Sayt test holatida ishlamoqda!
31 May, 2026   |   13 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:33
Shom
19:53
Xufton
21:27
Bismillah
31 May, 2026, 13 Zulhijja, 1447

Nishonga urilgan gaplar: “Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh o‘sha bandasidan hamma narsani qo‘rqadigan qilib qo‘yadi”

25.09.2019   3578   2 min.
Nishonga urilgan gaplar: “Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh o‘sha bandasidan hamma narsani qo‘rqadigan qilib qo‘yadi”

Quyida keltiriladigan hadis, fikrlar va hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil:

Qarishingdan oldin yoshligingni;

Kasal bo‘lishingdan oldin sog‘lig‘ingni;

Kambag‘al bo‘lishingdan oldin boyligingni;

Band bo‘lishingdan oldin bo‘shligingni;

Vafotingdan oldin hayotingni».

*****

Iymon eng buyuk ne’mat. Iymonli holda yashash eng buyuk hayot. Iymonli holda o‘lish eng baxtli holda o‘lishdir. Ammo iymonli holda o‘lish uchun iymoni taqozo qilgan tarzda yashagan bo‘lish kerak.

*****

Qalbdan chiqqan narsa qalblarni teshib o‘tadi. Til uchida aytilgan so‘z esa, quloqdan nariga o‘ta olmaydi.

Hasan Basriy rahimahulloh

*****

Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh o‘sha bandasidan hamma narsani qo‘rqadigan qilib qo‘yadi.

Hasan Basriy rahimahulloh

*****

Mo‘mina ayolning pardozi

Bir mo‘mina ayoldan pardozlanish uchun nimalardan foydalanishi haqida so‘radim. Quyidagicha javob berdi:

«Rostgo‘ylikni labim uchun, Qur’onni ovozim uchun, rahm-shafqatni ko‘zim uchun, ehsonni qo‘lim uchun, istiqomatni barcha a’zolarim uchun, Allohga ixlos qilishni qalbim uchun ishlataman».

*****

Ajib odamlar orasida yashayapmiz.

Birovning haqidan qo‘rqmaydigan kimsa omonatdorlik haqida gapirsa!

Xoin kimsa xiyonatning zararlari haqida gapirsa!

Qo‘rqoqlar shijoat haqida asarlar yozib, she’rlar bitsa!

O‘g‘ri, poraxo‘r, sudxo‘rlar halollik haqida va’z o‘qisa!

Behayo, yarim-yalong‘och, betgachopar ayol-qizlar iffat, uyat, ibo, muloyimlik haqida gapirsa!

Zolimlar adolat haqida nasihat qilsa!

Tashqi ko‘rinishida, yurish-turishida, hayot tarzida ma’naviyat, ziyoning asari yo‘q kimsa ma’naviy yuksalish, axloqiy fazilatlar haqida nutq qilsa!

*****

Insonlar qilgan yomon ishing sababli o‘tmishingdagi barcha yaxshiliklaringni unutadilar.

Alloh taolo chin tavbang sababli o‘tmishingdagi barcha yomonliklaringni kechiradi.

«Xovatir roqiya jurnali»

*****

Kim bir soatlik mashaqqatga bardosh bermasa, bir umr jaholat xorligida qoladi.

Asma’iy

*****

Bolajonim, sharaf, ba’zilar o‘ylaganidek, faqat jasadda bo‘lmaydi. Balki sharaf so‘zlarda, va’dada, amalda, muhabbatda ham bo‘ladi.

“Tarix muhrlagan so‘zlar”

*****

Muvaffaqiyatli shaxsga hujum qilish o‘rniga undan-da muvaffaqiyatliroq bo‘lishga harakat qil! Hasad bilan havas o‘rtasidagi farq shudir.

 “Tarix muhrlagan so‘zlar”

 

Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi

Nozimjon Iminjonov

Boshqa maqolalar

25 may: So‘nggi qo‘ng‘iroq so‘nggi hayotga aylanib qolmasin!

22.05.2026   20572   4 min.
25 may: So‘nggi qo‘ng‘iroq so‘nggi hayotga aylanib qolmasin!

Har yili bahorning so‘nggi kunlarida yurtimizdagi minglab maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu kun — yillar davomida olingan bilimlarning sarhisobi, katta hayot bo‘sag‘asidagi ilk qadamdir. Ammo, ming afsuski, keyingi yillarda bu quvonchli kun ba’zi oilalar uchun bitmas-tuganmas kuyinish, ayriliq va falokat kuniga aylanib bormoqda. Ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish va mas’uliyatsizlik oqibatida yosh umrlar zavol topmoqda.

Omonatga xiyonat va nafsga qullik.

Islom dini inson hayotini eng oliy qadriyat deb biladi. Alloh taolo bandalariga o‘z jonini xatarga qo‘yishni, behuda halok qilishni taqiqlab, Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: «...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang! Yaxshilik qiling! Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi» (Baqara surasi, 195-oyat).

Bitiruv kuni yoshlarga qimmatbaho mashinalarni ishonib topshirish, ularning tezlikni oshirib, ko‘chalarda tartibsizlik (avtokalonnalar) uyushtirishiga ko‘z yumish — mana shu oyatga zid ish tutishdir. Bu ota-onalar tomonidan farzand hayotini o‘z qo‘li bilan halokatga topshirish bilan barobardir.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadislarida marhamat qiladilar: "Hech bir banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, yoshligini qanday o‘tkazgani, mol-davlatini qayerdan topib, nimaga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida" (Imom Termiziy rivoyati).

Bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalari «biz yoshligimizni va topgan molimizni shu bir kunlik dabdabaga qanday sarfladik?» degan savolga javob berishni unutmasliklari lozim.

Isrof va soxta obro‘ ilinji «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida restoranlardagi dabdabali bazmlar, qimmatbaho sovg‘alar va kiyim-boshlar uchun qilinadigan xarajatlar isrofning oliy namunasidir. Vaholanki, o‘sha mablag‘larni bolaning oliy ta’lim olishiga, kitoblariga yoki kasb-hunar o‘rganishiga yo‘naltirish mumkin edi.

Islom dini isrofni qattiq qoralaydi. Alloh taolo aytadi:

«Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mo‘l-ko‘l yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir...» (Isro surasi, 26-27-oyatlar).

Shaytonning do‘stiga aylanib, Alloh bergan ne’matni ko‘kka sovurish hech bir mo‘minga to‘g‘ri kelmaydi. Bir kunlik «orzu-havas» deb qilingan isrof ortidan qancha oilalar qarz botqog‘iga botayotgani ham sir emas.

Achchiq, ammo hayotiy misollar: Har yili 25 may kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bir xil mazmundagi mudhish xabarlar tarqaladi: «Bitiruvchilar ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi: 3 nafar yigit voqea joyida halok bo‘ldi...» yoki «Daraxtga borib urilgan Kaptiva ichidagi maktab bitiruvchilari shifoxonaga yotqizildi...». Bu shunchaki statistika emas, bu — buzilgan oilalar, farzand dog‘ida kuyayotgan onalar, sochlari bir kechada oqargan otalar fojiasidir. Kuni kecha maktab foyasida attestat olayotgan o‘g‘il yoki qizning ertasiga qabr ichida yotganini ko‘rishdan ko‘ra dahshatliroq musibat bormi?!

Hali hayot nimaligini tushunib yetmagan, oila qurib, jamiyatga nafi tegmagan yosh nihollarning o‘z xatosi yoki ota-onaning «bolam boshqalardan kam bo‘lmasin» degan soxta g‘ururi tufayli tuproqqa qorilishi — eng katta tragediyadir.

Nima qilmoq kerak? Mavzuni shunchaki muhokama qilish kifoya emas, amaliy choralar ko‘rish vaqti keldi: Ota-onalar mas’uliyati: Farzandingizga qimmat mashina kalitini emas, kelajakka bo‘lgan mas’uliyat hissini bering. So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni ularning qayerda va kim bilan ekanini qattiq nazorat qiling.

Yoshlar farosati: Siz — ota-onangizning umidisiz. Bir lahzalik maqtanish va tezlik ishqi sizni tiriklik ne’matidan, ota-onangizni esa sizdan judo qilmasin.

Tadbirlarni ilmga yo‘naltirish: Restorandagi bazmlar o‘rniga, maktab kutubxonasiga kitob sovg‘a qilish, ehtiyojmand sinfdoshlarga yordam berish kabi xayrli amallarni an’anaga aylantirish lozim.

Xulosa shuki «So‘nggi qo‘ng‘iroq» hayotning tugaganini emas, balki go‘zal va mas’uliyatli yangi bir bosqich boshlanganini bildiruvchi ramz bo‘lishi kerak. Shoshqaloqlik, manmanlik va isrof bilan bu kunni motamga aylantirmaylik. Zero, Alloh taolo bizga bergan hayot va farzand ne’mati — ertaga Qiyomatda har bir soniyasi uchun javob beriladigan ulug‘ omonatdir!

Islomxon Hamidov,
Namangan shaxar Boqimirzo jome masjidi imom noibi