Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Fitna-fasoddan saqlaning!

02.10.2019   5874   6 min.
Fitna-fasoddan saqlaning!

Alloh taolo O‘z irodasi bilan inson zotini yaratdi va unga aql, idrok, ong ato etib, boshqa barcha jonzotlardan aziz va mukarram ayladi. Alloh ta­olo marhamat qilib aytdi:

“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).

Shu bilan bir qatorda unga buyuk mas’uliyat — Alloh va uning Rasuliga iymon keltirish, yer yuzini obod etish, inson naslini davom ettirish, jamiyatga foyda keltirish, zulm va razolatni bartaraf etish, turli gunohlardan saqlanish va doimo yaxshilik qilish kabi ulkan omonatni ham faqat uning zimmasiga yukladi. Bu haqda Parvardigor marhamat qilib aytadi:

“Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog‘larga taklif etdik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi…” (Ahzob, 72).

Insonning yurti va millatiga xiyonat qilishi og‘ir gunoh bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan ilohiy omonatga muvofiq amal qilmagan bo‘ladi.

Razil, iymoni yo‘q, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosidan kelayotgan katta-katta mablag‘lar evaziga quturayotgan kimsalarning xuruji yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi, farzandlarimizning kelajagiga qaratilgan tajovuzdan o‘zga narsa emas.

Terrorchilik harakatlari, zulm, zo‘ravonlik muqaddas dinimizning insonparvarlik, mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan ta’limotiga mos keladimi? Yo‘q, albatta. Bu insoniyatga qaratilgan mudhish jinoyat hisoblanib, Islom ta’limoti uni qat’iy qoralab, rad qiladi. Alloh taolo aytadi:

“…Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir” (Moida, 32).

Ushbu oyatdagi “isrof qiluvchilardir” xabaridan murod — mol-dunyoni isrof qilish emas, balki umrni gunoh va jinoiy ishlar bilan isrof qilib o‘tkazishdir.

Istiqlol katta erkinliklar berdi, yuzlab masjidlar ochildi, allomalar nomi tiklandi, ibodat uchun emin-erkin sharoitlar yaratildi. Davlat boshlig‘i olib borayotgan — nafaqat din sohasida, balki xalq ma’naviyati, iqtisodiyoti, yoshlar kamoloti, kelajak borasidagi siyosatni butun dunyo tan olayotir. Oddiy misol, iqtisodiy inqirozdan chiqish va mamlakat turmushini yengil qilish bo‘yicha dasturini butun dunyo o‘rganib, e’tirof etayotgandir. Shunday paytda dindoshiga, yurtiga tajovuz qilish xiyonatdir. Chunki bunday xiyonatkorning amali xolis emas. Kimlarningdir nog‘orasiga o‘ynayotir.

Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil, beparvo va loqayd kimsa atrofida nimalar bo‘layotganiga e’tibor bermay, oxir-oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo aql-farosati va ongini ishlatmaydigan, o‘zining kim ekanini anglab yetmagan, bugungi kunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi, Vatan tinchligi, millat osoyishtaligi to‘g‘risida qayg‘urmaydigan kimsalar haqida bunday marhamat qiladi:

“Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir” (A’rof, 179).

Tafsir kitoblarida ushbu oyatdagi “anglamaydilar”, “ko‘rmaydilar”, “eshitmaydilar” fe’llari majoziy ma’noda aytilgan bo‘lib, haq gapni eshitsalar-da, tafakkur qilmaganlari, hidoyat va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar-da, unga yurmaganlari, pandu nasihatni eshitsalar-da, unga amal qilmaganlari qoralanmoqda.

Jahondagi barcha xalqlar, shy jumladan, musulmonlar ham, ular qayerda va qanday mazhabda bo‘lishlaridan qat’iy nazar, terrorchilik yo‘li bilan amalga oshiriladigan har qanday amalni keskin rad qiladilar va uni begunoh inson hayotiga tajovuz qilish, deb baholaydilar. Terrorchilikning har qanday ko‘rinishi oxir-oqibatda tinch hayotni buzish, qonuniy davlat tuzumiga qarshi chiqish, begunoh insonlar qoni to‘kilishi va ayollar tul, bolalar yetim qolishiga olib keladi. Albatga, bu ishlar Alloh nazdidagi eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan, xalqlar va millatlar birligi hamda osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib, ogohlantirgan edilar:

“Ummatimdan qaysi biri ummatimga qapshi chiqsa, uning yaxshi va yomoni farqiga bormasa, mo‘minga ziyon yetkazishdan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!” (Muslim va boshqalar).

Vatanga muhabbat — balandparvoz so‘z emas! Vatanga muhabbat — baxt topgan ostonangiz — oilangizga, sizni elu yurtga qo‘shgan urf-odatlar, udumlar — milliy qadriyatlarga, siz yugurib o‘sgan tuproq, otangiz ekkan va siz bilan birga ulg‘aygan daraxt, onangiz tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbatdir. Faqat buni his qila bilish kerak, xolos. Buni qalbdan sezmaslik, eldan chiqish degani. Xalqimiz doimo eldan chiqishni oqlamagan.

Islom dini dushmanlari qanchadan-qancha mablag‘ sarflab, o‘z unsurlarini jangarilikka o‘rgatib, ularning qo‘llariga qurol berib, insoniyatga zid bo‘lgan qabih rejalarini amalga oshirishga xarakat qilmoqdalar. Ular bilishmaydiki, Alloh haq tomonida va haqni O‘zi himoya qiladi va aytadiki:

“Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalar-da, Alloh o‘z so‘zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro‘yobga chiqarur” (Yunus, 82).

Duo qilaylik, Alloh taolo barchalarimizni turli fitna-fasod va ixtiloflardan saqlasin! Yurtimizni va dinimizni turli g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan pok saqlab, O‘zining hifzu himoyasiga olsin!

Abdurahmonjon ABDURAHMONOV,
Oltiariq tumani “
Birlashgan” masjidi imomnoibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   33660   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari