topsang gar arpa donin,

Yaxshidir yegandan birov oq nonin. 

 

Manbalar asosida

Saidabror Umarov tayyorladi

Boshqa maqolalar

Qalbingizni o‘z qo‘lingiz bilan parchalamang

06.04.2026   5014   1 min.
Qalbingizni o‘z qo‘lingiz bilan parchalamang

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Azizlarni xor qilar damlaring qolgan bo‘lsa,
Qaniydi
, ey zamon, u kunlaring yonib bitsa!

Foydasiz jurnallar, ochiq suratlar, saviyasiz fikrlar, dahriylikka chorlovchi kitoblar va axloq qoidalariga zid rivoyatlar bilan vaqtingizni o‘ldirishdan saqlaning. Siz islomiy jurnallar, foydali kitoblar va insonning dunyo va oxiratiga manfaat beradigan maqolalarni o‘qing. Chunki ba’zi kitob va maqolalar borki, ular insonda shubha-gumon paydo qiladi va qalbga g‘ulg‘ula solib qo‘yadi. Bularning ba’zilari bizga chetdan kirib kelayotgan buzuq “ommaviy madaniyat“ asoratlaridir.

Shuni bilingki, Alloh taolo barcha narsani biladi. U zot g‘am-tashvishni yengillashtiradi, shunday ekan, Unga duo qilishda bardavom bo‘ling. Ushbu duoni doimiy takrorlab yuring: “Allohim, g‘am va mahzunlikdan Sendan panoh so‘rayman. Sendan ojizlik va dangasalikdan, baxillik va qo‘rqoqlikdan, dinim og‘ir kelishidan va zolimlar g‘olib bo‘lishidan panoh so‘rayman”.

Agar siz hadisda kelgan ushbu duoni doimo o‘qib, uning ma’nolarini chuqur ta’ammul qilsangiz Alloh sizdan g‘am-anduhingiz va tashvishingizni ketkazadi.

Shu’la: Har soniyangiz bir tasbeh, daqiqangiz bir g‘oya va har soniyangiz bir amal bo‘lsin.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan